• AVO

  • AVO gap

  • Geymerlar savati 2025: O‘zbekistonda kompyuter, pristavka va o‘yinlar narxi

Geymerlar savati 2025: O‘zbekistonda kompyuter, pristavka va o‘yinlar narxi

2002-yildan beri o‘yin o‘ynayman. Boshlang‘ich sinflarda kunim o‘yin klublarida o‘tardi, u yerda House of the Dead 2 va Garri Potter va falsafa toshini o‘ynardim. Uyda esa mashhur dendida Contr, Battle City, Tetris va Super Mario Bros o‘yinlari bilan vaqt o‘tkazardim. 6-sinfga o‘tganimda NFS Underground’da Nissan 350Z haydab, Will Rock’da maxluqlarni yo‘q qilardim. O‘sha paytlarda kompyuter va texnologiyalarni uncha tushunmasdim-u, lekin o‘yin o‘ynashni yaxshi ko‘rardim. 2010-yilda menga 4 gigabayt tezkor xotira va afsonaviy Core 2 Duo protsessoriga ega yangi kompyuter sotib olishdi. Lekin, afsuski to‘plamda videokarta yo‘q edi. Ota-onamdan yana videokarta sotib olishni so‘rashdan uyaldim, shuning uchun butun yoz davomida ishlab, $90 yig‘dim, bu o‘sha paytlar uchun katta pul edi.

Malika bozoriga bordim, sotuvchilardan biri 9800 GT sotib olishni maslahat berdi. Men xuddi yaxshi tushunadigandek qarab, ha yaxshi narsa deb tasdiqladim. 10 daqiqa davomida bu mo‘jizaviy texnika haqidagi maqtovlarni eshitib, menga aynan shu narsa kerak deb o‘yladim. Uyga qaytayotib, S.T.A.L.K.E.R. Shadow of Chernobyl’ni sotib olish uchun do‘konga kirdim. Xursandchiligim o‘yinni ishga tushirgunimcha davom etdi. Sifatli o‘yin kutgandim, lekin faqat suratlarni oldim. Stalker yuqori sozlamalarda 15 FPS (kadrlar chastotasi)dan, past sozlamalarda esa 35 FPS’dan ortiq ko‘rsatmas edi. Menga xitoy kartasini o‘tkazishgan ekan, men esa bu sohadan bexabar bo‘lganim uchun laqqa tushib qolibman. Shunda sifatli o‘yin o‘ynash uchun «temir»ni tushunish kerakligi haqida dars oldim.

Xo‘sh, geymingga kirib ketishga qaror qildingiz …

Kompyuter yoki pristavka — bittasini tanlashingiz kerak. Qanday tanlov qilasiz?

Javob oddiy — platformani nima o‘ynamoqchiligingizga qarab tanlang. Misol uchun, eng chiroyli grafika va modlar bilan CS yoki Dota o‘ynashni istasangiz, javob aniq — kompyuter. Aslida esa vaziyat ancha qiyinroq: kompyuter ancha ko‘p sarmoya — vaqt, pul va kuch talab qiladi, pristavkani esa o‘rnatganingizdan keyin 10 daqiqa ichida o‘yinni boshlay olasiz.
Maqola qaysi platformani tanlashingiz kerakligi haqida qaror qabul qilishingizga yordam beradi.

Kompyuter — universal, kuchli va qimmat

Afzalliklarni sanab o‘tamiz. Kuchli kompyuter nafaqat o‘yinlar uchun, balki o‘qish yoki ish uchun ham ishlatiladi. Bunday kompyuterning ko‘plab boshqa ustunliklari bor:

  • Yuqori unumdorlik, sifatli grafika va 4K tasvir
  • Yuqori FPS (kadrlar chastotasi)
  • Barcha mavjud o‘yin texnologiyalarini o‘qish imkoniyati
  • Dasturiy ta’minotdan apparat qismigacha o‘zgartirish va yaxshilash imkoniyati
  • Mod va tuzatmalar o‘rnatish, yangilash hamda qiyin o‘yinlar o‘ynash imkoniyati
  • O‘yinlarni mayda qismlargacha sozlash (grafika, boshqaruv va boshqalar)
  • O‘yinlarda aniq va xilma-xil boshqaruv imkoniyati
  • Yoqimli narxlardagi katta o‘yinlar to‘plami
  • Tashqi qurilmalarni tanlash imkoniyati (klaviatura, sichqoncha, quloqchin va hokazo)

Kompyuter katta erkinlik beradi, lekin bu erkinlik pul, vaqt va mehnat talab qiladi.

