Karta rekvizitlari — shunchaki raqam va harflar emas, balki kartangizning o‘ziga xos pasporti. Ularsiz birorta ham onlayn-do‘kon to‘lovni qabul qilmaydi, siz esa pitsa buyurtma bera olmaysiz yoki sevimli serialingizga obuna bo‘la olmaysiz.
2025-yilga kelib, hamma narsani o‘rnimizdan turmasdan xarid qilish mumkin bo‘lgan bir paytda, karta rekvizitlari xuddi telefon paroliday hayotimizning oddiy qismiga aylanib qoldi. Lekin, kimdir parolingizni bilib qolsa, uni shunchaki o‘zgartirasiz. Ammo kimdir karta rekvizitlaringizni bilib olsa, pulingiz bir zumda yo‘q bo‘lib qolishi mumkin.
Qanday ma’lumotlar karta rekvizitlari hisoblanadi?
Rekvizitlar deganda karta raqami (odatda 16 ta raqamdan iborat), amal qilish muddati (masalan, 04/27), karta egasining ismi (kartada yozilganidek — lotin harflarida, bosh harflar bilan) va CVV yoki CVC-kod — kartaning orqa tomonidagi 3 ta raqam. CVV virtual kartada ham bor, faqat u ilovada ko‘rsatiladi.
Odatda bu ma’lumotlar internetda biror narsa xarid qilayotganda kerak bo‘ladi: raqam, amal qilish muddati, CVVni kiritishingiz bilan xarid jarayoni tugaydi. Bu qulay usul, lekin aynan shu ma’lumotlar firibgarlarning ham qiziqishini uyg‘otadi.
Firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmaslik uchun nima qilish kerak?
Firibgarlar juda ayyorona ish tutishni boshlashdi: qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini bank xodimi deb tanishtirib, kartangizdan kimdir pul yechishga urinayotganini aytishadi. “Operatsiyani bekor qilish uchun” karta ma’lumotlarini so‘rashadi. Bu juda ishonchli eshitilgani uchun ko‘pchilik bunga ishonadi. Lekin haqiqat shuki, hech qanday haqiqiy bank sizdan CVV-kodni so‘ramaydi. Hech qachon.
Agar kimdir sizdan karta ma’lumotlarini so‘rasa, ehtimol bu firibgarlarning ishi. Hatto qo‘ng‘iroq qiluvchi o‘zini xavfsizlik xizmatidan deb tanishtirsa ham. Ekranda bankning haqiqiy raqami ko‘rinsa ham, bularning barchasini osonlikcha qalbakilashtirish mumkin. Eng xavfsiz yo‘l — go‘shakni qo‘yib, bankka qayta qo‘ng‘iroq qilish.
Agar biror narsa uchun onlayn to‘lov qilsangiz, sayt haqiqiy ekanligiga ishonch hosil qiling. U https bilan boshlanishi va manzil qatorida qulf belgisi bo‘lishi kerak. Bu fishing hujumlaridan asosiy himoya hisoblanadi.
Bundan tashqari, ikki bosqichli tasdiqlashni yoqing — bu telefoningizga tasdiqlash kodi kelishi bilan amalga oshadi. Ha, bu oddiy ma’lumot kiritishdan biroz ko‘proq vaqt oladi, lekin shunday qilib firibgarlardan qo‘shimcha himoya qalqoniga ega bo‘lasiz.

Barcha bank amaliyotlari — ilovangizda
AVO platinum bilan bankka borish va navbat kutish shart emas. To‘lovlar, o‘tkazmalar, onlayn xaridlar — barchasi atigi bir necha bosishda
Boshqa bank rekvizitlari-chi?
Ba’zan pul o‘tkazish uchun faqat karta ma’lumotlari emas, balki boshqa bank rekvizitlari ham kerak bo‘ladi — masalan, MFO, hisob raqami, bank nomi. Bu sizga maosh o‘tkazilayotganda, yuridik shaxs bilan ishlaganda yoki, aytaylik, chet eldan to‘lov qabul qilayotganda kerak bo‘lishi mumkin.
Bu ma’lumotlarning hammasini mobil ilovada topishingiz yoki bankdan so‘rashingiz mumkin. Eng muhimi, ularni diqqat bilan tekshiring: bitta ortiqcha raqam sababli pul noto‘g‘ri joyga ketib qolishi mumkin.
Xulosa
Karta — shunchaki bir parcha plastik emas, balki pulingiz kaliti. 2025-yilda, ko‘plab amallar onlayn bajarilayotgan bir paytda, undan xavfsiz foydalanishni bilish juda muhim. Ma’lumotlarni hammaga ham beravermang, hisobotlarni diqqat bilan kuzatib boring, xabarnomalarni yoqib qo‘ying va kimga hamda qayerga pul yuborayotganingizni diqqat bilan tekshiring.
“Yetti o‘lchab, bir kes” degan oddiy maqolni yodda tutsangiz, ham pulingiz xavfsiz, ham uyqungiz tinch bo‘ladi.