Qizlar, tan oling — sizning kiyim javoningizda ham dugonangizning to‘yiga kiyib, o‘ynab, suratga tushgan ko‘ylagingiz osilib turibdi-yu, endi esa: «Eh, ikkinchi marta kiya olmayman-da» deb o‘ylayapsizmi?
Ko‘pchiligimizda bunday ko‘ylaklardan bir nechtasi topiladi. Bu haqda ajoyib va foydali Garage Sale startapi asoschisi Viktoriya bilan suhbatlashdik. U qanday qilib kiyim javonini «dastasiz chamadon»ga aylantirmaslik va narsalar bilan yig‘lab xayrlashmasdan, aksincha bundan zavq olishni o‘rganish haqida gapirib berdi.
Viktoriyaning safari: oddiy kiyim javonidan startapgacha
Homiladorlik paytida Vika tanasi va didining kundan-kunga o‘zgarayotganini his qildi: tor jinsi shimlar o‘rniga zamonaviy keng shimlar, yopishib turadigan kechki ko‘ylaklar o‘rniga nafisroq liboslar kiyadigan bo‘ldi. Shunda u kiyim javoni oldida turib, «oltin zaxira»siga qarab «Bu kiyimlarni boshqa kiya olmayman, lekin tashlab yuborishga ham qo‘lim bormaydi» deb o‘yladi.
Boshida sekond hayolimga ham kelmagan. Shunchaki kiyim javonimni tartibga keltirishni istagandim. Kiyim meni emas, men kiyimni tanlashni xohladim. Eski uslublardan butunlay voz kechib, yangi o‘zimga yangi narsalarni toza vijdon bilan xarid qilish uchun kiyimlarimning bir qismini dugonalarimga tarqatdim, qolganini esa ramziy narxda berishga qaror qildim. Lekin birinchi narsalarni sotuvga qo‘yishim bilanoq men kutmagan narsalar bo‘lib ketdi.
Avvaliga Vika hamma narsani o‘z Instagrami orqali yuritishga urindi: storislar qo‘ydi, direktdagi xabarlarga javob berdi, o‘lchamlar, narxlar, nozik jihatlar haqidagi savollarga birma-bir javob berdi... Lekin ish juma bozoridagidek ko‘p, faqat jamoa va qahvaga tanaffus yo‘q edi.
2023-yil dekabr oyida u to‘laqonli onlayn do‘kon ochishga qaror qildi — shunday qilib shinamgina Garagesale Telegram kanali paydo bo‘ldi. Kanalning asosiy vazifasi nafaqat shaxsiy, ortiqcha bo‘lib qolgan narsalarni sotish, balki boshqalarga ham keraksiz narsalarini sotishda yordam berish edi. U yerda tufli, ko‘ylak, sumka, atir, etik, palto, taqinchoq, kamar va hatto quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynaklar ham sotilardi.

Qanday qilib tanish-bilishchilik ishni rivojlantirishga yordam berdi
Kanal ishga tushganidan keyin, qizlar unga qo‘shila boshlashdi va bir necha kun ichida 400 dan ortiq go‘zallar obuna bo‘ldi. Ular nafaqat kiyim xarid qilishdi, balki Vikadan kanalda o‘z liboslarini ham joylashtirishni so‘ray boshlashdi.
Boshida post narxi atigi 10 ming so‘m edi, hozir esa 20 ming. Lekin faqat kiyim sotilgandan keyin to‘lanadi. Bu ikki tomonlama foyda: kiyim sotilmasa — to‘lov ham yo‘q.
Kiyimga narx qanday qo‘yiladi
Universal formula yo‘q — narx xohishingizga ko‘ra qo‘yiladi. Eng muhimi, ham sotuvchi, ham xaridor mamnun bo‘lishi kerak. Savdolashishni yaxshi ko‘radigan xaridorlar ham bor. Bunga qarshi emasmiz, lekin bu shunchaki emas, balki aniq maqsad bilan bo‘lishi kerak.