Kompyuter haqida qisqacha ma’lumot

O‘yin kompyuteri — shunchaki qismlar to‘plami emas, balki har bir detali siz hal qilmoqchi bo‘lgan vazifalarga mos keladigan tizim. Barqaror ishlash unumdorligi, qulay o‘yin jarayoni va kelajakda yangilash imkoniyatiga ega bo‘lish uchun qismlarni tanlashda nimalarni e’tiborga olish kerakligini tushunish juda muhim.

Protsessor va videokarta

O‘yinning qanchalik samarali ishlashini belgilaydigan asosiy elementlar. Zamonaviy loyihalarda yuk asosan ular o‘rtasida taqsimlanadi: protsessor mantiq, fizika, qahramonlarning xatti-harakatlari va orqa fondagi boshqa jarayonlarga, videokarta esa vizualga javob beradi.

Quvvatlar bir-biriga mos bo‘lishi muhim: haddan tashqari kuchsiz protsessor hatto eng zamonaviy videokartani ham to‘xtatib qo‘yadi, aksincha — agar videokarta sifatli grafikani yetkazib bera olmasa, ortiqcha quvvatli protsessor ham unumdorlikni oshira olmaydi.

Operativ xotira (TX / RAM)

Vaqtinchalik xotira. Unda siz ayni paytda ishlaydigan ma’lumotlar saqlanadi. Xotira hajmi qanchalik katta bo‘lsa, bir vaqtning o‘zida shunchalik ko‘p dasturlarni ochiq saqlash mumkin, o‘yinlar va tizim ham shunchalik tez ishlaydi. Hozirgi kunda 16 GB xotira kerak, lekin 32 GB bo‘lsa yanada yaxshi. 

Doimiy xotira (DX / Storage)

Asosiy xotira. Bu yerda o‘yinlar, Windows, dasturlar — barcha ma’lumotlar saqlanadi.

DX ikki turga bo‘linadi:

  • HDD — eski ishonchli qattiq disk. Arzon, sig‘imi katta, lekin sekin ishlaydi.
  • SSD — maksimal darajada tez ishlaydi. Tizim 10 soniyada yuklanadi, o‘yinlar esa bir zumda ochiladi. Windows va sevimli o‘yinlarni SSDga o‘rnatishni tavsiya qilaman.

Ikkala tur bo‘lgani yaxshi: HDD — katta hajmdagi ma’lumotlarni saqlash uchun, SSD esa — tez ishlashi uchun.

Markaziy plata (Motherboard)

Baza. Barcha komponentlarni o‘zaro bog‘laydi. U bo‘lmasa, kompyuteringiz shunchaki qimmatbaho temir parchalari to‘plamidan iborat bo‘lib qoladi. Protsessorga moslab tanlanadi, soketlar (ulagichlar) bir-biriga mos kelishi shart. Kelajakda yangilashni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, bu qismda tejamaslikni tavsiya qilaman

Ta’minot bloki (PSU)

Temirni oziqlantiradi. Keyinchalik o‘t o‘chirgich bilan yugurmaslik uchun undan tejamang.

Kuler / Sovitish

Kompyuter Metro Exodus’ni 4K sifatda birinchi marta ishga tushirganda ishdan chiqmasligi unga bog‘liq. Yaxshi sovitish tizimi barqarorlikni ta’minlaydi.

Kompyuterni yig‘ishda nafaqat hozirgi ehtiyojlarga e’tibor qaratish, balki kelajakda yangilash imkoniyatini ham hisobga olish muhim. Bu korpusdan tortib sovitish tizimigacha — markaziy plata va boshqa qismlarga taalluqli.

Muvozanat — kalit so‘z. Agar qolgan tizim ko‘tara olmasa, bitta kuchli qismga pul sarflashning ma’nosi yo‘q.

Qismlarni bir-biriga mos keladigan tarzda tanlashga yordam beradigan saytlar bor. Bu saytlar virtual kompyuterni konstruktor kabi yig‘ish imkonini beradi va agar qismlar bir-biriga mos kelmasa, sayt bu haqda darhol ogohlantiradi. 
Saytlar:
www.userbenchmark.com
www.logicalincrements.com
https://configurator.pcmarket.uz/


Oxirgisi unchalik aniq bo‘lmasa ham, o‘zimizniki va so‘mdagi narxlarni ko‘rish mumkin.

