Yangi turmush qurgan va alohida yashashni istagan yoshlarning o‘zlari uy masalasini hal qilishlari qiyin. Ko‘pincha hamma yig‘ilgan pul to‘yga ketadi, ota-onalaridan ham so‘rashga to‘g‘ri keladi, ustiga-ustak uy sotib olish masalasi ham turadi.
Tijorat banklarining foiz stavkalari va boshlang‘ich to‘lov bo‘yicha asosiy shartlari hammaga ham mos kelmasligi vaziyatni yanada qiyinlashtiradi. Ipoteka uchun davlat imtiyozlari va uy qurish uchun maxsus kreditlar bu muammoning yechimi bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonda yosh oilalarga qanday dasturlar mos kelishi haqida aytib beramiz.
Davlat subsidiyalaydigan ipoteka
2025-yil boshida O‘zbekistonda ipoteka uchun 2,5 trln so‘mlik davlat subsidiyalari ajratildi. Bu subsidiyalar boshlang‘ich to‘lov va kredit foizlarining bir qismini qoplaydi. Bunday ipoteka yangi qurilgan binolardagi va Yangi O‘zbekiston turar-joy majmualaridagi uylarni sotib olishni istagan oilalarga mos keladi.
Asosiy shartlar:
- Kredit foizi odatda bozor stavkasidan yuqori bo‘lmaydi: 18–20%;
- Boshlang‘ich to‘lov: 15% dan;
- Muddat: 20 yilgacha;
- Summa: Toshkent shahri uchun 420 mln so‘mgacha va boshqa hududlar uchun 330 mln so‘mgacha.
Subsidiyalar 32 mln so‘mgacha beriladi. Bu summa boshlang‘ich to‘lovning bir qismini qoplashga yetadi. Foizlarning bir qismi ham Markaziy bankning asosiy stavkasi — 14 foizdan yuqori qismini subsidiyalar qoplaydi. Masalan, agar yillik 19 foiz stavkada ipoteka olmoqchi bo‘lsangiz, davlat uning 5 foizini to‘lab beradi.
Subsidiyalarni 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan, ma’lum daromadga ega, o‘z kvartirasi yoki uyi yo‘q, rasmiy ishlaydigan O‘zbekiston fuqarolari olishi mumkin. Shuningdek, ijtimoiy talablarni baholashning maxsus tizimi bor bo‘lib, unda kamida 30 ball to‘plash kerak bo‘ladi.

Ballar quyidagicha hisoblanadi:
Talab | Ball |
Toshkentda tasdiqlangan oylik daromad: | 10 |
3 105 000–9 200 000 so‘m | 5 |
9 200 000–10 580 000 so‘m | |
Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda: | |
3 105 000–8 050 000 so‘m | 10 |
8 050 000–9 200 000 so‘m | 5 |
O‘z kvartirasi yoki uyi yo‘q | 20 |
Olis hududlarda ishlaydigan tibbiyot xodimi yoki oliy ma’lumotli mutaxassis | 5 |
Muhandislik, qurilish va ishlab chiqarish yo‘nalishlari bo‘yicha kasb-hunar texnikumlari o‘qituvchilari | 5 |
30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar | 5 |
Nogironligi bor odamlar | 5 |
Quyidagi hollarda subsidiya berilmaydi:
- Ma’lumotlar noto‘g‘ri bo‘lsa;
- Er yoki xotin o‘tgan yili dasturdan foydalangan bo‘lsa;
- Bir nechta ariza topshirishgan bo‘lsa.
Arizalarni noyabr oyining oxirigacha my.gov.uz platformasi orqali yoki Davlat xizmatlari markazlarida topshirish mumkin. Javob 5 ish kunigacha vaqt talab qiladi.
Milliy bankning qo‘shma ipoteka krediti
Aytaylik, davlat subsidiyasini olmoqchisiz, lekin uyning narxi 420 mln so‘mdan ko‘p. Bunday holat uchun O‘zbekiston Milliy bankida qo‘shma ipoteka dasturi bor bo‘lib, u orqali bu limitdan ko‘proq kredit olishingiz mumkin.
Asosiy shartlar:
- Kredit foizi: Milliy bankning odatda 25 foizdan oshmaydigan imtiyozli va tijorat stavkasi;
- Boshlang‘ich to‘lov: kamida 25%;
- Muddat: 24 oylik imtiyozli davr bilan 20 yilgacha;
- Summa: Toshkent shahri uchun 1 mlrd so‘mgacha, boshqa hududlar uchun 700 mln so‘mgacha.
Tasavvur qiling, uy 600 mln so‘m turadi. 420 mln ni imtiyozli stavkada, qolgan 180 mln ni esa 25 foizlik stavkada to‘laysiz.
Ushbu dastur bo‘yicha talablar davlat subsidiyalarini olish uchun qo‘yiladigan talablar bilan bir xil. Hujjatlarni esa Milliy bank bo‘limlarida topshirishingiz mumkin.

