Ba’zan bank so‘zlari moliyachilarning maxfiy tilidek eshitiladi. Imtiyozli davr, kredit skoringi, majburiy to‘lov — ko‘pchilik uchun bular tushunarsiz atamalar to‘plami. Lekin hamma narsani oddiy so‘zlar bilan tushuntirib, hayotiy misollar orqali ko‘rsatilsa, manzara oydinlashadi.
Tasavvur qiling: do‘stingiz bor, u har doim xaridlar uchun qarz berishga tayyor, lekin uni o‘z vaqtida va belgilangan qoidalarga binoan qaytarishingiz shart. Kredit kartasi taxminan shunday ishlaydi. Keling, kredit kartasidan foydalanish oson va ortiqcha muammolarsiz bo‘lishi uchun asosiy so‘zlarning nimani anglatishini ko‘rib chiqaylik.
Kredit limiti
Sizga qarzga beriladigan eng yuqori summa. Bank shunday deydi: «Pullarimni ishlatishingiz mumkin, faqat belgilangan miqdorgacha». Bu xuddi xonadagi shiftga o‘xshaydi: xohlagancha sakraysiz, lekin shiftdan yuqoriga chiqolmaysiz.
Aytaylik, sizda 20 mln so‘mlik limit bor: 10 mln ga uyingizni ta’mirladingiz, 8 mln ga smartfon sotib oldingiz, 2 mln ga oziq-ovqat xarid qildingiz — shu bilan bank sizga bergan pul tugaydi. Lekin limit moslashuvchan narsa: agar pulni aql bilan ishlatsangiz va o‘z vaqtida qaytarsangiz, vaqt o‘tishi bilan bu chegara ko‘tariladi.
Kredit mablag‘lari
Bu bank puli bo‘lib, siz uni ishonch asosida olasiz va belgilangan muddatda qaytarasiz. Uni xohlaganingizcha sarflashingiz mumkin, lekin baribir bank puli bo‘lib qolaveradi.
Masalan, hali oylik olmagan bo‘lsangiz ham dam olish kunlari Samarqandga 500 ming so‘mlik chipta sotib oldingiz. Bunday vaziyatda o‘z cho‘ntagingizdan emas, balki kredit kartangiz, ya’ni bank mablag‘lari hisobidan to‘laysiz. Bu usul hozir sotib olib, keyin to‘lash mumkin bo‘lganda asqatadi.

Shaxsiy mablag‘lar
Bu endi o‘sha kartadagi shaxsiy pulingiz. Masalan, kartaga ish haqini o‘tkazish yoki pul o‘tkazmalari orqali to‘ldirish mumkin. Ko‘pincha xarajatlar quyidagi tartibda amalga oshiriladi: avval shaxsiy pul, keyin kredit puli sarflanadi.
Masalan, 10 mln so‘mlik limitingiz bor, lekin kartangizga o‘z hisobingizdan yana 300 ming so‘m qo‘shdingiz. Kunduzi 200 ming so‘mga yoqilg‘i quydingiz — bunda aynan sizning 200 ming so‘mingiz ishlatiladi, limit esa o‘zgarishsiz qoladi.
Foizsiz davr
Bu kredit pulidan bepul foydalanish muddati hisoblanadi — karta qoidalarida ko‘rsatilgan sanagacha qarzni qaytarishga ulgursangiz, foizlar hisoblanmaydi. Odatda bu muddat 45 kundan 55 kungacha bo‘ladi (aniq muddatni bankingiz tariflarida ko‘rib chiqing).
Masalan, 1-avgust kuni 10 mln so‘mga noutbuk sotib oldingiz va sizda pulni foizsiz qaytarish uchun 45 kun bor (muddatni ilovada tekshiring). Agar shu muddat ichida qarzni to‘lasangiz, ortiqcha pul to‘lamaysiz. Muddatni o‘tkazib yuborsangiz, foizlar hisoblanishni boshlaydi.
Virtual karta
Xuddi o‘sha bank kartasi, faqat ilovada yashaydi. Uning raqami, amal qilish muddati va CVC kodi telefoningizda saqlanadi, to‘lovlarni esa onlayn amalga oshirish mumkin. Ovqatlanish, kino yoki taksi uchun bir tugmani bosib to‘lash juda qulay — jismoniy kartani o‘zingiz bilan olib yurishingiz shart emas.
