Bugungi kunda ko‘pchilik bolalar «Katta bo‘lganingda kim bo‘lmoqchisan?» degan savolga «Bloger!» deb javob berishmoqda. Ko‘pchilik nazarida, blogerlik — boyib ketishning oson va tez yo‘li.
Haqiqatan ham, blog tufayli ko‘plab odamlar mashhur bo‘lishdi, ko‘plab reklama shartnomalarini olishdi va katta pul topishmoqda. Ammo ular bu muvaffaqiyatga qanday erishishdi? Boshlang‘ich bosqichda qancha kuch va mablag‘ sarflashga to‘g‘ri keldi va Instagram sahifasining ommabopligini qanday saqlab qolish mumkin? Bu haqda turli soha va auditoriyaga ega bo‘lgan bir necha toshkentlik blogerdan so‘rab chiqdik.
Oskar Jalilov — @oscar_djalilov
Yo‘nalish: ilmiy-ommabop, musiqa, yangiliklar
Til: rus tili
Obunachilar: 66,1 ming
Muvaffaqiyat tarixi:
Oskar 35 yoshda. U Instagram'da blog yuritib, hozirda ikkita rukn ustida ishlamoqda: «Bilarmidingiz?» — bunda mamlakat tarixidan qiziqarli ma’lumotlar haqida va «Ichimda ushlab turolmadim» — bu yerda dolzarb voqealar va yangiliklar haqida o‘z fikrini bildirib boradi. Instagram Oskarning asosiy daromad manbai.
Toshkentlik musiqa muxlislariga u COC guruhining solisti sifatida allaqachon tanilgan. Blogerlikka qadar u musiqa yozish, tadbirlar o‘tkazish, reklama va televideniyeda ishlash orqali pul topgan.
Blogerlik faoliyati 2020-yilda, musiqachi Moskvada karantinda bo‘lganida boshlangan. U o‘zbek kliplariga yarim soatlik sharh yozishni boshladi — shunday qilib, «CHZX» rukni paydo bo‘ldi. Bu tez orada ko‘p ko‘rildi va odamlar munosabat bildirishni boshlashdi. Keyinchalik mahalliy tiktokchilar videolarini tahlil qilish qo‘shildi va Oskar mashhur blogerlarni mehmonga taklif qila boshladi. Taxminan bir yarim yil oldin Oskar «CHZX» ruknidan zerikkanini tushundi, garchi u eng yuqori cho‘qqida bo‘lsa-da ham. Bloger o‘zi uchun «Bilarmidingiz?» formatini topdi, keyinroq esa «Ichimda ushlab turolmadim» paydo bo‘ldi.

Oskarning aytishicha, u so‘nggi 1,5–2 yil davomida blogdan barqaror daromad olmoqda. Daromadning doimiy qismi — bu brend yuzi bo‘lib ishlash, bir martalik reklama esa — doimiy bo‘lmagan manba. Oskar Jalilov uchta brendning yuzi: Costa Coffee, WOK va Vans.
Hozirda Instagram menga munosib hayot kechirish uchun yetarli bo‘lgan barqaror daromad keltirmoqda. Yaxshi mashinaga pul yig‘dim, ota-onamga yordam beraman, qizimni tarbiyalayman, mablag‘imni investitsiya qildim. O‘zim asosan suratga olish uskunalariga pul sarflayman. Kundalik hayotda men dabdababoz emasman — qimmatbaho kiyimlar yoki hashamatli aksessuarlarni ko‘p sotib olmayman. Men pulning qadrini bilaman.
Qadriyatlar:
Men uchun eng muhimi — blogerning ijtimoiy mas’uliyati. Agar reklama olsam, mahsulot sifatiga ishonchim komil bo‘lishi va brend qadriyatlari menikiga zid kelmasligi kerak. Men uchun infoqalloblik, kazino reklamasi yoki odamlarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalarni targ‘ib qilish mutlaqo qabul qilinmaydi. Shuningdek, shaxsan men uchun blogning qimmatli jihatlari — uning foydali bo‘lishi va sifatli amalga oshirilishi. Blogimga hurmat bilan yondashaman, ammo zarur bo‘lsa, boshqa ishga osongina moslasha olaman. Ko‘pchilik esa tez, oson va ko‘p pul topish ilinjida bloger bo‘lishni xohlaydi. Ammo blogerlik — bu kutilmagan hodisalar bo‘lishi mumkin bo‘lgan soha, shuning uchun istalgan paytda ko‘rishlar soni tushib ketishi mumkinligini tushunish kerak.
Xarajatlar:
Oskar Instagram uchun suratga olishni boshlaganida, uning qo‘lida faqat yaxshi telefon va shtativ bor edi, hatto mikrofoni ham yo‘q edi. Birinchi reklama shartnomasidan kelgan daromadi — 200 dollar — evaziga u sifatli mikrofon va yorug‘lik jihozlarini xarid qilgan.
Hozirda blogerning jamoasi yo‘q — mavzu o‘rganishdan tortib, ssenariy yozish va montajgacha bo‘lgan barcha ishlarni u o‘zi bajaradi. U har bir reklama shartnomasidan taxminan 20–30 foiz oladigan menejer va ishbay ishlayotgan buxgalter bilan hamkorlik qiladi. Oskar asosiy xarajatlarini, buxgalter va menejer xizmatlariga to‘lovlardan tashqari, 1,5 yil davomida taxminan 14 000 dollarga baholaydi:

