Biror tanishim pul so‘rab qolsa, odatda o‘tirib olib qaytara oladimi-yo‘qmi deb hisoblab, «kirim-chiqimlaringni ko‘rsat-chi», deb so‘ramayman. Aksincha «qiyin ahvolda shekilli» degan standart xayollar keladi. Ayniqsa dangal «qarz berib tur» demasdan, muloyimlik bilan «hozir qiyin ahvoldaman» yoki «ertaga/oylikdan qaytaraman» deb so‘rashganida yo‘q deya olmayman. Shunday paytlar ichingizni nimadir kemiradi-yu, lekin ha mayli, yordam beraveray-chi, keyin nimadir bo‘lar deb qo‘yaqolasiz.
Bitta narsani tushunib oling. Qimorbozlar deyarli hech qachon sizni aldayotgandek ko‘rinmaydi. Ular juda samimiy gapirishi mumkin. Rostdan ham «bu safar aniq o‘xshaydi, «bu oxirgisi», «hozir yutaman-da, hamma qarzimni yopaman» degan gaplarga chin dildan ishonishadi. Muammo shundaki, ularning «aniq qaytaraman» degan gapi bilan haqiqat orasida ko‘pincha juda katta jarlik bo‘ladi. Va afsuski, o‘sha jarlikka yaqinlari — oilasi, jufti, do‘stlari, hamkasblarining puli tushib ketadi.
Quyida «yaqinimga yordam beryapman» deb o‘ylagan va natijada o‘zi zarar ko‘rgan 4 kishining hikoyasi bilan bo‘lishamiz.
Hikoyachilarning ismlari ularning iltimosiga ko‘ra o‘zgartirilgan.

«O‘g‘limga yordam beryapman deb o‘ylagandim»
Zuhra, 56 yosh, hamshira, Samarqand
Qimorboz o‘g‘liga 26 mln so‘m bergan
Men oddiy bir ayolman. Butun umr hamshira bo‘lib ishlaganman, hech qachon biznes qilib ko‘rmaganman. Men uchun pul oylik, bozor, kommunalkadan iborat. Sarmoya haqida umuman eshitmaganman, men uchun u boyvachchalarning hayotida ishlatiladigan so‘z.
O‘g‘lim do‘stlari uni biznes qilishga chaqirishayotganini aytdi. Nima biznesligini gapirib o‘tirmadi. Nimalarnidir yetkazib, pul aylantirisharkanmish. Men ham unchalik qiziqmadim, ishlasa bo‘ldi-da, deb o‘yladim. Oilali erkak, yana, xotini homilador. Menga xursand bo‘lish qoldi, xolos. U boshlash uchun pul bilan yordam berishimni so‘radi. Sherik qilib olishayotganini, keyinroq pulni chiqarib olishini aytdi. Avval 3 mln so‘m berdim. Keyin yana 5 mln. Tez orada daromadga chiqib, hamma qarzini qaytarishini aytdi. Biroz vaqtdan keyin 1 mln qaytardi, «Rostdan harakat qilyapti ekan-da», deb o‘yladim.
Keyin kelib, yana pul kerakligini va sheriklari undan umid qilishayotganini aytdi. Men faqat qo‘limni siltab, yig‘ib qo‘ygan pulim ham, oltinim ham yo‘qligini aytdim. Bor oltinlarimni kelinim homiladorligida sovg‘a qilib yuborgandim. Shunda o‘g‘lim kredit olishni taklif qildi. Bunday narsalardan umuman xabarim yo‘q. O‘g‘lim bir oygagina olishimizni, o‘zi hammasini yopishini aytdi. U oyoqqa turib ketishi uchun yordam berishim kerak, deb o‘yladim. Meni bankka olib bordi va nomimga kredit oldi. Darrov bankomatdan hamma pulni yechdi-da, rahmat aytib, g‘oyib bo‘ldi.

