Eng xavfli firibgarlik hikoyalari ko‘pincha o‘g‘rilikdan emas, balki «ozgina yordam qilib yuboring», degan iltimosdan boshlanadi. Pul o‘tkazmasini qabul qilish. Rekvizitlarni berish. Kartani bir daqiqaga berib turish. Kartalarini o‘g‘irlangan pullarni yuvish va bir joydan boshqa joyga o‘tkazish uchun ishlatish uchun bergan odamlar — dropperlar deyiladi. Ba’zan hisob bloklanmaguncha va savollar chatda emas, butunlay boshqa joyda berila boshlamaguncha dropperning o‘zi ham jinoyatda qatnashayotganini tushunmaydi.
Dropperlar qanday ishlashi, ularning ortida kimlar turishi va nega begona odamning iltimosi bilan pul o‘tkazib bermaslik kerakligini tushuntirib beramiz.
Buyurtmachilar, tashkilotchilar, dropperlar: jinoiy guruh ishtirokchilari
Dropperlar kimligi va nega ularning zararsiz ko‘ringan harakatlari qonun bo‘yicha jazolanishini tushunish uchun, avvalo bu sxema qanday ishlashini bilib olish kerak. Firibgarlar suvdan quruq chiqishlari uchun o‘g‘irlangan yoki noqonuniy yo‘l bilan topilgan pulni (masalan, giyohvand moddalar savdosidan tushgan pulni) boshqa odamlarning karta va hisoblari orqali o‘tkazishlari kerak bo‘ladi. Bu uchun ular drop yoki dropperlarni, ya’ni begona odamlarni jalb qiladi. Pul oqimi aynan shu odamlar orqali o‘tadi.

Droplar turli xil bo‘ladi:
- Zalivchiklar — naqd pulni olib, bankomat orqali o‘z kartasi yoki hamyoniga soladi, keyin boshqa droplarga o‘tkazadi;
- Tranzitchilar — pulni o‘z kartasi yoki hamyoniga qabul qiladi va uni boshqa droplarga o‘tkazib yuboradi;
- Obnalchilar — pulni o‘z kartasi yoki hamyoniga qabul qiladi, naqdlashtiradi yoki kriptovalyuta sotib olib, tashkilotchilarga topshiradi;
- Universallar — hamma rolni bajarishlari mumkin.
Guruh shu tariqa shakllanadi. Uning boshida buyurtmachi — shubhali pullarning egasi va tashkilotchi — droplarni boshqaradigan odam turadi.
Qanday qilib dropper bo‘lib qolishadi
Dropperga ataylab ham, bilmasdan ham aylanib qolish mumkin. Telegram, Instagram, OLX’da «Qo‘shimcha ish. $1 000 dan ko‘proq pul toping», degan e’lonlarni uchratamiz. Odatda bunday takliflarga maktab o‘quvchilari, talabalar, dekretdagi ayollar, pensionerlar, ishsizlar yoki qarzi bor odamlar qiziqishadi. Ularning hammasi tez pul topishni xohlaydi va chiroyli va’dalarga oson ishonadi.
Bir qarashda ish oddiy va xavfsizdek ko‘rinadi: pul o‘tkazasiz-u, buning uchun haq olasiz. Ustiga-ustak xizmatlar yoki onlayn loyihalarni test qilish kerak degan chiroyli afsonani ham qo‘shishadi. Ko‘pincha odamlarni soxta tashkilotga ishlaydigan tanishlar orqali ham topishadi. Mana shu xavfsizlik hissi odamlarni rozi bo‘lishga undaydi.

Agar odam rozi bo‘lsa, u bilan tashkilotchi bog‘lanadi va keyin nima qilishini aytadi. Dropper passiv bo‘lishi mumkin — kartasining rekvizitlarini yoki mobil bankdagi shaxsiy kabinetiga kirish imkonini beradi va buning evaziga pul oladi. Yoki faol bo‘lishi mumkin — o‘tkazmalarni ham, naqdlashtirishni ham o‘zi qiladi.
Ba’zida odamning o‘zi dropper bo‘lib qolganini tushunmaydi ham. Firibgarlar quyidagi yo‘llar bilan o‘z qarmog‘iga ilintiradi:
- Telefon qilib, o‘zini xayriya xodimi sifatida tanishtirishadi va bolalarni davolash uchun pul o‘tkazib berishni so‘rashadi;
- O‘zini bank xodimi deb tanishtirib, texnik muammo bahonasi bilan o‘tkazma qilishingizni so‘rashadi;
- Kartangizga go‘yoki adashib pul tashlab, uni boshqa kartaga qaytarib berishingizni so‘rashadi;
- Fishing saytlar va soxta ilovalar orqali karta ma’lumotlaringizni o‘g‘irlashadi.
Muammo oflayn ham bo‘lishi mumkin. Masalan, siz bankomat yonida turibsiz, bir odam kelib, kartam uyda qolib ketibdi yoki zudlik bilan naqd pul kerak deb bahona qiladi. Sizdan karta rekvizitlaringizni so‘raydi, pul o‘tkazadi, siz naqd pul yechib, unga berasiz.
Vaziyatlar har xil bo‘lishi mumkin, lekin natija bitta — siz noqonuniy pul operatsiyalariga aralashib qolasiz.

