Bolaligimda bozorga bobom bilan borardim. Uning bozordagi muomalasi va o‘zini tutishi sotuvchilar uchun shafqatsiz va zaharli, ammo oilamiz uchun anchagina foydali edi. Bozor rastalarida tarozi bo‘lsa ham, bobom doim o‘zi bilan cho‘ntak tarozini olib yurardi. U ba’zan hazillashar, ba’zan baqirar, kimdir bilan do‘stlashib ketar va shular orqali narxlarni yaxshigina tushirar edi.
Keyinchalik bularning ba’zilarini men ham o‘zlashtirib oldim. Ishonchim komilki, bular sizga ham mablag‘ingizni tejashga yordam beradi, balki do‘stlar topishga va hatto «bozor qilish» haqidagi fikrlaringiz o‘zgarishiga yordam berar.
Avvalo, qisqacha ma’lumot. Hozirda Toshkentda 66 ta bozor mavjud. Ular tuman, mahalliy va ulgurji bozorlarga bo‘linadi. Har bir bozorning esa o‘ziga xos xususiyatlari bor. Masalan, avtomobil ehtiyot qismlari uchun odatda Farhod bozoriga, milliy mahsulotlar uchun Chorsuga, idish-tovoq uchun esa Chinni bozoriga borishadi. Shunday bo‘lsa-da, har bir bozorda Sharq bozorlari an’analari, mahalliy xususiyatlar va madaniy-savdo qoidalarini o‘zida mujassam etgan yagona tartib amal qiladi.
Agar mahalliy muhit va ichki qadriyatlarni tushunsangiz, sotuvchilar oldida obro‘ qozonish, tejab qolish va shunchaki bozorga borishdan zavqlanish ancha osonroq bo‘ladi.

Vaziyatni tushunish
Xotirjamlik, kayfiyat va bozorga xos suhbat
Bozordagi savdo — bu shunchaki kelishuv emas, balki ijtimoiy muloqot shakli hamdir. Sotuvchilar va boshqa xaridorlar bilan suhbat qizg‘in va do‘stona bo‘lishi mumkin. Hamma narsani o‘ziga xos so‘z o‘yini deya qabul qilib, ochiq va ijobiy muloqotga tayyor bo‘lish kerak.
Savdolashish roli
Sharq bozorlarida savdolashish — bu tabiiy, hattoki zarur jarayon. Narxlar ko‘pincha «savdolashish» uchun ataylab oshirib aytiladi va sotuvchilar sizdan narxni tushirishingizni kutishadi. Shuning uchun dastlab aytilgan narxdan 20–30% pastroq narx aytish mutlaqo normal ekanligini tushunish muhim.
Tilni bilish
Ko‘pchilik sotuvchilar bir nechta tilda gaplasha olsa-da, siz mahalliy tildagi asosiy iboralarni bilishingiz juda foydali. Agar bozorda sheriklarim sotuvchilar bilan o‘zbek tilida savdolashsa-yu, men chet ellik bo‘lib chetda tursam, bu sotuvchilar faqat «o‘zinikilar» uchun narxni tushiradigandek ko‘rinadi.

Narxlarni tushunish
Bozorlarda narxlar mahsulot va sotuvchiga qarab katta farq qilishi mumkin. Yaxshisi, ozgina o‘rganib, sizga kerakli mahsulotlarning taxminiy narxlarini bilib oling. Hech bo‘lmaganda, bitta bozorda sizga kerak mahsulotlarni sotayotgan barchani aylanib chiqing. Imkon bo‘lsa, tanish sotuvchilar orqali foydali chegirmalar, yarmarkalar va «tochka»lar haqida so‘rang.
Xavfsizlik birinchi o‘rinda
Har qanday gavjum joyda bo‘lgani kabi, o‘z buyumlaringizga e’tiborli bo‘lish, hamyon va boshqa qimmatbaho narsalaringizni ehtiyot qilish muhim. Garchi hozir bozorlarning ijobiy jihatlari haqida gapirayotgan bo‘lsak-da, u yerda ham firibgarlarni uchratish mumkin. Masalan, meni Qo‘yliqda 1–2 marta aldashgan, ish hatto militsiyaga yetib borgan. Yangiobodda esa o‘g‘irlangan narsalarni tez-tez uchratish mumkin. Agar tovar yoki sotuvchi sizga shubhali tuyulsa, yaxshisi, gap boshlamang. Bu yerda yana vaziyatni tushunish va voqealar rivojini taxminan bilish muhim.
Tayyorgarlik
Faqat naqd va ko‘proq «mayda» pullar
Eng yaxshi mijoz bo‘lish uchun savdo qilishdagi barcha to‘siqlarni olib tashlagan ma’qul. Masalan, bozorda deyarli hech kimda terminal bo‘lmaydi va hech kim siz uchun karta raqamini qidirishni ham xohlamaydi. Bankomatlarni barcha bozorlarda topish va naqd pul yechib olish mumkin. To‘g‘ri, komissiya uchun ozgina sarflaysiz, lekin chegirmalar va naqd pullar bilan undan ko‘proq tejaysiz.
Bozorlar atrofida va pavilyonlarda odatda sut, go‘sht va boshqa mahsulotlar sotiladigan kichik do‘konlar mavjud. U yerda savdolashmaysiz. Ayni holatda AVO platinum kartasi sizga qo‘l keladi va xarid cheki orqali har bir xariddan 1% keshbek olasiz.

