• AVO

  • AVO gap

  • Gelik bo‘yicha katta qo‘llanma: kvadratdagi mavqe qanchaga tushadi?

Gelik bo‘yicha katta qo‘llanma: kvadratdagi mavqe qanchaga tushadi?

Oddiy mashinalar bor, afsonalar bor. Yana Gelik bor, u allaqachon ijtimoiy nufuz timsollari safidan joy olishga ulgurgan. Bu mashina egasi haqida egasining o‘zidan ham ko‘proq gapirib bera oladi.

Harbiy ildizlar: kubning tug‘ilishi

Gelik tarixi 1970-yillardan boshlanadi. Bo‘lajak kubning ilk buyurtmachisi boy biznesmen ham, reper ham emas, balki Eron shohi Muhammad Rizo Pahlaviy edi. U Mercedes-Benzga armiyasi uchun ishonchli harbiy mashina yaratishni so‘rab murojaat qilgan.

Natijada G-Wagen paydo bo‘ldi. Uning fuqarolik versiyasi 1979-yilda chiqdi. Mashina juda amaliy — ortiqcha bezaklarsiz, sodda, kub shakldagi kuzovli va maksimal darajada mustahkam bo‘lib chiqdi. G-Wagenni 40 dan ortiq mamlakat, jumladan Germaniya, Avstriya va Norvegiya armiyalari ishlatgan.

Qiziq paradoks: askarlar uchun yaratilgan avtomobil asta-sekin millionerlar orzusiga aylandi.

Askarlardan blogerlargacha

Gelik trendi MDHda 90-yillarda paydo bo‘ldi. O‘sha paytda bu mashina yangi elita, har xil masalalarni hal qila oladiganlar va kuchliroq ko‘rinishni istaganlarga hamrohlik qildi. Shundan beri ko‘p narsa o‘zgarmadi. Faqat malina rangli pidjaklarni zamonaviy xudilar, charm kurtkali qo‘riqchilar o‘rnini esa YouTube kanali operatorlari egalladi. Lekin bir narsa o‘zgarishsiz qoldi: Gelik — ijtimoiy mavqeni ko‘rsatadigan ochiq bayonot va obro‘ga intilish amaliylikdan muhimroq bo‘lishining yaqqol misoli. Uning puliga ancha qulay va texnologik sedan yoki badavlat shaharliklar uchun yaratilgan Range Rover olsa bo‘ladi. Lekin odamlar ongida bunday obro‘ faqat Gelikda bor.

Nimaga u trendga aylandi?

  1. O‘zgarmas dizayn
    1979-yildan beri Gelikning silueti deyarli o‘zgarmagan. Har yangi avlod mashinalari yangi shaklga ega bo‘lishga intilsa, Gelikning kvadrat ko‘rinishi uning imzosi bo‘lib qoladi.
  2. Maqom qarama-qarshiligi
    Gelik harbiy bazada ham, hashamatli butik oldida ham birdek o‘rinli. U universal, hamma unda o‘zi xohlagan ma’noni ko‘radi. 90-yillardagi askarlar uchun kuch belgisi, blogerlar uchun muvaffaqiyat rasmi, kolleksionerlar uchun esa — mashhur obyekt.

Альтернативный вариант имиджа

  1. Yulduzlar omili
    Gelik — jahon elitasining sevimli tanlovi. Rim papasining G-klass bazasida Papamobili bor, Timati esa butun boshli Gelik parkiga ega. Ular orasida juda noyob G 650 Landaulet’ni uchratishingiz mumkin.
  2. Taqchillik va eksklyuzivlik
    Yillar davomida Gelik Avstriyaning Graz shahridagi Magna Steyr zavodida qo‘lda yig‘ilgan. Har bir mashina hech qanday konveyersiz, qo‘l mehnati mahsuli bo‘lgan. Sovetdan keyingi davrdagi taqchillik bu eksklyuzivlikni qadrini yanada oshirgan.
  3. Eshiklarning afsonaviy tovushi
    Ba’zi narsalarni tushuntirib bo‘lmaydi, ularni faqat his qilish mumkin. Gelikda bu — yopilayotgan eshik ovozi: og‘ir, metall, ishonchli. 