Diqqat! Maqoladagi kompyuter turkumlari shartli ravishda berilgan. 25 mln so‘mdan qimmat tizimlar va RTX 50 seriyali videokartalarga qaramadim.

Hamyonbop komplektatsiya

O‘rtacha narxi: 6 500 000–9 000 000 so‘m.

Bu terma tashqi ko‘rinish, narx va sifat nisbatlari bo‘yicha eng to‘g‘ri tanlov hisoblanadi. Bu kelajakda yangilash imkoniyatini hisobga olgan holda minimal konfiguratsiyaning misoli.
Termani luckycustom.uz saytidan oldim.

Xususiyatlari

Protsessor
Ryzen 5 5600X Up to 4,6GHz
6 yadro / 12 oqim
TX
DDR4 Kingston 3200MHz 16GB
Videokarta
GPU GTX1660Super GDDR6 6GB
Xotira
SSD M.2 NVMe 500GB
Markaziy plata
Gigabyte B550M DS3H
Sovitish
DeepCool AG 400 LED
Ta’minot bloki
DeepCool 600W
Keys
Case Hofftech RGB
Saytdagi narxi
$510

Bunday hamyonbop variant RDR 2, GTA V, Call Of Duty WWII, Baldur’s Gate, Valorant va Hogwarts Legacy kabi o‘yinlarni o‘rtacha yoki yuqori sozlamalarda o‘ynash uchun yetarli bo‘ladi.

Boshqa variantlar:
1-variant
2-variant
3
-variant

O‘rtacha komplektatsiya

O‘rtacha narxi: 10 000 000–17 000 000 so‘m.
PCMarket.uz Telegram-kanalida qiziqarli termaga ko‘zim tushdi.

Xususiyatlari

Protsessor
Intel® Core™ i7-12700K
12 oqim / 5.0GHz gacha 20 oqim 25MB kesh-xotira
TX
32 GB DDR5 5600 Crucial
Videokarta
Nvidia GeForce RTX4060Ti 8GB (GDDR6)
Xotira
2TB Samsung 970 EVO Plus
Markaziy plata
MSI PRO Z790-P WIFI DDR5 LGA1700 
Sovitish
ID-Cooling DASHFLOW 360XT
Ta’minot bloki
Huntkey 80+ Platinum 1000W
Keys
Thermaltake-Stell Shadow EX
Saytdagi narxi
22 100 000 so‘m

Qulay o‘yin uchun yetarli bo‘lgan, ba’zi hollarda esa hatto 2K va 4K formatlarida ham o‘ynash imkonini beradigan muvozanatli terma. Zamonaviy AAA-loyihalarning aksariyatini yuqori parametrlarda bemalol ishga tushira oladi.

Boshqa variantlar:
1-variant 
2-variant
3-variant

Tashqi qurilmalar

Klaviatura va sichqoncha haqida gapirishning ma’nosi yo‘q, chunki tanlov juda keng va har kim o‘ziga yoqqanini oladi. Monitorlar haqida esa gapirish mumkin va kerak. Agar monitor sifatsiz bo‘lsa, kompyuterning eng zo‘r komplektatsiyasi ham o‘yindan to‘liq zavq olish imkonini bermaydi.

Narx va sifat nisbati a’lo darajada bo‘lgan uch toifadagi monitorlar ro‘yxati bilan tanishing. Odatda o‘yinchilar 24–27 dyuymli monitorlarni tanlashadi. Ular yetarlicha ixcham bo‘lib, o‘yinga to‘liq sho‘ng‘ishni ta’minlaydi.

Hamyonbop variant
Xiaomi Redmi G27 Gaming — 2 192 000 so‘m.
O‘rtacha narxi: 2 000 000–3 500 000 so‘m.

O‘rtacha variant
Lenovo G27qe-20 — 4 086 000 so‘m.
O‘rtacha narxi: 4 000 000–6 000 000 so‘m.

Eng zo‘r monitor
Samsung Odyssey G7 C27G75TQSI — 8 500 000 so‘m.

O‘rtacha narxi: 8 000 000 so‘mdan boshlanadi.

