Moliyaviy texnologiyalar sohasi juda tez o‘zgaryapti. Haddan tashqari tez desak ham bo‘ladi. Agar bir-ikki yil oldin foydalanuvchi tajribasi eng muhim jihat hisoblangan bo‘lsa, hozirda asosiy e’tibor tizimlarning ishonchliligi, xavfsizligi va puxta ishlab chiqilganligiga qaratilyapti.
Maqolada sohani rivojlantirish qanchaga tushishi, fintex kompaniyalari sun’iy intellektdan qay darajada samarali foydalanayotgani, Z avlodining shaxsiylashtirish masalasiga munosabati va yaqin kelajakda bizni nima kutayotgani haqida gaplashamiz.
Fintexga kiritilayotgan investitsiyaning o‘sishi
2024-yilda texnologiya va moliyani birlashtirgan startaplar $314 mlrd pul jalb etdi. Crunchbase ma’lumotlariga ko‘ra, bu o‘tgan yilga nisbatan 3 foiz ko‘p.
Investorlar eng ko‘p pulni sun’iy intellekt bilan bog‘liq fintex loyihalariga yo‘naltirdi — bu $100 mlrd dan ortiq summani tashkil qiladi. Shuningdek, quyidagilar ham ommalashdi:
- To‘lov xizmatlari (onlayn kassa va pul o‘tkazmalari) — $6,7 mlrd;
- Raqamli kreditlar (BNPL, kredit kartalari) — $4,9 mlrd;
- Sug‘urta xizmatlari — $4,5 mlrd.
Bir nechta xalqaro kompaniyalarni misol qilib keltiramiz. Gretsiyaning Natech kompaniyasi raqamli banklar va yangi texnologiyalarni, jumladan, sun’iy intellekt yordamchilarini rivojlantirish uchun $33 mln oldi. Natech, shuningdek, boshqa kompaniyalarga to‘lovni bevosita o‘z ilovalariga joylashtirishda yordam beradi — bu esa xarid qilish yoki pul o‘tkazishni boshqa saytlarga o‘tmasdan bir necha tugmani bosish orqali amalga oshirish imkonini beradi.
Londonning Zango kompaniyasi sun’iy intellekt platformasini rivojlantirish uchun $4,8 mln investitsiya jalb qildi. U audit bilan bog‘liq jarayonlarni avtomatlashtiradi.
Bu investitsiyalar nimaga sarflanishi va sun’iy intellekt qanday qo‘llanilishini ko‘rib chiqamiz.
Sun’iy intellektning fintex rivojidagi roli
Sun’iy intellekt borgan sari mashhurlik qozonmoqda: 2025-yilga kelib Buyuk Britaniyaning moliyaviy kompaniyalarining 75 foizi undan foydalanadi. Bu 2023-yilga nisbatan 17 foiz ko‘p.
Sun’iy intellekt firibgarlikka qarshi kurashadi, kiberhujumlardan himoya qiladi va ichki jarayonlarni avtomatlashtiradi.
Kompaniyalar asta-sekin oddiy sun’iy intellektdan faqat buyruqlarni bajaribgina qolmay, balki mustaqil qaror qabul qila oladigan yangi avlod modellariga o‘tmoqda.
Bunday sun’iy intellekt vazifani bajarish uchun qaysi dastur kerakligini o‘zi aniqlay oladi, uni ochadi, zarur hujjatlarni o‘qiydi va barcha ishni inson yordamisiz bajaradi. Atera’da sun’iy intellekt IT-arizalarni o‘zi yopadi va texnik yordam xizmatini yengillashtiradi, Microsoft’da Office va Azure’dagi vazifalarni avtomatlashtiradi, Amazon’da esa foydalanuvchilarga shaxsiy tavsiyalarni taqdim etadi.
Sun’iy intellektning moliya sohasidagi samaradorligi

Innovate Finance tadqiqotlariga ko‘ra, moliyaviy sektordagi sun’iy intellekt holatlarining 17 foizi Foundation modellariga to‘g‘ri keladi. Ushbu sun’iy intellekt modellari hujjatlarni tahlil qilish, kredit baholash, investitsiya bo‘yicha maslahat berish, shartnomalar tuzish va hatto soliqlarni rejalashtirish kabi jarayonlarda yordam beradi.
