Pul yig’ish uchun moliyaviy instrumentlarning tajribali foydalanuvchisi sifatida qanday qilib to’yga va “asal oyi”ga ortiqcha tashvishlarsiz pul yig’ganligim haqidagi hikoya bilan bo’lishmoqchiman.
«To’yga pulni qayerdan olaman?» — turmush qurishga qaror qilgan ko’pchilik yoshlar uchun bu savol notanish emas. Ko’pincha ular pulni ota-onalaridan oladilar yoki “qarzdorlik” degan og’ir toshni yelkalariga ortib, keyin ancha paytgacha shu toshdan qutula olmay yuradilar.
Lekin bundan boshqa yo’llar ham bor. Agar ularni bilsangiz, to’yga barvaqtroq tayyorgarlik ko’rib qo’yishingiz va shu orqali ota-onangiz hamda do’stlaringiz yordamisiz chiroyli to’yga, bundan tashqari to’y sayohatiga ham yetarli pul yig’ishingiz mumkin.
![](https://images.prismic.io/avo-uz/ZnLmBpm069VX14vz_2.jpg?auto=format%2Ccompress&fit=max&w=3840)
Startga tayyor
Ko’p oilalarda ota-onalar farzandlari dunyoga kelishi bilanoq to’yga pul yig’ishni boshlab, to’y xarajatlarini to’liq o’z bo’ynilariga oladilar. Baxtga qarshi, balki baxtga ko’ra, mening yonimda ishonchli moliyaviy suyanchim yo’q edi, shu sababli to’yning barcha mas’uliyati o’z yelkamda qoldi. Oldin oson yo’l bilan ko’p pul ishlab topish g’oyasi meni o’ziga jalb qildi. Lekin ko’p pulni mehnat qilmasdan topib bo’lmasligini tezda angladim. Shunday oddiy narsani tushunganimdan so’ng oldimda aniq manzil ko’rindi — faqat halol yo’l bilan pul yig’aman.
Birinchi marta MacBookka pul yig’ganim
18 yoshimda har daromadimdan 10%ini saqlab qo’yishni odat qildim — maqsadim $5 000 to’plab, MacBook, kamera olish va frilanserga aylanish edi. Ha, yashirmayman, ba’zida daromadimdan ushlab qolingan -10% ham meni qiyin ahvolga solib qo’yardi, lekin shu bilan birga o’zimni intizomli qilib tarbiyalash tanlagan yo’limdan qaytmay, pul yig’ishda davom etishimga yordam berdi. Natijada hayotimning turli vaziyatlarida turli miqdorda: qiyinchilikka uchragan vaqtlarimda daromadimdan 10%dan tortib, omadim kulgan paytlarda 50%gacha pullarimni saqlab qo’yishga muvaffaq bo’ldim.
Karantin pul yig’ish jarayonini ancha jadallashtirib yubordi: pulni qayerga sarflashni ham bilmay qoldim, hamma restoranlar yopiq, taksi yurmaydi, katta xaridlarga ehtiyoj yo’q. Kunduzi masofadan turib ishladim, kechasi esa qorovul bo’lib ishlaydigan ikkinchi ishimga velosipedda qatnadim. Karantin vaqtida bir necha ming dollar yig’ib qo’ydim va bu meni yanada ko’proq pul saqlab borishga ruhlantirdi.
Hayotimning shu lahzasida umrimning qolgan qismini birga o’tkazishni istaydigan qizni uchratdim va pul yig’ishning yangi yo’llarini izlay boshladim. Hamma omonatlarim va yuz dollarlik pullarim saqlanadigan ingichka konvert ustidagi yozuvni “TO’YGA” deb o’zgartirdim. Bu meni yanada ruhlantirib, oldimga yanada kuchli va aniq maqsadni qo’yishimga yordam berdi.
![](https://images.prismic.io/avo-uz/ZnLmSZm069VX14wA_3.jpg?auto=format%2Ccompress&fit=max&w=3840)
Shu kungacha pullarimni uchga bo’lib yig’dim: milliy valyutamizdagi ikkita omonat, dollarlar saqlanadigan konvert va keshbekli karta.
- Yuqori stavkali omonat yordamida nafaqat pullarimni saqlash, balki oz-moz ko’paytirib olishga ham muvaffaq bo’ldim.
- Yana bitta omonatdan bir necha million olib qo’yish uchun «moliyaviy yostiqcha» sifatida foydalandim. Pullarni faqat judayam kerak bo’lgandagina yechib oldim. Oylik ish haqimni olishim bilanoq, pullarni shu omonatga yubordim — shu orqali foizlar tezroq «tomchilab» turdi, har bir xarajat oldidan esa «hozir omonatdan pul yechishim shartmi?» degan savol boshimda aylanaverdi. Bu pulni tejab-tergab ishlatishga yordam berdi.