Bu ovozda Gelikka bo‘lgan muhabbat yotadi: mustahkamlik, abadiylik, g‘ildirakdagi zirh hissi.

Qanaqa G-sinflar bor va ularning farqi nimada

Gelikning bir qancha variantlari bor. Bugun bitta modelda bir nechta falsafa bor.

G 500

Klassika

G 500 yoki G 550 kabi asosiy modellar seriyaning oldi qatorida turadi. Ularda qo‘pol elementlar kamroq bo‘lib, kengaytirilgan g‘ildirak yoylari va yirtqich bamperlarsiz, sokin dizaynga ega. Salonida esa o‘sha-o‘sha charm, yog‘och va MBUX multimediya tizimi bilan jihozlangan yuqori sifatli «quti» bor. Bu toza Gelendvagen: sport dabdabasi, ortiqcha tyuning va shov-shuvsiz. Bu asl ko‘rinishidagi afsonaning o‘zidir.

G 550

AMG G 63

Zavoddan keladigan kuch

AMG G 63 hozirgi davr hamda shu maqolaning bosh qahramoni. Uni darrov tanib olasiz: kattakon havo qabul qilgichlar, qizil tormoz supportlari, qo‘pol disklar va AMG gaz chiqarishlarining o‘ziga xos g‘uvullashi. Kapot ostida 2 turbinali V8 dvigatel va 585 ot kuchigacha quvvat bo‘lib, bu g‘ishtdek og‘ir mashinani sportkarga aylantirib yuboradi. Bu yerda falsafadagi farq shundaki: asosiy G — klassika bo‘lsa, AMG dinamika va drayvga boy.

AMG G 63 Brabus

Kvadratdagi ekstrim

BRABUS — alohida bir olam. Bottropdagi nemis atelyesi zavoddan chiqqan AMG G 63 ni olib, uni mukammallashtiradi. Quvvat 800, hatto 900 ot kuchigacha ko‘tariladi. Kuzovga WIDESTAR obveslari taqiladi, salon esa oltin aksentlar, eksklyuziv charm va har bir chokda BRABUS logotipi bilan barokko uslubida bezatiladi. Uni tanib olish oson: BRABUS kengroq, yorqinroq, ovozi balandroq va qimmatroq. Bu — shunchaki ajralib turishni emas, hammani soyada qoldirishni istaydiganlar tanlovi.

Kelajak avtomobili: elektr energiyasida harakatlanuvchi Gelik

G 580 with EQ Technology — eng so‘nggi va eng ko‘p gapirilayotgan, to‘liq elektr energiyasida harakatlanuvchi Gelik. Har g‘ildirakda bittadan 4 ta elektromotor bor. Quvvat deyarli 600 ot kuchi, aylanish momenti 1 000 Nm dan yuqori. Mashina tankka o‘xshab joyida aylanib, G-Turn va bir zumda trayektoriyani joyidan siljitib, G-Steering qila oladi. Tashqi ko‘rinishini tanish oson: kvadrat shakl, dumaloq chiroqlar va tekis chiziqlarga ega. Faqat orqada zaxira g‘ildirak o‘rniga zaryad kabeli uchun futuristik konteyner turadi.

Eng asosiy farq shundaki, AMG Gelikning xarakterini kuchaytirsa, BRABUS chegaradan oshib ketadi, G 580 esa shaklni saqlab, mashina ichini butunlay yangilaydi. Bu kechagi afsona emas, kelajak manifesti. U — afsonaviy yo‘ltanlamasning elektrodavrda ham bemalol yashay olishining yaqqol isboti.

O‘zbekistonda Gelikni qayerdan sotib olsa bo‘ladi?

