5 daqiqa

Imzo o‘rniga galochka: mijozlar bank bilan raqamli shartnomani qanday tuzadi

Bugun kredit olish bir necha daqiqalik ish bo‘lib qolgan. Telefon, internet, bir necha tugmani bosishingiz bilan pul hisobingizga tushadi. Butun jarayon onlayn, tez va qulay o‘tadi.

Lekin shu tezlik ichida bitta muhim narsani o‘tkazib yuborish oson: siz «Roziman» tugmasini bossangiz yoki «Shartlar bilan tanishdim» degan joy tagida galochka qo‘ysangiz, yuridik kuchga ega shartnomani imzolagan bo‘lasiz. Ha, telefonga bitta teginish orqali foizlar, muddatlar va jarimalar bilan bog‘liq mas’uliyatni o‘z zimmangizga olgan bo‘lasiz.

Ommaviy oferta qanday ishlaydi

Qog‘ozdagi odatiy shartnoma o‘rniga raqamli bank ommaviy ofertadan foydalanadi. Aslida bu elektron shartnoma bo‘lib, unda beriladigan summa, foiz, muddat, komissiyalar va jarimalar bo‘yicha barcha shartlar aniq yozilgan bo‘ladi.

Ommaviy oferta aniq bitta odam uchun emas, bankning barcha foydalanuvchilari uchun mo‘ljallangan bo‘ladi. Uni ilovada ochasiz, o‘qib chiqasiz, hammasi ma’qul bo‘lsa «Roziman» tugmasini bosasiz. Shu paytdan boshlab shartnoma tuzilgan hisoblanadi.

⚡️ 1 daqiqada onlayn pul

100 mln gacha kredit limitiga ega kredit karta oching

📌 Masalan, muddatli to‘lovga yangi smartfon olyapsiz. Hammasi aniq: summa 15 mln so‘m, muddat 3 yil, to‘lovlar teng qismlarga bo‘lingan. Bularning hammasi shartlarda yoziladi va ilovada galochka qo‘yganingizda shartnoma imzolangan hisoblanadi. Qog‘oz nusxasi bo‘lmaydi, lekin rasmiy raqamli hujjatingiz bo‘ladi.

Bu format qonun tomonidan tan olingan. Ilovadagi galochka imzoga teng bo‘ladi. Keyin qandaydir muammo paydo bo‘lib, ish sudga oshirilsa, u ofisda qog‘ozga imzo qo‘yganingiz kabi yuridik kuchga ega bo‘ladi.

Bank sizning roziligingizni qanday qayd qiladi

Oferta shartlarini qabul qilganingizda, bank tizimi sana, vaqt, qurilma, shartnomaning versiyasi kabi roziligingiz haqidagi barcha ma’lumotni avtomatik saqlab qo‘yadi. Bu degani, bank istagan payt «Ha, mijoz shartlarni qabul qilgan, mana dalillar, mana raqamli vaqt belgisi, mana texnik tafsilotlar», deb isbotlay oladi.

Yana, bu mijoz uchun ham himoya bo‘lib xizmat qiladi. Har doim shartnomangiz bo‘yicha ma’lumot so‘rashingiz, aynan nimaga rozi bo‘lganingizni ko‘rib chiqishingiz mumkin. Hammasi shaffof, qayd qilingan va himoyalangan. Ha, bunday raqamli dalillar sudda qabul qilinadi. Bu shunchaki «birinchi kelishuv» emas, banklar ham, davlat organlari ham tan oladigan rasmiy amaliyot.

📌 Masalan, 100 mln so‘m limitli AVO platinum kredit kartasini ochdingiz. Rasmiylashtirish paytida qarzni o‘z vaqtida to‘lasangiz 45 kungacha foizsiz imtiyozli davr borligini bildingiz. Bu oferta shartlarida ko‘rsatilgan edi. Bir necha oy o‘tgach, limit qanchada bir yangilanishini aniqlashtirmoqchi bo‘ldingiz va hammasi ilovada saqlangan elektron shartnoma nusxasidan oson topildi. Agar bank shartlarini yangilasa, bu haqda sizga xabar beradi va yangi shartlarga roziligingizni so‘raydi.

Nimaga ofertani o‘zgartirib bo‘lmaydi 

Mijozlar ofertadagi shartlarni o‘zgartirish mumkinmi, masalan bank bilan kelishib foizni sal kamaytirsa yoki to‘lov sanasini ko‘chirsa bo‘ladimi, deb ko‘p so‘rashadi.

