5/2 (yoki 6/1) ofisda ishlaydigan har qanday odam, kamida bir marta bo‘lsa ham, boshlig‘ining xonasiga kirib, unga baland ovozda "bor-e" deb aytishi va frilanser sifatida ishlashni davom ettirish haqida orzu qilgan. Go‘yoki o‘zingizga yoqqan loyihalarni tanlaysiz, narxlarni o‘zingiz belgilaysiz, ish jadvalini o‘zingizga moslab tuzasiz va ertalab soat 10 gacha miriqib uxlaysiz! Biroq frilans - bu oson emas va bugun buning sabablarini tushuntirib beramiz.

Frilanserlikka ilk qadam
Frilansga o‘tishdan oldin o‘zingizga bir nechta muhim savollarni berishingiz kerak. Eng avvalo, frilans nima ekanligini aniqlab oling. Dam olish kunlaridagi oddiy qo‘shimcha ishmi? Qiziqarli loyihalarda qatnashish imkoniyatimi? Yoki moslashuvchan ish jadvaliga ega yangi doimiy kasbmi?
Javobingizga qarab, frilanserlikni boshlashdan oldin turli tayyorgarliklar ko‘rishingizga to‘g‘ri keladi. Masalan, agar bu siz uchun shunchaki bo‘sh vaqtdagi qo‘shimcha daromad bo‘lsa, avvalo bu bo‘sh vaqtni samarali ish vaqtiga aylantirish kerak: "shaxsiy ish soatlari"ni rejalashtirish, uy ofisini jihozlash va portfolio yig‘ishni boshlash lozim.

Uy ofisi muhim, chunki divanda yotib ishlay olmaysiz. Miyamiz shunday tuzilganki, u joylarni, his-tuyg‘ularni va tajribalarni yaxshi eslab qoladi hamda o‘zi uchun qulay xulq-atvor qoliplarini shakllantiradi. Soddaroq aytganda, agar 10-15 yil davomida karavot siz uchun faqat dam olish, uxlash va serial ko‘rish joyi bo‘lgan bo‘lsa, miyangiz "bir zumda" yotoqni ish joyiga aylantirolmaydi. Shuning uchun, hatto uyda bo‘lsangiz ham, an’anaviyroq ish muhitida ishlash maqsadga muvofiq.
Portfoliosiz esa, ayniqsa boshida, yirik va taniqli mijozlarni jalb qilish qiyin bo‘ladi. Frilanser uchun portfolio - eng qimmatli mablag‘: u mijozlar va hamkasblar orasida obro‘ keltiradi, raqobatda g‘olib chiqish va e’tibor tortish imkonini beradi. Zamonaviy portfolioning eng maqbul shakli - veb-sayt. Uni tushunarli va oddiy andozalardan foydalanib, o‘zingiz yaratishingiz mumkin, bu bepul amalga oshiriladi. Tilda, Readymag yoki Wix kabi sayt yaratuvchi dasturlar buning uchun juda qulay.

Tayyorlangan saytni bepul ishlatish ham mumkin, lekin 10-15 dollar sarflab, premium obunani sotib olgan ma’qul: birinchidan, shunda siz konstruktorning o‘zida ko‘proq imkoniyat va funksiyalarga ega bo‘lasiz, ikkinchidan esa, saytni o‘z domeningizga bog‘lay olasiz: saidnazrillayev.uz, masalan, saidnazrillayev.tilda.ws ga qaraganda ancha jiddiyroq ko‘rinadi va jaranglaydi.
Domenni atigi 15-20 daqiqada sotib olish va sozlash mumkin - masalan, webname.uz sayti orqali. U yerda .uz hududidagi domen nomlari yiliga 30 000-40 000 so‘m atrofida turadi.
Shundan so‘ng mijozlarni izlash boshlanadi. Men buni qanday qilganimni sizga aytib beraman.