Texnika:
- chiroqlar — $2000
- kamera (obyektivlar bilan) — $3000
- qo‘shimcha obyektiv — $850
- 2 ta monitor — $1000
- mikrofon — $500
- petlyalar — $500
- noutbuk — $4500
Dasturiy ta’minot — montaj dasturlari va boshqalarga pulli obunalar — $1500
O‘zini o‘zi band qilganlar uchun soliqlar (yillik ijtimoiy soliq — BHMning bir baravari miqdorida, yillik aylanma 100 million so‘mdan oshgan taqdirda qo‘shimcha soliqlar ham to‘lanadi)
Yangi boshlovchilar uchun maslahatlar:
- O‘z og‘rig‘ingizni toping. Agar mazmunli kontent yaratmoqchi bo‘lsangiz, sizni nima bezovta qilayotgani haqida o‘ylab ko‘ring — ehtimol, bu yuzlab boshqa odamlarni ham qiziqtiradi.
- Muntazam ravishda nashr eting. Bugungi kunda blogingizga xuddi ishga o‘xshab qarashingiz kerak — haftasiga kamida 2 marta biror narsa chiqarishingiz lozim, aks holda sizni unutib qo‘yishadi.
- Katta sarmoya kiritish shart emas. Men texnikaga ko‘p pul sarflayman, chunki bu mening shaxsiy zaifligim. Dastlabki paytlarda yaxshi telefon va shtativ yetarli bo‘ladi. Birinchi daromadingizdan yoqa mikrofoni (petlichka) sotib olishni maslahat beraman — yaxshi ovoz juda muhim — u taxminan 100 dollarga tushadi, keyin esa chiroq sotib olishingiz mumkin (taxminan 300 dollar). Hozirgi kunda bu sifatli kontent suratga olish uchun yetarli.
- Yaxshi ish pulga arziydi. Masalan, menejerim paydo bo‘lmaguncha, menda deyarli reklama bo‘lmagan, buxgalterga esa men tushunmaydigan moliyaviy qismni topshiraman. O‘zingiz usta bo‘lgan ish bilan shug‘ullaning va odamlarga sizdan yaxshiroq bajarganlari uchun haq to‘lashdan cho‘chimang.

Viktoriya — @wilhelminna
Yo‘nalish: k-pop, modellik, hayot tarzi
Til: rus tili
Obunachilar: 7,4 ming
Vika 22 yoshda. O‘tgan yili u Koreyadagi Bucheon universitetini «Biznes boshqaruvi» yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. Hozirda uning bir nechta daromad manbalari bor:
- Wendy’s marketing bo‘limida kontent-menejer sifatida ishlash
- bir nechta kompaniyalar bilan shartnomalar asosida va mustaqil ravishda modellik qilish
- bolalarga k-pop raqslarini o‘rgatish

Vika uchun Instagram'dagi blog o‘z mahoratini targ‘ib qilish va daromad topish vositasiga aylandi.
Barchasi bir necha yil oldin k-pop raqs videolarini suratga olishdan boshlandi — ular ommalasha boshladi. Shunda Vika buning foyda keltirishi mumkinligini anglab, kontent yaratishga jiddiyroq yondashdi: qiziqarli joylar va liboslarni tanlashga e’tibor berdi.
Vikaga kompaniyalar murojaat qilib, shartnomalar taklif qila boshladilar, raqsga o‘rganuvchi shogirdlar paydo bo‘ldi. Elchilikni hisobga olmaganda, faqat reklama integratsiyalari haqida gapiradigan bo‘lsak, ular daromadning taxminan 20–30 foizini tashkil etadi.
Qadriyatlar:
Men O‘zbekistonda blogerlarning narxi ko‘pincha kontent sifatiga mutlaqo mos kelmasligini kuzatib turibman. Bu noto‘g‘ri. Men o‘z blogimga ish sifatida qarashga va brendlar bilan hamkorlikka mas’uliyat bilan yondashishga harakat qilaman. Agar men bilan kelishuvlar bo‘lsa, ularni bajaraman va kontentni sovuqqonlik bilan tayyorlamayman.

