Alisher aka Sirdaryo chekkasidagi yerni ko‘rishga ketgan kunni yaxshi eslayman. Bir necha soatlik toshloq yo‘l, odamlar yo‘q, shahar shovqini yo‘q… Alisher aka: «Bu yerda hech narsa qilmasang ham, yer o‘zi sen uchun ishlaydi», degandi.
Bu havoga aytilgan gap emas edi. Bu — bugungi O‘zbekistonning haqiqati. Qishloq xo‘jaligi tobora nafaqat turmush tarzi, balki sarmoya vositasiga ham aylanib boryapti. Ushbu maqola ijaraga yer olishni o‘ylayotganlar, agrobiznes qanday ishlashini tushunmoqchi bo‘lganlar va bu sohaga sarmoya kiritish kerakmi, deb o‘ylab yurganlar uchun qiziqarli bo‘ladi.
Yerni qanday ijaraga olish mumkin
So‘nggi yillarda mamlakatda haqiqiy yer revolyutsiyasi bo‘ldi. 45 mln dan 42 mln gektar davlat kadastriga kiritilgan.
Endi yerlar 30 yilga onlayn-auksionlar orqali ijaraga beriladi. G‘oliblar yerni 3 yilga muddatli to‘lov asosida olishlari mumkin. Yer to‘laqonli bozor aktiviga aylanadi: uni ikkilamchi ijaraga berish, hamkorlarni jalb qilish va uzoq muddatli biznes strategiyasini qurish mumkin.
Yerni ijaraga olish uchun nima qilish kerak:
- Yer nima uchun kerakligini aniqlang — fermer xo‘jaligi, issiqxona yoki chorvachilik uchun;
- E-auksion portalida ro‘yxatdan o‘ting;
- Mavjud yerlarni o‘rganing;
- Mos keladigan lotni tanlang;
- Auksionda qatnashish uchun ariza yuboring.

Agar auksion g‘olibi bo‘lsangiz, ijara shartnomasini rasmiylashtirib, kadastr raqamini olasiz. Jarayon hudud va hujjatlarning tayyorligiga qarab bir necha haftadan bir necha oygacha vaqt olishi mumkin.
Qonun nima deydi
O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi yer ijarasi, almashlab ekish va tuproq unumdorligini saqlash masalalarini tartibga soladi. Fermer xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonun esa yer qanday ijaraga olinishi va ijaraga oluvchi qanday huquqlarga ega ekanini tushuntiradi. Masalan, fermer yerni faqat ajratilgan maqsad bo‘yicha ishlatishi shart — agar yer paxta uchun ajratilgan bo‘lsa, unda makkajo‘xori ekib bo‘lmaydi. Agar siz chorvachilik bilan shug‘ullanishni rejalashtirsangiz, yaylovlar to‘g‘risidagi qonunni bilish muhim: unda hayvonlarni qayerda boqish va yaylovlarning xo‘jaliklar o‘rtasida qanday taqsimlanishi ko‘rsatilgan.
Qoidalar qattiq, lekin aniq: davlat yerlarni xususiy mulk sifatida emas, balki ma’lum shartlar asosida uzoq muddatli ijaraga beradi.
Keling, endi yerga sarmoya kiritgan odamni qanday foydalar kutishi mumkinligini ko‘rib chiqamiz.
Ijobiy tomonlari: yer qanday daromad keltirishi mumkin
Yer — cheklangan resurs. Unga bo‘lgan talab yil sayin oshib boryapti, ayniqsa yo‘llarga yaqin hududlarda va yirik bozorlar atrofida. Hatto o‘zingiz faol ishlab-chiqarmasangiz ham, ijaraga berish orqali yer barqaror passiv daromad olib kelishi mumkin.
Bunga shaffoflik omilini ham qo‘shish kerak: auksionlar onlayn o‘tadi, demak, eski qog‘ozbozlik va shubhali sxemalar xavfi kamayadi. Davlat hatto uch yillik muddatli to‘lov imkonini ham beradi — bu ishni boshlashdagi yukni yengillashtiradi.

