Kapitalistik dunyoda anchadan beri hech kimni oltinga, qimmatli qog‘ozlarga yoki ko‘chmas mulkka mablag‘ kiritish hayratga solmaydi. Ammo ayrimlar kvadrat metrlarni sotib olayotgan bir paytda, boshqalar nafaqat nozik didli insonlar ko‘nglida, balki kim oshdi savdolarida ham qimmatlashayotgan Chanel'ning tvididagi kvadrat santimetrlarini xarid qilmoqda.
Keling, kiyim-kechak qachon aktivga aylanishini, qaysi narsalarning narxi tez o‘sishini va odamlar o‘tmishdagi modalar olamidan qancha daromad olishini ko‘rib chiqaylik.
Umuman olganda, moda sohasida nima «sarmoya» deb hisoblanadi?
Christie’s kim oshdi savdolarida dastlab 4 000–6 000 yevroga baholangan Chanel ko‘ylagi 56 700 yevroga sotilmoqda. Hermès kompaniyasining Kelly Himalaya sumkasi narxi bo‘yicha 3 marta jahon rekordini o‘rnatdi. Judith Leiber klatchlari 40 yil'dagi gumma kabi tarqalib ketmoqda, Saint Laurent jaketlari esa ba’zi avtomobillardan ham qimmat sotilmoqda. Bularning barchasi tasodif emas, balki yillar davomida shakllantirilgan ekotizimdir. Bu yerda har bir tugma passiv daromad manbaiga aylanishi mumkin.

Foto: Sotheby's, Hermes Kelly Himalaya
Bu bozorning qanday ishlashini tushunish uchun, avvaldan aytib qo‘yaylik: kiyim-kechak haqiqatan ham sarmoya bo‘lishi mumkin. Biroq, bu hamma kiyimga tegishli emas. Agar siz 2007-yilgi jinsi shimlarni «balki moda qaytib kelar» deb saqlayotgan bo‘lsangiz, bu aktiv emas, balki his-tuyg‘uga bog‘liq yukdir. Ammo Hermès'ning kamyob sumkasi yoki Van Gogdan ilhom olingan Saint Laurent ko‘ylagi — bu yaxshi daromad keltirishi mumkin bo‘lgan potensial aktivdir. Eng muhimi — nimani qidirishni bilishdir.

Bu sirning asosi 3 narsada: noyoblik, sifat va tarix. 1980-yillarda ishlab chiqarilgan, yarim yil navbat kutib olingan va hozirda ishlab chiqarilmaydigan Kelly sumkasi vintaj kabrioletiga o‘xshaydi. Ha, uni ishga tushirib, haydab ko‘rish mumkin, ammo aqlli odamlar uni pufakli plyonka bilan o‘ralgan garajda saqlashadi va sotish uchun qulay fursatni kutishadi.
Nima uchun narsalarning narxi ko‘tarilmoqda?
Hozirda vintaj moda bozori o‘z cho‘qqisida. Bu bir nechta global jarayonlarga bog‘liq. Birinchisi: barqaror iste’mol qilish. Odamlar «1 martalik» modadan charchab, xarakterli va tarixga ega kiyimlarni kiyishni istashmoqda. Christie’s eksperti aytganidek: «Xaridorlar tobora ko‘proq shunchaki brend emas, balki provenansli kiyimlarni izlashmoqda. Ya’ni tarixi, ildizi va ma’nosi bor narsalarni».
Ikkinchisi — qadriyatlarimizni qayta ko‘rib chiqishga va uzoq muddatlilik haqida o‘ylashga majbur qilgan pandemiya. Uchinchisi esa — san’at sifatidagi moda. Biror narsa shunchaki libos emas, balki madaniy artefaktga aylanganda, nafaqat stilistlar, balki kolleksionerlar ham uni qo‘lga kiritish uchun kurasha boshlaydilar.
Mana sizga misol: buyuk Pol Puarening ilhomchisi Deniz Puarening paltosi deyarli tasodifan, eski sandiqdan topilgan. Auksionda u 169 000 dollarga sotildi, butun kolleksiya esa 2,4 mln dollardan oshiqroqqa sotildi. Bu tasodif emas. Bu — shunday bozorki, unda yaxshi saqlangan o‘tmish ko‘plab kelajak kolleksiyalaridan qimmatroq.
Gap faqat ayollar sumkalari va ko‘ylaklari haqida emas. Erkaklar modasi ham ortda qolmayapti. 1970-yillarda Yves Saint Laurent tomonidan yaratilgan smoking bugungi kunda yangi mavsumdagi shunga o‘xshash kostyumdan bir necha baravar qimmatroq bo‘lishi mumkin.
Hozirgi kunda qaysi brendlar eng mashhur?
Hermès, Chanel, Louis Vuitton — kolleksiyonerlarning orzusi. Ularning narxi bir necha yil ichida 2 barobarga oshishi mumkin. Asosiy shartlar: a’lo darajadagi holat, noyob rang yoki material va ozgina drama (masalan, sobiq egasi Elizabet Teylor yoki hech bo‘lmaganda Elizabet Teylorning qo‘shnisi bo‘lgan).
Bundan tashqari, ierarxiya ichida ham ierarxiya mavjud: har qanday Birkin sumkasi oltin emas. Mukammal holatdagi klassika, noyob ranglar, alligator terisi va olmoslar — mana shular investorlar klubiga kirish chiptasi hisoblanadi.

