Bu bayram din, til yoki iqlimdan qat’i nazar, barcha xalqlarga tegishli.
Biz, o‘zbekistonliklar uchun Yangi yil — bu ertalabdan butun bozorni ko‘chirib kelish, kechgacha qozon-tovoq bilan band bo‘lish, telekanallardagi yangi yil konsertlari, mehmonlar oqimi, ovozi qo‘shninikini eslatadigan Qorbobo, prezident murojaati va o‘n ikkiga yaqin taksilardagi kosmik narxlar.
Boshqa davlatlarda butunlay boshqacha nishonlanishi mumkin. Kimdir qor ustida qo‘lida shampan bilan, kimdir gullar bilan oyoqyalang holda dengiz bo‘yida, boshqalar esa ibodatxonada qo‘ng‘iroq ovozlarini eshitib kutadi. Lekin har kim bir narsani — hamma narsani boshdan boshlash istagini his qiladi. Har bir xalqning Yangi yil an’analari orqali ularning hayotga qarashi va qadriyatlarini tushunish mumkin.
Yevropa: gavjum ko‘chalar, chiroqlar va shampan
Italiya
Janubliklar Yangi yilga eski narsalarsiz kirish kerak, deb hisoblashadi. Tom ma’noda. Neapol va Palermo shaharlarida odamlar Yangi yil kechasi kiyim-kechakdan tortib mebelgacha — eski narsalarini derazadan otishadi. O‘tmishdan qanchalik qat’iyat bilan voz kechsangiz, kelajakka shunchalik yengil kirasiz, deb hisoblashadi. Shuning uchun 31-dekabr kechasi ko‘chalarda salyutlar ovoziga uloqtirilayotgan idish-tovoq shovqini ham jo‘r bo‘ladi. Shuning uchun Italiyaga borganingizda yarim kechasi deraza ostida yurmaganingiz yaxshi.

Germaniya
Nemislar Bleigießen qilishadi, ya’ni qo‘rg‘oshin, eritib fol ochishadi. Metall parchasini sham ustida qizitib, sovuq suvga quyishadi. Hosil bo‘lgan shakl kelajagingizni aytib beradi. U yurakni eslatsa — muhabbatingizni uchratasiz, kalit— omad5, tanga — boylikdan ishorat beradi.
Shotlandiya
Shotlandiyaliklar Yangi yilni qizg‘in kutib olishadi. Bu yerda Yangi yilda Xogmanay nomli olov festivali bo‘ladi. Hammasi juda xavfli ko‘rinadi. Qo‘lida mash’ala bilan shahar bo‘ylab kezadigan odamlarni tasavvur qiling. Yong‘in xavfsizligi-chi deysizmi? Unuting, bu yerda faqat xardkor. Ba’zilar jangga ketayotgandek qo‘lida qalqon, nayza yoki bolta ham olib yuradi. Mash’alaning nima keragi bor desangiz, uni yoqish uchun olishadi. Qora yog‘ bilan to‘ldirilgan bochkalarni yoqishadi — u eski yil timsoli hisoblanadi. Mash’alalar bilan yurishdan tashqari odamlar yarim kechasi ko‘pchilik mamlakatlarda yilning eng mashhur qo‘shig‘i bo‘lgan Auld Lang Syne’ni jo‘r bo‘lib kuylashadi.

Osiyo: qizil rang, omad va oilaviy birlik
Osiyoda Yangi yil — o‘yin-kulguga emas, xotirjamlik, poklanish va avlodlar bog‘liqligiga e’tibor berishadi.
Xitoy
Bahor bayrami — yilning eng muhim voqeasi. Uylar chunlyanlar — baxt tilaklari yozilgan juft yozuvlar, eshiklar esa qizil tasmalar bilan bezatishadi. Xitoyning har hududida o‘ziga xos taomlar tayyorlashadi: shimolda oltin quyma shaklidagi chuchvara — szyaotszi, janubda esa hayot yaxshilansin deb yopishqoq guruchli pirog — nyangao tayyorlashadi. Bayram osmonga xudolar va ajdodlarga xabarlar yozilgan fonarchalar uchiriladigan Fonarlar festivali bilan tugaydi.
Yaponiya
Yaponiyada Yangi yil — sukunat va mulohaza vaqti. Bayramdan oldin yaponlar oosodzi — tozalash marosimini o‘tkazishadi. Buni uy toza bo‘lishi uchun emas, eski energiyani supurib tashlash uchun qilishadi. Tunda ibodatxonalarda 108 marta qo‘ng‘iroq chalishadi — bu odamlarning gunohlari soni. Aytgancha, Yaponiyada Yangi yil taomi sifatida… KFC yeyishadi. Bu an’ana o‘tgan asrning 70-yillarida paydo bo‘lgan. Internetga ishonadigan bo‘lsak, yaponlar bayram dasturxoniga tovuq tortish uchun uzun navbatlarda turishga tayyor.

