• AVO

  • AVO gap

  • Skamerlar internetda bolalar va o‘smirlarni qanday aldashadi

Skamerlar internetda bolalar va o‘smirlarni qanday aldashadi

Internet bolalar uchun hovli yoki maktab kabi muhim makonga aylangan. Bu yerda ular do‘stlashadi, o‘yinlar o‘ynaydi, yangi narsalarni o‘rganadi. Ota-onalar uchun esa bu dunyoni kuzatib borish oson emas — vaqt ham, kuch ham har doim yetavermaydi, ekran ortida nima bo‘layotganini tekshirib bo‘lmaydi. Va hatto eng itoatkor va aqlli bola ham firibgarlar tuzog‘iga tushib qolishi mumkin.

Biz internetdagi firibgarlikka duch kelgan bolalar haqida 4 ta hikoya jamladik. 
Bolalarning ismlari ota-onalari iltimosiga ko‘ra o‘zgartirilgan.

Fishing va viruslar

Murod, 14 yosh, Samarqand

Onlayn kvestlarni juda yaxshi ko‘raman va ko‘pincha o‘yinlarga modlar qo‘shaman — ularda hamma ham ololmaydigan mexanika yoki aslahalarni olish mumkin. Bir forumda yozishdi: «Patchni yuklab ol — bepul VIP kirasan». Men bu paketni anchadan beri xohlab yurgandim. Reklama tanish forumdan kelgandek tuyuldi. Linkni jo‘natgan yigitni ham tanirdim: uning eski akkaunti bor edi, chatda umumiy tanishlarimiz bo‘lgan.

Telefonimdan havolani ochdim va yangilanishni yuklab olish uchun login-parolimni kiritdim. Bir soatlardan keyin g‘alati narsalar boshlandi. Telegramdan chiqarib yuborishdi, email-pochtamga parol o‘zgargani haqida xabar keldi, bankdan esa men qilmagan tranzaksiyalar bo‘yicha bildirishnomalar kela boshladi. Ma’lum bo‘lishicha, bu «patch» virus bo‘lgan ekan va u yigit ma’lumotlarimni o‘g‘irlab olibdi.

Kartadan yana pul yechib olishlaridan qo‘rqib, darhol dadamga aytdim. Uning texnikadan unchalik xabari yo‘g‘-u, lekin meni qattiq urishmadi, aksincha, unga aytganim uchun maqtadi. Birga bankka bordik, parollarni almashtirdik, arizalar yozdik. Akkauntlarimni tiklash ancha vaqt oldi. Endi linklarni faqat rasmiy saytlar orqali tekshiraman va biror faylni yuklashdan oldin bir nechta manbadan fikrlarni o‘qib chiqaman.

Men avtobus haydovchisiman, o‘yinlar yoki modlarni tushunmayman. O‘g‘lim virus orttirib olganini aytganda boshqalardan ortda qolmaslikni istaganini tushundim. Eng muhimi — hech narsani yashirmasdan, oldimga kelganidan xursandman.

Murodning dadasi

Shantaj va dipfeyk

Laylo, 15 yosh, Namangan
Tug‘ilgan kunimda birinchi smartfonimni sovg‘a qilishdi. Oldin ota-onam faqat tugmali telefon ishlatishga ruxsat berardi. Dadam telefon bolalar uchun faqat zarar deb aytadi. Smartfon olishim bilan Instagramda akkaunt ochib, rilslar qo‘ya boshladim. Hech qanday shubhali narsalar olmasdim, asosan maktab, dugonalarim bilan hazil videolar. Ota-onamga aytmadim, telefonimni olib qo‘yishlaridan qo‘rqdim. Oyim internet qizlar uchun emas deb o‘ylaydi, dadam esa ijtimoiy tarmoqlarni umuman yomon ko‘radi.

Bir kuni noma’lum akkauntdan xabar keldi. Qiz o‘zini prodyuser deb tanishtirdi, yosh blogerlarni qidirayotganini, mening videolarim yoqqanini aytdi. Bir necha hafta yozishdik, u kontent uchun g‘oyalar yuborardi, meni maqtardi, kontentim juda ham zo‘r, bu ketishda mashhur bo‘lib ketishimni aytardi. Keyin hayotim bilan qiziqa boshladi. Qayerda yashashim, qaysi maktabda o‘qishim, ota-onam nima ish qilishlari haqida so‘radi. U bilan dugonalardek gaplashardik. Kasting uchun bir nechta surat va video yuborishimni so‘radi. Kameraga qarab, kulib, havoda o‘pich yuborgan video olishimni aytdi. Men yubordim. Keyin esa hijobsiz suratga tushishni so‘radi, men rozi bo‘lmadim.

