Ba’zan daromad kamayib, xarajatlar ko‘payib, jadval bo‘yicha to‘lash qiyinlashadi. Bu tabiiy hol, bunaqasi bo‘lib turadi. Qarzni kechirish — qarz oluvchini qarzning bir qismidan yoki butun qarzdan ozod qilishning qonuniy usuli. Qarorni kreditor yoki sud chiqaradi. Bunday holat kamdan-kam uchraydi, lekin amalda qo‘llaniladi. Ba’zan natijasiz to‘lovlarni uzoq davom ettirishdan ko‘ra, kelishib olgan ma’qul.
Qanday hollarda qarzni kechirish amaliyoti qo‘llanishi mumkin?
To‘liq qarzni o‘chirish kamdan-kam uchraydi. Ko‘pincha qarzning bir qismidan voz kechadilar. Masalan, penya, foizlarning bir qismi yoki asosiy qarzning ozgina qismini o‘chirib tashlashlari mumkin. Agar siz haqiqatan ham qiyin ahvolda bo‘lsangiz, hamkorlik qilishga tayyor bo‘lsangiz va undirishning imkoni yo‘qligi aniq bo‘lsa, shunday yo‘l tutishadi. Bunga kasallik, ishsizlik, nogironlik, tabiiy ofat, uzoq muddat to‘lovga layoqatli bo‘lmaslik, ba’zan esa davlatning jarimalarni kechirish bo‘yicha amnistiyasi sabab bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha bu qarzni qayta ko‘rib chiqish jarayonining bir qismi bo‘ladi: shartlar yengillashtiriladi va yukning bir qismi olib tashlanadi. Lekin bu ko‘proq istisno holat. Odatda bo‘lib to‘lash, yangi jadval yoki muddatidan oldin to‘lash uchun chegirma taklif qilishadi.

Qarzni kechirish jarayonini qanday boshlash mumkin?
Eng muhimi — yo‘qolib qolmaslik. To‘lay olmasligingizni tushungan zahotingiz, darhol kreditor bilan bog‘laning. Oddiy ariza yozing, shartlarni qayta ko‘rib chiqishni yoki qarzning bir qismini kechirishni so‘rang. Daromad to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, tibbiy xulosa, ishdan bo‘shatish buyrug‘i va boshqalar kabi muammoni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qiling. Rad etishlari mumkin. Bu hammasi tugadi degani emas. Qayta murojaat qilish mumkin, ayniqsa vaziyat o‘zgargan bo‘lsa. Huquqshunos yoki qarzdorlarga bepul yordam beradigan tashkilotlar bilan maslahatlashing. Kredit tarixingizda hamma narsa to‘g‘ri ko‘rsatilishi uchun barcha kelishuvlarni rasmiylashtiring.
Qarzni kechirish oqibatlari
Qarz o‘chirilgach, yelkangizdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ladi. Lekin tanganing boshqa tomoni ham bor. Kechirilgan summa daromad deb hisoblanishi va soliqqa tortilishi mumkin — buni oldindan aniqlashtirish kerak. To‘lov kechiktirilganligi va shartnoma o‘zgarganligi haqidagi yozuv kredit tarixida qoladi. Yangi qarz olish qiyinlashadi. Ba’zi kreditorlar ilgari qarzi kechirilganlarga ehtiyotkorlik bilan qarashadi. Yana, shartlarni sinchiklab tekshiring. Agar qarzni kechirish evaziga mulkni topshirish yoki noqulay shartlarga rozi bo‘lishni talab qilishsa, shoshilmang — yaxshilab o‘ylab ko‘ring va kerak bo‘lsa, hujjatlarni huquqshunosga ko‘rsating.

Moliyaviy muvozanatni yo‘qotdingizmi?
AVO platinum — kafillarsiz 100 mln so‘mgacha pul
Qarzsiz yangi hayot: haqiqatmi yoki sarob?
Qarzni kechirish — oxirgi chora. Ko‘pincha yangi qulay jadval, muddatidan oldin to‘lov uchun chegirma yoki yaqinlarning qo‘llab-quvvatlashi yordam beradi. Lekin bunday imkoniyat borligini bilish foydali: nima qilish kerakligi aniqroq va xotirjamroq bo‘ladi. Moliyaviy barqarorlik — bu reja, intizom va o‘z vaqtida rasmiylashtirilgan hujjatlardan iborat. Agar asosiy ehtiyojlaringizdan voz kechib, qarzni to‘lash yoki kelishish orasidan birini tanlash kerak bo‘lsa, vazmin va ongli ravishda harakat qiling. Ba’zan eng jasur qadam — yordam so‘rash. Ha, qarzni kechirish yangi, yanada barqaror moliyaviy davrning boshlanishi bo‘lishi mumkin.

AVO ilovasini yuklab oling
Barcha bank xizmatlari va operatsiyalari 24/7 sizning smartfoningizda