Keyin uyimga notanish odamlar kela boshladi. O‘g‘lim ulardan pul olib, qaytarmayotgan ekan. Hammasini bitta gap — bitimlar va tez qaytarish va’dasi bilan aldagan. Gap nimadaligini keyinroq bildim. Bir kuni travmatologiyadan qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘lim tan jarohatlari bilan tushganini aytishdi. Uni qarzlari uchun do‘pposlab ketishibdi. Kasalxonada u yig‘lab, anchadan beri onlayn kazino va stavkalarda o‘ynashini tan oldi. Bor pulni o‘sha yerda yutqazibdi. Kelinim bilan boshqa bunday ishlarga aralashmasligini yolvorib so‘radik. U bu oxirgisi deb qasam ichdi.
Kelinim aytishicha, hozir ham undan yashirincha pul olib, o‘ynayapti ekan. Men esa endi har oy kreditni to‘lab, keyin nima bo‘lishidan qo‘rqib o‘tiribman.
«Oilam oldidagi burchimni bajaryapman deb o‘ylagandim»
Rustam, 34 yosh, zavodda usta bo‘lib ishlaydi, Namangan
Qimorboz akasiga 50 mln so‘m bergan
Men an’anaviy o‘zbek oilasidanman, kichik o‘g‘ilman, ota-onam bilan yashayman. Akam anchadan beri Moskvada ishlaydi. Bir paytlar butun oila aynan unga suyanib yashagandi. Men hali universitetda o‘qib yurganimda akam ota-onamga pul yuborib turardi. Har doim unga o‘xshashni istardim. Xuddi ikkinchi otamdek bo‘lib qolgan.
Bir kuni telefonda gaplashayotganimizda o‘z ishini boshlamoqchiligini aytdi. Tez vaqt ichida pul topib, biznes boshlash uchun ajoyib rejasi bor ekan. Meni yoniga chaqirib olishini, to‘laqonli hamkor qilishini va’da qildi. Mashinamni sotib, unga 50 mln so‘m berdim. Foizi bilan qaytarishini aytdi. Avval 5 mln qaytardi, keyin yana 3 mln. O‘zimni tinch his qila boshladim.

Keyin menga qarindoshlarim qo‘ng‘iroq qila boshlashdi. Keyin bilishimcha, u ko‘p odamlardan qarz olgan ekan. Qarindoshlarimizdan biri menga yozishmalarni ham, stavkalarning skrinshotlarini ham ko‘rsatdi.
Ota-onamning yuzini yerga qaratmaslik uchun bu qarzlarning bir qismini yopdim. Qarindoshlardan ularga aytmasliklarini iltimos qildim. Akamning bu qilig‘idan haligacha uyalyapman.
«Oson pul ishlab olaman deb o‘ylagandim»
Маdina, 41 yosh, buxgalter, Toshkent
Qimorboz direktoriga 18 mln so‘m bergan
Bir nechta firmaning buxgalteriyasini yuritaman. Sarmoya degan narsalarga unchalik tushunmayman, kriptovalyutaga ham ishonmayman. Ratsional odamman.
Bir tadbirkor bilan 3 yildan beri hamkorlik qilardik, ancha yaqinlashib ham ketgandik. U hozir imkoniyatlar, kripta vaqti ekani va shunga o‘xshash narsalar haqida ko‘p gapirardi. Men unchalik e’tibor bermasdim. Bir kuni mendan 3 mln so‘m qarz so‘radi. To‘lovlarda qandaydir kamchiliklar bor ekanmish. Men «oddiy hol-ku, nima qilibdi» deb o‘yladim. O‘zimning pulimdan qarz berdim. Bir hafta o‘tib 6 mln qaytardi. Adashib ko‘proq yuborvordi, deb o‘yladim. Qaytarib bermoqchi ham bo‘ldim. Lekin u qo‘llab yuborganim uchun sovg‘a ekanligini aytdi. Yo‘q joydan shuncha soqqa qilganiga hayron qoldim!
Keyin u menga bir taklif berdi. 18 mln so‘m naqd kerak ekan. Agar bersam, pulni ko‘paytirib, foydani ikkiga bo‘lishni aytdi. Ochig‘i, menda uncha pul yo‘q edi. U ranjigandek bo‘lib, burnimning tagidagi imkoniyatni o‘tkazib yuborayotganimni aytdi. Shunda men tavakkal qildim-da, bitta firmaning kassasidan pul olishga qaror qildim. Nima farqi bor? Oldin ham qaytargandi, bu safar ham silliq o‘tadi deb o‘yladim. Naqd pul yechib, unga 18 mln berdim va shundan keyin uni boshqa ko‘rmadim.