Va, albatta, ijtimoiy mas’uliyatni ham unutmaslik kerak. Yerga kiritilgan sarmoya — shunchaki biznes emas. Bu mamlakat kelajagiga qo‘shilgan hissa: oziq-ovqat xavfsizligi, ekologiya, viloyatlarning rivoji. Ko‘pchilik uchun bu ham juda muhim.
Pul qayerda: oddiy hisob-kitob
Yerning narxi juda katta: ijarasi — yiliga 1 gektar uchun 2 mln dan 220 mln so‘mgacha, ikkilamchi ijara — 3 mln dan 250 mln so‘mgacha. Eng arzon yerlar — hech qanday bino-inshootsiz, suv va yo‘lga ulangan kommunikatsiyalarsiz, eng olis hududlarda. Eng qimmatlari esa — suv, elektr, omborlar va qulay kirish yo‘llari bilan jihozlangan, asosan Toshkent yoki Farg‘ona viloyatlarida.
Tasavvur qilaylik, siz davlatdan infratuzilmasiz, sug‘orilmaydigan 100 gektar yer oldingiz. Bir gektar uchun 10 mln so‘mdan hisoblasak, yiliga 1 mlrd so‘m to‘laysiz. Shu yerni 1 gektar uchun 15 mln so‘mdan ikkilamchi ijaraga bersangiz, 1,5 mlrd so‘m olasiz. Yillik foyda — 500 mln so‘m.
Endi xuddi shuncha maydonni, lekin suv, elektr, binolar va tayyor infratuzilmaga ega yerni olaylik. 8 mlrd ga ijaraga olasiz, 10 mlrd ga ikkilamchi ijaraga berasiz. Bu holda foyda — 2 mlrd so‘m bo‘ladi.
Albatta, infratuzilmasiz yerni olib, o‘zingiz uni yaxshilab, keyin uni yuqori stavkada ikkilamchi ijaraga berishingiz ham mumkin. Bu — pul va vaqt talab qiladigan uzoq muddatli strategiya. Eng muhimi — shuni yodda tutish kerakki, ijara muddati tugaganda, qurilgan infratuzilmaning barchasi davlatga qoladi. Siz esa bu yerni avvalgi narxda ijaraga berishni davom eta olmaysiz.

Kutilgan natija vs haqiqat
Bir qarashda hammasi oddiy ko‘rinadi: yer oldingiz, ekdingiz, hosilni yig‘dingiz — va foyda sizniki. Lekin amalda yer olish va foyda orasida urug‘, o‘g‘it, texnika, suv va ishchilarning oyligi kabi butun bir xarajatlar zanjiri yotadi.
3 yil oldin lyutserna ekish uchun ijaraga 10 gektar yer olgandim. Bir marta pul tiksam, keyin ish o‘z-o‘zidan yurib ketadi, deb o‘ylagandim. Lekin birinchi 2 mavsum daromad bermadi: suv yetishmadi, yoqilg‘i narxlari oshdi. Faqat uchinchi yilda hosil xarajatlarni qopladi va foyda keltirdi.
Yer sizniki emas — u har doim davlat mulki bo‘lib qolishini esdan chiqarmang. Siz faqat ma’lum muddatga foydalanish huquqini olasiz. Bundan tashqari, qonunchilikdagi o‘zgarishlarni ham hisobga olish kerak — ijara shartlari o‘zgarishi mumkin.
Agar o‘zingiz fermerlik bilan shug‘ullanishni rejalashtirmasangiz ham, olmoqchi bo‘lgan yerning holatini aniq tushunishingiz kerak. Tayyor infrastruktura bormi? Sug‘orish, omborxona, texnika yoki bozorlarga qulay yo‘l bo‘lmasa, yer kutilgan daromadni olib kelmasligi mumkin. Infratuzilma yaratish katta sarmoya talab qiladi va ba’zida bu xarajatlarni ko‘tara olmasligingiz mumkin.

Yer bilan bog‘liq nozik jihatlar ham bor. Masalan, agar yerda ilgari tamaki yetishtirishgan bo‘lsa, siz esa kartoshka ekmoqchi bo‘lsangiz, yoqimsiz holatga duch kelasiz. Kartoshka katta va chiroyli bo‘lib o‘sadi, lekin mazasi achchiq bo‘ladi. Ijarachining zimmasiga almashlab ekishni saqlash, tuproq unumdorligini tutib turish, xo‘jalik faoliyati bo‘yicha hisobot berish kabi majburiyatlar kiradi. Ba’zida hatto shartnomada qaysi ekinlarni yetishtirish kerakligi aniq ko‘rsatiladi. Bu qoidalarga amal qilinmasa, yer ijarasidan ayrilib qolish mumkin.
Yer — oson pul haqida emas. Bu sabr va tizimli yondashuv haqida.
Ilgari qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanmagan bo‘lsangiz, mutaxassis yordamisiz bu ishga kirish qiyin. Yer ijaraga olmasdan avval qonunchilikni o‘rganing, maxsus kitoblar o‘qing. Agrobiznes bo‘yicha podkastlarni eshiting, bu sohada tajribaga ega odamlar bilan gaplashing.
*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

AVO ilovasini yuklab oling
Barcha bank xizmatlari va operatsiyalari 24/7 sizning smartfoningizda
