Modaning davriy xususiyati tufayli buvi va bobolarimiz davridagi ko‘plab fotoapparatlari qayta hayot topmoqda, biz esa yangi vizual va hissiyotlarga ega bo‘lmoqdamiz. Bu jarayonni xuddi vinil plastinkalar qaytishiga o‘xshatish mumkin. Men ham o‘zimni plyonkali fotografiyada sinab ko‘rishga qaror qildim va hammasi eski davrlarni yodga soluvchi eski, katta Polaroid bilan boshlandi. Keyin turli qariyalardаn ishlamaydigan (buni keyinroq bildim) fotoapparatlarni sotib oldim. Faqat shundan keyingina o‘z kadrlarimni olishning butun zavqini, ular orqali orttirilgan tajribadan so‘ng tushunib yetdim.
Shunday ekan, agar siz Instagramdagi soxta eskilik effektlardan charchagan bo‘lsangiz va ilk bor plyonkali fotografiya tajribasini sinab ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, mening tajribam ham sizga foydali bo‘ladi.
Birinchi marta qanchaga tushadi?
Hammasini boshidan hisoblab chiqamiz. 650 ming so‘mga yaxshi fotoapparat, 200 ming so‘mga oddiy 36 kadrli rangli plyonka olamiz. Uni suratlar bilan to‘ldiramiz va 150 ming so‘mga chop etish va skanerlash uchun yuguramiz. Natijada, barchasiga taxminan 1 million so‘m sarflaymiz, keyinchalik esa bitta plyonka va uni chiqartirish 300–400 ming so‘mga tushadi. Ya’ni, yakunda sizdan notanish odamlarni suratga olishni so‘rashsa, har bir kadr taxminan 10–15 ming so‘mga tushishini hisobga olishingiz mumkin.
Manba: Kodak M35
Kamerani qayerdan olsa bo‘ladi?
Boshida menga o‘z tarixiga «ega» kamera sotib olish qiziq tuyulgan edi, chunki Toshkentda bunday kameralar ko‘p. Anchadan beri Yangiobodda ko‘plab eski plyonkali kameralarni ko‘rib kelardim. U yerda ular o‘zgacha va zalvorli ko‘rinadi, asosan «Zenit» yoki «Smena» kabi sovet kameralari bo‘lgani uchun, ammo ularni faqat o‘zini himoya qilish vositasi sifatida emas, balki asosiy vazifasi uchun ishlatish mumkinmi — bu katta savol. Chunki ularning ishlashini joyida to‘liq tekshirib bo‘lmaydi va ularning ko‘pchiligi uzoq vaqtdan beri ishlatilmagan. Shuning uchun bu har doim omadga bog‘liq ish.
Muallif: Nikolay Karakadayev
Men turli joylardan vaqt o‘tishi bilan jami 10 taga yaqin ishlatilgan plyonkali kamera sotib olgan bo‘lsam-da, ularning atigi 1,5 tasi ishlaydigan bo‘lib chiqdi. Shu sababli, birinchi marotaba uchun minimal sozlamalarga ega bo‘lgan oddiy, yangi plyonkali kamerani olishni tavsiya qilaman. Bunday kamera Film Lab fotolaboratoriyasida sotiladi, bu Kodak M35 modeli bo‘lib, narxi 650 ming so‘m. Unga qo‘shimcha ravishda plyonka ham sovg‘a qilishadi.
Agar siz g‘ayrioddiyroq narsani xohlasangiz, yaqin mamlakatlardаn buyurtma berganingiz ma’qul. Masalan, Qozog‘istonda bu soha ancha yaxshi rivojlangan va u yerda tanlash imkoniyatlari ko‘proq.

AVO platinum kredit kartasi
Intiqib kutilgan xarid va sayohatlar uchun — 45 kungacha 0%
Rasmga qanday olamiz?
Agar siz bu bilan jiddiy shug‘ullansangiz va oddiy kamera bilan to‘xtab qolishni istamasangiz, fotolaboratoriyadagi mahorat darslaridan biriga albatta tashrif buyurishingiz kerak. U yerda sizga kamerani sozlashni o‘rgatishadi, plyonkani chiqarish jarayonini ko‘rsatishadi va mashhur qizil xonaga olib kirishadi.
