Farzand ko‘rish — jiddiy va mas’uliyatli qadam. Menimcha, bu qadamni hammasi yaxshi davom etishiga amin bo‘lganingizda qo‘yish maqsadga muvofiq. Farzandning birlamchi ehtiyojlari qondirilmasdan qolishi yoki bolalarning sifatli ta’lim olishi uchun qilinadigan xarajatlar oilaviy byudjetni taqchil qilib qo‘ymasligi kerak.
Men yosh oilalarda bolalar bilan bog‘liq vaziyat qanday ekanligini aniqlashga qaror qildim va bir nechta tanish onalardan o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishlarini so‘radim. Biz ular qanday qilib oilaviy byudjetni rejalashtirishlari va eng ko‘p pul nimaga sarflanishi haqida suhbatlashdik.
Oila xarajatlarida bolalarga sarflanadigan mablag‘larning ulushi qancha?
Yelena — reklama agentligida kreativ direktor, 34 yoshda. 11 yoshli qizi bilan yashaydi.
Farzandi uchun xarajatlarni ota-ona teng taqsimlashadi. Ikkalasi ham ishlaydi. Bundan tashqari, bobosi va buvisi ham, masalan, kiyim-kechak sotib olish yoki sayr qilishga olib borish kabi narsalarda yordam berishadi. Shuningdek, ularning farzandi yozgi ta’tilda bir oyni buvisinikida o‘tkazadi.
Yelenaning aytishicha, qiziga ketadigan xarajatlar barcha xarajatlarning taxminan 40–50 foizini tashkil etadi. Asosiy qism xususiy maktabda o‘qish uchun to‘lovga sarflanadi. Yelenani shu xarajatlar tufayli uy uchun maishiy texnika kabi muhim narsalar uchun pul jamg‘ara olmaslik tashvishga soladi.
Valeriya — raqamli marketolog, 28 yoshda. 1,3 yoshli qizi bor.
Ular turmush o‘rtog‘i va farzandi bilan o‘z uylarida yashashadi. Valeriya ayni vaqtda deyarli ishlamaydi, oilaning asosiy daromadi esa erining ish haqi. Bobo va buvisi hali ishlaydi va ko‘pincha ularga ham yordam berishadi: masalan, nabirasiga kiyim va boshqa narsalar sotib olishadi.
Valeriya bola uchun xarajatlarni umumiy xarajatlarning o‘rtacha 15 foiziga yaqin deb hisoblaydi, lekin u bolaning yoshi ulg‘aygan sari xarajatlar ko‘payishini biladi. U farzandining ta’limiga e’tiborli. Shu tufayli yaqin kelajakda xususiy bog‘cha ham asosiy xarajatlar qatorida bo‘ladi. Oila byudjetini er-xotin birgalikda yuritadi, xarajatlarni rejalashtiradi va qizining kelajagi uchun jamg‘arma yig‘ishmoqda.
Viktoriya — moliya menejeri, 33 yoshda, uning uchta farzandi bor: 9 va 3 yoshli qizlari, 1,8 yoshli o‘g‘li.
Viktoriya tug‘ruqdan so‘ng bir necha oy ta’tilda bo‘lgan, sal keyinroq masofadan turib ishlagan va yaqinda ofisga kelib ishlashni boshlagan. Oilaning byudjeti ota-onaning daromadidan iborat, ammo faqat Viktoriya doimiy daromadga ega. Ular o‘z uylarida, bobo va buvilaridan alohida yashaydilar. Yiliga bir marta chet elda dam olishadi, kelajakka va kutilmagan xarajatlarga pul jamg‘arishadi.
Oilada uchta farzandga oyiga o‘rtacha 10 million so‘mga yaqin mablag‘ sarflanadi va bu oila barcha xarajatlarining qariyb 50 foizini tashkil qiladi. Ularning eng katta xarajati — qizlari uchun xususiy bog‘cha.
Endi o‘rta daromadli oilalarda pul aynan nimalarga sarflanishini batafsil ko‘rib chiqamiz.
Dastlabki xarajatlar
Ilk xarajatlar homiladorlik davrida boshlanadi. Shifokor ko‘riklari, UTT, skrininglar, tahlillar va vitaminlar, homilador ayollar uchun kiyimlarni hisobga olmaganda, bir nechta yirik xaridlarni amalga oshirish kerak bo‘ladi:
Tug‘ruqqa ham katta mablag‘ sarflanishi mumkin: shifokorlar xizmati, zarurat tug‘ilganda operatsiya orqali tug‘ruq, tug‘ruqxonada joy va dori-darmonlar uchun xarajatlar. Bu aniq aytib bo‘lmaydigan qiymat bo‘lib, kasalxona, shifokorlar va tug‘ruq jarayonining murakkabligiga bog‘liq.