Frilans — shaxsiy tajribam
Frilans haqida eng ko‘p narsani kopirayter-jurnalist nuqtai nazaridan aytib bera olaman, chunki o‘zim bu sohada bir necha yildan beri shug‘ullanib kelaman. Kopirayter uchun frilansga yo‘l matn birjalaridan - frilanserlar va buyurtmachilar to‘plangan sayt-agregatorlardan boshlanishi mumkin. Bu ajoyib sxemaga o‘xshaydi, lekin uning o‘ziga xos jihati bor.
Masalan, Advego birjasi bor — u yerda ko‘pincha yangi boshlovchilar o‘tiradi, buyurtmachilar esa u yerga borib, pullarini tejashga harakat qilishadi - bu narxlarni pasaytirish muammosini keltirib chiqaradi: ko‘pchilik katta hajmdagi ishlarni arzimagan pul evaziga bajarishga tayyor (u yerdagi matnlarning narxi "kiloznaklarda" hisoblanadi, masalan, bo‘shliqlarsiz 1000 belgi uchun 3000 so‘m). Natijada, yangi boshlovchi har kuni faol ishlasa ham, oyiga o‘rtacha maksimum 200 dollarga yaqin pul topishi mumkin.
Ko‘pincha bunday birjalarga tushib qolgan kopirayterlar yo frilansga qiziqishni yo‘qotib, undan butunlay ko‘ngli soviydi, yoki o‘yin qoidalarini qabul qilib, shisha shiftga duch keladi - axir, oddiy vazifalarni arzon narxda bajarib, mutaxassis vaqt o‘tishi bilan rivojlanmay qoladi.
Men ham o‘z vaqtida birjada ishlagan edim. Keyin yollanma ishga o‘tib ketdim. Hozir tushunayapmanki, menga omad kulib boqqan ekan, chunki men turli agentliklar va brendlarda ishlash orqali tajriba to‘play oldim, o‘sdim va u yoki bu darajada o‘zimni namoyish qila oldim. Shundan so‘ng men frilansga yanada ongliroq qaytib, uni asosiy daromad manbaiga aylantira oldim.

Ko‘pincha, agar sizda allaqachon ma’lum mutaxassislik va tajriba bo‘lsa, mijozlarni topishning eng yaxshi usuli - ularning o‘zi sizni topishiga imkon berishdir. Mana buning uchun kichik chek-list:
◾️ hh.uz kabi saytlarga joylashtirish uchun sifatli rezyume tayyorlang;
◾️ portfoliongizni tuzib, uni chop eting va doimo onlayn ko‘rinishda saqlang;
◾️ agar siz yollanma ishda bo‘lsangiz, o‘z keysingizni e’lon qiling, ijtimoiy tarmoqlarda faoliyatingiz haqida so‘zlab bering;
◾️ Telegram, Facebookdagi kasbdoshlar guruhlariga a’zo bo‘ling, ular bilan ko‘proq muloqot qilishga va ko‘zga tashlanishga intiling;
◾️ LinkedIn’da shaxsiy sahifa ochib, profilingizni batafsil to‘ldiring;
◾️ kasbiy tadbirlarda ma’ruza va taqdimotlar bilan qatnashishga harakat qiling.
Mijoz ham sizni izlayotganini yodda tuting. Buning ustiga, u buni doimiy ravishda qiladi. Sizning vazifangiz ko‘zga ko‘rinib turish, o‘z malakangizni amalda isbotlash va sizga murojaat qilishlarini kutishdan iborat.
Men yuqorida ta’riflagan tamoyillar nafaqat kopirayterlar, balki har qanday frilanser: dizayner, dasturchi yoki hatto ingliz tili o‘qituvchisi uchun ham juda mos keladi.
Aslida, frilans kasblari siz o‘ylagandan ancha ko‘p. Misol uchun, ko‘p yillar oldin men qisqa muddat internetda kapchalarni yechuvchi bo‘lib ishlaganman.