Keyinroq uning pudratchisidan anchadan beri onlayn kazinoda o‘ynashini, ko‘plardan qarz olib, aldab ketganini eshitdim. Kassaga pulni qaytarish uchun kredit olishimga to‘g‘ri keldi. Militsiyaga bormoqchi edim, lekin naqd pul berganimning hech qanday isboti yo‘q edi. Tilxat olish xayolimga ham kelmagan ekan.
Avvaliga o‘zimni rosa koyidim. Keyin esa meni chuv tushirib ketishganini tan oldim.
«Bahslashmasdan, bo‘lajak turmush o‘rtog‘imga ishonishim kerakligini o‘rgatishgandi»
Mubina, 22 yosh, talaba, Qarshi
Qimorboz unashtirilgan yigitiga 25 mln so‘m bergan
Men qattiqqo‘l oiladanman. Meni bo‘lajak erimni hurmat qilishga o‘rgatishgan. Kuyov bola yomon odam emas-u, lekin xarakteri og‘irligi sababli bir yil ichida 3 marta ish joyini almashtirgan. Rahbarlari bilan til topisha olmayotganmish, birovga ishlashni xohlamas ekan. Oxirgi paytlar tez boyib ketgan odamlar haqida, har xil blogerlar haqida rilslarni tomosha qila boshladi. Umuman, telefondan boshini ko‘tara olmay qoldi.
Bir kuni og‘zi qulog‘ida yonimga yugurib keldi, hisobidagi balansni ko‘rsatib, ishi o‘xshayotganini aytdi. Menga yangi telefon olib berishini va’da qildi. Men ham u bilan xursand bo‘ldim-u, lekin ichim g‘ash edi. Yana boshqa bir kun kelib sarmoya kiritish uchun nomimga 25 mln so‘m kredit olishni so‘radi. To‘yimizni ham o‘z pulimizga qilishimizni aytdi. Keyin esa g‘oyib bo‘ldi. Telefoni ham o‘chdi.
Nimadir bo‘ldi deb qo‘rqib, ota-onasining oldiga bordim. Ulardan anchadan beri stavka va onlayn-kazinolarga pul tikib yurganini bildim. Hatto do‘stlaridan va qarindoshlaridan ham pul olgan ekan. Oxiri ota-onasi uni Rossiyaga, xususiy reabilitatsiya markaziga yuborishibdi.
Lekin kredit masalasida menga yordam berishdan bosh tortishdi. Hamma qarz o‘zimga qolib ketdi.

Nima uchun odamlar qimorbozlarga aldanib, ularga pul berishadi?
Qimorbozlar bu o‘yin emas, tez boyib ketishning samarali yo‘li deb ishonishadi. Yaqinlari ularning rostgo‘yligi va ishtiyoqiga aldanishadi. Ular shunchalik o‘zlariga ishonishadi-ki, xuddi koeffitsiyentlar, kripta, yangi imkoniyatlar va sarmoyalardan haqiqatdan ham xabari bordek gapirishadi. Qimorbozlar ularga bo‘lgan ishonchingizni mustahkamlash uchun bir necha marta olgan qarzlarini qaytarishadi.
Qimorbozning ta’siriga tushib qolmaslik uchun nima qilish kerak?
Bu sxemalar ko‘pincha bir xil bo‘ladi. Tanish tuyulsa, yaxshisi darrov «YO‘Q» deng.
- Avval kamroq qarz olishadi, keyin esa ko‘proq.
Birinchi kam pul olib, vaqtida qaytarishadi. Keyin esa ancha ko‘proq so‘rashadi.
Maslahat: bir marta qarz bergan bo‘lsangiz, boshqa bermang. - Biznesga deyishadi, lekin tafsilotlarini tushuntirishmaydi.
Na hujjat, na shartnoma, na reja bor. Faqat va’dalar.
Maslahat: aniq ma’lumot bo‘lmasa, pul ham yo‘q. - Ishdagi ishonchingizdan foydalanishadi.
Begonaning pulini, kassadan yoki umumiy puldan olib, uni ko‘paytirish taklifi bilan keladi.
Maslahat: birovning va’dasiga ishonib, ishingizni ham, obro‘yingizni ham xavfga qo‘ymang. - Bir paytning o‘zida ko‘pchilikdan qarz olishadi.
Har kimga boshqa-boshqa gap aytishadi. Rostini esa keyin bilib qolasiz.
Maslahat: shubhalansangiz, yaqinlaringiz bilan gaplashib ko‘ring. - O‘z nomingizga kredit olishingizni so‘rashadi.
O‘zlari to‘lashini va’da qilishadi, lekin kredit sizning nomingizda bo‘ladi.
Maslahat: hech qachon birov uchun kredit olmang. Qonun oldida qarzdor faqat siz bo‘lasiz. - Birdan g‘oyib bo‘lishadi.
Pul tugashi bilan aloqaga chiqmay qo‘yishadi.
Maslahat: odam yo‘qolib qolsa, bu sizning aybingiz emas. Lekin boshqa bunday ishlarga aralashmaslik kerakligi haqidagi dars.
Ba’zan eng qiyini yordam bermaslik emas, to‘xtash bo‘ladi. Lekin bunday vaziyatda pul bermaslik shafqatsizlik ham, xiyonat ham emas. Bu sizni, oilangizni va pulingizni himoya qiladigan chegara. Qimorbozlik qarz olish bilan davolanmaydi, aksincha yanada kuchayadi. Yordam berishni istasangiz, yaqiningiz bilan ochiq gaplashib oling, davolanishiga yordam bering va yonida bo‘ling.
*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

AVO ilovasini yuklab oling
Barcha bank xizmatlari va operatsiyalari 24/7 sizning smartfoningizda