Javob — yo‘q. Oferta hamma uchun bir xil bo‘ladi. Uni bank oldindan tayyorlaydi va har bir mijozga qarab alohida o‘zgartirmaydi. Nega deysizmi? Chunki bunday tizim ikki xil standart va kimdadir alohida shartlar bo‘lishining oldini oladi. Hamma mijoz bir xil ma’lumot oladi. Bu esa turli manipulyatsiyalardan, mayda yozuvli bandlardan, keyin hech kim eslamaydigan individual kelishuvlardan himoya qiladi. Hammasi halol va 1 mln oladigan odam uchun ham, 20 mln oladigan odam uchun ham bir xil.

Bundan tashqari, bunday formatni davlat organlari nazorat qilishi ham osonroq. Bank qoidani buzsa, buni tez payqash mumkin. Shartnoma matnlari ochiq va bir xil ko‘rinishda bo‘ladi. Demak, mijozlar ham ko‘proq himoyalangan bo‘ladi.

Nimaga e’tibor berish kerak

Shartnomani bir bosishda tasdiqlaganingiz uchun, qaror qabul qilishdagi mas’uliyat to‘liq sizning zimmangizga tushadi. Shartlarni tasdiqlashdan oldin vaqt ajrating va ularni diqqat bilan o‘qib chiqing.

Ofertada ayniqsa quyidagilarga e’tibor bering:

  • Kredit summasi va muddati. Qancha pul olayotganingizni va uni qaytarish uchun qancha vaqtingiz borligini aniq tushunib oling.
  • Foiz stavkasi. Bu eng muhim ko‘rsatkich. Summa kichikdek tuyulsa ham, ortiqcha to‘lov sezilarli bo‘lib ketishi mumkin.
  • Kechiktirilgan to‘lov uchun jarimalar. To‘lovni biroz kechiktirib qo‘ysangiz nima bo‘lishini oldindan tekshirib oling. Ba’zan aynan jarimalar oddiy kreditni muammoga aylantiradi.
  • To‘lov jadvali. Har oy qancha to‘laysiz va to‘lovlar qachondan boshlanadi.
  • Qo‘shimcha komissiyalar. Ayrim banklar hisobni yuritish yoki muddatidan oldin yopish uchun ham to‘lov olishi mumkin, buni oldindan bilib qo‘ygan yaxshi.

Ofertani qabul qilmaslik huquqingiz bor. Agar nimadir shubhali ko‘rinsa, shunchaki «Roziman» tugmasini bosmang. Tushunarsiz shartlarga rozi bo‘lib qo‘ygandan ko‘ra, yordam xizmatidan so‘rab olish yoki keyinroq qayta o‘qish yaxshiroq.

Oddiy galochka — sizning mas’uliyatingiz

Raqamli shartnomalar — biz uchun yaratilgan qulaylik bo‘lib, unga juda tez o‘rganib qoldik. Hamma narsa tez, tushunarli, deyarli bilinmaydigan bo‘lib ketgan. Lekin aynan shu soddalik ichida hushyorlikni yo‘qotib qo‘yish hech gap emas. Ilovadagi galochka oddiy texnik qadamdek ko‘rinishi mumkin. Aslida esa bu siz foizlar, muddatlar, jarimalar, to‘lov jadvaliga ega butun boshli shartnomaga rozi bo‘layotgan vaqt. Va nomiga emas, yuridik jihatdan rozi bo‘lgan bo‘lasiz.

Shu sababli raqamli rasmiylashtirishga ham qog‘ozdagi shartnomadek e’tibor bilan qarash kerak. Ruchka ham, muhr ham bo‘lmasa-da, shartnoma o‘sha-o‘sha. Qulay tomoni shundaki, siz ilovani bemalol uyda ochib, divanda yotgan holda ham shartlarni o‘qib chiqasiz va hammasi tushunarli bo‘lib, sizga rostdan mos kelgandagina «Roziman» tugmasini bosasiz.

*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

AVO ilovasini yuklab oling

Barcha bank xizmatlari va operatsiyalari 24/7 sizning smartfoningizda

Saytdan foydalanishni yanada qulayroq qilish uchun cookie-fayllaridan foydalanamiz. Batafsil ma’lumot maxfiylik siyosatimizda