Shunday ekan, hatto g‘ayriodatiy kasbga ega bo‘lsangiz ham, hamkasblaringiz ham ehtimol frilansda ishlashadi.
Yashirin xavf-xatarlar
Endi kamchiliklari haqida gaplashaylik. Frilans, albatta, erkinlik beradi, ammo ayni paytda uni tortib ham oladi. Masalan, men bu maqolani shanba kuni soat 12:40 larda Toshkentning qaysidir markazida yozyapman. Keyin ketma-ket ikkita ish uchrashuvim bor, uyga esa eng yaxshi holda soat 20:00 da yetib boraman. Uyda ham ishlashim kerak bo‘ladi 🙂
Erkin ish jadvali — bu ikki tomonlama qurol: dushanba kuni ertalab ishlamasligingiz mumkin, lekin yakshanba kuni kechqurun tinimsiz mehnat qilishingizga to‘g‘ri keladi. Hammasi sizning ish yuklama darajangizga, vaqt va resurslarni rejalashtirish qobiliyatingizga hamda moliyaviy ishtahangizga bog‘liq.
Aytgancha, moliyaviy masalalarga kelsak — frilansda ular mutlaqo bashorat qilib bo‘lmaydigan bo‘lib qoladi. Sizda "doimiy" mijozlar bo‘lishi mumkin, ular sizga haftada yoki oyda bir marta ma’lum miqdorda pul to‘lashadi va siz ularning gonorarlarini ish haqi sifatida qabul qilasiz. Yoki shunday bo‘lishi mumkinki, hozirda doimiy mijozlar yo‘q, shuning uchun har kuni ertalab: "Bugun buyurtma bo‘ladimi yoki yo‘qmi?" deb o‘ylanib qolasiz.

Bu holat stressga olib keladi, hayotni rejalashtirishga, dam olishga xalaqit beradi va xotirjam bo‘lishga imkon bermaydi. Axir, hammasi o‘z qo‘lingizda-ku.
Bundan tashqari, frilansda siz o‘zingizga ish stajini oshirmaysiz, demak, pensiya ham ishlab topmaysiz. Undan ham muhimi, frilanserlarni hech kim aldovdan sug‘urtalamaydi - agar siz ish beruvchi bilan shartnoma imzolashni o‘ylab ko‘rmagan bo‘lsangiz, u istalgan qulay paytda ishingizga haq to‘lamasdan, qo‘ng‘iroqlar va xabarlarga javob berishni to‘xtatib, g‘oyib bo‘lishi mumkin. U obro‘sini yo‘qotadi, siz esa pulingizni.

Ofisdan ozod bo‘ldingiz, xaridlarda ham ozodlikka erishish vaqti keldi
AVO platinum kredit kartasini oching va 50 mln so’mgacha pul oling
Pul masalasi-chi?
O‘z tajribamdan kelib chiqib ayta olaman: men taxminan 8 yillik tajribaga ega kopirayterman va hozirda tashqi loyihalar menga oyiga ~2000$ daromad keltiradi. Ko‘pincha bu brendlar bilan katta hajmdagi ishlar bo‘yicha tuzilgan yirik shartnomalar: maqolalar turkumini yozish, interfeyslar uchun matnlar tayyorlash, kreativ reklama kampaniyasini ishlab chiqish va boshqalar.
Agar siz kopiraytingda endigina o‘z yo‘lingizni boshlagan bo‘lsangiz, bemalol SMM-loyihalarga e’tibor qaratishingiz mumkin: postlar uchun matnlar yozish. Ayniqsa, bir vaqtning o‘zida ham o‘zbek, ham rus tilini bilsangiz, ish topish oson bo‘ladi. Bunday holatda bitta kontent-rejani to‘ldirish uchun kamida 150 dollar so‘rashingiz mumkin.
Bu voqeaning yakuni oddiy: ofisda ishlash yoki frilanserlik, baribir bu - ish. O‘zining ijobiy va salbiy tomonlari, muammolari va majburiyatlari bilan. Aynan qaysi yo‘l sizga hozir va shu yerda to‘g‘ri kelishini faqat o‘zingiz hal qilishingiz kerak.
*Maqoladagi ma'lumotlar nashr etilgan vaqt uchungina amal qiladi. AVO bank ushbu ma'lumotlar kelajakda ham xuddi shunday va dolzarb bo'lib qolishiga kafolat bermaydi. Qaror qabul qilishdan oldin eng so'nggi ma'lumotlarni tekshirishingizni maslahat beramiz.
*Maqoladagi fikr — muharrirning shaxsiy fikri bo'lib, u AVO bank pozitsiyasini ko'rsatmaydi. Bank ma'lumotlar to'g'riligi va undan foydalanish oqibatlari uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Maqolada tashqi resurslarga havolalar keltirilgan. AVO bank tashqi resurslardagi ma'lumotlar uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Narxlar taxminiy va faqat nashr etilgan vaqtdagina amal qiladi.