1-variant. Rasmiy dilerlarda

Qiyinlik darajasi: pul bo‘lsa — easy.
Yangi G-Class mashinalarining taxminiy narxi: $300 000 dan $350 000 gacha

O‘zbekistonda atigi 3 ta rasmiy diler bor:

  • Sardor Avto Invest
  • MB Kokand
  • MB-CITY

Gelikni rasmiy dilerlardan sotib olish haqida o‘ylaydigan bo‘lsak, quyidagi afzalliklar yaqqol ko‘zga tashlanadi:

  1. Shaffof bitim. Mashina yangi, toza, shubhali sxemalarsiz va yashirin nuqsonlarsiz ekanini aniq bilasiz.
  2. Kafolat. Muammo chiqsa, Sergeli mashina bozoridagi biror usta oldiga emas, brend qoidalari bo‘yicha ishlaydigan rasmiy servisga borasiz.
  3. Original komplektatsiya. Dilerda mashina zavod qanday ko‘zlagan bo‘lsa, shunday keladi, shubhali qayta yig‘ish va o‘zgartirishlarsiz (shunday emasmi, BRABUS?).
  4. Xizmat ko‘rsatish. Rasmiy servisda original ehtiyot qismlar, o‘qitilgan ustalar va Mercedes-Benz hujjatlari bo‘ladi. Bular mashinaning qancha xizmat qilishi va keyin uni qanchalik oson sotishingizga bevosita ta’sir qiladi.
  5. Yuridik jihatdan tozalik. Rasmiy shartnoma, cheklar va barcha hujjatlar bo‘lsa, ertaga bojxona yoki VIN noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan ekan deb eshigingizga kelib olishmaydi.

Bu variant arzon emas, lekin ishonchliroq.

Sardor Avto Invest rasmiy dilerlik markazi vakili bilan gaplashdim, u bir nechta savolimga javob berishga rozi bo‘ldi.

Eng ko‘p qaysi modellarni buyurtma qilishadi?

Hozir eng mashhur model — AMG G 63. Deyarli hamma mijozlar qora AMG G 63 ni buyurtma qilishadi. 

Bunday mashina o‘rtacha qanchaga tushadi?

Narx qo‘shimcha opsiyalarga, hatto rangiga ham qarab o‘zgaradi. Bunday avtomobillar $330 000 dan $400 000 gacha turadi. $400 000 ga eng to‘liq jihozlangan, barcha qo‘shimcha opsiyalari bor avtomobilni olasiz.

Xarid qilishga qancha vaqt ketadi?

Agar mijoz salonda bor mashinani tanlasa, bir kundan ham kam vaqt ketadi. Ya’ni ertalab kelib, kechga olib ketasiz. Bizda butun jarayon yo‘lga qo‘yilgan, xodimlar o‘z ishini juda yaxshi biladi. Ba’zan rasmiylashtirish ishlari texnik sabablar tufayli biroz cho‘zilishi mumkin, masalan, to‘lov darrov o‘tmasa.

Agar salonda mijoz xohlagan variant bo‘lmasa yoki u eksklyuziv mashina istasa, 5–8 oy kutib qolishi mumkin. Bunday avtomobillarda katta o‘zgartirishlar qilish imkoniyati bor: talabingiz qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha uzoq vaqt kutasiz, yana logistika ham qo‘shiladi. Lekin bunga arziydi.

Nima uchun mijoz rasmiy dilerni tanlashi kerak?

Sabablar aslida ko‘p. Aniq ko‘rinib turganlarini chetga qo‘yib, xarid paytida ko‘p e’tibor berilmaydigan jihatlar haqida gapirsak. Masalan, mintaqaga moslash. Ko‘pchilik mashinani Dubaydan oladi, keyin esa O‘zbekistonda yomonroq yuryapti, deb hayron bo‘lishadi. Masalan, Dubay uchun G-Class issiq iqlimga moslangan: yaxshi sovitadi-yu, lekin bizga kerak bo‘lganchalik kuchli isitmaydi. Umuman olganda, ikki mintaqa uchun G-Class orasida materiallardan tortib dvigatel parametrlarigacha katta farq bor.