Xarajatlar:
Boshida Vika yaxshi telefon sotib olgan va ba’zan suratga olish uchun kiyimlar xarid qilgan. Shtativni u tanlovda yutib oldi. Uning jamoasi yo‘q: Vikaning o‘zi suratga oladi, montaj qiladi va mijozlar bilan muloqot qiladi. Qiz, shuningdek, bepul kurslar va darslarni topishga intiladi, o‘rganish uchun o‘ziga qiziqarli bo‘lgan blogerlarni ko‘p kuzatadi. Vikaning aytishicha, do‘stlari unga g‘oyalar, montaj, kiyim yoki rekvizit topish, targetni sozlash bo‘yicha maslahatlar bilan juda yordam berishadi. Hozirgi yaqin rejasi — sifatli yorug‘lik jihozi sotib olish.
Blog uchun asosiy xarajatlar:
- Instagram'da targetlash — oyiga taxminan 10 dollar
- CapCut montaj dasturiga yillik obuna — oyiga 7 dollar
- O‘zini o‘zi band qilganlik uchun yillik soliq — 1 BHM miqdorida
Yangi boshlovchilar uchun maslahatlar:
- Tasvir juda muhim. Sifatli telefon, shtativ va yoritgichga sarmoya kiritishni maslahat beraman. Hozirgi kunda video sifatiga e’tibor qaratish muhim.
- To‘xtab qolmang. Bir necha yil oldin bizda TikTok ishqibozlari ko‘payib ketgan edi, lekin ularning ko‘pchiligi jiddiyroq darajaga o‘ta olmadi. Trendlarni kuzating va agar darhol muvaffaqiyatga erisholmasangiz, ruhdan tushmang. Tajriba qilishdan va yangi narsalarni sinab ko‘rishdan qo‘rqmang.

Shokir Shukurboyev — @millymallymoe
Yo‘nalish: musiqa, reklamaga ovoz berish, notiqlik mahorati
Til: o‘zbek tili
Obunachilar: 214 ming
Muvaffaqiyat tarixi:
Shokir 30 yoshda. U bloger, musiqachi, diktor va notiqlik bo‘yicha murabbiy. U shaxsan bu faoliyat sohalarining barchasini yaxlit bir butun deb qabul qiladi, Instagram esa uning shaxsiy brendini targ‘ib qilish maydonchasi hisoblanadi.
Shokirning aytishicha, bolaligidanoq o‘zini ifoda etishga ehtiyoj sezgan va doimo ijod bilan shug‘ullangan: she’rlar bitgan, rep aytgan, do‘stlari bilan studiyalar ochib, treklar yozgan. Biroq bu bilan yaxshi pul topish mumkinligiga ishonchi komil bo‘lmagani uchun restoranlarda ofitsiantlik qilgan yoki ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullangan.

