Internet ikkinchi hayotimizga aylanishga ulgurdi. Unda ish qidiramiz, tanish orttiramiz, do‘stlarimiz bilan gaplashamiz, kino ko‘ramiz. Lekin aynan shu joyda mehnatsiz oson pul topish vasvasasi turadi. «Oyiga 50% kafolatlangan foyda», «Tajriba shart emas, faqat telefon kerak», «AQShlik mukammal hamkor biznesingizga sarmoya kiritmoqchi» kabi e’lonlarni bir marta bo‘lsa ham uchratgandirsiz. Quloqqa yoqib tushadi-yu, lekin ko‘pincha bu kabi va’dalar — klassik aldov sxemasining boshlanishi, xolos.
Soxta investitsiyalar
Ijtimoiy tarmoqlarda «1 mln tikib, 2 soatda 19 mln oling» degan e’lonlarga borgan sari ko‘proq ko‘zimiz tushyapti. Yoki shaxsiy kabineti bor saytlarda grafiklar xamirturushday o‘sadi, pulni esa go‘yoki bir necha tugmani bosib, chiqarib olasiz. Avvaliga shunday ko‘rinadi. Jiddiy summani yechish vaqti kelganda — platforma qotib qoladi, akkauntingiz bloklanadi, «adminlar» esa g‘oyib bo‘ladi. Soxta investitsiya platformalari ana shunday ishlaydi. Sxema oddiy: avval kichik-kichik to‘lovlar bilan ishonchingizni qozonishadi.
O‘zbekistonda faqat 2024 yilda o‘n minglab odamlar shunday aldovlarning qurboniga aylandi. «Yashil energetika»dan har kuni daromad va’da qilgan Masdar kompaniyasining qalbaki sayti; «1 mln so‘mingiz 2 soatda 19 mln bo‘ladi» deb va’da bergan 31 ming obunachiga ega Telegram-kanal; odamlar $160 000 dan ko‘proq pul tikib, bir tiyinsiz qolgan soxta kriptovalyuta kabi mashhur holatlar bo‘lgan.
Raqamlar ham buni tasdiqlaydi: huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda kiberjinoyatlardan ko‘rilgan umumiy zarar 1,9 trln so‘mdan oshgan.
Asosiy qoida: va’dalar qanchalik chiroyli bo‘lsa — aldov ehtimoli shunchalik yuqori.

Onlayn uchrashuv skamerlari
Tinder’dagi firibgar filmidan keyin barchamiz sevgi aldovlarini ajrata olamiz deb o‘yladik. Lekin texnologiya ancha rivojlandi: endi firibgarlar neyrotarmoqlardan foydalanyapti, ovoz, hatti-harakat va hatto onangizni so‘rab turadigan raqamli avatarlar yaratishyapti.
Elenaning hikoyasi buning yaqqol misoli: u o‘zini yosh startaplarga sarmoya kiritadigan investor deb tanishtirgan Maykl bilan tanishdi. Yozishmalar tezda videoqo‘ng‘iroqlarga aylandi, kripto-platformadagi shaxsiy kabineti birinchi kundanoq yaxshi natija berdi, quvonchdan o‘zini qo‘yarga yer topa olmagan qiz yana $25 000 tikdi. Natija kutilganidek: pul ham, akkaunt ham g‘oyib bo‘ldi, Maykl esa aslida hech qachon bo‘lmagan.
Tovlamachilar tez ishonchingizga kiradi: ikkinchi kundanoq eng yaqin do‘stim deb chaqiradi, birga sarmoya kiritishni taklif qiladi yoki farzandini davolash uchun zudlik bilan pul berib turishingizni so‘raydi. Suhbat doimiy pul so‘rashga aylanib qolsa — bu sevgi emas, firibgarlarning biznes loyihasi.
Mukammal ish ortidagi tuzoq
Yana bir mashhur ssenariy — yengil ish o‘rinlari. «Fikr evaziga 100 000 so‘m», «Tajriba shart emas — faqat telefon kerak». Avval hammasi ishonarlidek ko‘rinadi: oddiy topshiriq berishadi, ozgina pul to‘lashadi. Keyin haqiqiy fikr bildirishingiz uchun mahsulot xarid qilishni, o‘qish uchun to‘lov qilishni yoki fayl yuklab olishni so‘rashadi. Natijada pul g‘oyib bo‘ladi, ba’zan firibgarlar mobil bank ilovangizga ham kirib olishadi.

Hech qachon esingizdan chiqmasin: ishda sizga pul to‘lashadi, siz ularga emas. Haqiqiy ish beruvchi hech qachon o‘qish uchun pul yoki kirish badali so‘ramaydi.
Bu tuzoqqa qanday ilinmaslik mumkin
Ha, tarmoqlarda haqiqiy ishlar, halol investitsiyalar va tanishuvlar bor. Lekin achchiq statistikaning bir qismiga aylanmaslik uchun quyidagi oddiy qoidalarga amal qiling:
- Kompaniyani albatta my.gov.uz va rasmiy reyestrlarda tekshiring;
- Xavfsiz daromad va’dalariga ishonmang;
- Yangi tanishlar yoki ish beruvchilarga pul o‘tkazmang;
- Hech kimga pasport ma’lumotlari va SMS-kodlarni bermang.
Internet zo‘r vosita — faqat yodda tuting: bepul pishloq faqat qopqonda bo‘ladi. 🧀🐭
*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

AVO ilovasini yuklab oling
Barcha bank xizmatlari va operatsiyalari 24/7 sizning smartfoningizda