Kreditorlik qarzi — bu siz yoki kompaniyangiz qarzi. Bu pul, xizmatlar, tovarlar — har qanday narsa bo‘lishi mumkin. Asosiysi, siz nimanidir olgansiz-u, pulini hali to‘lamagansiz. Bu bank, yetkazib beruvchi yoki hatto qo‘l ostingizda ishlaydigan xodimning ish haqi bo‘yicha qarz bo‘lishi mumkin.
Sodda qilib aytganda: tovarni «nasiyaga» olish — kreditorlik qarzi hisoblanadi. Misol uchun, ofisga mebel oldingiz, uni olib kelishdi, siz qabul qilish hujjatini imzoladingiz, pulini esa 1 haftadan keyin berishni va’da qildingiz. Shu paytdan boshlab siz qarzdorsiz.
Debitorlik qarzining kreditorlik qarzidan farqi
Buxgalter bo‘lmasangiz, chalkashib ketish hech gap emas. Mana ularning asosiy farqi:
- Debitorlik qarzi — sizdan qarz olishgan bo‘lsa. Masalan, mijoz hali mahsulot uchun to‘lov qilmagan.
- Kreditorlik qarzi — siz qarzdor bo‘lsangiz. Bank, hamkorlar, xodimlar — kimga ekanligi ahamiyatsiz.
Ikkala summa ham kompaniya balansida ko‘rinadi, lekin turlicha ta’sir ko‘rsatadi: debitorlik qarzi aktivlarga, kreditorlik qarzi esa passivlarga qo‘shiladi.
Kreditorlik qarzi balansning qayerida ko‘rinadi?
Balansga qaraymiz. Kreditorlik qarzlari «Qisqa muddatli majburiyatlar» bo‘limida joylashgan. Bu qarzlarni yaqin orada to‘lash kerakligini bildiradi. Bunga quyidagilar kirishi mumkin:
- Yetkazib beruvchilarga hali to‘lanmagan pul;
- To‘lash vaqti kelgan soliqlar;
- Xodimlarning ish haqi;
- Agar aksiyadorlik jamiyati bo‘lsangiz — dividendlar;
- Va boshqa majburiyatlar.
Bu bo‘limni kuzatib borish muhim: u sizning moliyaviy holatingizni, ya’ni to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lay olish-olmasligingizni ko‘rsatadi.

Kredit kartasi — bu erkinlik
Kelajakdagi pulingizdan to‘lang — 45 kungacha foizsiz qaytaring
Nima uchun kreditorlik qarzi paydo bo‘ladi?
Kreditorlik qarzi turli vaziyatlarda paydo bo‘lishi mumkin. Masalan, yetkazib beruvchi tovarni to‘lov qilmasingizdan oldin jo‘natgan. Yoki bankdan kredit olib, endi uni qaytarish majburiyatini olgansiz. Ba’zida xodimlarga ish haqi hisoblangan-u, lekin amalda hali to‘lanmagan — bu ham qarz hisoblanadi. Ba’zan kompaniyalar yoki shaxslar soliqlar yoki ijara to‘lovlari bo‘yicha muddatni uzaytirish imkoniyatidan foydalanishadi, bu ham majburiyat sifatida qayd qilinadi. Gohida esa sabab juda oddiy — shunchaki kommunal xizmatlar uchun to‘lovni o‘z vaqtida to‘lashni unutgansiz.
Bunday holatlar, ayniqsa biznesning moliyaviy jarayonida oddiy hol bo‘lishi mumkin. Lekin, agar muntazam ravishda qarz olib, uni nazorat qila olmay qolsangiz, bu moliyaviy masalalarda nimadir noto‘g‘ri ketayotganini bildiradi.
Pul aylanishini qanday hisoblash kerak?
Bu qarzlaringizni qanchalik tez uzayotganingiz ko‘rsatkichi. U quyidagicha hisoblanadi:
Aylanish koeffitsiyenti = Tushum / O‘rtacha kreditorlik qarzi
Raqam qanchalik yuqori bo‘lsa, shunchalik yaxshi: bu qarzlar tez yopilayotganini bildiradi.
Odatda qarzni necha kunda yopishingizni bilishni istaysizmi? Unda, quyidagicha hisoblang:
Aylanish davri = 365 / Koeffitsiyent
Bu ma’lumotlarni investor va banklar yoqtiradi — ular orqali sizning qanchalik ishonchli ekanligingizni ko‘rish mumkin.

