Biroz avval menga ayollar pul bilan bog‘liq ishlarga aralashmasliklari kerakligini aytishgan edi. «Sening birjada ishlash yoki biznes yuritish niyating yo‘q-ku?» — nega investitsiya va byudjetlar haqida ko‘proq bilishni xohlayotganimni tushunmay, hayron bo‘lib, so‘radi tanishim.
Qizig‘i shundaki, pul — bu erkaklar uchun degan fikr hali ham jamiyatda mavjud. Ko‘pchilik hamma moliyaviy majburiyatlar erkaklar zimmasiga yuklanishi kerak yoki ayollar pul haqida o‘ylashlari shart emas, chunki ular doim «boy odamga turmushga chiqishlari mumkin» deb o‘ylaydi.
Asl muammo shundaki, moliyaviy qiyinchiliklar jins tanlamaydi. Erkakmisiz yoki ayol — bir kun kelib pul hammada tugaydi. Agar siz o‘z moliyaviy holatingizga e’tiborsiz bo‘lsangiz, vaqti kelib byudjetingizning tagi ko‘rina boshlaydi, siz esa «Qanday qilib bunday holga tushdim?» degan savol bilan o‘zingizni qiynashni boshlaysiz.
Keling, moliyaviy savodxonlik ayollar uchun nega muhimligini ko‘rib chiqamiz.
Ayollar kam pul topsa-da, ko‘proq sarf qiladi

Endi ishlashni boshlaganimda, qiziq holning guvohiga aylandim: men bilan bir xil lavozimda ishlaydigan erkak hamkasbim mendan ko‘proq maosh olarkan. Oldiniga, u ishga kirishda mendan yaxshiroq maosh so‘ragan bo‘lsa keraaak, deb o‘yladim, lekin keyinchalik erkaklar va ayollar maoshidagi farq — chuqur muammo ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha yetakchi iqtisodchisi Uilyam Zeyts o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, O‘zbekistonda jinslar o‘rtasidagi ish haqi farqi 39% gacha yetarkan. Agar ayol kishining yana farzandlari ham bo‘lsa, bu farq yanada kattalashadi. Chunki kompaniyalar ko‘pincha erkaklar yoki hali farzandli bo‘lmagan ayollarni yollashni afzal ko‘rishadi, ularga onalarga qaraganda yaxshiroq shart-sharoitlar taklif qilishadi. Bu «onalik jarimasi» deb ataladi.
Buning ustiga erkaklarga notanish bo‘lgan xarajatlar ham qo‘shiladi. Ayollar kiyimi qimmatroq turadi, tashqi ko‘rinishga qo‘yiladigan talablar ham yuqoriroq, hattoki do‘konning ayollar bo‘limidagi ustara yoki shampun kabi oddiy narsalar ham ko‘pincha erkaklarnikiga qaraganda qimmatroq bo‘ladi.
Bir kuni do‘konda pushti rangdagi ustara ko‘k rangdagisiga qaraganda 7 500 so‘m qimmat turishini ko‘rganim esimda, vaholanki ular bir xil vazifani bajaradi. Bu «pushti soliq» deb ataladi — ayollar uchun mo‘ljallangan mahsulotlar faqatgina ayollarga mo‘ljallangani uchun qimmatroq narxda sotiladi.
Natijada, ayollarning daromadlari kamroq, xarajatlari esa ko‘proq bo‘lib chiqadi. Bu hech qanday ma’noda foydali tenglama bo‘lolmaydi.
Ayollar uy ishlariga ko‘proq vaqt sarflaydilar

Bir necha yil oldin dugоnam «оila sarishtaligini asrash» uchun qancha vaqt sarflashini hisоblab ko‘rishga qaror qildi. Ma’lum bo‘lishicha, asоsiy ishidan keyin u yana bir ish smenasida ishlaydi: uy yig‘ishtirish, оvqat tayyorlash, kir yuvish, bоla parvarishi. Bularning bariga kuniga o‘rtacha 4 sоatcha vaqt ketarkan.
Prоgnоzlashtirish va makrоiqtisоdiy tadqiqоtlar instituti mutaxassislari tоmоnidan o‘tkazilgan tadqiqоtga ko‘ra, O‘zbekistоnda o‘rtacha erkak kishi kuniga bir sоatcha uy ishlariga vaqt ajratadi. Ayol esa 4–5 barobar ko‘proq. Natijada, erkaklarda dam оlish, karyera qurish va malaka oshirish uchun ko‘prоq vaqt qоladi.
Agar bu vaqtni pulga aylantirsa, ko‘nglingiz achiydi: kuniga 4–5 sоat — bu to‘laqоnli qo‘shimcha ish degani. Axir, bu vaqt ichida biron kursni tugatish, yangi kasbni o‘rganish yoki keyingi kun yanada samaralirоq ishlash uchun ko‘proq dam olish mumkin.
Ayollarning umri uzunroq, lekin doim ham yaxshiroq emas