Steam yoki Epic Games Store?

Komplektatsiya haqida gaplashdik, endi davom etamiz.

Epic Games Store

Bu yerda o‘yinlar kamroq, lekin narxlari juda chiroyli! Epic Games Store ko‘proq foydalanuvchilarni jalb qilish maqsadida faol narx siyosatini olib boradi. Shu sababli do‘kon doimiy ravishda mavsumiy chegirmalar e’lon qiladi va eng mashhur o‘yinlarni (yangi bo‘lmasa ham, yomon emas) bepul tarqatadi. Har hafta biror qoyilmaqom o‘yinni bepul yoki arzon narxda qo‘lga kiritishingiz mumkin. Bu mo‘jiza emasmi? Solishtirish uchun Epic Games Store’dagi ba’zi o‘yinlarning narxlarini ko‘rib chiqing:

Cyberpunk 2077 (taniqli o‘yin)

God of War

Hogwarts Legacy

Assassin’s Creed Mirage

Ba’zan narxlar orasidagi farq 2 barobar, hattoki 4 barobargacha bo‘ladi! Bitta kamchiligi shundaki, arzigulik o‘yinlarni qo‘ldan chiqarmaslik uchun chegirmalar va bepul tarqatmalarni doimiy ravishda kuzatib borish kerak. Men shunday qilib Dying Light, Just Cause 4, Alien: Isolation va GTA V kabi o‘yinlarni qo‘lga kiritdim.

Steam

Kechagina chiqarilgan AAA-loyihalardan tortib retro yoki hech kimga tanish bo‘lmagan indi-o‘yinlargacha (yirik kompaniyalar ko‘magisiz kichik ishlab chiquvchilar jamoasi tomonidan yaratilgan loyihalar) deyarli barcha narsani o‘z ichiga olgan eng yirik o‘yinlar do‘koni.

Qanday afzalliklari bor deysizmi? Odatiy bo‘lib qolganligi, barqarorligi, yirik kutubxonasi. Kamchiliklari? Ba’zi o‘yinlarning narxi qimmat. Steam’da O‘zbekiston global dollar hududiga kiradi. Shu sababli Turkiyada $40 yoki Argentinada $25 turadigan o‘yin, AQShdagi kabi $59,9 ga tushadi.

Bozor UGC (o‘yinchilar kontent yaratadigan va ulashadigan loyihalar) va indidan (indi ishlab chiquvchilari tufayli Steam’da 0,99–10 dollarlik o‘yinlar ham ko‘p, bu esa o‘rtacha narxni pasaytiradi) iborat. Bu haqiqiy narx pastligidan ko‘ra ko‘proq shovelware (past byudjetli va o‘rtacha o‘yin jarayoniga ega loyihalar) aralashmasiga o‘xshaydi. Vaziyatni chegirmalar va aksiyalar qutqaradi, ular yordamida o‘yinlarni haqiqatan ham arzon narxlarda sotib olish mumkin. Mavsumiy chegirmalar ma’lum sanalarga bog‘lanmagan, lekin har yili bir vaqtda boshlanadi.

2025-yildagi chegirmalar sanasi:

  • Bahorgi — 13–20-mart
  • Yozgi — 26-iyun–10-iyul
  • Kuzgi — 29-sentyabr–6-oktyabr
  • Qishki — 2025-yil 18-dekabr–2026-yil 5-yanvar

Qishki chegirmalarda 90% gacha chegirmalar amal qiladi. Steam’da o‘rtacha o‘yin narxlari quyidagicha:

O‘yin
Narxi
AAA-o‘yinlar
$59,99–$69,99
2–3 yil oldin chiqarilgan mashhur o‘yinlar
$29,99–$49,99
Indi va mid-tier (indi loyihalardan kattaroq, AAA o‘yinlaridan kichikroq byudjetga ega loyihalar)
$14,99–$29,99
Klassika va retro
$4,99–$9,99
Shovelware
$0,99–$4,99

Shuningdek, festivallar sharafiga chegirmalar yoki ishlab chiqaruvchilardan chegirmali sotuvlar ham bo‘lib turadi.

PlayStation 5

  • PS5 Pro’ning o‘rtacha narxi: 9 500 000–10 000 000 so‘m.
  • PS5 Slim’ning o‘rtacha narxi: 5 400 000–6 500 000 so‘m.