- Mening uchinchi qurolim — so’mlarni AQSH dollariga almashtirib, ularni yostig’im ostidagi konvertda saqlash. Hozir o’sha pullarni shunchaki dollarda saqlamay, so’mda saqlab, ko’paytirib olmaganimga afsuslanaman.
Masalan, 7 000 000 so’m oylik oladigan bo’lsangiz, yiliga 23%lik omonatga oylikdan 10% — 700 000 so’mdan joylashtirib borib, bir yilda 10 332 000 so’mgacha pul yig’ish mumkin. Mendan yana bitta layfhak: ko’proq pul yig’ish uchun har oyda tushadigan foizlarni kartaga o’tkazmasdan, omonatga qayta qo’yish kerak — aks holda omonatingiz shunchaki pullarni saqlaydigan hamyonga aylanib, o’zining asl mohiyatini yo’qotadi.
Daromadingizni kattasi tomon butunlashtirib olish tizimi ham juda asqatadi. Misol uchun, 4 800 000 so’m oylik oladigan bo’lsangiz, har oy 500 000 so’mdan, oylik 9 500 000 so’m bo’lsa — 1 000 000 so’mdan pul yig’ib boring.
Yana men taksiga pul ketkazmasdan, ishga velosipedda qatnash orqali ham pul tejadim. Hisoblab qarasam, har kuni ishga taksida borib-qaytish, yana dam olish kunlaridagi sayrlar bilan oyiga bir-ikki millionlik xarajat chiqar ekan. Taksidan tejab qolgan pullarimni ham omonatga joylab bordim.
Masalan, 2024-yilning yoz oyida Buyuk Ipak Yo’li metro bekatidan Tashkent City Mallgacha taksi narxi o’rtacha 25 000 so’m. Bir kunda 50 000 so’m, 30 kunda esa — 1 500 000 so’m. Shu pullarni yiliga 23%lik omonatga joylash orqali bir yil ichida 22 140 000 so’m yig’ish mumkin.
Tejamli, lekin chiroyli to’y
![](https://images.prismic.io/avo-uz/ZnLmmpm069VX14wN_4.jpg?auto=format%2Ccompress&fit=max&w=3840)
Turmush qurishni taklif qilganimdan so’ng, men bo’lajak jufti-halolim bilan biz uchun eng muhim marosimni qanday tashkillashtirish haqida o’ylay boshladik. Hech qanday qarz olmay, tejamligina, lekin hammaga yoqadigan to’y qilishga kelishib oldik. Pulimizning asosiy qismini sayohatga sarflash va u yerda o’zimiz istagandek dam olishga qaror qildik. Sayohat uchun Issiqko’lni tanladik, sababi u yerda biz orzu qilgan ikki narsa — plyajli «dengiz» va o’ta go’zal tog’lar bor.
Tejamli va shu bilan birga chiroyli to’y uchun hisob-kitoblarimga ko’ra 2024-yilda kamida 25 000 000 so’m kerak — deyarli shuncha pulni taksidan velosiped yoki jamoat transportiga o’tgan holda bir yil ichida yig’ish mumkin. Shunda oylik ish haqidan 10%dan pul tejab borishga ham hojat qolmaydi. Qolgan hammasi yoshlar va ularning sayohatni qanday o’tkazish haqidagi orzu-istaklariga bog’liq.
O’zimiz orzu qilgandek to’y o’tkazdik. Keyin esa marosimga sarflagan barcha pullarimiz mehmonlarimizdan sovg’a sifatida qaytganligini ko’rib, juda xursand bo’ldim. Biz ularni yana omonatga joylab, kelajakda kvartirani ta’mirlash, mebel, velosiped va yana yaxshi telefon olish uchun sarfladik.
![](https://images.prismic.io/avo-uz/ZnLoRpm069VX14yF_20210811_104243.jpg?auto=format%2Ccompress&fit=max&w=3840)
Issiqko'lga kettikmi?
O'zingiz bilan AVO platinum kredit kartasini oling
To’y sayohati
![](https://images.prismic.io/avo-uz/ZnLm2Jm069VX14wa_5.jpg?auto=format%2Ccompress&fit=max&w=3840)
Issiqko’lga sayohatga avvaldan «ko’nglimiz tusagandek» dam olish imkoniyati deb qaradik. Agar biz, misol uchun, Maldiv orollarini tanlaganimizda, ko’pgina quvonchlardan o’zimizni tiyish va ko’p joylarda pul tejashga to’g’ri kelardi. Va yana bir bor qaytaraman — faqatgina Issiqko’lda biz istagan hammasi — o’ta go’zal tog’lar va so’lim qirg’oq bo’yidagi plyajlarni topish mumkin.
![](https://images.prismic.io/avo-uz/ZnLm8Jm069VX14we_6.jpg?auto=format%2Ccompress&fit=max&w=3840)
Biz ayolim bilan Issiqko’l atrofida sayohat qilib, barcha diqqatga sazovor joylar — «Ertak» kanyoni, umuman mixsiz qurilgan cherkov, «Kamaz» haykalini tomosha qildik. Shuningdek, tog’ cho’qqisidagi yurtada eng sovuq kechani o’tkazdik, yana tog’ va daralar, yuqori tog’larda joylashgan ko’l va sharsharalarni aylanib, yo’l-yo’lakay shu joylarning oshxonasidan mazali taomlarni tatib ko’rdik.