«Mening birinchi uyim» dasturi
Dastur doirasida O‘zbekistonda imtiyozli narxlarda sotiladigan ko‘p qavatli turar-joy binolari qurilyapti. Bu uylarni oxirgi 5 yil davomida o‘z kvartirasi yoki uyi bo‘lmagan oilalar sotib olishi mumkin.
Agar subsidiyani tasdiqlashsa, oila boshlang‘ich to‘lov uchun 32 mln so‘mgacha, oylik to‘lovlar uchun esa 5 yil mobaynida har oyda 1 mln so‘mdan pul oladi.
Asosiy shartlar:
- Kredit foizi: bozor darajasida qat’iy belgilangan;
- Boshlang‘ich to‘lov: 15% dan;
- Muddat: 20 yilgacha.
Dasturda 35 yoshgacha bo‘lgan, ma’lum daromadga ega O‘zbekiston fuqarolari qatnashishi mumkin. Arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yoki Davlat xizmatlari markazlarida topshirish mumkin.
Qo‘shimcha uy qurish uchun kredit
Agar uy yoki yeringiz bo‘lsa, bu dastur alohida uy yoki garaj qurish uchun garovsiz kredit olishingizga imkon beradi.
Asosiy shartlar:
- Kredit foizi: bankka qarab o‘zgaradi, lekin 6 oylik imtiyozli davr bo‘ladi;
- Muddat: 20 yilgacha;
- Summa: 33 mln so‘mgacha.
Bunday kreditni nikohidan 3 yil o‘tmagan 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yosh oilalar olishi mumkin. Majburiy shart — «Yoshlar daftari», «Ayollar daftari» yoki «Temir daftar»ga kiritilgan bo‘lish, shuningdek, xo‘jalik yuritishdan yoki YTTdan doimiy daromad olayotgan bo‘lish kerak.
Imtiyozli dasturlarda ishtirok etayotgan banklarning birida hujjatlarni topshirish va maslahat olish mumkin.
Uy-joy sharoitini yaxshilash uchun kredit
Ushbu ipoteka dasturi o‘z uyingizni ta’mirlash yoki yangi uy qurish uchun imtiyozli kreditlar olish imkonini beradi.
Asosiy shartlar:
- Kredit foizi: Markaziy bank stavkasidan 4% yuqori, ya’ni 2025-yilda 19%;
- Boshlang‘ich to‘lov: kredit miqdoriga qarab belgilanadi;
- Muddat: 20 yilgacha;
- Summa: 120 mln so‘mgacha.
Imtiyozlar quyidagicha hisoblanadi: kredit summasining 15 foizi boshlang‘ich to‘lovga ketadi, 12 foizdan yuqori bo‘lgan foizlarni qoplash uchun 5 yilga subsidiya ajratiladi. Maqola yozilayotgan paytda davlat taxminan 7% ni qoplab berishi mumkin.
Bunday kreditni olish uchun 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan, oylik to‘lovlarni amalga oshirish uchun yetarli daromadga ega O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishingiz kerak. Shuningdek, Mahalla yettiligi kengashining tavsiyasi ham kerak bo‘ladi. Buning uchun Online Mahalla saytida ariza qoldiring.
Ushbu dasturlarning hammasi yosh oilalarga yangi qurilgan binolardagi uyni sotib olishdan tortib, bor uyni ta’mirlash yoki kengaytirish uchun kredit olishgacha bo‘lgan maqbul variantni tanlashda yordam beradi. Eng muhimi, shartlarni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqing va o‘z imkoniyatlaringizga mos keluvchi variantni tanlang.
AVO omonati bilan birinchi to‘lovni tezroq yig‘ing — yillik 25 foizgacha yuqori daromad, istagan vaqtda to‘ldirish va yechib olish imkoniyati hamda 200 mln so‘mgacha bo‘lgan pul to‘liq kafolatlangan.
*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

AVO ilovasini yuklab oling
Barcha bank xizmatlari va operatsiyalari 24/7 sizning smartfoningizda