Foto: Michael Dufour/WireImage, Jeyn Birkin Hermès'ning Birkin sumkasi bilan
Yuqori modaga oid vintage kiyimlar bilan ham xuddi shunday vaziyat kuzatilmoqda. 1970–1990-yillardagi mashhur kutyuryelarning ko‘ylak, jaket va kostyumlari savdolarda doimiy ravishda qimmatlashib bormoqda. Bunda asosiy shart — kiyimning holati va muallifi. Agar sumkani Lagerfeld yoki Dior yaratgan bo‘lsa, uni osib qo‘ying-da, yevro kursining oshishi uchun duo qiling.
«Qobiliyatli, ammo dangasa» toifasiga esa sifatli, cheklangan nashrlar chiqaradigan kichik moda uylari kiradi. Ularning strategiyasini kuzatib boring: brend trendlar ortidan quvishni to‘xtatib, noyob buyumlar tikishni boshlashi bilanoq, uning modellari avtomatik tarzda sarmoya qilishga arzigulik narsalar qatoriga qo‘shiladi.
Yangi boshlovchilar uchun maslahatlar
Impulsiv tarzda xarid qilmang. Narsa chiroyli bo‘lishi mumkin, ammo kolleksiya nuqtai nazaridan foydasiz bo‘lishi mumkin. Avvalo — tadqiqot. So‘ngra — savdo yoki bozor. Keyin — ehtiyotkorona saqlash. Mushuk turgan javonda emas, balki chang tegmaydigan sandiqda saqlagan ma’qul.
Sotheby’s auksion ekspertining aytishicha, yangi ishtirokchilar o‘zlarini nazorat qila olmay qolishlari mumkin, ayniqsa ular qiziqqon va his-hayajonli bo‘lsa. U o‘zingiz uchun narx chegarasini belgilashni va xaridga jiddiy e’tibor bilan yondashishni maslahat beradi.

Trenddagi xaridlar uchun mukammal hamrohingiz
AVO platinum kartasi bilan xarajatlaringiz glamurli keshbek bilan qaytadi
Yana bir maslahat: narsaning ikkilamchi bozordagi holatini kuzatib boring. Agar so‘nggi 5 yil ichida uning narxi ko‘tarilmagan bo‘lsa, ehtimol u shunchaki chiroyli, investitsion emas. Va yodda tuting: holati muhim. Kichik nuqsonlar qiymatini pasaytiradi. Garchi ba’zida buning aksi ham bo‘lishi mumkin (agar sumkani Elizabet Teylor tirnagan bo‘lsa).
Xo‘sh, kiyim-kechak investitsiya bo‘la oladimi?
Ha. Ammo har qanday sarmoya kabi, bu ham bilim, sabr-toqat, intuitsiya va ozgina omad talab qiladi. Eng muhimi — tezda foyda kutmaslik va har bir jaket oltinga aylanadi deb umid qilmaslikdir. Dollar, Dior'ning paltosi yoki «Kungaboqarlar» naqshi tushirilgan jaketning qay biri tezroq qimmatlashishini esa faqat vaqt ko‘rsatadi. Yoki keyingi kimoshdi savdosi.
Ha, aytgancha, Chanel chekini ham tashlab yubormaslik ma’qul.
*Maqoladagi ma'lumotlar nashr etilgan vaqt uchungina amal qiladi. AVO bank ushbu ma'lumotlar kelajakda ham xuddi shunday va dolzarb bo'lib qolishiga kafolat bermaydi. Qaror qabul qilishdan oldin eng so'nggi ma'lumotlarni tekshirishingizni maslahat beramiz.
*Maqoladagi fikr — muharrirning shaxsiy fikri bo'lib, u AVO bank pozitsiyasini ko'rsatmaydi. Bank ma'lumotlar to'g'riligi va undan foydalanish oqibatlari uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Narxlar taxminiy va faqat nashr etilgan vaqtdagina amal qiladi.