Ko‘chirma va ko‘chirma sanasi
Bank har oy yakunida hisob-kitob qiladi: qancha xarajat qildingiz, qancha va qaysi sanagacha qaytarishingiz kerak. Bularning barchasi ko‘chirma deb ataladi.
Ko‘chirma tuzilgan kun esa ko‘chirma sanasi deb ataladi. Aytaylik, sana 10-sentyabr bo‘lsa: 10-avgustdan 9-sentyabrgacha xarid qilingan hamma narsa bitta ko‘chirmada ko‘rinadi. Buni xarajatlar va to‘lovlarni hisobga olish oyi deb tushunish qulay.
Xarajatlar davri
Ko‘chirma sanasidan keyingi ko‘chirma sanasigacha bo‘lgan vaqt oralig‘i. Bu davrda kartadan faol foydalanishingiz mumkin: sevimli ko‘ylagingizni sotib olasiz, kommunal to‘lovlarni, maktab to‘lovlarini, obunalarni, taksi xizmatlarini to‘laysiz. Hamma bu operatsiyalar eng yaqin ko‘chirmada jamlanadi va to‘lanishi kerak bo‘lgan umumiy summani tashkil etadi.
To‘lov davri
Xarajatlar davridan keyin darhol foizsiz qarzni qaytarish mumkin (va kerak 🤓) bo‘lgan davr boshlanadi. Masalan, ko‘chirma 10-sentyabrda shakllanib, 25-sentyabrgacha to‘lov muddati berilsa, 25-sanagacha summani to‘lashga ulgursangiz, foizlar hisoblanmaydi.
Aniq maslahat: qarzni qanchalik erta to‘lasangiz, shunchalik xotirjam bo‘lasiz — pul o‘tkazmalar ba’zan bir zumda amalga oshmaydi.
Masalan, sizda 45 kungacha foizsiz davrli AVO platinum kredit kartasi bor: birinchi 30 kun — xaridlar uchun, keyingi 15 kun esa — to‘lovlar uchun ajratilgan vaqt hisoblanadi.

To‘lov sanasi
Bankka pul qaytarish shart bo‘lgan oxirgi sana. Agar qoidalarda 25-sentyabr ko‘rsatilgan bo‘lsa, 26-sentyabr soat 00:01 dan boshlab mutlaqo boshqacha hisob-kitob boshlanadi. To‘lanmagan qoldiqqa foizlar hisoblanib, jarimalar ham qo‘llanilishi mumkin. To‘lovni bir-ikki kun oldindan rejalashtirish va eslatma qo‘yib qo‘yishni tavsiya qilamiz.
Majburiy to‘lov
Jarima va kechikishlarning oldini olish uchun to‘lov sanasigacha kiritilishi kerak bo‘lgan eng kam summa. Aytaylik, qarzingiz 3 mln bo‘lsa, majburiy to‘lov 300 ming bo‘ladi. 300 mingni to‘lasangiz, bank bilan munosabatingiz yaxshi saqlanib qoladi, lekin qolgan 2,7 mln uchun foizlarni baribir to‘lashingizga to‘g‘ri keladi. Qarzning umumiy miqdori va majburiy to‘lovni bank ilovasida ko‘rishingiz mumkin.
Moliyaviy maslahat oddiy: imkoniyat bo‘lsa, qarzni to‘liq yoping — bu arzonroq. Agar iloji bo‘lmasa, majburiy to‘lovni kiriting, shunda jarimalardan qutulib qolasiz.
Hisobvaraqqa xizmat ko‘rsatish
Kartani chiqarish va unga xizmat ko‘rsatish, SMS-xabarnomalar hamda shunga o‘xshash xizmatlar uchun oylik to‘lov. Odatda, bu summa uncha katta bo‘lmaydi.
Kredit skoringi
Qarz oluvchi sifatidagi ishonchliligingiz bahosi. Bank kreditlar bo‘yicha o‘z vaqtida to‘lov qilganingizni, qanday daromad ko‘rsatganingizni, to‘lovlarni qanchalik ko‘p kechiktirganingizni tekshiradi. Bu obro‘ga o‘xshash narsa. Muntazam to‘lovlar kredit olish imkoniyatingizni va yuqori limitni oshiradi, doimiy kechikishlar esa aksincha, yomon ta’sir ko‘rsatadi.