Sir bo‘lmasa 1 oyda nechta G-Class sotasiz?

Biz rasmiy ishlaymiz, albatta sir emas. Oyiga 1–3 ta avtomobil chiqadi, ba’zan ko‘proq ham bo‘ladi — masalan, 3–5 ta.

Aytgancha, rasmiy dilerlik markazlarida nafaqat Gelik, balki chiroyli aksessuarlar va brend merchi ham bor. Xaridlarni 100 mln so‘mlik limitga ega AVO platinum kredit kartasi bilan qulay to‘lash mumkin. Imtiyozli davr 45 kun, shu muddatda barcha sarflagan pulini qaytarsangiz foiz hisoblanmaydi.

2-variant. Importchi salonlar

Qiyinlik darajasi: Middle.  
Yangi G-Class narxlari bojxona rasmiylashtiruv ishlarini hisobga olgan holda: $290 000 dan $330 000 gacha.

Yurgan yoki 2025-yildan oldingi modellar narxi bojxona rasmiylashtiruv ishlarini hisobga olgan holda: $285 000 va undan past.

Ko‘plab xususiy platforma va avtosalonlar Mercedes-Benz G-Class’ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqa mamlakatlardan — ko‘pincha BAA, Yevropa yoki AQShdan olib kelib sotadi. Ularda yangisini ham, haydalganini ham topish mumkin; noyob versiyalar, tyuninglangan AMG yoki BRABUS’lar ham uchraydi. Bunday salonlarda narx va yetkazib berish muddatlari odatda moslashuvchanroq bo‘ladi, komplektatsiya tanlovi ham keng. Lekin, shuni yodda tutingki, kafolat va servis shartlari rasmiy dilerlarnikidan farq qiladi, shu sababli barcha tafsilotlarni oldindan aniqlab oling.

Bunday avtosalonlar yetarlicha. Quyida eng yiriklarini sanab o‘tamiz:

  • AUTO CITY
  • AVENUE MOTORS
  • «DUBAI Автосалон»
  • VIP MOTORS
  • Abozor Premium

Norasmiy avtosalonlar orqali nodir nusxalar, qoyilmaqom kastomlar yoki narx va sifat bo‘yicha yaxshi variantlarni topish mumkin. Lekin bunday salonga murojaat qilganda juda e’tiborli bo‘ling: bitimning aniq predmeti ko‘rsatilgan shartnomani so‘rang — VIN va komplektatsiya, to‘lov grafigi va logistika bosqichlari aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Eksport-invoyslardan nusxa, konosament yoki aviayuk xati, bojxona deklaratsiyasi, QQS va utilizatsiya yig‘imi bo‘yicha to‘lov kvitansiyalarini oling. Mashinaning kelib chiqish bozorini inobatga olgan holda, kafolatning unga to‘g‘ri biriktirilganligini tekshiring. Yillab obro‘ yig‘gan salonlar bu hujjatlarni bemalol ko‘rsatadi va aniq muddatlarni yozadi.

OLX yoki birbir kabi e’lon platformalarida ko‘pincha shu importchi salonlarning o‘zi e’lon joylaydi. U yerlarga faqat Gelik olishni juda istasangiz-u, lekin pulingiz kam bo‘lsa, kirib ko‘rsangiz bo‘ladi.

3-variant. O‘zingiz xarid qilib, olib kelish

Qiyinlik darajasi: Hardcore, Ultra Hardcore, Ultra Hardcore+.
Narxi: cheksiz.

Bu yerda hamma narsa bojxona xarajatlari va bozor narxlariga bog‘liq:

  • Onlayn kalkulyator va yana bir kalkulyator
  • Narxlar

Bu yerda hujjatlar, logistlar va bojxona bilan o‘ynaladigan katta kvestga kirib qolasiz. Nazariyada hammasi oddiydek tuyuladi: mashinani chetdan topdingiz, rasmiylashtirdingiz, olib keldingiz, bojxonada ro‘yxatdan o‘tkazdingiz. Amalda esa bu butun bir ekspeditsiya: navbatma-navbat xaridor, ekspeditor va yurist vazifalarini bajarasiz.

