Avvallari tanish-bilish orqali uy ijaraga olish oson edi. Yo qarindosh, yo qo'shnilarning biri o'g'lini pul topishga jo'natgandan keyin kamida ikki xonali uy bo'shab, ijarachilarni qidirishga tushishardi. Hozir esa aksincha — pul topish uchun O‘zbekistonga kelishyapti. Relokantlar, talabalar oqimi va biznesning rivojlanishi uy-joyga bo‘lgan talabni oshirib yubordi. Yaxshi tumanlardagi zo‘r variantlarni bir zumda talab ketishyapti. Raqobat, taqchillik va katta pul aylanayotgan joyda esa firibgarlarning paydo bo‘lishi muqarrar.
Biz ijaraga uy qidirib, firibgarlarga duch kelgan odamlarning hikoyalari bilan tanishdik hamda «Биржа метров» ko‘chmas mulk agentligi direktori Timur Nurmuhamedov va tajribali rieltor Ruslan Beysenbayev bilan suhbatlashdik. Ijara bozoridagi eng keng tarqalgan firibgarlik usullari haqidagi qo‘llanmamiz bilan bo‘lishamiz.
Bron qilish uchun garov kerak
Eldar, 33 yosh, solo-sayohatchi, Toshkentda uy qidirgan
OLX’da e’longa ko‘zim tushdi: Novza metrosi yonidagi studiya-kvartira, rasmda yangi ta’mirlangan, hamma jihozlari bor, narxi juda arzon — oyiga $350 ekan. Egasiga qo‘ng‘iroq qildim, u menga: «Aslida bir-ikkita ko‘radiganlar bor, lekin hoziroq garov bersangiz, sizga ijaraga beraman, kalitni kechqurun olib ketasiz», — dedi. Ishonib, 2 mln so‘m berdim... va shu bilan uy egasi qo‘ng‘iroqlarga javob bermay, yo‘q bo‘lib ketdi.

Soxta e’lonlar orqali pul undirish — firibgarlar orasida keng tarqalgan usul. Turli yo‘llar bilan aldashadi: masalan, uy egasi O‘zbekistonda emas; qaytishi bilan topshirishga va’da beradi. Yoki to‘lov qilib, uyni bron qilib qo‘yishni, shartnomani esa kelganda rasmiylashtirishni taklif qilishadi. Ba’zan esa makler oldindan komissiyani o‘tkazsangiz, uyni siz uchun saqlab qo‘yishini aytadi.
Katta depozit uchun kichik narx
Nargiza, 22 yoshda, yangi kelin turmush o‘rtog‘i bilan Namangandan Toshkentga kelib, uy qidirishgan
Erim e’lon topdi: Yashnobodda atigi 2,5 mln so‘mga ikki xonali uy. Boshqa uylar bilan solishtirsak, oddiy bir xonali uy kamida 3 mln so‘m turadi. Albatta, pul tejashni xohladik. Uy egasiga qo‘ng‘iroq qilganimizda, u faqat olti oylik ijara haqi oldindan to‘lansa, narx shunday bo‘lishini aytdi. Erim bilan o‘ylab ko‘rdik: mayli, har oy pul to‘lab ovora bo‘lmaymiz, ustiga-ustak ta’tilga ham pul qoladi. To‘ladik. Birinchi oy yaxshi yashadik, keyin bizni uydan hayday boshlashdi: uy egasi kelib, hammom plitkalarini sindirganimizni, televizor va uning ba’zi buyumlari yo‘qolganini aytdi. Aslida esa uyda bu narsalarning hech biri yo‘q edi! Plitka ham biz kelganimizda siniq edi. Lekin buni qanday isbotlaymiz? Natijada bizni haydab yuborishdi va oldindan to'lagan katta garovimizni qaytarib berishmadi. Pul tejashning o‘rniga 8 mln so‘mga kuydik.

Ba’zi ijaraga beruvchilar bir necha oylik ijara evaziga ta’mirlashni yoki texnika va mebel sotib olishni so‘rashadi, keyin esa turli bahonalar bilan haydab chiqarishadi.