Kreditorlik qarzini qanday hisobdan chiqarish mumkin?
Qarzni hisobdan chiqarish — qandaydir sehrli narsa emas, balki rasmiy jarayon. Quyidagi hollarda qarzni hisobdan chiqarish mumkin:
- Qonunga ko‘ra qarzni undirish muddati o‘tib ketgan bo‘lsa;
- Qarzni to‘liq to‘lagan bo‘lsangiz;
- Kompaniya yopilgan yoki boshqa kompaniya bilan birlashgan bo‘lsa;
- Tomonlar qarzni bekor qilishga kelishib olgan bo‘lsalar;
- Qarz umidsiz deb tan olingan bo‘lsa.
Muhimi: barcha jarayonlar hujjatlashtirilgan bo‘lishi kerak — qarzni shunchaki o‘chirib tashlash mumkin emas.
Kredit bo‘yicha qarzdorlik nima uchun xavfli?
Kredit to‘lovini to‘xtatganingizda, ahvol borgan sari yomonlashib boradi. Boshida jarima va penyalar ko‘payadi, har bir kechiktirilgan kun sizga tobora qimmatga tushadi. Shu bilan birga kredit tarixingiz yomonlashib, kelajakda yangi qarz olishingiz qiyinlashadi. Shunda ham qarzni yopmasangiz, ishga kollektorlar aralashadi, keyinchalik ish sudgacha oshib ketishi mumkin.
Agar qarzlarni vaqtida to‘lay olmayotgan bo‘lsangiz, jim o‘tirmang. Darhol bankka murojaat qilib, imkoniyatlarni muhokama qilgan ma’qul: qarz uzish jadvalini qayta tuzish, o‘zgartirish yoki qayta moliyalashtirishni so‘rang. Bu, ayniqsa, garovsiz va yuqori foiz stavkali katta kreditingiz bo‘lsa, juda muhim ahamiyatga ega.Qanchalik erta harakat qilishni boshlasangiz, vaziyatni nazorat qilish imkoniyatingiz shunchalik yuqori bo‘ladi.

Qasddan bo‘yin tovlash: qanday oqibatlarga olib keladi
Agar atayin qarzlarni to‘lashdan bosh tortsangiz, bu shunchaki moliyaviy muammo emas, balki qonunbuzarlik hisoblanadi. Kreditorlik qarzini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlash mol-mulkingizni xatlashdan tortib chet elga chiqishingiz cheklanishi va majburiy ishlar belgilanishigacha — jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Eng og‘ir holatlarda esa qamalib ketishingiz ham mumkin.
Shu sababli, vaziyatni qiyinlashtirib yubormasdan, o‘z vaqtida kreditorlar bilan aloqaga chiqqaningiz yaxshi — gaplashish doimo jim turish va qochib yurishdan ko‘ra xavfsizroq yo‘l.
Qarzni qanday boshqarish mumkin — kundalik maslahatlar
- Yetkazib beruvchilar bilan hisob-kitoblaringizni solishtiring — balki to‘lagansiz-u, ular esdan chiqarib qo‘ygan bo‘lishlari mumkin;
- Muddatlarni kuzatib boring — to‘lov kunini o‘tkazib yubormang;
- Byudjetingizni qarzlarni hisobga olgan holda rejalashtiring;
- To‘lashga qiynalayotgan bo‘lsangiz, muddatli to‘lov so‘rang;
- Kredit tarixingizni tartibli saqlang.
Shunda kelishmovchiliklar bo‘lmaydi va biznesingizni bemalol rivojlantira olasiz (yoki shunchaki xotirjam yashaysiz).
Xulosa: qarzlarga aql bilan yondashing
Kreditorlik qarzi — bu oddiy hol. Eng muhimi, uni e’tiborsiz qoldirmasdan, o‘z vaqtida to‘lang. Shaffoflik, mas’uliyat va biroz e’tibor bilan moliyaviy holatingizni nazorat qila olasiz, hatto gap bank yoki yetkazib beruvchiga bo‘lgan qarzingiz haqida ketsa ham.