Shundan keyin u tanishuv saytida mening suratlarimni joylashtirib, haqiqiy ismim, yashash joyim, maktabim haqida ma’lumot yozib qo‘yganini ko‘rsatdi. Mening nomimdan uyatli gaplar ham yozgan edi. Men shokka tushdim. U ota-onamning ismini va maktab raqamini aytdi, agar 2 soat ichida $200 yubormasam, hammasini ularga yuborishini aytib tahdid qildi. Men vahimaga tushdim. Buvimning xonasiga bordim, u o‘z pullarini o‘sha yerda saqlashini bilardim. Dollarlar topib oldim va o‘g‘irladim. Lekin pulni o‘tkaza olmadim, oyimning telefoniga bildirishnoma kelganidan keyin, yonimga kirdi va nima bo‘layotganini so‘rashni boshladi. Men yig‘lab yuborib, hammasini boshdan-oyoq aytib berdim. Oyim juda xafa bo‘ldi, meni ancha urishdi, lekin dadamga aytmadi.

Biz qizimiz internetda qancha kam o‘tirsa, shuncha tinchroq deb o‘ylardik. Qarindoshlarimiz bolalariga umuman telefon va ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlab qo‘ygan. Lekin endi hamma narsani nazorat qilib bo‘lmasligini tushundim. Laylo bu voqeadan keyin yaxshigina dars oldi.

Layloning oyisi

Onlayn ish

Bek, 14 yosh, Toshkent
Men video montajga qiziqaman. Ota-onamga og‘irligim tushmasligi uchun, o‘zim pul topishni xohlardim. Telegramda «Blogerga yordamchi kerak: montaj, storis — oylik 1 mln so‘m» degan e’lonni ko‘rdim. Ularga yozdim. Tezda javob berishdi, ishlarimni maqtab, iqtidorli ekanimni aytishdi.

Ertasi kuni menejer «ishchi chat»ga kirish uchun 100 000 so‘m to‘lashim kerakligini aytdi. «Shunday qilib, jiddiy bo‘lmaganlarni ajratamiz», dedi. Men bu odatiy hol deb o‘yladim, rostdan ham ko‘pchilik va’da qilib, keyin yo‘q bo‘lib ketadi. Pul o‘tkazdim. Keyin rasmiylashtirish uchun yana 200 000 so‘m so‘radi. Menda bunday pul yo‘qligini aytdim. Menejer birinchi maoshdan qaytishini aytdi.

Shoshiltirib, kimdandir qarz olib yuborishimni maslahat berdi. Ota-onamning oldiga borib, «maktab remonti uchun pul yig‘ishyapti», deb yolg‘on gapirdim. Nega bunday qilganimni o‘zim ham bilmayman. Dadam pul topmoqchiligimga ishonmasdan, bermaydi deb qo‘rqdim shekilli. U pul berdi, men kartaga solib, menejerga yubordim. Shundan keyin akkaunt butunlay yo‘qolib qoldi.

Juda uyaldim, hammasini yashirishni xohladim. Lekin keyin ota-onam remont haqida so‘rab qolishidan qo‘rqib, oyimga bo‘lganlarini aytib berdim, yozishmalarni ko‘rsatdim. Onam xafa bo‘ldi, lekin urishmadi. Dadamga yotig‘i bilan tushuntirib, «bola shunchaki bizga yordam bermoqchi bo‘lgan-da», dedi.

Bek o‘zi aqlli bola. Lekin hozirgi o‘smirlar erta mustaqil bo‘lishni xohlashadi. Biz, ayolim bilan katta pul topmaymiz, u ham bizdan ortiqcha pul so‘ramaslikka harakat qiladi. Lekin endi u nima ish topsa, avval menga aytishiga kelishib oldik.