Garovga pulni qayerdan olish mumkin?
AVO platinum kartasini onlayn oching va kartaga 100 mln so‘mgacha pul oling
Uy egasidan ijara olish, lekin egasiligi aniqmas
Andrey, 28 yosh, ish bo‘yicha Samaradan Toshkentga keldi
Ijtimoiy tarmoqlarda $500 ga bir xonali uy topdim — to‘g‘ri, jakuzisi yo‘q, lekin uyning o‘zi top-toza, masalan, hammom emal bilan qoplangan va toza edi. Uy egasi hujjatlarning nusxasini ko‘rsatdi, asl nusxalari esa Samarqandda, ota-onasining uyida ekanini aytdi. Qog‘oz shartnoma imzoladik, depozit va birinchi oylik ijarani to‘ladim. U hatto pasport ma’lumotlarimni olib, soliq idorasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazishga va’da berdi. Men ishondim.
Ko‘chib o‘tdim, joylashdim, bir hafta yashashga ulgurdim. Bir hafta o‘tgach, kunduzi eshikni taqillatmay, notanish erkak kishi kirib keldi. Eshikni o‘z kaliti bilan ochdi. Bir-birimizga hayron qarab, qotib qoldik:
— Siz kimsiz?
— Uy egasiman. Siz kimsiz va bu yerda nima qilyapsiz?
— Bu uyni ijaraga olganman...
U militsiya chaqirdi, tekshiruv boshlandi. Ma’lum bo‘lishicha, ijara Soliq'da ro‘yxatdan o‘tkazilmagan, shartnoma esa oddiy soxta qog‘oz ekan. Keyinchalik hudud noziri menga shunday firibgarlar borligi haqida aytib berdi: ular uyni bir necha kunga ijaraga olishadi, kalitdan nusxalar olib, bir vaqtning o‘zida bir nechta odamga ijaraga berishadi. Ko‘chib ketishga majbur bo‘ldim, lekin to‘lov va garovni hech kim qaytarib bermadi.

Uyning bir nechta egasi bo‘lishi mumkin — bu ulushli egalik deyiladi. Qonunga ko‘ra, ulardan biri o‘z ulushini ijaraga berishga va hatto buni Soliq orqali ro‘yxatdan o‘tkazishga haqli. Lekin bu qolgan egalar bilan kelishilgan bo‘lishi kerak. Ijara haqida kelishayotganda, uy egasi bitta ekanligini aniqlashtiring, kadastrni ko‘rsatishini so‘rang. Aks holda, bir kuni uy egasining akasi yoki xotini ostonada paydo bo‘lib, janjal chiqarishi mumkin.
Xushmuomala uy egasi, rad etish noqulay
Farida, 55 yosh, nevarasiga qarab turish uchun Samarqandga, qiziga yaqin uyga ko‘chib kelgan
Tanishim qo‘ng‘iroq qilib, qizim yashaydigan mahallada juda qulay narxda bir uy ijaraga berilayotganini aytdi. Uy egasi keksa, xushmuomala kishi, juda mehribondek ko‘rindi. Darhol meni qizim deb chaqira boshladi, choy damlab berdi, hayotim va oilam haqida so‘rab-surishtirdi. Hujjatlarni rasmiylashtirdik, keyin to‘lov qildim.
Qizig‘i keyin boshlandi: «Qizim, avvalgi ijarachilardan qolgan kommunal to‘lov qarzlarini ham yopish kerak», «Soliqni o‘zing to‘la, men pensionerman, o‘zimga hech narsa qolmas ekan». Shunday qilib, to‘xtovsiz qandaydir qo‘shimcha to‘lovlar paydo bo‘laverdi. Bahslashishga uyaldim, nima bo‘lganda ham keksa odam. Umuman olganda, o‘zim aybdorman — boshidan aniqlashtirmaganman. Muloyimlik bilan rad etishga urinib ko‘rdim. U esa rahmimni keltirib, vijdonim bilan o‘ynay boshladi: «Uyalmaysanmi! Senga chegirma qilib bergandim-ku, qizim, nega qari odamni qiyin ahvolda qoldiryapsan?» Qizim bo‘lgan voqea haqida eshitib, masalaga aralashdi. Hamma to‘lovlarni hisoblaganda, yaqin-atrofdagi chegirmasiz oddiy variantlardan qimmatroq chiqdi. Ko‘chishga majbur bo‘ldim.

Bunday kutilmagan sovg‘ali xonadonlar maklerlarning qora ro‘yxatiga tushmaguncha ko‘chmas mulk bozorida aylanib yuradi. Lekin firibgarlar ularni ishonuvchan odamlarga mustaqil ijaraga berishda davom etaveradilar. Bundan tashqari, ba’zi uylarda shovqinli qo‘shnilar, nosoz santexnika, tomidan suv o‘tadigan, kuyib ketgan elektr simlari tufayli yashash umuman imkonsiz bo‘ladi.
Tajribali makler orzungizdagi uyni topishga yordam beradi
Sarvar, 32 yosh, Qozog‘istonlik tadbirkor
Toshkentga tez-tez ish bilan kelib turaman va mehmonxona xarajatlarini tejash maqsadida uy ijaraga olishga qaror qildim. E’lonni topib, qo‘ng‘iroq qildim. Makler bu uy allaqachon ijaraga berilganini aytdi. Lekin darhol qanday uy izlayotganimni so‘ray boshladi, ishonch bilan va aniq gapirdi. Yuridik atamalarni ishlatib, barcha rasmiylashtirish ishlarini o‘ziga olishni taklif qildi.
Vaqtim ziq bo‘lgani uchun unga ishonib, darhol rozi bo‘ldim. Uzun shartnomani o‘qimasdan imzoladim va maklerga 3 mln so‘m to‘ladim. Shundan so'ng menga umuman to‘g‘ri kelmaydigan bir nechta variantlarni yubordi, keyin telefonimga javob bermay qo‘ydi. Xavotirlanib, shartnomani tekshirish uchun yuristlarimga yubordim. Albatta, buni oldinroq qilishim kerak edi. Ma’lum bo‘lishicha, shartnoma bo‘yicha u rasman o‘z ishini bajarib bo‘lgan: shunchaki uylarning variantlarini taklif qilgan, qolgani esa uning majburiyatiga kirmagan ekan.