Ko‘pincha Geliklar BAA, Germaniya yoki AQShdan olib kelinadi. Dubay va Abu-Dabida yangi yoki deyarli yangi Gelikni rasmiy dilerlardan olish qulay, Yevropada mashhur saytlar orqali qidirsangiz bo‘ladi, Amerikada esa auksionlarda ovlaysiz. Qanday bo‘lmasin, mos variantni topishning o‘zi yetmaydi — eksport hujjatlari va olib chiqish qoidalarini ham to‘g‘ri bajarish kerak.

Kelajakdagi Geligingizning uyga safari Fors ko‘rfazi va Eron orqali yoki Kavkaz va Kaspiy orqali o‘tishi mumkin. Qayer bo‘lishidan qat’i nazar, bu yo‘lda konteyner, parom va poyezdlar ishtirok etadi. Mashina nihoyat O‘zbekistonga yetgach, sarguzashtning ikkinchi qismi boshlanadi: bojxona rasmiylashtiruvi, soliqlar, sertifikatlar va yana bir dasta qog‘ozlar bilan uchrashasiz. Shundan keyingina mashina ro‘yxatdan o‘tib, sug‘urta oladi va O‘zbekiston yo‘llarining to‘laqonli «aholisi»ga aylanadi.

Mashinani mustaqil olib ketish usuli to‘laqonli nazorat uchun vaqt, pul va asablarini ayamaslikka tayyor bo‘lganlarga mos keladi.

Keling, shu 3 variantni solishtiramiz:

Parametr
Rasmiy diler
Avtosalon va brokerlar
Chet eldan buyurtma qilish
Modellar
Faqat original Mercedes-Benz G-Class va AMG: G 500, G 63, G 580 Electric
Keng tanlov imkoniyati: original, tyuning qilingan (BRABUS, Mansory va boshqalar), hamda haydalgan mashinalar
Hamma variantlar: original, tyuning, kastom, noyob komplektatsiyalar, haydalgan mashinalar 
Kafolat
Mercedes-Benz’ning to‘liq ishlab chiqaruvchi kafolati bo‘ladi
Kafolat cheklangan yoki umuman bo‘lmasligi mumkin
Xarid qilinayotgan mamlakatga bog‘liq, ko‘pincha faqat sotuvchi kafolati bo‘ladi
Narxi
Eng yuqori, yana soliqlar bor
Dilerlarnikiga qaraganda arzonroq, lekin o‘zingiz chet eldan olib kelishingizdan qimmatroq
Eng arzon variant, lekin bojxona va yetkazib berish xarajatlari bor
Hujjatlar
Hamma narsa rasmiy, hech qanday xavflarsiz
Ko‘pincha rasmiy, lekin tekshirish kerak
Hujjatlarni o‘zingiz yoki broker yordamida yig‘ishingiz mumkin
Bitimning ishonchliligi
Maksimal darajada ishonchli, hech qanday xavf yo‘q
O‘rtacha darajada ishonchli, salon yoki brokerga bog‘liq
Yuqori darajada xavfli: ishonchli yetkazib beruvchi yoki broker tanloviga bog‘liq
Olish muddatlari
Agar salonda bor mashinani tanlasangiz tez olasiz, buyurtma asosida — 5 oydan 8 oygacha muddat ichida yetkazib berishadi
Oldindan olib kelib qo‘yishgani sababli dilerlarga qaraganda tez olasiz
Eng uzog‘i — yetkazib berish va bojxona ishlari 2 oydan 6 oygacha vaqtingizni oladi
Afzalliklari
Mashinani shaxsan ko‘rib chiqish, opsiyalarni tanlash, merch va aksessuarlar sotib olish imkoniyati bor
BRABUS kabi noyob versiyalarni topish mumkin, narxlar pastroq
Tanlash va o‘zgartirish kiritishda cheksiz erkinlik, lekin hamma narsa uchun o‘zingiz javob berasiz