Diskli versiya bilan raqamli versiya o‘rtasidagi narx farqi: 1 000 000–1 200 000 so‘m.
Boshqaruvchi qurilma narxi: 900 000–1 200 000 so‘m.

Bir qurilmada jamlangan oq rang, kelajak uslubi va soddalik —yangi avlod pristavkasi. Shunchaki pristavka emas, balkim haqiqiy maqom belgisiekanligini bir qarashda ko‘rishingiz mumkin.

PS5’ning texnik xususiyatlari haqida gapirsak, uning qanday afzalliklari bor? Bu pristavkani sotib olganingizda, doimiy ravishda sifatli (eng zo‘r emas) grafikani, 30 kadr/soniyali nur kuzatishli yoki 60 kadr/soniyali oddiy grafikaga ega bo‘lasiz. PS5’ning ichki qismlari turlicha bo‘lishi mumkin, lekin bir modelning ikkita pristavkasi qanday yig‘ilgan bo‘lishidan qat’i nazar, bir xil ishlaydi.

PS5 sotib olayotganda modifikatsiyaga (Slim — arzonroq, lekin unumdorligi pastroq; Pro — qimmatroq, lekin grafikasi yaxshiroq), xotira hajmi va disk soladigan joyning borligiga e’tibor bering. Agar diskdagi o‘yinlarni sotib olmoqchi bo‘lsangiz, disk soladigan joy albatta kerak bo‘ladi.

Agar yolg‘iz o‘ynamasangiz, ikkinchi boshqaruvchi qurilmani sotib olishingiz kerak bo‘ladi. U ikki kishilik mahalliy o‘yinlar uchun kerak. Bitta boshqaruvchi qurilmaning narxi rangi va sotib olish joyiga qarab 900 000 so‘mdan 1 200 000 so‘mgacha bo‘ladi.

O‘zbekistonda PS5’ni rasman sotib olishning imkoni yo‘q. Shuning uchun Malika bozoriga borish, onlayn bozorlarda yoki Telegram-kanallardan xarid qilishga to‘g‘ri keladi.

PlayStation Network, PS Plus obunasi va disklar

PS Plus obunasining rasmiy narxlari (Ukraina hisobi bo‘yicha, 2025-yil, iyul):

  • Asosiy — $31
  • Ekstra — $51,47
  • Lyuks — $59,61
  • O‘zbekistondagi narxi: 880 000 so‘mdan 1 450 000 so‘mgacha.

Sony hali ham O‘zbekistonga xizmat ko‘rsatmayotgani sababli, Steam yoki Epic Games Store’dan farqli o‘laroq, PSN’da o‘zbek akkauntini ochish va o‘yinlar yoki obunalarni qonuniy tarzda sotib olish imkoni yo‘q.

Bu vaziyat bir qator muammolarni keltirib chiqaradi:

  • Mahalliy so‘mdagi kartani ulash mumkin emas
  • O‘zbekistonni ko‘rsatib bo‘lmaydi
  • Mahalliylashtirish, soliq va narxlar — hech biri biz uchun mo‘ljallanmagan. Tanlangan mintaqaga qarab, yo ortiqcha to‘lov qilasiz, yo o‘yinlar yoki obunalardagi cheklovlarga duch kelasiz.

Shu sababli butun boshli sanoat vujudga keldi: unda mohir ustalar ozgina haq evaziga o‘yinchilarga xorijiy akkaunt ochishda, o‘yinlar yoki obunalarni sotib olishda yordam beradilar. 2024-yilda oxirgi akkauntimni 25 ming so‘mga sotib olgandim.

PS5’da o‘yinlarni qonuniy o‘ynashning yana bir usuli — qimmat disklar sotib olish. Malika bozoridagi narxlar 400 000 so‘mdan boshlanib, 1 000 000 so‘mgacha yetadi, mediapark.uz saytida esa undan ham qimmatroq bo‘ladi.

Turli yillardagi atigi 10 ta AAA-o‘yin kompyuterning arzon konfiguratsiyasiga teng pulga tushadi. PS5’da o‘ynashning yagona yo‘li — xorijiy akkaunt va PS Plus obunasini xarid qilish.

Mana bu mening o‘yinlar kutubxonam:

Nega noutbuk, Xbox va Nintendo haqida gapirmadik?