Janubiy Koreya
Solnal — oila bayrami. Odamlar hanbok kiyib, ajdodlarni yod etuvchi marosimlar — charey bajaradi. Yana, dasturxonga ttokkuk sho‘rvasini tortishadi. Koreyslarning ishonishicha, uning har bir kosasi umringizga 1 yil umr qo‘shadi. Bu kunlarda o‘tmishga minnatdorchilik va hurmat juda muhim.
Hindiston
Bu yerda hamma narsa chalkash. Hindistonda Yangi yilning aniq bir sanasi yo‘q! Aniqrog‘i, har bir hududning o‘z Yangi yil kuni bor. Ugadi, Vishy va Baisakhi — eng mashhurlari. Sanalarda farq bo‘lsa-da, bayram urf-odatlari bir xil: uyni tozalashadi, ostonani gullar bilan bezashadi, odamlar tongni yangi kiyimlarda raqsga tushib kutib olishadi.
Amerika: shoular, bo‘sa va orzu chamadonlari
AQSh
Eng mashhur shou — Nyu-Yorkdagi Tayms-skverda sharning tushirilishi. Bu an’ana 1907-yilda boshlangan. O‘shanda The New York gazetasi injenerlari feyverklarni lampochkali metall sharga almashtirishgan. Bugunda shar deyarli 6 tonna, 2688 dona Waterford kristalli bilan bezatilgan. U tushishni boshlaganda millionlab odamlar chapak chaladi, o‘z yaqinlarini quchoqlab, o‘padi. Bu hodisani butun dunyodan milliardlab odamlar tomosha qiladi.

🌍 Yangi yilni qayerda kutasiz?
Sayohatlaringizni AVO platinum xalqaro kredit kartasi bilan rejalashtiring
Braziliya
Rio-de-Janeyroda Yangi yil — yorug‘lik va suv bayrami. Odamlar tinchlik va poklik ramzi bo‘lgan oq kiyim kiyishadi. Keyin, okeanga borib, dengiz malikasi bo‘lgan ma’buda Yemanjaga atab to‘lqinlarga gullar tashlashadi. Shu kecha Kopakabana sohilida 2 mln gacha odam to‘planadi. Raqslar, shampan va to‘lqinlardan yetti marta sakrash — omad chaqirish uchun bajariladigan majburiy rasm-rusumlar.
Meksika
Bu yerda Yangi yil hazilomus rasm-rusularga to‘la. Uyda chamadonlarni tayyorlab qo‘yishadi va yil sayohatlarga boy bo‘lsin, deb ular bilan butun kvartal bo‘ylab yugurishadi. Yana bu yerda 12 dona har xil navli uzum yeyishadi va har donasida bittadan tilak tilashadi. Ba’zilar esa puli ko‘p bo‘lishi uchun sariq kiyim kiyib olishadi. Meksikaliklar uchun bu bayram — hazil, ishonch va sehr bir-biriga aralashib ketadigan kun.

Afrika, Avstraliya va Okeaniya: quyosh, yomg‘ir va qadimiy urf-odatlar
Sayyoramiz janubida Yangi yilni jazirama quyosh ostida — yozning eng qizigan paytida kutib olishadi. Bu yerda na archa, na mandarin hidi bor. Qor o‘rniga yomg‘ir, olivye o‘rniga esa sohilda barbekyu. Soat zarbi ostidagi sokinlik o‘rnini esa qadim zamonlardan qolib ketgan nog‘ora-yu, raqs va qo‘shiqlar egallaydi.
Efiopiya
Efiopiya butun dunyodan ajralib turishga qaror qilgan, shuning uchun o‘zining shaxsiy kalendari bor. Bu kalendar odatdagi gregorian kalendaridan naq 7 yilga orqada. Shuning uchun dunyoning qolgan qismida 2025-yil kirganida, Efiopiyada endi 2018-yil kirgan bo‘ladi. Bu u yerda Filipp Kirkorovning «Цвет настроения синий» qo‘shig‘i endi-endi mashhur bo‘lib boryapti degani 😆
Bu yerda Enkutatash deb ataladigan Yangi yilni qishda emas, balki yomg‘irlar mavsumidan keyin, sentyabr oyida nishonlashadi. Enkutatash nafaqat yil boshini, balki tabiatning qayta uyg‘onishini ham bildiradi: tog‘lar gullarga burkanadi, havo esa yangi, nam tuproq hidiga to‘ladi.
Sahardanoq oppoq, milliy kashta tushirilgan ko‘ylak kiygan qizlar uyma-uy yurishadi, xalq qo‘shiqlarini kuylashadi va qo‘ni-qo‘shniga sariq margaritkadan guldastalar sovg‘a qilishadi — ular quyosh va yangi boshlanish ramzi hisoblanadi. Yana bir qiziq jihati shuki, Efiopiyada vaqt ham boshqacha hisoblanadi. Sutka tun yarmidan emas, balki quyosh chiqqan paytdan boshlanadi. Shuning uchun yangi kun haqiqiy ma’noda yorug‘lik bilan birga boshlanadi.