Bekning dadasi

Onlayn o‘yinlar

Amina, 12 yosh, Toshkent
Kechqurunlari darslarimni qilib bo‘lganimdan keyin Roblox o‘ynayman. Chatda Neyt degan nikli bola paydo bo‘ldi. U memlar yuborar, maktab haqida hazillashardi, noyob kostyumli oltin sandig‘i borligini aytdi. Biz tez-tez gaplashishni boshladik, u mening o‘yin natijalarimga qiziqardi, Instagramga zo‘r postlar qo‘yishimni aytardi.

Ikki haftadan keyin, Nеyt: «Bizning yopiq do‘konimiz bor, u yerda noyob aslahalar sotamiz. Sinab ko‘rasanmi? 150 000 so‘mga hech kimda yo‘q to‘plam yig‘ishing mumkin», — dedi. Ota-onam bunday narsaga pul bermasligini bilardim, ulardan so‘rashni ham istamasdim. O‘zim yig‘ib qo‘ygan pulim bor edi, shuni o‘tkazdim. Bir soatlardan keyin «Akkaunt bloklandi», degan xabar keldi. Nеyt esa umuman javob bermay qo‘ydi.

Keyin akam akkauntni tiklashga yordam berdi va bu soxta sayt bo‘lganini tushuntirdi. Bunday resurslardan hech narsa sotib olib bo‘lmasligini ham aytdi. Aldanganimdan shunday jahlim chiqdi… Akam ota-onamga aytib berdi, ular meni rosa urishishdi. Dadam «o‘zingning pulingni yo‘qotding, bu senga yaxshigina dars bo‘ladi», dedi.

Biz, turmush o‘rtog‘im bilan ko‘p ishlaymiz — men dorixonada, erim bozorda. Kechqurun gaplashishga vaqtimiz yo‘q. Amina o‘ynashini bilardim, lekin kimdir yosh bolani aldashi hech xayolimga kelmabdi. Endi esa har kecha birga ovqatlanib, kamida yarim soat qizimizning internetda nimalar qilishi haqida gaplashishni odat qildik.

Aminaning oyisi

Bolani firibgarlardan himoya qilish yo‘llari

  • Farzandingizning telefon ishlatishini taqiqlab qo‘ymang. Tajriba yetishmasligi va qattiq taqiqlar aksincha firibgarlik qurboniga aylanish xavfini oshirishi mumkin.
  • Onlayn xavfsizlik qoidalarini tushuntiring. Masalan, Kaspersky kabi saytlarda turli yoshdagi bolalar uchun aniq tavsiyalar bor.
  • Ota-ona nazoratini yoqing. Kontent filtrini sozlang, kartalarga limit o‘rnating, xarajatlar haqida bildirishnomalarni yoqing. Shunda shubhali operatsiyalardan o‘z vaqtida xabar olasiz.
  • Bu ishlarni unchalik tushunmasangiz yoki vaqtingiz bo‘lmasa, ishonchli onlayn qo‘llanmalardan foydalaning, bolalar bilan ishlaydigan mutaxassislar yoki internetni yaxshi biladigan tanishlardan yordam so‘rang. Jarayonga o‘zingiz ham qo‘shiling — bu butun oila uchun raqamli xavfsizlikni oshiradi.

Bola bilan internet xavfsizligi haqida qanday gaplashish mumkin?

  • Bu mavzuni tez-tez, lekin qisqa va bosimsiz ko‘tarib turing: yangi onlayn do‘stlari, internetda ko‘rgan qiziq narsalari, tushunarsiz xabarlar haqida so‘rang.
  • «Bilasanmi, bitta bola pulini firibgarlarga yuborib qo‘yibdi… Sen bo‘lsang, nima qilarding?» kabi hikoyalar orqali gaplashing.
  • «Hech qachon bunday qilma!» deyish o‘rniga «Kel, bunaqa qilish mumkinmi, birga o‘ylab ko‘ramiz», degan yondashuv yaxshiroq ishlaydi.
  • «Aqlli va mustaqil ekaningni bilaman. Lekin hatto kattalar ham ba’zan xato qilishadi», deb ayting.
  • Onlayn xaridlar va ish takliflari bo‘yicha qarorlarni birgalikda qabul qilishga kelishib oling. Bu firibgarlikni haqiqiy imkoniyatlardan ajratishga yordam berishini tushuntiring.
  • Eng muhimi, «Nima bo‘lmasin, doimo yonimga kelishing mumkin. Pul yo‘qotgan bo‘lsang ham, rasm yuborgan bo‘lsang ham, kimdir tahdid qilsa ham. Birga hal qilamiz» deb ayting.