O‘yin noutbuklari narx va unumdorlik nisbatini yaxshi ta’minlamaydi. O‘rtacha darajadagi videokartali noutbuk narxiga kuchliroq statsionar kompyuter yig‘ish mumkin. Buning ustiga, noutbuklar sovitishni yomonroq boshqaradi, tezroq eskiradi va yangilash imkoniyatlari cheklangan. Ularning asosiy va yagona afzalligi — ko‘chma ekanligi.

Xbox O‘zbekiston bozorida rasman taqdim etilmagan (PlayStation ham, lekin u ancha ommalashgan). Game Pass servisi narx va tarkib nisbati bo‘yicha foydali obuna bo‘lib qolyapti, lekin mahalliylashtirish, qo‘llab-quvvatlash, rasmiy sotuvlar va talab yo‘qligi platformani cheklab qo‘yyapti. Bu uning afzalliklarini yo‘qqa chiqarmaydi, lekin mintaqa miqyosida PlayStation yoki kompyuter foydasiga tanlov qilish maqsadga muvofiq ko‘rinadi.

Nintendo Switch butunlay boshqa auditoriyaga mo‘ljallangan. Bu o‘ziga xos o‘yinlar va muhitga ega gibrid ko‘chma pristavka. O‘yinlarning yuqori narxi, rasmiy qo‘llab-quvvatlashning yo‘qligi va O‘zbekiston bozorida kamligi unga bo‘lgan talabni pasaytiradi. Shunga qaramay, Switch kompyuter va PS5’ning bevosita raqobatchisi emas — uning o‘z yo‘li, o‘z falsafasi va o‘ziga xos o‘yin sohasi bor.

Yakuniy hisob-kitob: O‘zbekistonda geymer bo‘lish qanchaga tushadi

Geymer bo‘lish — bu muntazam ravishda xobbiga sarmoya kiritish degani. O‘zbekistonda videoo‘yinlar olamiga kirish narxi tanlangan platforma, o‘yin afzalliklari va foydalanuvchi intilayotgan qulaylik darajasiga bog‘liq.

Kompyuter geymeri — eng moslashuvchan va kuchli yechim bo‘lib qolmoqda. Boshlang‘ich darajadagi qurilma $700 ga, o‘rtachasi $1000 ga, eng zo‘ri esa $2000 ga tushadi. Buning evaziga geymer nafaqat o‘yin mashinasini, balki yangilash va to‘liq moslashtirish imkoniyatiga ega bo‘lgan ish qurolini ham qo‘lga kiritadi. Kamchiliklari — yuqori narxi, texnik tushuncha va yig‘ish zarurati (agar yig‘ishni do‘konga ishonib topshirsangiz, bu muammo hal bo‘ladi).

Boshida kattaroq sarmoya talab qilishiga qaramay, uzoq muddatli istiqbolda kompyuter o‘zini to‘liq oqlaydi. Muntazam ravishda chegirmalar va bepul tarqatmalar o‘tkaziladigan Steam va Epic Games Store tufayli o‘yinlar ancha arzonroqqa tushadi. Bundan tashqari, kompyuterdan o‘qish, ishlash, ijod qilish va boshqa vazifalar uchun foydalanish mumkin. Natijada, agar faol o‘ynasangiz, shaxsiy kompyuterga egalik qilishning umumiy qiymati har qanday pristavkanikiga qaraganda pastroq bo‘ladi.

PlayStation 5 — barqarorlik va Sony’ning eksklyuziv loyihalarini afzal ko‘radiganlar tanlovi. Pristavka bir necha daqiqada ishga tushadi, yangilanishlar avtomatik ravishda amalga oshiriladi va unumdorlik bitta modelning istagan versiyasida bir xil darajada yuqori bo‘ladi. Lekin, platformadan O‘zbekistonda foydalanib bo‘lmaydi: pristavka norasmiy ravishda olib kelinadi, obunalar vositachilar orqali rasmiylashtiriladi va o‘yinlarning narxlari o‘rtacha bozor narxlaridan yuqori bo‘ladi.

O‘yinlar, obunalar, aksessuarlar narxi va cheklangan funksionallikni hisobga olsa, uzoq muddatda pristavka qimmatroqqa tushadi. Ayniqsa, foydalanuvchi ko‘plab yangi o‘yinlarni o‘ynashni yaxshi ko‘rsa.