Gelik jamiyat ko‘zgusiga o‘xshaydi

Ajralib turishga intilish, kuchni ko‘z-ko‘z qilish, o‘zidagi ishonchsizlikni yashirish — bularning barchasi kvadrat siluetda yashiringan. Lekin bu dabdabaning boshqa tomoni ham bor. Maqom diddan, ramz mazmundan ustun kelganda, buyum namoyishkorona iste’mol predmetiga aylanadi.

*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

AVO ilovasini yuklab oling

Barcha bank xizmatlari va operatsiyalari 24/7 sizning smartfoningizda

Yuklab olish
LayfstaylAvto va texnika
05.10.2025
9 daqiqa
Rustam Mansurov
Maqola muharriri
O’zbekistondagi qulay mobil bank

Barcha bank xizmatlari va operatsiyalari sizning smartfoningizda

Saytdan foydalanishni yanada qulayroq qilish uchun cookie-fayllaridan foydalanamiz. Batafsil ma’lumot maxfiylik siyosatimizda

+998 (78) 888-78-87

Barcha savollaringizga javob beramiz va muammolarga yechim topishda yordam beramiz

AVO kredit kartasi

Bank haqida

Internet-banking
  • Mahsulotlar
    • AVO platinum kredit kartasi
    • To'lov stikeri
    • AVO omonati
  • Jamoamizga qo'shiling
    • Vakansiyalar
    • IT, biznes va jarayonlar
    • Mijozlar bilan ishlash
  • Foydali ma'lumotlar
    • Tariflar
    • Sayt xaritasi
    • Aksiyalar va hamkorlar
    • Kartani chiqarish qurilmalari
  • Fikr-mulohazalar
    • Savollar va javoblar
    • Murojaat yuborish
    • Fikr-mulohazalar
AVO gapBankomatlar

UZ

+998 (78) 888-78-87
Bosh sahifaMoliyaYangiliklarSavol-javoblar
Qarzdorlikni so'ndirish
Bank haqida
mobile app
Mobil ilova

Ilova sizning Android va iPhone qurilmangizda mavjud

2025, «AVO bank» AJ, 2025-yil 28-fevraldagi 83-sonli litsenziya

  • Kompleks bank xizmatlarini ko'rsatish shartlari

  • Foydalanish shartnomasi

  • Maxfiylik siyosati

«AVO bank» xizmatlarni shaxsiylashtirish va ulardan foydalanish sifatini yaxshilash uchun cookie fayllardan foydalanadi. Cookie fayllari veb-saytga oldingi tashriflar haqidagi ma’lumotlarni o’z ichiga olgan kichik fayllardir. Agar siz cookie fayllardan foydalanishni istamasangiz, iltimos, brauzer sozlamalarini o’zgartiring.

Ko'proq maqolalar
  • Bosh sahifa • 09.10

    Ajrashganda omonat er-xotin o‘rtasida bo‘linadimi?

    Nasiba Kamilova

  • Bosh sahifa • 07.10

    Qanday hujjatlarda adashmasdan merosni olish mumkin

    Yuna Korostelyova

  • Bosh sahifa • 03.10

    Islomiy bank qanday ishlaydi?

    Yuna Korostelyova

  • Bosh sahifa • 01.10

    Karmon AI: MENA va AQSh bozorlarini zabt etayotgan o‘zbek fintex-startapi

    Nasiba Kamilova

  • Bosh sahifa • 29.09

    Vogue va Heels ritmida: Toshkentdagi raqs studiyalari

    Nasiba Kamilova

  • Bosh sahifa • 27.09

    Ustozlar bayramiga sovg‘a: 250 000 so‘mgacha gullar

    Dilnoza Uralova


Blogdagi maqolalarBarcha maqolalar

10