O‘zbekistonda kichik biznes rivojlanishda davom etyapti: yanada ko‘proq odamlar shaxsiy ishini ochishyapti, xorijiy kompaniyalar esa bozorga faolroq kirib kelishyapti. 2025-yil aprel oyida mamlakatda 372 mingta kichik korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, iyul oyiga kelib chet el sarmoyasi ishtirokidagi kompaniyalar soni 16 mingdan oshdi. O‘zbekiston tadbirkorlar uchun yanada qulay muhitga aylanyapti.

Biz Hopshop asoschisi Anna Kourova bilan uning faoliyati boshida yo‘l qo‘ygan xatolari va ularni qanday bartaraf etganligi haqida gaplashdik.

Hozirda u turmush o‘rtog‘i bilan elektron tijorat bilan shug‘ullanyapti. Shuningdek, Anna o‘z biznesini ochishga qaror qilgan tadbirkorlarga ustoz va murabbiy sifatida yordam beryapti. Oldin Anna Qozog‘iston va Yaponiya korporatsiyalarida ishlagan.
Dekretga chiqqanimda korporativ dunyodan ko‘nglim qoldi. Ishga kirishda sanab o‘tilgan qadriyatlar har doim ham ishlamas edi. Boshqa yo‘nalish izlay boshladim — avval xayriya ishlari bilan shug‘ullandim, keyin turmush o‘rtog‘im uning kompaniyasida ochilgan yangi loyihani menga taklif qildi. Biznesdan qo‘rqardim, o‘zimni faqat korporativ ishchi deb hisoblab, har doim tayyor tizimda ishlayman o‘ylardim. Lekin loyihani mustaqil boshqarishni boshlagach, uning afzalliklarini ko‘rdim va shu yo'nalishda qolishga qaror qildim.
Boshida qiyin bo‘ldi: Anna uzoq muddatli rejalashtirish, aniq dedlaynlar va qat’iy boshqaruv tizimiga o‘rganib qolgan edi.
Men vaqtimning 70% ini ishni rejalashtirishga bag'ishlardim. Iloji boricha ko‘proq ma’lumot to‘plab, ish qanday ketishi bo'yicha gipoteza va rejalar tuzardim. Shundan keyingina harakatga o‘tardim. Lekin rejalashtirish bilan ovora bo‘lib yurganimda, boshqalar harakatga o‘tardi. Ular sinovdan o‘tkazib, xatolar ustida ishlab, loyihani ishga tushirib ulgurgan bo‘lardi, men esa hali ham o‘z rejam bilan o‘tirar va uning endi kerak emasligini tushunardim. Biznes mukammallikka intilishni davolaydi, chunki unda hamma narsani oldindan hisoblab bo‘lmaydi.

Anna oilasi 2018-yilda ko‘chib kelgandan keyin Hopshop brendi ostida Home Shopping Media kompaniyasini ochdi. Kompaniya telesavdo, onlayn savdo va mijozlarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan.

Kredit karta ochish qo‘rqinchli emas
Pul ishlatmasangiz, % to‘lamaysiz — AVO platinum kartasini ilovada oching
Shu bilan birga, kompaniya ekologik loyihalarni yo‘lga qo‘ygan. Toshkent viloyatidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga va Samarqanddagi ayollar boshpanasiga yordam berib kelyapti. Bundan tashqari, Home Shopping Media Yuqorichirchiq tumanidagi talabalar va ayollar uchun bepul kompyuter savodxonligi dasturini ishga tushirdi.
Annaning boshqa mamlakatlardagi savdo menejerlari bilan ishlash tajribasi bor edi, shuning uchun u o‘z jamoasini ularnikiga o‘xshash usullar bilan rag‘batlantirishga qaror qildi. Lekin bu samara bermadi.
Qozog‘istonda aloqa markazi operatorlari uchun samarali usul — xodimlarning suratlari tushirilgan magnitlar osilgan doska bor edi. KPI bajarilganda, operator doskaga kelib, o‘z suratini xuddi zinapoyadan ko‘tarilayotgandek harakatlantirardi. Bu o‘yin elementi, vizualizatsiya bo‘lib, boshqalarni yaxshi ishlashga undardi. Xuddi shu narsani O‘zbekistonda ham qo‘llab ko‘rdim. Bir kundan keyin ko‘pchilikning ko‘rsatkichi yaxshi bo‘lsa ham, doskada atigi 2 ta magnit surildi. Ikkinchi va uchinchi kuni ham hech narsa o‘zgarmadi.
Anna bunday rag'batlantirish uslubi faqat erkaklarga ta'sir etayotganini payqadi. Aloqa markazi rahbari bilan suhbatdan keyin ko‘pchilik qizlar suratlarini ko‘rsatishdan uyalishlari ma’lum bo‘ldi.
Ularga maqtanchoqdek qarashlaridan yoki kimdir natijalariga ko‘z tegishidan xavotirlanishadi. Yana ularning suratlari yigitlarnikidan balandroq turishidan xijolat bo‘lishardi. Men buni qo‘shimcha rag‘bat uchun ajoyib vosita deb o‘ylagandim. Lekin aksincha bo‘lib chiqdi. Bu amaliyotni tezda to‘xtatdik.
Shunda Anna doskaga eng yaxshi natija ko‘rsatganlar ro‘yxatini osib ko‘rdi. Lekin bu ham faqat rag‘batlantirishga muhtoj bo‘lmagan menejerlar bilan ish berdi.
Biz individual rag‘batlantirish va o‘yinlashtirishning boshqa usullarini sinab ko‘rishni boshladik. Jamoaviy elementlarni qo‘llash kerak degan fikrga keldik. Natijada a’lo darajada ishlaydigan butun bir tizim ishlab chiqdik. Odamlar qatnashishyapti, yaxshiroq ishlashyapti va bu tizim uzoq vaqt davomida ishlashiga ishonaman.