Agar sizga shunchaki g‘ayrioddiy kadrlar olishning yangi usuli kerak bo‘lsa, o‘zingiz tezda o‘rganib olasiz. Kamerangiz qaysi sharoitlarda yaxshiroq ishlashini tushunasiz, turli plyonkalarni sinab ko‘rasiz va o‘zingizga kerakli oraliqni tanlaysiz. Buni o‘rganish jarayonining o‘zi ham ancha yoqimli.
Agar siz oddiy kamerada batafsil sozlamalarsiz suratga olsangiz, kadrdagi tasvir miqdori plyonkaning ISO ko‘rsatkichiga bog‘liq bo‘ladi. Xuddi shu Film Lab’da plyonkalarning katta katalogi bor va u yerda menga har doim mos keladiganini tanlashda yordam berishadi.
Muallif: Nikolay Karakadayev
Suratga oldik, keyin-chi?
Oxirgi kadrni suratga olgandan so‘ng, birinchi marta fotolaboratoriyaga borishni va fotoapparatni plyonka bilan birga topshirishni maslahat berardim. Plyonkani qanday chiqarishni ko‘rib oling, toki yorug‘lik tushib, kadrlar buzilmasin. Keyinchalik o‘rganib, faqat plyonkaning o‘zini olib boradigan bo‘lasiz.
Qayerga olib borish mumkin? Olx’da plyonkani chiqarishda yordam beradigan ko‘plab studiyalarni topsa bo‘ladi; eng ishonchli va sinovdan o‘tganlari — Film Lab va 139 Documentary. Bitta g‘altakni chiqarish va skanerlash taxminan 100–200 ming so‘mga tushadi.
Agar siz fotosuratlarni qo‘lingizga olib ketishni xohlasangiz, ularni aynan plyonkaga ixtisoslashgan studiyalarda chop ettirgani ma’qul. Ular siz kutgan sifatdagi qog‘ozni tanlab berishadi.
Muallif: Nikolay Karakadayev
Bu hali hammasi emas
Agar sizga shunchaki tugmachani bosishdan to suratni chiqarishgacha bo‘lgan jarayon yetarli bo‘lmasa, u holda ko‘proq ijodiy tajriba orttirish uchun, masalan, MOC Hub’da vaqti-vaqti bilan o‘tkaziladigan kollaj tayyorlash mashg‘ulotlariga qatnashishingiz mumkin. U yerga o‘z kadrlaringiz va suratlaringizni olib kelib, ulardan mustaqil ish yaratishingiz mumkin bo‘ladi.
Ba’zilar chop etilgan suratlardan zinlar — ya’ni kichik hajmli, o‘z qo‘li bilan tayyorlangan foto-jurnallar kabi narsalar yaratishadi. Ular keyinchalik cheklangan nusxadagi foto-loyihalar sifatida sotiladi yoki shunchaki xotira uchun saqlab qo‘yiladi.

Muallif: Nikolay Karakadayev
Hatto plenka tasvirlarini saqlab qoladigan, ularni rasm ko‘rinishiga o‘tkazib, keyin raqamli dasturlarda qayta ishlaydigan odamlar ham bor.
*Maqoladagi ma'lumotlar nashr etilgan vaqt uchungina amal qiladi. AVO bank ushbu ma'lumotlar kelajakda ham xuddi shunday va dolzarb bo'lib qolishiga kafolat bermaydi. Qaror qabul qilishdan oldin eng so'nggi ma'lumotlarni tekshirishingizni maslahat beramiz.
*Maqolada tashqi resurslarga havolalar keltirilgan. AVO bank tashqi resurslardagi ma'lumotlar uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Maqoladagi fikr — muharrirning shaxsiy fikri bo'lib, u AVO bank pozitsiyasini ko'rsatmaydi. Bank ma'lumotlar to'g'riligi va undan foydalanish oqibatlari uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Narxlar taxminiy va faqat nashr etilgan vaqtdagina amal qiladi.

