4 daqiqa

Samarali foiz stavkasi

Tasavvur qiling, kredit olish uchun keldingiz va sizga «yillik 15 % stavka bo‘yicha beramiz,» deb aytishdi. Oddiy holdek eshitiladi. Lekin to‘lov jadvalini ko‘rganingizda, ortiqcha to‘lov juda katta bo‘lib ketganini tushunasiz.

Bu bir vaqtning o‘zida ham nominal stavka, ham SFS, ya’ni samarali foiz stavkasi ham bo‘lgani uchun bo‘ladi. Nominal stavka — reklamadagi chiroyli raqamlar. SFS esa kreditning haqiqiy qiymatini ko‘rsatadi, ya’ni hamma xarajatlar – foizlar, komissiyalar, sug‘urta va boshqa majburiy to‘lovlarni hisobga oladi.

Agar faqat nominal stavkaga qarab, qolgan omillarni e’tiborga olmasangiz, ortiqcha to‘lab qo‘yishingiz, keyin esa bu summa qayerdan paydo bo‘lganiga hayron bo‘lishingiz mumkin.

Chiroyli raqamlar ortida nima yashiringan?

Bank odatda reklamalarda eng yaxshi variantni ko‘rsatadi. Masalan, «Yiliga 14% lik kredit» ko‘p hollarda faqat nominal stavka bo‘ladi.

Bu raqamga bir qancha to‘lovlar kirmaydi. Masalan, kredit chiqarish uchun bir martalik komissiya, hisobvaraqqa xizmat ko‘rsatish uchun oylik to‘lov, majburiy hayot yoki mol-mulk sug‘urtasi, hisobvaraq ochish va yuritish xarajatlari. Ba’zida, kreditni muddatidan oldin yopish uchun komissiya yoki taqiqlar ham bo‘lishi mumkin.

Bu xarajatlarning hammasini o‘z cho‘ntagingizdan to‘laysiz va aynan ular kreditning haqiqiy qiymatini oshiradi. Shuning uchun faqat reklamadagi raqamga emas, to‘liq manzaraga, ya’ni samarali foiz stavkasiga qarang.

Samarali stavka qanday hisoblanadi?

SFS — bu kredit bo‘yicha barcha to‘lovlarni hisobga olgan holda chiqariladigan yagona yillik ko‘rsatkich.

Hisob-kitobga kredit summasi, hamma foizlar, komissiyalar, sug‘urta to‘lovlari, shuningdek, to‘lovlar qachon va qanchalik tez-tez amalga oshirilishi kiritiladi. Formula hamma banklarda standart. Banklar o‘xshash hisoblashi uchun uni nazoratchi tasdiqlaydi.

Mantiq oddiy: kredit bo‘yicha qo‘shimcha to‘lovlar qancha ko‘p bo‘lsa, samarali stavka shuncha yuqori bo‘ladi. Masalan, 10 mln so‘mlik kredit 16% nominal stavka bilan berilsa, 3% komissiya va sug‘urta qo‘shilganda SFS 22 % dan ham oshib ketishi mumkin. Qog‘ozdagi narsa amalda umuman boshqa narsa bo‘lib chiqadi.

Kreditlarni solishtirganda nimaga e’tibor berish kerak?

Bir nechta kredit orasidan birini tanlash kerak bo‘lganda avval samarali foiz stavkasiga, keyin nominal stavkaga qarang.

Shartnomani imzolashdan oldin bankdan SFS hisob-kitobini so‘rang. Unga qaysi to‘lovlar kiradi va qaysilari majburiy ekanini aniqlab oling. Agar menejer faqat yiliga 18% lik kredit haqida gapirib, boshqa tafsilotlarni aytgisi kelmasa, ehtiyot bo‘ling.

To‘lov jadvalini ham ko‘rib chiqing. Annuitet jadvali bo‘yicha har oy bir xil summa to‘laysiz, lekin avval ko‘proq foiz, kamroq asosiy qarz qoplanadi. Differensial jadvalda esa qarz tezroq kamayadi, ortiqcha to‘lov kamroq, lekin birinchi to‘lovlar ko‘proq bo‘ladi.

Ba’zida nominal stavkasi biroz yuqoriroq, lekin komissiyasiz kredit ko‘p qo‘shimcha to‘lovli arzon kreditdan ancha foydaliroq bo‘lib chiqadi.

SFSning byudjetingizdagi o‘rni

SFS — bu kreditni xolis baholashga yordam beradigan ko‘rsatkich.

Masalan, bir bank yillik 18%, boshqasi esa 20% taklif qiladi. Bir qarashda 18% chiroyliroq eshitiladi. Lekin birinchi variantda summadan 5% lik yashirin komissiya va qimmat sug‘urta bo‘lsa, ikkinchi bankda esa faqat aniq belgilangan to‘lov bo‘lsa — samarali stavka bo‘yicha birinchi kredit qimmatroq chiqadi.

Muddat qanchalik uzun bo‘lsa, farq shunchalik sezilarli bo‘ladi. Ipoteka yoki avtokreditda SFS bo‘yicha qo‘shimcha 2–3 foizlik punkt — yillar davomida o‘nlab mln so‘m ortiqcha to‘lov degani.

Moliyaviy savodxonligingiz kelajagi bir raqamdan boshlanadi

Samarali foiz stavkasi — bu shartnomadagi quruq atama emas, balki sizni himoya qiladigan haqiqiy vosita.
SFSga qarab, kreditlarni adolatli solishtira olasiz. Reklamadagi va’dalargagina emas, pulning haqiqiy narxini ko‘ra olasiz.

«Kreditning samarali stavkasi qancha? Unga nimalar kiradi? To‘liq hisob-kitobni ko‘rsating,» deb so‘rashdan uyalmang. O‘zingizni onlayn kalkulyator orqali tekshirib ko‘rishingiz ham mumkin.
O‘z qarzingizni qanchalik yaxshi tushunsangiz, chiroyli raqamlar va marketing uchun shuncha kam to‘laysiz. Bu pulingiz va byudjetingiz uchun juda muhim.

AVO ilovasini yuklab oling

Barcha bank xizmatlari va operatsiyalari 24/7 sizning smartfoningizda

Saytdan foydalanishni yanada qulayroq qilish uchun cookie-fayllaridan foydalanamiz. Batafsil ma’lumot maxfiylik siyosatimizda