Tadbirkor fikr-mulohazalarni yig‘ishda boshqa bir muammoga duch keldi:
Agar odamlar savolingizga noto‘g‘ri javob berishlarini istasangiz, ularni auditoriyaga yig‘ib, oldingizga o‘tqazing va «Biz shunday qilishimiz kerak deb hisoblaydiganlar qo‘l ko‘tarsin» deb ayting. Hamma qo‘l ko‘taradi. Aslida, bu hech kimga kerak bo‘lmasligi mumkin. Rahbar bo‘lsangiz va yoshingiz xodimlaringizdan kattaroq bo‘lsa, ular rahbariyat xohlagan javobni berishadi. Ularga yoqmasa ham qarshi chiqishmaydi.
Tajribalarimiz faqat anonim so‘rovnoma orqali haqiqiy fikrlarni olish mumkinligini ko‘rsatdi. Shunda xodimlar ish va yangiliklarning afzalliklari va kamchiliklari haqida ochiq gapira oladilar. Uzoq vaqt davomida Anna jamoada gender muvozanatiga erishishga harakat qildi. Ishga qabul qilish paytida u rahbarlik lavozimlariga asosan erkaklar ariza berishini ko‘rdi.
Xaridorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limida bir xodimim ishlardi. Juda aqlli qiz, ko‘p takliflar kiritardi, men uni supervayzer yoki rahbar sifatida ko‘rardim. Bir kuni u kelib, turmushga chiqayotgani uchun ishdan bo‘shayotganini aytdi. U ko‘chib ketmayotgan edi, boshqa taklif ham yo‘q edi — shunchaki turmush va to‘y tayyorgarligi bilan shug‘ullanishi kerakligini aytdi.
Annaning so‘zlariga ko‘ra, ayollar ish tajribasiga qaramay, ko‘pincha o‘zlarini ijrochi sifatida ko‘rishgan.
Qizlar 10 yillik tajribaga ega bo‘lsa ham, ariza topshirmasligini payqadim. Ishga kirishda ingliz tilini C1 darajasida bilish talab qilinsa-yu, unda B2 daraja bo‘lsa, to‘g‘ri kelmayman, deb o‘ylashadi. Qizlar kerakli joyda o‘zlariga ishonishmaydi. Ularga bilim emas, ishonch yetishmaydi. Menejer yordamchisi uchun bo‘sh ish o‘rinlari e’lon qilinganda, qizlar bu sohani tushunmasliklarini aytishdi. O‘qitishni taklif qilganimizda esa, tez orada turmushga chiqishlari kerakligini aytishdi.
Ayol rahbarlar sonini ko‘paytirish maqsadida, tadbirkor ichki xodimlarni saralash va taklif etilgan mutaxassislar ishtirokida treninglar o‘tkazishni yo‘lga qo‘ydi.
Mahalliy qizlar timsolida ijobiy namunalar bo‘lishi kerak. Men shaxsan biror uchrashuv yoki trening o‘tkazganimda, qozoq oilasiga kelin bo‘lib tushgan bo‘lsam ham, ular meni boshqacha tajribaga ega chet ellik deb o‘ylashadi (kuladi Anna). Bizda ikki farzandli ona bo‘lgan xodimimiz bor. U dekret ta’tilidan qaytib keldi. Qizlar unda o‘zlarining aksini ko‘rishadi va bu ularni ishlashga undaydi. Men emas, balki ularga o‘xshagan, muvaffaqiyatga erishgan qizlar namuna bo‘la oladi.
Hopshop dasturi orqali o‘qish uchun qarz olish mumkin. Summaning yarmini kompaniya to‘laydi, agar xodim kurslarni a’lo natijalar bilan tamomlasa, summa to‘liq qoplanadi. Hopshop o‘quv markazi 8 yillik faoliyati davomida 1800 dan ortiq kishiga mijozlarga xizmat ko‘rsatish asoslari bo‘yicha bepul ta’lim berdi.

2018-yil avgust oyida jamoamizda atigi 3 kishi ishlagan bo‘lsa, bugungi kunda 85 nafar xodim faoliyat yurityapti. 2021-yilda Hopshop «Xodimlardan olingan fikr-mulohazalar bo‘yicha eng yaxshi dastur» nominatsiyasida «Billur garnitura» nomli aloqa markazlari uchun xalqaro mukofotning O‘zbekistondan birinchi ishtirokchisi va g‘olibi bo‘ldi. 2023-yilda esa Yevropa chakana savdo uyushmasiga a’zo bo‘lgan ilk o‘zbek kompaniyasiga aylandi.
7,5 yil ichida rahbarlar orasida to‘liq gender muvozanatiga erishganimizdan faxrlanaman: hozirda rahbarlarning 55% ayollar va 45% erkaklar bor. Ayollarimiz bemalol dekretga chiqib, keyin ishga qaytib kelishyapti. Yoki turmushga chiqib, ish faoliyatlarini va kasbiy rivojlanishlarini davom ettirishyapti.
*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

AVO ilovasini yuklab oling
100 mlngacha kredit limiti, onlayn omonat va bonuslar sizni kutmoqda