Mo‘jiza kutish shart emas. Yaxshi to‘lov intizomi skoringni tezlashtirishning eng samarali usuli hisoblanadi.
Individual shartlar
Har bir mijozning o‘z ko‘rsatkichlari bor: kredit limiti, foiz stavkasi, imtiyoz va aksiyalar. Ikki do‘stning kartalari bir xil bo‘lsa-da, kredit limiti turlicha bo‘lishi mumkin. Birining barqaror maoshi va toza kredit tarixi bo‘lsa, unga ko‘proq pul ajratiladi. Boshqasining daromadi pastroq va kreditlar bo‘yicha tajribasi deyarli yo‘q bo‘lsa, unga kamroq pul taklif qilinadi. Bu tabiiy holat. Bank har bir mijozning xavf darajasini hisobga olib, shartlarni belgilaydi.
Imtiyozsiz operatsiyalar
Foizlar to‘lov sanasini kutmasdan darhol hisoblanadigan bank operatsiyalari. Bular asosan naqd pul yechish, ba’zan esa boshqa karta yoki hamyonlarga pul o‘tkazishni o‘z ichiga oladi (tarifga bog‘liq). Masalan, bankomatdan 1 mln so‘m yechsangiz, xuddi shu kundan boshlab mln ga foiz hisoblana boshlaydi. Buning yechimi oddiy. Iloji boricha barcha xaridlarni oddiy xarid sifatida naqd pulsiz to‘lasangiz, imtiyozli muddat saqlanib qoladi.
Bonus va keshbeklar
Xarajatlarning bir qismini ball yoki pul ko‘rinishida qaytarib olish imkoniyati. Kechqurun supermarketda 500 ming so‘mlik xarid qilasiz, uning bir qismi bonus sifatida qaytadi. Ertalab bu bonuslar bilan qahva sotib olish mumkin. Dasturlarda yuqori toifalar ham bor. Masalan, ovqatlanish yoki taksi xizmatlari. Shuningdek, birinchi xarid uchun maxsus aksiyalar ham bor.
Valyuta ayirboshlash
Chet el yoki xorijiy saytda to‘lov qilganingizda, xarid summasi bank yoki to‘lov tizimining kurs va qoidalariga ko‘ra milliy valyutaga aylantiriladi. Masalan, $100 ga aviachiptalar sotib olsangiz, ko‘chirmada so‘mdagi qiymati ko‘rsatiladi. Chet eldagi terminallarda pul yechayotganingizda foydali maslahat: agar «darhol so‘mda yechib olish» taklif qilishsa, xarid qilinayotgan mamlakat valyutasini tanlash yaxshiroq. Shunday qilsangiz, qimmat dinamik konvertatsiyaning oldini olasiz.
Mijozlarni identifikatsiya qilish
Bu karta va qurilma aynan sizga tegishli ekanligini tasdiqlovchi dalil. Odatda buning uchun pasport va ilovada olingan selfi talab qilinadi. Identifikatsiyadan keyin kredit limitini rasmiylashtirish, kartalarni qayta chiqarish, operatsiyalar uchun yuqori limitlar o‘rnatish kabi barcha imkoniyatlar ochiladi. Bu ham xavfsizlik, ham qonun talabi hisoblanadi: bank kim bilan hamkorlik qilayotganiga to‘la ishonch hosil qilishi kerak.
Kredit kartasi shunchalik qiyin narsami?
Kredit kartasi — qarzga botish haqida emas, balki tushunarli qoidalarga ega qulay vosita. O‘z limitingizni bilish, imtiyozli davr qachon tugashini tushunish, to‘lov sanasini kechiktirmaslik, bonuslardan foydalanish va imtiyozsiz operatsiyalardan qochish — mana shu oddiy narsalar karta mohiyati. Shuning uchun bu atamalarni yaxshi tushunib olsangiz, o‘zingizga foyda bo‘ladi. Karta bilan qanchalik xotirjam va intizomli munosabatda bo‘lsangiz, u kundalik hayotingizda shunchalik ko‘p erkinlik beradi.
*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.