![](https://images.prismic.io/avo-uz/ZnLnBZm069VX14wj_7.jpg?auto=format%2Ccompress&fit=max&w=3840)
Hayotimizning eng esda qolarli 11 kunini o’tkazganimizdan so’ng, biz poytaxt — Bishkek tomon yo’l oldik. U yerda biz muhim konferensiyada qatnashib, bir necha kun davomida shahardagi taniqli restoranlar, yodgorliklar va savdo markazlariga tashrif buyurishni rejalashtirdik.
![](https://images.prismic.io/avo-uz/ZnLnIJm069VX14wn_8.jpg?auto=format%2Ccompress&fit=max&w=3840)
Hammasi zo’r bo’ldi derdim-ku, ammo bitta hodisa hammasini chippakka chiqardi: shaharda dollarlar bilan to’lov qilish juda qiyin bo’ldi. Deyarli hamma mahalliy valyutamizni Issiqko’lda dam olish vaqtida sarflab yubordik, poytaxtga kelgan birinchi kunimizda esa dollarni almashtirish uchun to’g’ri keladigan bankni topishga vaqtimiz bo’lmadi.
Faqatgina mening kartam qandaydir sababga ko’ra mahalliy terminallarda ishlamagani uchun Bishkekning zo’r-zo’r qahvaxonalari va do’konlari eshigidan quruq qaytib ketish juda alam qildi. Tez orada Taybeyga borish niyatim bor, shunda albatta AVO kredit kartasini o’zim bilan olaman. Eshitishimga ko’ra, AVO kartasi Mastercard ishlaydigan hamma joyda ishlaydi. Lekin AVO kartasining afzalligi shundaki, u yana qarzga foizsiz pul ham beradi. Sayohatda asqatishi aniq!
Ozroq matematika
2024-yilda Toshkentdan Issiqko’lga qulay avtobusda 310 000 so’mga yetib olsa bo’ladi. Bir tomonga ikki kishiga 620 000 so’m ketadi, yana yo’lda tamaddi ham qilish kerak. Agar xohlasangiz 1 515 000 so’mga samolyotga chipta olishingiz mumkin — bu borib-kelish uchun ikki kishiga 6 060 000 so’m degani.
Qirg’oq bo’yidagi pansionatlarda yashash narxi bir kishiga bir sutkaga uch mahal ovqatlanish bilan birga — 350 000 so’m. Ikki kishiga bir haftaga 4 900 000 so’m. Agar yashash sharoiti yaxshiroq mehmonxonada qolmoqchi bo’lsangiz, ikki karra ko’proq pul ajratish kerak — haftasiga ikki kishiga kamida 10 000 000 so’m.
O’yin-kulgi: qayiqqa chipta, charxpalakda uchish, tog’ga jipda sayohat (ikki kishiga 1 270 000 so’m va yurtada ovqatlanish uchun qo’shimcha 500 000 so’m) va ko’l ustida parashyutda sayohat (500 000 so’m) kamida 2 000 000 so’m bo’ladi. Top-toza plyajga kirish narxi taxminan 500 000 so’m, yoki oddiy plyajda suzishingiz ham mumkin.
Jami, Issiqko’lda mazza qilib dam olish va o’yin-kulgi uchun umumiy 10 000 000 so’m kerak. Taksi, ovqat, esdalik sovg’a kabi mayda chiqimlar uchun ko’proq pul olishingizni tavsiya qilaman. 2024-yilda Issiqko’lda ikki kishi uchun sayohat rejalab, men kamida 15 000 000 so’m yig’ishni maqsad qilgan bo’lardim.
![](https://images.prismic.io/avo-uz/ZnLnaZm069VX14xb_9.jpg?auto=format%2Ccompress&fit=max&w=3840)
Oilada moliyaviy erkinlik
Orzuimdagi to’y va sayohatni o’zim mustaqil tashkillashtirgan holda, men pulni to’g’ri yig’ish va uni yanada ko’paytirishni o’rgandim. Oilamiz bilan olgan eng muhim bilim — bu, ko’p pulni to’g’ri yig’ishni amalda o’rganish bo’ldi. Shuningdek, bizning ertangi kunga bo’lgan ishonchimiz ortdi, axir «qora kunga» asrab qo’ygan bir necha o’n million so’mingiz bo’lsa, qiyinchiliklar ham sizni unchalik qo’rqitmaydi.
![](https://images.prismic.io/avo-uz/ZmhE-Zm069VX1ooi_Group1.png?auto=format%2Ccompress&rect=907%2C282%2C1861%2C640&w=3840&fit=max)
AVO platinum kredit kartasi
Sayohatda asqatadi