Hammamiz qog'ozbozlik va hujjatlar bilan bog‘liq qiyinchiliklarni yoqtirmaymiz. Ba’zida bu tashvishni o‘z zimmasiga oladigan odamga pul to‘lash yomon fikr emas. Lekin bitimning o‘zingizga tegishli qismini umuman nazorat qilmaslik xato bo‘ladi.
Odamlar pul tejashni xohlashadi-yu, natijada 2 hissa ko‘proq to‘lashga majbur bo‘ladi. Ba’zan e’londa kimdir o‘zini makler deb tanishtirib, ozgina pul evaziga tayyor variantlar ro‘yxati va uy egalarining aloqa ma’lumotlarini yuborishni taklif qiladi. Uyni o‘zingiz tanlab, komissiyadan qutulgandek tuyuladi sizga. 300–500 ming so‘m to‘laysiz-u, ijaraga berib bo‘lingan yoki OLX saytidan tasodifiy olingan e’lonlardan iborat uylar ro‘yxat keltirilgan faylni olasiz. Pul to‘laysiz, lekin muammongiz hal bo‘lmadi.
Qanday qilib firibgarlik qurboniga aylanmasdan, tovlamachini aniqlash mumkin?
- Asl hujjatlarga ega bo‘lgan haqiqiy uy egasi bilan uchrashmaguningizcha, bitim tuzishga rozi bo‘lmang. Hech qanday to‘lov ham qilmang.
- Narxi past bo‘lgan xonadonlarga shubha bilan qarang. Bozor narxidan arzonligining sababini tushunmaguningizcha, shartlarga ko‘nmang. Podyezddagi qo‘shnilar bilan gaplashing, ular mulk egasini tanishlarini, xonadon ilgari ijaraga berilganligini, avvalgi ijarachilar nima sababdan ko‘chib ketishganini so‘rang, uyda elektr ta’minoti va isitish tizimi qanday ekanligini bilib oling.
- Kadastrning asl nusxasini talab qiling. Nusxa va ishonchnomalarni qabul qilmang. Uyning nechta egasi borligini tekshiring. Agar u ulushli mulk bo‘lsa, barcha mulkdorlar bitimda qatnashishlari shart.
- Kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlik yo‘qligiga ishonch hosil qiling. Hisob-kitob varaqalarini so‘rab oling va ular bo‘yicha qoldiqni tekshiring.
- Shartnomani faqat Soliq ilovasi orqali tuzing. Bitim shaxsiy kabinetingizda aks etganini tekshiring. Faqat shundagina qonuniy himoyalangan bo‘lasiz.
- Ko‘chib kirishdan oldin foto va video oling. Uy egasi bilan butun uyni aylanib chiqing va ta’mirlash holati, mebellar, hojatxonalar ahvolini suratga oling; maishiy texnika ishlayotganini tekshiring. Uy egasidan kadrga kirishini so‘rang. Ushbu foto va videolar xonadonni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi vazifasini o‘taydi. Bu hujjat nizolarni hal qilish va agar ko‘chib ketishga to‘g‘ri kelsa, garovni qaytarishda asqatadi.
- Ijara to‘lovlarini tasdiqlang. Agar naqd pul bilan to‘lasangiz, albatta tilxat oling. Bank orqali tasdiqlash mumkin bo‘lgan pul o‘tkazmasini amalga oshirish yanada ishonchliroq.
- Yozishmalarni saqlang. Uy egasi bilan kelishuvlarni chatda qayd eting va skrinshot qilib oling.
Ushbu sakkizta qoidani yodda tutib, bemalol orzungizdagi uyni qidirishga kirishsangiz bo‘ladi🏡
*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

AVO ilovasini yuklab oling
100 mlngacha limit, onlayn omonat va bonuslar sizni kutmoqda