Qo‘llanish sohasi | Kapitalni boshqarish / Bank chakana xizmatlari | Korporativ banking | Institutsional investorlar | Sug‘urta |
---|---|---|---|---|
Mijozlarni jalb qilish | Virtual yordamchilar va soliqni rejalashtirish | Moliyaviy va sun’iy intellekt yordamchilari va moslashuvchan soliqni rejalashtirish | Shaxsiylashtirilgan tavsiyalar | Sun’iy intellekt yordamida so‘rovlarni qayta ishlash, polislarni avtomatik yangilash |
Operativ samaradorlik | Vaziyatni hisobga olgan holda namunaviy vazifalarni avtomatlashtirish | Murakkab operatsiyalarni optimizatsiyalash, hisob-fakturalarni qayta ishlash, hisob-kitoblarni solishtirish | Fondlarni tahlil qilish bo‘yicha avtomatlashtirilgan hisobotlar | Sug‘urta talablarini moslashuvchan boshqarish |
Xavflar va sug‘urta | Xavflarni modellashtirish | Real vaqt rejimida xavflarni baholash | Diversifikatsiya xavflarini boshqarish | Sug‘urta to‘lovlarini avtomatlashtirilgan hisob-kitobi |
Moliyaviy bashorat | Kelajakdagi jamg‘arma va xarajatlar bashorati | Haqiqiy vaqt rejimidagi pul oqimlari bashoratlari | Investitsiya qilish vaqtini dinamik tanlash strategiyalari | Sug‘urta holatlari bo‘yicha zaxiralarni bashoratlash |
Firibgarlikni aniqlash | Kontekst asosida shubhali faoliyatni aniqlash | Korporativ firibgarlikni aniqlash | Insayder savdosini aniqlash | Kontekstli tahlil yordamida firibgarlikni aniqlash |
Mastercard ma’lumotlariga ko‘ra, moliyaviy tashkilotlarning 49 foizi allaqachon firibgarlikka qarshi kurashish uchun sun’iy intellektdan foydalanyapti. Bu bejizga emas: 2024-yilda skam oqibatidagi yo‘qotishlar 12,5 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu 2023-yilga nisbatan 25% ga ko‘p.
Sun’iy intellekt algoritmlari quyidagilarda yordam beradi:
- Shubhali tranzaksiyalarni aniqlash;
- Mijozlarning xatti-harakatlarini bashorat qilish;
- Shaxsiy takliflar yaratish.
Tizim nafaqat tranzaksiyani to‘xtatib qo‘yishi, balki buning sababini ham tushuntirishi muhim. Shuning uchun kompaniyalar foydalanuvchilarni himoya qilish maqsadida neyron tarmoqlarni boshqarish ustida ishlayapti.

AVO bilan investorga aylaning
Omonat oching va 25% gacha daromad oling
Z avlodi va raqamli etika
Joriy yilning iyun oyida The Fintech Times o‘tkazgan tadqiqotlarga ko‘ra, barcha yosh guruhlari orasida Z avlodi o‘z shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanishga jiddiy e’tibor beradi.
Agar bank shaffof shartlar va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishni ta’minlasa, mijozlarning 75 foizi bankni o‘zgartirishga tayyor, lekin faqat 59 foizi o‘z ma’lumotlarini ulashishga rozi ekan.
Bundan tashqari, yoshlar uchun sodda qoidalar, tushunarli hujjatlar va insoniy munosabatga asoslangan xizmat muhim ahamiyatga ega.
Xulosa qilsak
Yildan-yilga fintex sohasiga kiritilayotgan investitsiyalar ko‘payib bormoqda, banklar va to‘lov tizimlari sun’iy intellektdan tobora ko‘proq foydalanishyapti, ilovalar esa tobora soddalashib, qulayroq bo‘lib boryapti. Texnologiyalar insonlar tomonidan insonlar uchun yaratilyapti — bu yangi mahsulotlarni ishlab chiqishda hal qiluvchi omil hisoblanadi.
Bunday yondashuvning namunasi — kundalik xaridlar uchun tushunarli shartlar va 100 mln so‘mgacha limitga ega AVO platinum kredit kartasi. Kartani ilovada garovsiz va kafillarsiz ochish hamda 45 kungacha foizsiz limitdan foydalanish mumkin.
*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.