O‘zbekistonda chilla — shunchaki jazirama havo emas. Bu tana, asablar va, albatta, hamyon uchun chinakam sinov. Yoz qizigan paytda asfalt erib ketgudek bo‘ladi, konditsioner to‘xtovsiz ishlaydi, och bo‘lmasangiz ham, tobora holsizlanib borasiz. Aynan shu paytda qanchalik issiq bo‘lmasin, tanani to‘g‘ri oziqlantrish kerakligini yodda tutish shart. Ovqatlanmasangiz, tez orada holsizlik, bosh og‘rig‘i va uyqusiz tunlar bilan yuzma-yuz kelasiz.
Buning ustiga, chilla go‘yo bizdan pul so‘rib olish uchun yaratilgandek: 60 ming so‘mlik tarvuz, har burchakda muzdak ichimliklar, uyda ovqat pishirish issiqlik qilgani uchun ovqat buyurtma qilish... Oqibatda iyul oyidagi xarajatlarni ko‘rib, yig‘lab yuborgingiz keladi.
Ham to‘g‘ri ovqatlanish, ham pulni behuda sarflamaslik maqsadida o‘zim uchun MFA formulasini ishlab chiqdim: Mazali + Foydali + Arzon. U oddiy, lekin juda samarali. Agar har bir dasturxonda shu uch toifadan biri bo‘lsa — qorin ham, hamyon ham mamnun bo‘ladi.
Ko‘ngil uchun — mazali
Issiqda ishtaha yo‘qoladi. Lekin dasturxonda albatta bitta yorqin va yoqimli taom bo‘lishi shart. Aks holda, gazli ichimlik, muzqaymoq yoki qimmat gazaklarga pul sarflash xavfi ortadi.
Mazali taom qimmat emas, ko‘zni quvontiradigan bo‘lishi kerak. Masalan, suvlikkina tarvuz. Chilla boshida u qimmat turadi, lekin kechga yaqin bozorlarda narxlar tushadi va kichikroq, lekin shirin tarvuzni arzonroqqa olish mumkin. Qovun ham yaxshi tanlov, faqat uni to‘q qoringa yeyishni tavsiya qilmaymiz. Muzqaymoq yoki sovuq mevali salat ham mos keladi. Bularning barchasi hatto ko‘chada harorat 45 darajaga yetsa ham, yoz va bayram kayfiyatini yaratadi.

Salomatlik uchun — foydali
Issiq havo tanani tez suvsizlantiradi va kuchingizni olib qo‘yadi. Shu sababli, yozda foydali ovqatlanish tanlov emas, balki zaruriyatdir. Eng qulay usul — mavsumiy sabzavotlardan tayyorlangan salatlar. Pomidor, bodring, rediska va bir bog‘ ko‘katlar arzon bo‘lib, tanani vitaminlar va suv bilan boyitadi. Kefir va biroz mineral suv qo‘shsangiz, bir vaqtning o‘zida ham tetiklashtiruvchi, ham to‘ydiruvchi okroshka tayyorlash mumkin. Oshqozon uchun yengil va yoqimli bo‘lgan yana bir variant — ayron yoki yalpizli yogurt.
Qorin to‘yishi uchun — arzon
Nihoyat, dasturxon oddiy va to‘yimli taom qo‘shilmaguncha to‘liq bo‘lmaydi. Bu, hatto barcha narsalar arzon bo‘lsa ham, boy dasturxon taassurotini yaratadi.
Bu yerda lavash yoki non mos keladi — salat va tarvuz bilan birgalikda to‘liq ovaqtni tashkil etadi. Popkorn ham qo‘shishingiz mumkin — bozorniki emas, balki uyda jo‘xoridan tayyorlangani, shu arzonroq tushadi. Gazli ichimliklar o‘rniga qoqili kompot yoki ko‘k choyni ham unutmang — ular ancha foydali va arzonroq.

MFA formulasi bo‘yicha bir kunlik taom ro‘yxati:
Nonushta | |
Foydali |
|
Arzon | lavash yoki patir |
Mazali | qovun |
Tushlik | |
Foydali |
|
Arzon | non yoki popkorn |
Mazali | tarvuz |
Kechki ovqat | |
Foydali | dimlangan mavsumiy sabzavotlar yoki yana salat |
Arzon | qoqili kompot |
Mazali | 1 plombir yoki mevali salat |

Va albatta…
Chilla nafaqat chidamlilikni, balki rejalashtirish qobiliyatini ham sinaydi. Yozda ko‘pchilik rejasiz va o‘ylamasdan xarid qilgani sababli, qishga qaraganda oziq-ovqatga ko‘proq pul sarflaydi.
«Mazali + Foydali + Arzon» formulasi yetkazib berish xizmatlari va keraksiz tamaddilarga pul sarflamasdan, o‘zingiz va yaqinlaringizni nima bilan ovqatlantirishni oldindan o‘ylab qo‘yishga yordam beradi. Bu formula pul, vaqt va kuchni tejaydi, eng muhimi — karta balansi haqida xavotirlanish o‘rniga yozdan rohatlanish imkoniyatini beradi.
Xullas, chilla tugaydi, lekin oqilona ovqatlanish odati siz bilan qoladi. Bu o‘zingiz, salomatligingiz va moliyaviy savodxonligingizga qo‘yilgan yaxshi sarmoyaga aylanadi.
*Maqoladagi ma'lumotlar nashr etilgan vaqt uchungina amal qiladi. AVO bank ushbu ma'lumotlar kelajakda ham xuddi shunday va dolzarb bo'lib qolishiga kafolat bermaydi. Qaror qabul qilishdan oldin eng so'nggi ma'lumotlarni tekshirishingizni maslahat beramiz.
*Maqoladagi fikr — muharrirning shaxsiy fikri bo'lib, u AVO bank pozitsiyasini ko'rsatmaydi. Bank ma'lumotlar to'g'riligi va undan foydalanish oqibatlari uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.