Umumiy xarajatlar bo‘yicha PS5 ko‘pincha to‘liq kompyuter narxiga yaqinlashadi, ayniqsa diskdagi o‘yinlarni sotib olsangiz, bu summa deyarli tenglashadi. Agar obuna bo‘yicha mavjud bo‘lgan o‘yinlarni o‘ynasangiz va yangilarini kamroq xarid qilsangiz, muammo o‘zi bartaraf bo‘ladi.

Agar o‘yinga qiziqib qolgan bo‘lsangiz va hoziroq boshlashni istasangiz, 100 000 000 so‘mgacha limitga ega AVO platinum kredit kartasi yordamga keladi. Kartani ilovada bir daqiqada ochishingiz, 45 kungacha bo‘lgan imtiyozli davrdan foydalanishingiz, shuningdek, har bir xarid uchun keshbek olishingiz mumkin.

Orzungizdagi kompyuterni yig‘ing

Kartaga 100 mln so‘mgacha pul oling va 45 kungacha foizsiz davrda qaytaring

Karta ochish

*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

13.08.2025
13 daqiqa
Rustam Mansurov
Maqola muharriri
O’zbekistondagi qulay mobil bank

Barcha bank xizmatlari va operatsiyalari sizning smartfoningizda

Saytdan foydalanishni yanada qulayroq qilish uchun cookie-fayllaridan foydalanamiz. Batafsil ma’lumot maxfiylik siyosatimizda

+998 (78) 888-78-87

Barcha savollaringizga javob beramiz va muammolarga yechim topishda yordam beramiz

AVO kredit kartasi

Bank haqida

Internet-banking
  • Mahsulotlar
    • AVO platinum kredit kartasi
    • To'lov stikeri
    • AVO omonati
  • Jamoamizga qo'shiling
    • Vakansiyalar
    • IT, biznes va jarayonlar
    • Mijozlar bilan ishlash
  • Foydali ma'lumotlar
    • Tariflar
    • Sayt xaritasi
    • Aksiyalar va hamkorlar
    • Kartani chiqarish qurilmalari
  • Fikr-mulohazalar
    • Savollar va javoblar
    • Murojaat yuborish
    • Fikr-mulohazalar
AVO gapBankomatlar

UZ

+998 (78) 888-78-87
Bosh sahifaMoliyaYangiliklarSavol-javoblar
Qarzdorlikni so'ndirish
Bank haqida
mobile app
Mobil ilova

Ilova sizning Android va iPhone qurilmangizda mavjud

2025, «AVO bank» AJ, 2025-yil 28-fevraldagi 83-sonli litsenziya Saytdagi ma’lumotlarning so‘nggi yangilanish sanasi: 21/10/2025

  • Kompleks bank xizmatlarini ko'rsatish shartlari

  • Foydalanish shartnomasi

  • Maxfiylik siyosati

«AVO bank» xizmatlarni shaxsiylashtirish va ulardan foydalanish sifatini yaxshilash uchun cookie fayllardan foydalanadi. Cookie fayllari veb-saytga oldingi tashriflar haqidagi ma’lumotlarni o’z ichiga olgan kichik fayllardir. Agar siz cookie fayllardan foydalanishni istamasangiz, iltimos, brauzer sozlamalarini o’zgartiring.

Ko'proq maqolalar
  • Bosh sahifa • 23.10

    Fond bozori qanday ishlaydi va chet el kompaniyalarining aksiyalarini O‘zbekistondan sotib olsa bo‘ladimi?

    Rustam Mansurov

  • Yangiliklar • 21.10

    AVO platinum tariflaridagi o‘zgarishlar

    AVO press-markazi

  • Bosh sahifa • 21.10

    O‘zbekistonda qanday qilib styuardessa bo‘lish mumkin? Osmon sari karyera zinapoyasi

    Nina Cherednikova

  • Bosh sahifa • 19.10

    O‘zbekistonda yosh oila qanday qilib uy sotib olishi mumkin?

    Yuna Korostelyova

  • Bosh sahifa • 17.10

    🍵 Uyda kuzgi shifobaxsh choylar damlaymiz 

    Kamilla

  • Bosh sahifa • 15.10

    Qanday hujjatlarda adashmasdan merosni olish mumkin

    Yuna Korostelyova


Blogdagi maqolalarBarcha maqolalar

72