Oilaviy psixolog Maya Tallibayeva shunday deydi:
«Oiladagi eng katta resurs — ishonch. Agar o‘smir uni urishmasdan, eshitishlarini bilsa, u muammoni yolg‘iz hal qilishga urinmaydi. Shaxsiy chegaralar qo‘yishda ichki tayanchni tarbiyalash juda muhim: bola “yo‘q” deyishni, suhbatni to‘xtatishni yoki suhbatdoshni bloklashni bilishi kerak. Bunday ichki tayanch har qanday antivirusdan yaxshiroq himoya qiladi.»

*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

AVO ilovasini yuklab oling

Barcha bank xizmatlari va operatsiyalari 24/7 sizning smartfoningizda

Yuklab olish
📖 Ta'lim
23.11.2025
6 daqiqa
Nasiba Kamilova
Maqola muharriri
O’zbekistondagi qulay mobil bank

Barcha bank xizmatlari va operatsiyalari sizning smartfoningizda

Saytdan foydalanishni yanada qulayroq qilish uchun cookie-fayllaridan foydalanamiz. Batafsil ma’lumot maxfiylik siyosatimizda

+998 (78) 888-78-87

Barcha savollaringizga javob beramiz va muammolarga yechim topishda yordam beramiz

AVO kredit kartasi

Bank haqida

Internet-banking
  • Mahsulotlar
    • AVO platinum kredit kartasi
    • To'lov stikeri
    • AVO omonati
  • Jamoamizga qo'shiling
    • Vakansiyalar
    • IT, biznes va jarayonlar
    • Mijozlar bilan ishlash
  • Foydali ma'lumotlar
    • Tariflar
    • Sayt xaritasi
    • Aksiyalar va hamkorlar
    • Kartani chiqarish qurilmalari
    • Firibgarlik sahifalari
  • Fikr-mulohazalar
    • Savollar va javoblar
    • Murojaat yuborish
    • Fuqarolar qabuli
    • Fikr-mulohazalar
AVO gapBankomatlar

UZ

  • Qarzdorlikni so'ndirish
  • Bank haqida
+998 (78) 888-78-87
Bosh sahifaMoliyaYangiliklarSavol-javoblar
mobile app
Mobil ilova

Ilova sizning Android va iPhone qurilmangizda mavjud

2025, «AVO bank» AJ, 2025-yil 28-fevraldagi 83-sonli litsenziya Saytdagi ma’lumotlarning so‘nggi yangilanish sanasi: 20/11/2025

  • Kompleks bank xizmatlarini ko'rsatish shartlari

  • Foydalanish shartnomasi

  • Maxfiylik siyosati

«AVO bank» xizmatlarni shaxsiylashtirish va ulardan foydalanish sifatini yaxshilash uchun cookie fayllardan foydalanadi. Cookie fayllari veb-saytga oldingi tashriflar haqidagi ma’lumotlarni o’z ichiga olgan kichik fayllardir. Agar siz cookie fayllardan foydalanishni istamasangiz, iltimos, brauzer sozlamalarini o’zgartiring.

Ko'proq maqolalar
  • Bosh sahifa • 20.11

    Gringotts O‘zbekistonda ochilganida, goblinlar qanchaga qamalgan bo‘lardi?

    Rustam Mansurov

  • Bosh sahifa • 17.11

    Kelajak kasblari: hozir qaysi sohaga o‘qigan ma’qul?

    S.Aydin

  • Bosh sahifa • 13.11

    Bayramlar mavsumidan qarzsiz chiqib olish: Yangi yil sovg‘alarini olishda kredit karta qanday yordam bergani haqida

    Nasiba Kamilova

  • Yangiliklar • 13.11

    Texnologiyalar moliyani kuchliroq qilganda: HiveTech × AVO bank hamkorligi 

    AVO press-markazi

  • Bosh sahifa • 10.11

    Iqtisodiyotning ko‘rinmas tarmog‘i: O‘zbekistonda logistika qanday ishlaydi?

    Yuna Korostelyova

  • Yangiliklar • 10.11

    AVO afyon marafon start oldi: bosh sovrin — uchta Ayfon 17 Pro Max

    AVO press-markazi


Blogdagi maqolalarBarcha maqolalar

2