Faraz qilaylik, siz 15 yillik ipotekani oldingiz. Ammo oradan bir necha yil o‘tib, moliyaviy imkoniyatlaringiz yaxshilandi va siz qarzni tezroq yopishni istadingiz. Bunday holatda, muddatidan oldin to‘lash sizga kredit muddatini qisqartirishga va oylik to‘lovlarni kamaytirishga yordam beradi.
Bundan qanday foyda olishingiz mumkin? Birinchidan, bu sizga qarzdan tezroq qutulish imkonini beradi. Ikkinchidan, ipoteka bo‘yicha foizlar qarz qoldig‘iga bog‘liq. Qancha tezroq asosiy qarzni kamaytirsangiz, bankka shuncha kam foiz to‘laysiz.
Lekin bu yerda ba’zi nozik jihatlar bor. Hamma banklar ham qarzni oldindan yopishingizni yoqtirmaydi. Ayrimlari buning oldini olish uchun komissiyalar yoki cheklovlar belgilaydi, ba’zilari esa oldindan xabardor qilishni talab qiladi. Shuning uchun bu jarayonni to‘g‘ri amalga oshirish muhim.
Ipotekani qanday muddatidan oldin yopish mumkin?
Jarayon bir necha bosqichdan iborat:
- Bankni xabardor qiling. Ba’zi banklar qo‘shimcha to‘lov kiritishdan 30 kun oldin mijozdan yozma ariza talab qilishadi.
- Qaysi usul sizga qulayroq ekanligini aniqlang. Siz uchun qaysi variant muhimroq — ipoteka muddatini qisqartirishmi yoki oylik to‘lovni kamaytirishmi?
- Pul mablag‘ini kiriting. Ipoteka bo‘yicha oddiy to‘lovlar avtomatik amalga oshiriladi, lekin muddatidan oldin yopishni mijoz shaxsan o‘zi amalga oshirishi kerak. Bank rekvizitlari va mumkin bo‘lgan komissiyalarni tekshirib chiqing.
Ipotekani muddatidan oldin to‘lash mumkinmi?
Ha, lekin bu bank shartlariga bog‘liq. Ba’zi banklar ipotekaning dastlabki yillarida muddatidan oldin to‘lashga cheklov qo‘yishi mumkin.
Masalan, ayrim banklar mijozlarga faqat oylik to‘lov kuni qo‘shimcha to‘lov kiritishga ruxsat beradi. Agar to‘lov boshqa sanada amalga oshirilsa, mablag‘ hisobda «muzlatilib», keyingi oylik to‘lov kuniga qadar yechib olinmaydi. Shu sababli, barcha shartlarni oldindan o‘rganish muhim.
Ipotekani qaysi usul bilan yopish foydaliroq?
Misol uchun, siz oyiga 3 million so‘m to‘lash sharti bilan 20 yilga ipoteka olgansiz. Agar har oy qo‘shimcha million so‘m to‘lasangiz, kredit muddatini sezilarli darajada qisqartirib, foiz xarajatlarini kamaytirish imkoniga ega bo‘lasiz.
Agar maqsadingiz byudjet yukini yengillashtirish bo‘lsa, qo‘shimcha to‘lovni umumiy qarzni kamaytirish uchun ishlatishingiz mumkin. Biroq bu holda foizlar bo‘yicha umumiy tejash unchalik katta bo‘lmaydi.
Ipotekani muddatidan oldin qisman yopish
Bu degani, siz odatiy to‘lovdan ko‘proq mablag‘ kiritasiz, lekin butun ipotekani yopmaysiz. Masalan, qo‘shimcha daromad (mukofot puli, soliq imtiyozi yoki yaqinlaringizdan sovg‘a) kelib tushganda, siz bu mablag‘ni ipoteka qarzini kamaytirish uchun ishlatishingiz mumkin.
Muddatidan oldin yopishning foydasini qanday hisoblash mumkin?
Eng qulay usul — ipoteka kalkulyatoridan foydalanish. Ko‘pincha bunday kalkulyatorlar banklarning rasmiy saytlarida mavjud. Ular yordamida siz quyidagilarni aniqlashingiz mumkin:
- foiz to‘lovlari bo‘yicha qancha tejaysiz
- to‘lov grafiki qanday o‘zgaradi
- qaysi biri foydaliroq: kredit muddatini qisqartirishmi yoki oylik to‘lovni kamaytirishmi
Ipotekani muddatidan oldin yopganda sug‘urta pulini qaytarish mumkinmi?
Agar siz ipotekani muddatidan oldin yopgan bo‘lsangiz, sug‘urta mukofotining qolgan qismini qaytarib olishingiz mumkin. Buning uchun quyidagi amallarni bajarish lozim:
- Sug‘urta kompaniyasiga ariza berish.
- Kredit yopilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish.
- Qolgan sug‘urta muddati asosida hisoblab chiqilgan mablag‘ni qaytarib olish.

Ortiqcha to‘lovlarsiz moliyaviy erkinlik
AVO platinum kartasini rasmiylashtiring va 45 kungacha foizsiz muddatdan foydalaning
Xulosa
Ipotekani muddatidan oldin yopish — ortiqcha foiz to‘lovlarini kamaytirish va moliyaviy yukni yengillashtirishning samarali usuli. Biroq bu qarorni qabul qilishdan oldin, shartnomani diqqat bilan o‘rganing va ipoteka kalkulyatori yordamida foydasini hisoblab chiqing. Bank talablari va cheklovlarini hisobga olib, barcha bosqichlarni to‘g‘ri bajarish orqali siz ortiqcha komissiyalar va qo‘shimcha xarajatlardan qochishingiz mumkin.