Shokir Instagram'da o‘z ijodini taxminan 7 yil avval she’r o‘qigan videolarini joylashtirish orqali targ‘ib qila boshlagan. Aynan Instagram tufayli uni payqab qolishgan va unga reklama ovozlashtirish bo‘yicha ilk buyurtma kelgan. Shu bilan birga, u ovoz qo‘yish ustida ishlagan va notiqlik mahoratini rivojlantirgan, asta-sekin ommaviy chiqishlarni o‘rgata boshlagan.
Dastlab u rus tilida nutq so‘zlagan, biroq bu yo‘l bilan O‘zbekistonda katta auditoriyani jalb qila olmasligini tushungan. Bir necha oy ichida o‘zbek tilini mukammallashtirgan, matnlar yozishni va nutq so‘zlashni boshlagan. O‘shanda u har bir chiqish uchun 100–200 dollar olardi, ammo allaqachon «muvaffaqiyatni his qilgandi».
2019–2020-yillarda Shokir avtosalonlar uchun reklama jingllarini yozib, bu sohada faoliyat ko‘rsata boshlagan.
Dastlabki jingllar arzon edi — har bir trek uchun 3 millionga yaqin, chunki men musiqani YouTube’dan sotib olgandim. Asta-sekin bu ishga jiddiyroq yondasha boshladim, janrning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rgandim. Endi mijozning ehtiyojlariga javob beradigan sifatli mahsulot qanday yaratilishini tushunaman. Avvaliga o‘zim borib, xizmatlarimni taklif qilardim. Hozir esa yetarlicha taniqli bo‘lganim uchun brendlarning o‘zlari menga murojaat qilishadi.
Taxminan 2022-yildan boshlab daromadi barqarorlashdi, homiylar, hamkasblar va ijodiy muhit paydo bo‘ldi. Hozirda bloger reklama integratsiyalari umumiy daromadining taxminan 30–50 foizini tashkil etishini ta’kidlamoqda.
Xarajatlar:
Shokir Instagram'ni alohida daromad manbai deb hisoblamagani uchun unga bu yo‘nalishga qancha mablag‘ sarflayotganini aniq aytish qiyin. Studiya va jihozlar — allaqachon to‘plangan sarmoya. Blogerning doimiy jamoasi yo‘q, zarur bo‘lganda u loyihalar asosida hamkorlik qilish uchun boshqalarni jalb etadi.
Qadriyatlar:
Men uchun eng muhimi — sog‘lom muhitdir. Barcha musiqalarim tarbiyaviy xususiyatga ega va men hayotimda shu qadriyatlarga amal qilaman: sog‘lom turmush tarzi, xayriya ishlari, o‘zimga va yaqinlarimga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish. Bundan tashqari, doimiy ravishda rivojlanish, yangi narsalarni o‘rganish va samarali bo‘lish ham nihoyatda muhimdir.

Yangi boshlovchilar uchun maslahatlar:
- Tajriba orttirishingiz uchun boshqalardan o‘rganing. Sizni ilhomlantiradigan blogerni toping va uning ishlash uslubini o‘zlashtiring. O‘g‘irlamang, ammo sinchiklab o‘rganing.
- O‘zingizni yaxshiroq anglang. Har kuni o‘zingizni videoga olib, uni tahlil qiling. Kamerada o‘zingizni qanday tutishingizni, imo-ishoralaringizni va yuz ifodalaringizni kuzating. Muloqot va nutq mahoratingizni rivojlantiring.
- Dunyoga taqdim eta oladigan narsangizni toping. Tezda pul topishga yordam beradigan ko‘nikmalarni o‘zingizda shakllantiring va ularni o‘z-o‘zingizni rivojlantirishga sarflang. Bu istalgan narsa bo‘lishi mumkin: ta’mirlash, ovqat tayyorlash, musiqa yozish, suratga olish.
- Hech qachon o‘rganishdan to‘xtamang. Avvalo, ta’limga mablag‘ ajrating: montaj, mobil suratga olish va boshqa kurslarni sotib oling. Doimo yangi bilimlarni egallashga intiling.
- Avval daromad, keyin sarmoya. Texnika, uskunalar va boshqalarga jiddiy sarmoya kiritishni blog birinchi foyda keltira boshlaganda amalga oshirish mumkin. Dastlabki paytlarda yaxshi kamera va ovoz yozish imkoniyatiga ega sifatli telefon sotib olishning o‘zi kifoya.
- O‘zingizdan minnatdor bo‘ling. Muvaffaqiyatlaringiz uchun o‘zingizga «rahmat» deyishni va jismoniy hamda ma’naviy jihatdan o‘zingizga g‘amxo‘rlik qilishni unutmang.
*Maqoladagi ma'lumotlar nashr etilgan vaqt uchungina amal qiladi. AVO bank ushbu ma'lumotlar kelajakda ham xuddi shunday va dolzarb bo'lib qolishiga kafolat bermaydi. Qaror qabul qilishdan oldin eng so'nggi ma'lumotlarni tekshirishingizni maslahat beramiz.
*Maqoladagi fikr — muharrirning shaxsiy fikri bo'lib, u AVO bank pozitsiyasini ko'rsatmaydi. Bank ma'lumotlar to'g'riligi va undan foydalanish oqibatlari uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Maqolada tashqi resurslarga havolalar keltirilgan. AVO bank tashqi resurslardagi ma'lumotlar uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Narxlar taxminiy va faqat nashr etilgan vaqtdagina amal qiladi.