Janubiy Afrika
Efiopiya Yangi yilni sokin qo‘shiqlar bilan kutib olsa, Janubiy Afrika buni butun ovozda qiladi. Keyptaun va Durban shaharlarida Kaapse Klopse nomli shovqinli ko‘cha paradlari o‘tkaziladi — bu afrika, yevropa va karib an’analaridan aralashib kelgan rang-barang meros. Minglab musiqachilar yaltiroq kostyumlarda jazz, kalipso va nog‘ora ritmlarini ijro etib, ko‘chalarni o‘yin-kulgu ovozlari bilan to‘ldirishadi.
Avstraliya
Yevropada endigina shampan shishalari ochila boshlayotgan paytda, Sidneyda allaqachon sayyoradagi eng tomoshabop feyerverklardan biri osmonga otilib, shovqin-suron solishga ulguradi. Minglab salyutlar mashhur Harbor Bridge ko‘prigi va opera teatri ustidan osmonga ko‘tarilib, butun qo‘ltiqni yaltirab turgan olov dengiziga aylantiradi. Bu yerda bayram yoz mavsumida o‘tadi. Oilalar va do‘stlar plyajlarda to‘planishadi, piknik qilishadi, cho‘milishadi va tong otguncha voleybol o‘ynashadi. Ichki hududlarda, masalan, Elis-Springsda, archa o‘rniga kaktuslar yoki plastik palmalarni bezashadi, avstraliyalik Qorbobo esa ko‘pincha chana emas, balki serf doskasi, qayiq yoki hatto yong‘in mashinasida keladi.

Fiji
Orollarda Yangi yil — bu okean bo‘yida o‘tadigan, bir hafta davom etadigan tugamaydigan bayramlar. Mahalliy aholi Yer yuzida yangi yil tongini birinchilardan bo‘lib kutib oladi. Soat tungi o‘n ikkidan o‘tgach, hamma darrov suvga yuguradi: okeanga sakrash — o‘tgan yilning butun yomonlik va negativini yuvib tashlaydigan, baxt va omadga yo‘l ochadigan majburiy odat hisoblanadi.
Papua-Yangi Gvineya
Bu yerda vaqt go‘yoki to‘xtab qolgandek: ba’zi olis qishloqlarda hali ham Yangi yilni qadimiy urf-odatlar bo‘yicha kutib olishadi. Erkaklar yuzlarini oxra va cho‘g‘ kuyi bilan bo‘yashadi, sochlariga jannat qushlarining patlarini taqishadi va ajdodlar raqsini ijro etishadi — e’tiqodga ko‘ra, bu marosim yomg‘ir, mo‘l hosil va qabilani yomonlikdan asrashni ta’minlaydi. Ayollar esa shu paytda kelayotgan yil serhosil va tinch o‘tsin, deb xonadonlarni chig‘anoqlar, yong‘oqlar va gullar bilan bezashadi.
Papua-Yangi Gvineya
Bu yerda vaqt go‘yoki to‘xtab qolgandek: ba’zi olis qishloqlarda hali ham Yangi yilni qadimiy urf-odatlar bo‘yicha kutib olishadi. Erkaklar yuzlarini oxra va cho‘g‘ kuyi bilan bo‘yashadi, sochlariga jannat qushlarining patlarini taqishadi va ajdodlar raqsini ijro etishadi — e’tiqodga ko‘ra, bu marosim yomg‘ir, mo‘l hosil va qabilani yomonlikdan asrashni ta’minlaydi. Ayollar esa shu paytda kelayotgan yil serhosil va tinch o‘tsin, deb xonadonlarni chig‘anoqlar, yong‘oqlar va gullar bilan bezashadi.

Bitta sayyora — yangitdan boshlashning ming usuli
Turli qit’alar, turli din va kalendarlar, lekin ma’no bitta — yangilanish. Hamma odamlar o‘tmishini tozalashga, hayotiga yorug‘lik kiritishga, ovqat va mehrni boshqalar bilan bo‘lishishga intiladi. Shovqin — yomonlikni quvib yuborish uchun. Yorug‘lik — omadini chaqirish uchun. Dasturxon — mo‘l-ko‘llik belgisi. Va albatta, quchoqlashish va o‘pichlar — yangi yilga yolg‘iz kirmayotganimiz ramzi.
Soat ko‘rsatkichi tungi o‘n ikkiga kelganida, Edinburgda Auld Lang Syne yangraydi, Rioda osmonni feyerverklar yoritadi, Mexikoda esa chamadon g‘ildiraklari shovqini ko‘tariladi. Millionlab odamlar osmonga — har biri o‘z yulduzlariga va o‘z tilaklariga qarashadi.
Ana shu onlarda sayyora katta bir oilaga, Yangi yil esa tarjima talab qilmaydigan — hamma tushunadigan umid tiliga aylanadi.
*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

AVO ilovasini yuklab oling
Barcha bank xizmatlari va operatsiyalari 24/7 sizning smartfoningizda