Ko’ylak, sumka va ta’til – hammasi hozir kerakmi?
100 mln so’mgacha limitga ega AVO platinum oching va orzularingizga hoziroq erishing
Odatda biz shunday yo‘l tutamiz: yorliqli yangi narsami? Narxi boshlang‘ich narxning 50% atrofida bo‘ladi. Qolganlarini mehr va vijdonimizga qarab baholaymiz.
Masalan:
- Vintage King jinsilari — 200 000 so‘m 💙
- $250 turgan kelin ko‘ylagi $100 ga sotilgan 👰
- Asl Nike krossovkalarini 200 000 so‘mga qo‘lga kiritish mumkin edi 👟
- Yangi Guess sumkachasi esa atigi 490 000 so‘mga ketdi 💼
Eng asosiysi — buyum chang bosib yotmasdan, o‘zining yangi muhabbat tarixini topsin 💘
Nimaga do‘kon hamma kiyimlarni ham olavermaydi
Dastlabki muvaffaqiyatlardan keyin haqiqiy moda bosqini boshlandi: «Mening ko‘ylagimni ham, koftamni ham, jinsi shimimni ham, va yana boshqa kiyimlarimni ham sotib bering» degan iltimoslarning keti yo‘q edi.
Lekin, ajoyib vintaj kiyimlar qatorida shunday «asarlar» ham paydo bo‘la boshladiki, ularni ko‘rib yig‘lashni ham, kulishni ham bilmaysiz. Vika bu muammoni hal qilish uchun quyidagi qoidalarni o‘rnatdi:
- Kiyim faqat 2–3 marta kiyilgan bo‘lishi kerak;
- Dog‘lar, yirtiqlar, yoqimsiz va o‘tkir hidlar bo‘lmasligi kerak;
- Kiyimlar juda ham eski bo‘lmasligi kerak.
Sekond-hend hamma narsani tashlayveradigan chiqindixona emas. Bu go‘zallik bozorchasi — faqat sara narsalar, faqat mehr bilan tanlangan kiyimlar bo‘lishi kerak.
Sotuv jarayoni haqida
Kanalning g‘amxo‘r admini bor — u shaxsiy stilist vazifasini bajaradi. Sotuvchi qizlar unga shunchaki narsa rasmini va u haqida ma’lumot yuborishadi. Admin ko‘rib chiqadi, baholaydi va agar hammasi yaxshi bo‘lsa, narsa kanalga joylashtiriladi.
Keyin yangi mahsulot yoqqan mijozlardan xabar kutamiz. Admin ularni qabul qiladi va mahsulot egasi bilan bog‘laydi. Hozirda kanalda 600 dan ortiq obunachi bor va ularning barchasi kanalning to‘lovga qodir maqsadli auditoriyasi. Har oyda 100 dan ortiq mahsulot sotuvga chiqariladi. Har bir mahsulot o‘zining yangi qahramonini kutayotgan kichik hikoyaga o‘xshaydi.

Sekond-henddan kiyim sotib olishning foydasi nimada?
O‘zimni tutib turolmay so‘radim: «O‘zingiz sekond-henddan biror narsa sotib olarmidingiz?»
Bugungi kunda odamlar sekond-hend do‘konlariga arzon kiyim-kechak uchun emas, aksincha, hamyonbop narxlarda qimmatbaho, vintaj va noyob narsalarni izlab borishadi. Bunday do‘konlarda original buyumlarning narxi xuddi shunday yangi mahsulotlarga nisbatan 2 barobardan 10 barobargacha arzon bo‘lishi mumkin.
Aynan o‘sha yerda Valentino tuflisini $800 o‘rniga $200 ga yoki Christian Dior’ni $1100 o‘rniga $100 ga qo‘lga kiritish mumkin. Shunchaki nima qidirayotganingizni bilishingiz va vintaj narsalardan xabardor bo‘lishingiz kerak, xolos.
Men umuman vintaj narsalarni juda yaxshi ko‘raman. Afsuski, hozircha bizda zamonaviy durdonalarni topish mumkin bo‘lgan joylar kam. Lekin hammasi oldinda. Biz shu yo‘nalishda rivojlanib boryapmiz.
Sekond-hend — bu «buvilarimiz sandig‘i» emas, balki aqlli va zamonaviy kiyim almashinuvi
Sekond-hend buyumlar haqida gapirganimizda, ko‘pchilik ko‘z oldiga hali ham 90-yillar manzarasi keladi: kiyim-kechak uyumi, bir-dunyo latta-puttani kovlash kerak, yana, buvilarimiz sandig‘ining hidi kelib turadi.
Aslida esa, sekond-hend oqilona iste’mol, ongli yondashuv va uslub haqida. Bu xuddi bolalikda opangizning kiyimlarini kiyganingizga o‘xshaydi — faqat endi sizga yoqqan narsalarni o‘zingiz tanlaysiz.
Agar sizning kiyim javoningiz ham bir marta kiyish uchun sotib olingan kiyimlardan yopilmayotgan bo‘lsa — bu ishora. Bu narsalarga ikkinchi hayot bering. Qo‘shimchasiga, bu siz uchun ham yaxshigina daromad manbai bo‘lishi mumkin.
*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.