Bolaning ovqatlanishi
«Bizning holatda ovqatga juda oz xarajat qildik. Sababi men farzandimizni deyarli ko‘krak suti bilan oziqlantirdim. Hozir qizimiz biz bilan birga ovqatlanadi, lekin u hali kichkina bo‘lgani sababli ko‘p yemaydi. Turli xil bo‘tqa va pyurelar kabi shirinliklarga oyiga 300–500 ming so‘m atrofida sarflanadi».
Agar onaning ko‘krak suti bilan boqish imkoniyati bo‘lmasa va qo‘shimchalar sotib olishga to‘g‘ri kelsa, oziq-ovqat xarajatlari keskin oshadi.
«Kichik o‘g‘limni qo‘shimchalar bilan boqishga majbur bo‘lganmiz va bu qimmatga tushgan. O‘rtacha hisobda 800 grammli qo‘shimcha ozuqa taxminan 200 000 so‘m turadi va u bir haftaga yetadi. Bu esa oyiga 800 ming so‘mga yaqin degani. Agar chaqaloqqa sigir suti mos kelmasa, u holda echki suti aralashmasini sotib olish kerak bo‘ladi — bu esa xuddi shu 200 grammlik qo‘shimcha ozuqa uchun 600 ming so‘m degani — oyiga esa 2,4 million so‘m. Buning ustiga, shishalar, so‘rg‘ichlar, idish-tovoqlar va boshqalar ham kerak bo‘ladi».
Salomatlik
Tibbiyot — xarajatlarning arzon bo‘lmagan qismi. Ammo bu ko‘proq bolaning sog‘lig‘i va uning ehtiyojlariga bog‘liq. Agar bola butunlay sog‘lom bo‘lsa, hayotining birinchi yilida oyiga bir marta pediatr ko‘rigidan o‘tish kifoya.
«Xususiy shifokor qabuli 200–250 ming so‘mni tashkil etadi. Tahlillar yoki dori-darmonlarning narxi esa kattalarnikiga teng. Yaqinda farzandimiz uchun tahlillar topshirganimizda bir oy ichida 1 millionga yaqin mablag‘ sarfladik».
Kiyim-kechak va gigiyena
Birinchi yili tagliklar uchun sezilarli darajada pul sarflashga to‘g‘ri keladi. 60 donali taglik to‘plami 150 mingdan 250 ming so‘mgacha turadi. Oyiga esa 3—6 to‘plam kerak bo‘ladi, jami tagliklar uchun oyiga 500 ming so‘mdan 1,5 million so‘mgacha mablag‘ sarflanadi. Tagliklar soni yosh ulg‘aygan sari o‘zgarib, tuvakka o‘rganib borgan sari kamayib boradi.
«Kiyim-kechak masalasiga kelsak, biz yiliga bir-ikki marta mavsumiy kiyimlarni xarid qilamiz. Xarid davomida bolaning bo‘y o‘sishini ham hisobga olib, biroz kattaroq kiyimlar olamiz. Qishki kurtkalar, kombinezonlar narxi kattalar kiyimlari bilan deyarli bir xil — 600 ming so‘m atrofida. Sifatli bolalar poyabzali esa 400 ming so‘m atrofida».
Valeriya, shuningdek, yosh bolalar uchun qimmat kundalik kiyimlarni sotib olish ma’qullamaydi, chunki bu foydali g‘oya emas. Viktoriya esa farzandlariga kichkina bo‘lib qolgan kiyimlarni boshqa onalar bilan baham ko‘rishni ma’qul ko‘radi.
Bolalar bog‘chasi
Hozirda xususiy bog‘chalarning o‘rtacha narxi bitta bola uchun 1,5 mln so‘mdan 3,5 mln so‘mgacha. Viktoriyaning ikkala farzandi xususiy bog‘chaga boradi. Bu esa oilaga chegirmalar bilan oyiga taxminan 6,5 million so‘mga tushadi. Ular xususiy bog‘chani tanlashiga sabab — bolalar uchun yaxshiroq sharoitlar mavjudligi va bir yarim yoshdan qabul qilishi, davlat bog‘chasiga esa faqat uch yoshdan qabul qilinadi.
Shuningdek, ular ba’zan enaga xizmatidan ham foydalanishadi. Hozirda Toshkentda enaga xizmati soatiga 25 mingdan 50 ming so‘mgacha, lekin kechki vaqtlar uchun narxlar qimmatroq.