Nega dropper — qurbon emas, aybdor
«Nima bo‘pti? Pul o‘tkazdim, buning uchun haq to‘lashdi» yoki «Shunchaki qiyin vaziyatdagi odamga yordam berdim», deb o‘ylashingiz mumkin. Lekin qonun buni boshqacha ko‘radi: dropper — qurbon emas, jinoyat ishtirokchisi. Tergov boshlansa, organlar va banklar e’tiborida eng avvalo tashkilotchilar emas, balki karta va hamyonlar egalari bo‘ladi. Hatto bitta o‘tkazma ham jinoyat ishining asosi bo‘lishi mumkin:
- Jinoyat yo‘li bilan topilgan daromadlarni legallashtirish — O‘zR JK 243-modda — 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish;
- Firibgarlik — O‘zR JK 168-modda — 50 dan 100 BHMgacha jarima, 2 yilgacha tuzatish ishlari, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etish;
- Noqonuniy valyuta operatsiyalari — O‘zR JK 177-modda — 75 dan 100 BHMgacha jarima, 2 yildan 3 yilgacha tuzatish ishlari yoki 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum etish.
Summa qanchalik katta bo‘lsa va ishtirok qanchalik ongli bo‘lsa, oqibatlar shunchalik og‘ir bo‘ladi.

Dropper bo‘lib qolmaslik uchun nima qilish kerak
- Shubhali vakansiyalarga ishonmang. Agar tajribasiz ham katta daromad va’da qilishsa, xohlaganingizda ishlaysiz, suhbatsiz ishga olamiz deyishsa — shubhalaning. Ayniqsa ish pul o‘tkazish, kirim-chiqim qilish bilan bog‘liq bo‘lsa, yanada ehtiyot bo‘ling.
- Adashib pul yuborishsa, qaytarmang. Tasavvur qiling, kartangizga adashib kattagina pul yuborishdi, keyin qo‘ng‘iroq qilib, qaytarib yuborishingizni so‘rashdi. Bu vaziyatda to‘g‘ri yo‘l bitta: pul yuborgan odamdan bankka murojaat qilib, operatsiyani bekor qildirishini so‘rang. Faqat shunda siz jinoyatga aralashib qolmaysiz. Agar qo‘ng‘iroq qilgan odam rozi bo‘lmay, tahdid qila boshlasa — IIBga borib, ariza yozing.
- Karta rekvizitlarini begonalarga bermang. Esda tuting: karta ham, unga kirish ham sizning shaxsiy mas’uliyatingiz. Agar to‘lov ma’lumotlaringizdan droplar foydalansa, bank va organlar nazarida gumonlanuvchi siz bo‘lasiz. Hech qachon kartangiz ma’lumotlarini naqdlashtirish yoki pul o‘tkazish uchun bermang — hatto qarindoshlar va tanishlarga ham.
- Yaqinlaringizga firibgarlar qanday ishlashini tushuntiring. Ko‘pincha qurbonlar bolalar va yoshi katta odamlar bo‘ladi. O‘smirlar internetdagi oson pulga ilinadi, buvi-buvalar esa bank xodimi yoki yordam jamg‘armasi nomidan qo‘ng‘iroqlarga ishonib qoladi. Yaqinlaringiz bilan gaplashib, asosiy sxemalarni tushuntirib qo‘ying.
Agar allaqachon zanjirning bir qismiga aylanib qolgan bo‘lsangiz, darhol o‘tkazmalarni to‘xtating, bank va organlarga murojaat qiling, yaqinlaringizni ogohlantiring — shunda bu voqeani ortiqcha muammosiz yopishingiz mumkin.
*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

AVO ilovasini yuklab oling
Barcha bank xizmatlari va operatsiyalari 24/7 sizning smartfoningizda