Kiyimingizga qarab kutib olishadi
Bozorga oddiy, ko‘zga tashlanmaydigan kiyim kiyish, Apple Watch va yaltiroq aksessuarlarsiz borish kerak. U yerda g‘ildirakli aravacha olib yurmaysiz, shuning uchun kamtarona kundalik kiyim va xaltacha/shoper ko‘proq mos keladi.
Bozordagi narxlarni tushunish va taqqoslash muhim. Nafaqat shaxsiy tajribangiz, balki tanishlaringiz tajribasini ham taqqoslang. Ular nimani qanchaga va qayerdan xarid qilishadi? Bu ma’lumot narxlarni yaxshiroq tushunishga va mahsulotning asl qancha ekanini bilishga yordam beradi.
Shuningdek, mahalliy izlanishlar ham yordam beradi, masalan, «kechgi gul bozori». Bu nafaqat bozorlarga, balki shahardagi kichik do‘konlarga ham taalluqli. Bu atama kechga borib gul narxlarining pasayishini bildiradi. Chorsuda esa ertalabgi bozor bor. Ertalab soat 5 da u yerda ulgurji sotuvchilardan meva-sabzavotlarni arzonroq xarid qilish mumkin.

Narxini tushira olmadingiz-u, pulingiz yetmayaptimi?
AVO platinum kredit kartasi bilan xarid qiling va 45 kungacha foiz to‘lamang
Foydali maslahatlar
Bozorga kun boshida yoki oxirida boring. Agar sotuvchi savdoni ertalabki baraka bilan boshlasa, kun bo‘yi shunday davom etadi. Kun oxirida kelish ham foydali, chunki oxirgi tovarlarni ancha arzon narxlarda olish mumkin.
Savdolashishda bilishingiz kerak bo‘lgan ajoyib usullar bor. Ulardan biri — hech narsa olmay ketish mumkinligini ko‘rsatish. Odatda, sotuvchi siz bilan murosa qilib, sizning shartlaringizga rozi bo‘ladi. Yoki shunchaki xarid qilmasdan ketasiz. Havotir olmang, har safar qaytib kelish yana savdolashish mumkin.

Ayrim sotuvchilarning oldiga tez-tez kelib turing. Biror narsa sotib olmoqchi bo‘lmasangiz ham shunchaki hol-ahvol so‘rab qo‘ying. Bu bilan ularning xotirasida qolasiz va doimiy «klient»ga aylanasiz.
Sodiqlik. Moddiyat qanchalik zarur bo‘lmasin, bozorlardagi mustahkam, iliq insoniy munosabatlar katta chegirmalarning kaliti hisoblanadi. Biz do‘stim bilan bozorga borganimizda, u hammani ismini aytib gap boshlaydi. Uni ham deyarli barcha sotuvchilar taniydi. U chindan ham sotuvchilarning, ularning qarindoshlarining hayoti bilan qiziqadi (!), ulardan so‘nggi yangiliklarni so‘rab oladi, ular bilan suhbatlashadi. Odatda bir o‘zim kelganimda ham hamma mendan u haqida so‘raydi! Qaysi birimizga tovarlarni eng arzon narxlarda sotishlarini, yangi mahsulotlardan olib qo‘yishlarini va kamroq aldashlarini taxmin qilish qiyin emas.
Sotuvchilar bozorni hammadan yaxshi bilishadi. Ular sizga chegirmalardan tashqari, qaysi rastaga e’tibor berish kerakligini va bekat yonida sotuvchilardan mevalar xarid qilishni kerak-kerakmasligi va hokazo ma’lumotlarni aytib berishlari mumkin.
Savdolashmoqchi bo‘lgan mahsulotga haddan tashqari qiziqish bildirmang. Bu bilan narxni tushira olmaysiz. Sotuvchi sizga biror narsa yoqqanini sezishi bilan, vaziyatni boshqarishni boshlaydi. Befarqroq bo‘lishga harakat qiling.

Ba’zida men odamlarning jahl va g‘ayrat bilan savdolashganiga ham guvoh bo‘lganman. Bu usul ham vaqti-vaqti bilan ish beradi. Xaridor tovardan kamchiliklarni izlaydi, sifati va narxidan ochiqchasiga norozi bo‘ladi. Agar bularning barchasi asosli ko‘rinsa, sotuvchilar siz aytgan narxga rozi bo‘lishlari mumkin.
Yana bir ajoyib usul bor. Yaqin do‘stim tez-tez shunday qiladi: u molni qo‘liga oladi, oxirigacha savdolashadi. Hatto rad javobini eshitsa ham, o‘zi taklif qilgan summani sotuvchining qo‘liga tutuqazadi. Sotuvchi pulni o‘z qo‘lida ko‘rgach, biroz yon beradi va pulni olishdan boshqa iloji qolmaydi.
Bonuslar — eng yoqimli narsa. Agar siz yaxshi muomala qilib, 1–2 paket meva-cheva olsangiz, sotuvchi sizga «chin ko‘ngildan» deb bir–ikkita banan ham qo‘shib berishi mumkin. Ko‘pincha bunday bonuslar bolalarga tegadi. Masalan, bolaligimda buvam bilan bozorga borganimda menga tez-tez shunday sovg‘alar berishar edi.
Menimcha, eng muhimi — bozorga borishni musobaqa deb qabul qilish kerak. Har safar bu o‘yinda tajriba oshirishingiz, foyda olishingiz va shunchaki vaqtingizni maroqli o‘tkazishingiz mumkin.
*Maqoladagi ma'lumotlar nashr etilgan vaqt uchungina amal qiladi. AVO bank ushbu ma'lumotlar kelajakda ham xuddi shunday va dolzarb bo'lib qolishiga kafolat bermaydi. Qaror qabul qilishdan oldin eng so'nggi ma'lumotlarni tekshirishingizni maslahat beramiz.
*Maqoladagi fikr — muharrirning shaxsiy fikri bo'lib, u AVO bank pozitsiyasini ko'rsatmaydi. Bank ma'lumotlar to'g'riligi va undan foydalanish oqibatlari uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.