Maktab
Toshkent shahridagi xususiy maktablarda oylik to‘lov 3,8 mln so‘mdan 12,6 mln so‘mgacha.
«Qizim 11 yoshda va u xususiy maktabga qatnaydi. Biz maktabga oyiga 5,7 mln to‘laymiz va bu esa xarajatlarimizning eng katta qismi. Xarajatlarni kamaytirishni xohlaymiz, lekin bu bilan birga ta’lim sifati ham pasayib ketishidan qo‘rqaman»
Viktoriyada esa aksincha. Uning to‘qqiz yoshli qizi hozircha davlat maktabida o‘qiydi. Ammo yuqori sinflarda ta’lim sifati yomonlashsa, ular xususiy maktab haqida o‘ylab ko‘rmoqchi. Albatta, buning uchun oila byudjetini qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi.
O‘yinchoqlar va ko‘ngilochar mashg‘ulotlar
«Dam olish kunlari ko‘ngilochar tadbirlarga, masalan, yopiq o‘yin maydonchalariga, savdo markazlariga tashrif buyurishga juda ko‘p mablag‘ sarflashga to‘g‘ri keladi. Butun oila uchun bitta bunday «sayr» 500 ming so‘mga tushadi. Bundan tashqari, agar bir farzandingizga biror narsa (o‘yinchoq, shirinlik) olib bersangiz, boshqalariga ham olishga to‘g‘ri keladi, aks holda xafa bo‘lishadi. Bunday xarajatlarni esa oldindan rejalashtiraman»
Bundan tashqari, Viktoriya va Valeriya hozirgi paytda bolaga ko‘p o‘yinchoq kerak emasligi haqida bilishadi. Uch yoshgacha bo‘lgan bolalarni atrofdagi maishiy buyumlar ko‘proq qiziqtiradi. Ko‘pincha bolaning e’tiborini eng yaxshi o‘yinchoqlar ham atigi besh daqiqa torta oladi, keyin esa u bolalar uchun qiziq bo‘lmay qoladi.
Ammo hozirgi paytda bolalar gadjetlardan foydalanishni juda erta boshlayapti. Ular soatlab multfilm yoki YouTube tomosha qilishlari mumkin. Shunday ekan, telefon, planshet kabi sezilarli xaridlarni ham chetlab o‘tib bo‘lmaydi, ammo bunday xarajatlar doim ham bo‘lavermaydi.
Natijalarni jamlaymiz
Albatta, bola uchun bir oylik o‘rtacha xarajatlarini hisoblash qiyin, chunki chaqaloq va onaning ehtiyojlari vaziyatga qarab har xil bo‘ladi. Agar yirik xaridlar yoki davolanish xarajatni hisobga olmasak, chaqaloq hayotining birinchi yilida o‘rtacha oyiga 2 milliondan 5 million so‘mgacha yetarli bo‘ladi. Bu raqam asosan ovqatlanish jarayonlariga bog‘liq.
Maktabgacha bo‘lgan davrda bu xarajatlarni qayta ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi: ovqatlanish va tagliklar uchun kamroq, ammo bo‘sh vaqt va kiyim-kechak uchun ko‘proq sarf qilinadi. Agar bola xususiy bog‘chaga qatnasa, oylik xarajatlar yana 1,5-3,5 million so‘mga ko‘payadi.
Maktab o‘quvchilarining ota-onalari ovqatlanish, kiyim-kechak, gadjetlar va bolalarning bo‘sh vaqti uchun o‘rtacha oyiga 3,5–5 million so‘m atrofida sarflashlari mumkin. Qo‘shimcha kurslar va to‘garaklar uchun yana oyiga 250 mingdan 1 million so‘mgacha kerak bo‘ladi. Agar bola xususiy maktabga borsa, buning uchun yana 12,6 million so‘mgacha qo‘shimcha mablag‘ kerak bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, bola qanchalik katta bo‘lsa, shunchalik ko‘p xarajat talab qilinadi, eng qimmati esa ta’limdir. Barcha ota-onalar sifatli ta’lim narxlarining doimiy o‘sib borayotgani ularni tashvishlantirishini aytishadi, ammo shu bilan birga, ular farzandlarining kelajagiga katta xarajatlar qilishga doimo tayyor.
Onalar oilaviy byudjetni yuritishni, daromadlarni yozib borishni va xarajatlarni rejalashtirish, pulni esa tejashni maslahat berishadi. Bu kutilmagan xarajatlarni oldini olish va nisbatan barqaror moliyaviy holatda bo‘lishga yordam beradi.