Momom bobomning vafotidan so‘ng uzoq yillar davomida yolg‘iz yashadi. Nafaqasi oz bo‘lsa-da, tejamkorlik odatlari ro‘yxati juda katta edi: choy uchun suvni faqat bir piyolaga qaynatardi, elektr energiyasini tejardi va katta xaridlar qilishdan cho‘chirdi.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ayollar erkaklarga nisbatan o‘rtacha 4,5 yil uzoqroq umr ko‘rar ekan. Agar ular yoshlikda pul jamg‘arib qo‘ymagan bo‘lishsa, hayotning so‘nggi yillari tirikchilik uchun kurashga aylanadi.
Moliyaviy zaxira ochko‘zlik yoki pulparastlik emas. Bu hatto ishlashga kuch qolmaganda ham yaxshi yashash imkoniyatidir. Eng to‘g‘ri yo‘l — oldindan moliyaviy yostiqcha yaratishdir. Barqaror daromadimiz bor paytda jamg‘arma, investitsiya va passiv daromad haqida o‘ylash kerak — bu haqda ushbu maqolamizda batafsil o‘qishingiz mumkin. Agar yoshlikda pul jamg‘arish qiyin bo‘lsa, hech bo‘lmaganda kelajakda ko‘proq daromad topishga yordam beradigan ko‘nikmalarni rivojlantirishga harakat qilishingiz mumkin.
«Erim boqadi» — bu moliyaviy reja emas

Hayotda boy er uchrab, u sizni to‘liq o‘z qaramog‘i ostiga olishiga umid qilish mumkin, albatta. Lekin erkaklarning oz qismigina oilani to‘liq ta’minlashga qodirligini ham hisobga olgan ma’qul. Hatto shunday inson topilgan taqdirda ham, nikoh buzilishi yoki hayot boshqa sinovlar bilan yuzlashtirishi ehtimoli doimo mavjud.
Lekin gap faqat bunda emas. Men moliyaviy masalalarda eriga tayanishga o‘rganib qolib, eri bilan ajrashgandan yoki u vafot etgandan so‘ng qiyin ahvolga tushib qolgani ayollarni ko‘rganman. Pul masalalarini xotirjam hal qilish kerak bo‘lgan paytda, ular shoshilinch tarzda hisob-kitob qilish va tejashni o‘rganishga majbur bo‘lganlar.
Moliyani qanday boshqarish kerak

O‘zingizni ishonchli his qilishingiz uchun fond bozorining mutaxassisi bo‘lishingiz shart emas. Oddiy narsalardan boshlasangiz ham bo‘ladi:
- Xarajatlar hisobini yuritish. Hatto eng sodda jadval ham pulning qayerga ketayotganini ko‘rsatadi. Masalan, men hisob yuritishni boshlab, oylik maoshimning 15% dan ko‘prog‘ini ko‘chada qahva olishga sarflayotganimni bilib qoldim.
- Byudjetni rejalashtirish. Sovg‘alar, bolaning maktabiga kiyim-kechak va sug‘urta kabi yillik xarajatlarni oldindan hisobga olish mumkin. Shunda so‘nggi daqiqada pul izlashga hojat qolmaydi.
- Moliyaviy zaxira yaratish. Hech bo‘lmaganda kutilmagan vaziyatlar uchun kamida 3–6 oylik xarajatlarni qoplash imkonini beruvchi jamg‘arma oching. Bu eng foydali moliyaviy vositalardan biridir.
- Investitsiyalash ko‘nikmasini egallash. Hatto kichik sarmoyalar ham vaqt o‘tishi bilan sezilarli daromad keltirishi mumkin. Eng muhimi, bu sohani o‘rganishdan cho‘chimaslik kerak.
Pulingizga boshqa birov g‘amxo‘rlik qilishini kutmang — buni o‘zingiz qilishni boshlang. Moliyaviy kelajagingizga sarmoya kiritishni qanchalik erta boshlasangiz, o‘zingizni shunchalik ishonchli his etasiz. Axir, moliyaviy erkinlik faqatgina pul haqida emas, balki ertangi kunga ishonch, tanlov imkoniyati va vaziyatlarga qaram bo‘lmaslik haqida hamdir.
*Maqoladagi ma'lumotlar nashr etilgan vaqt uchungina amal qiladi. AVO bank ushbu ma'lumotlar kelajakda ham xuddi shunday va dolzarb bo'lib qolishiga kafolat bermaydi. Qaror qabul qilishdan oldin eng so'nggi ma'lumotlarni tekshirishingizni maslahat beramiz.
*Maqoladagi fikr — muharrirning shaxsiy fikri bo'lib, u AVO bank pozitsiyasini ko'rsatmaydi. Bank ma'lumotlar to'g'riligi va undan foydalanish oqibatlari uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Maqolada tashqi resurslarga havolalar keltirilgan. AVO bank tashqi resurslardagi ma'lumotlar uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Narxlar taxminiy va faqat nashr etilgan vaqtdagina amal qiladi.