Plastik paket xuddi ryukzakning bir chetida qolib ketgan plastik qoshiqdek: kichkina va xalaqit bermaydigan ko‘rinsa-da, har safar xijolat qiladi. Ayniqsa, u juda uzoq, yillar, asrlar, nafaqaga chiqquningizgacha, itingiz nafaqaga chiqqunigacha, chiqindi poligonlari intervyu bera boshlaydigan paytgacha – sayyoramizda uzoq vaqt qolishini tushunganingizda.
Lekin ortiqcha vahima qilmaylik. Keling, kim haqligini aniqlaymiz — shoperlar muxlislarimi yoki eski ishonchli polietilen romantikasi tarafdorlarimi. Spoyler: haqiqat kassa bilan chiqindi chelagi orasida yashiringan.
Uyingizda qancha paket borligini bir eslang
Hayotingizda bir marta bo‘lsa ham: «Paketni tashlab yubormang, kerak bo‘ladi», degan bo‘lsangiz, tabriklaymiz. Siz ulug‘ plastik to‘plovchilar klubi a’zosisiz. Rakovinangiz ostidagi javon madaniy meros sifatida tan olinishga juda yaqin. Undagi har bir paket qachondir «har extimolga qarshi» degan niyatda sotib olingan, endi esa zirhli poyezddagi askar kabi o‘z soatini kutyapti.
Lekin, o‘sha soat keladimi? Yoki yupqa, yopishqoq sellofan uyumiga aylanib ketgunicha shunday yotaveradimi?

Paket vs. shoper: kim ko‘proq yashaydi?
Plastik paketning kuchli tomoni shundaki, u ishlatishga har doim tayyor. Tez sotib olinadi, oson yig‘iladi, xarid qilish uchun ham, chiqindi uchun ham, tarvuz, poyabzal va sirlarni tashish uchun ham yaraydi. Ayniqsa, supermarketdan olingan paketlar qanchalik g‘alati eshitilsa ham, ba’zi do‘stlardan ishonchliroq bo‘lib chiqadi.
Shoperga kelsak, u oddiy sumka emas. U bir manifest. U uslub. U bilan dunyoga: «Men plastikka qarshiman. Doim yonimda daydi mushukchalar uchun ozuqa olib yuraman», deb e’lon qilgandek bo‘lasiz. U pishiq, oson yig‘iladi, chiroyli, uni yuvsa ham bo‘ladi, hatto onangizga sovg‘a qilsangiz ham bo‘ladi. Eng muhimi — u o‘zidan keyin 400 yillik qora iz qoldirmaydi.

Pul, qulaylik va biroz ekologiyadan gapirsak
Paketlarga yiliga o‘rtacha 200–250 000 so‘m ishlatamiz.
Shu yerda paket matematikasiga o‘tamiz 🤓
Vaqt | Summa |
1 paket | 750 so‘m |
1 xarid uchun 2 paket | 1 500 so‘m |
Haftasiga 3 xarid | 4 500 so‘m |
Oyiga (4 hafta) | 18 000 so‘m |
Yiliga (12 oy) | 216 000 so‘m |
U qandaydir investitsiya bo‘lganida, boshqa gap edi. Lekin, afsuski, paket xarid qilib, pulingizni oz-ozdan chiqindiga tashlab yuborasiz.
Endi tasavvur qiling: buning o‘rniga 20–40 ming so‘mga bitta sifatli shoper sotib olasiz. U sizga yillar davomida xizmat qiladi, yirtilmaydi, sizni tashlab ketmaydi, begona bodringlar hidi yo‘q. Siz esa — sarflash o‘rniga hurmat qozonasiz.
Agar «paketsimon» narsa xohlasangiz, yechim bor — parchalanuvchan paketlar. To‘g‘ri, ular sifat jihatidan pastroq bo‘lishi mumkin, lekin daraxtlarga ilinib qolgan paketlarga qarab, «Mening paketim emasmikan» deb o‘ylamaysiz.

Qulaylik masalasi: chiqindi tashlashni hech kim bekor qilmagan
Kundalik turmushda paket ko‘pincha ikkinchi bor chiqindi tashlashda foydalaniladi. Bu, ochig‘ini aytganda, adolatdan. Hech kim rakovina ostida chiqindi uchun shisha idish qo‘yishni istamaydi.
Lekin! Bu yerda ham yaxshiroq variantlar bor. Chiqindi uchun maxsus biologik parchalanuvchi paketlar afsona emas. Ularni bemalol sotib olsangiz bo‘ladi va odatda chiqindiga tashlaydigan narsalaringizni o‘sha paketlarda ham bemalol tashlasangiz bo‘ladi. Ba’zilari hatto oddiy paketlardan ham mustahkamroq va 11-sinfdan keyingi munosabatlardan farqli o‘laroq osonlikcha uzilib ketmaydi.

Xarid qilishga qaror qilgan bo‘lsangiz — buni ongli ravishda qiling
Ba’zan shoper ham esdan chiqadi, qo‘llar ham band, tarvuz ham juda dumaloq bo‘ladi. Paket baribir kerak. Uni olishdan qo‘rqmang. Asosiysi — qo‘lingiz paket tomon avtomatik tarzda ketib qolavermasin. Bittasini oling, bir necha marta ishlating, unga hayot bering. Yuvib, taxlab, ehtiyot qilib ishlating — faqat keyinroq, aniq yaroqsiz holga kelganidan keyingina oxirgi yo‘lga jo‘nating.
Bu qattiq qoidalar haqida emas, balki ongli yondashuv haqida. Avliyo bo‘lish shart emas. Biroz e’tiborliroq va sabrliroq bo‘lishning o‘zi yetarli.

Va nihoyat
Paketlardan foydalanish ekologiya bo‘yicha imtihon emas. Bu kundalik tanlov. Xuddi suvni shishadan yoki termosdan ichishdek. Taksiga chiqish yoki avtobusda yurishdek. Xonada tun bo‘yi chiroqni yoniq qoldirish yoki tungi lampaning iliq nuridan zavqlanishdek. Qanchalik ko‘p mas’uliyatli tanlov qilsangiz, dunyoda shunchalik kam chiqindi yig‘iladi va havo ko‘proq toza qoladi.
Shunday qilib, ha: albatta paket olishingiz mumkin. Yoki bugun to‘satdan shoperingiz sumkadan birinchi bo‘lib chiqib qolar. Shunda ikkovingiz ham yutgan bo‘lardingiz 🌱
*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.