Bugun kreditlar hayotimizning ajralmas qismiga aylangan — xuddi uzoq qarindoshning to‘yi yoki nonushtaga bir lagan osh yeyish kabi. Biroz qarz oldingiz, byudjetdagi «teshikni» yopdingiz — va vaqtincha yengil tortdingiz. Lekin hayot har doim o‘z «syurprizlari» bilan keladi: ba’zida ish o‘xshamaydi, ba’zida xarajatlar oshib ketadi va mana, oylik to‘lovlar siz uchun ortiqcha yuk bo‘lib qoladi.
Muhimi, tushunib olish kerak-ki: qarzlar — bu hayotning oxiri emas. Bu minglab odamlar duch keladigan oddiy vaziyat. Va bu muammodan chiqish yo‘li albatta bor. Keling, qanday qilib buni amalga oshirishni ko‘rib chiqamiz.
Qarzlar qayerdan paydo bo‘ladi va nima uchun bu normal holat?
Ko‘pchilik o‘ylagandek, qarzga botish doim ham mas'uliyatsizlik belgisi emas. Ko‘pincha — bu oddiy hayotiy holatlar natijasi. O‘zbekistonda ko‘plab odamlar «oylikdan oylikkacha» yashaydi, shuning uchun har qanday kutilmagan xarajat muammoga aylanadi. Oila a’zosi kasal bo‘lib qoladi, kommunal to‘lovlar oshadi, ta'mirlash zarurati tug‘iladi — va siz majburan kredit yoki mikroqarz olasiz.
Vaqt o‘tib, qarzlar soni haddan oshadi. Eng asosiysi — vahimaga tushmasdan, vaziyatni boshqarish mumkinligini tushunishdir.
Agar qarzlaringiz haddan oshgan bo‘lsa, nimadan boshlash kerak?
Birinchi qadam — vaziyatga ochiq va aniq nazar tashlash. Qancha qarzdorsiz? Kimga? Qaysi foizlarda? Ko‘pchilik bu raqamlarni hisoblashdan qo‘rqadi, lekin vaziyatni to‘liq tushunmasdan hech qanday reja tuzib bo‘lmaydi.

Masalan, agar siz bankka 10 mln so‘m qarzdor bo‘lsangiz va yana 2 mln so‘mlik mikroqarzni yopishingiz kerak bo‘lsa, avval yuqori foizli mikroqarzni to‘lash mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki uning foizlari sizning byudjetingizni tezroq «yeydi». Hammasini hisoblab chiqqach, bank yoki moliyaviy tashkilot bilan bog‘lanib, imkoniyatlarni muhokama qilish vaqti keladi. Ko‘pchilik moliyaviy tashkilotlar mijozlarga yengillik berishga tayyor: to‘lovlarni kamaytirish, muddatni uzaytirish yoki kreditni qayta ko‘rib chiqish variantlarini taklif qilishadi. Muhimi — oxirgi daqiqagacha kutmaslikdir.
Agar imkon bo‘lsa, qo‘shimcha daromad topish yoki keraksiz xarajatlarni qisqartirishni ham o‘ylab ko‘ring. Hatto kichik qo‘shimcha daromad sizga yordam beradi. Shuningdek, yaqinlaringizdan yordam so‘rashdan ham uyalmang. Bu biroz noqulay bo‘lsa-da, muammodan foizlarsiz chiqib ketish uchun eng yaxshi yo‘l bo‘lishi mumkin.
Qarzlarni rasmiy ravishda bekor qilish mumkinmi?
O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning bankrotligi haqida qonun allaqachon kuchga kirgan. Albatta, bu «men bankrotman» deyish bilan hamma qarzlardan qutulib ketish degani emas. Lekin agar sizda haqiqatan og‘ir moliyaviy vaziyat bo‘lsa: daromad yo‘q, qarzlaringiz esa juda katta bo‘lsa — sud orqali o‘zingizni to‘lovga qodir emas deb e’lon qilish huquqingiz bor.
Bundan tashqari, banklar bilan qarzlarning bir qismini bekor qilish haqida kelishish ham mumkin. Bu oson emas, albatta, lekin agar siz to‘lovga qodir emasligingizni isbotlasangiz, banklar ma’lum darajada yon bosadi. Ular uchun hech narsa olmaslikdan ko‘ra, hech bo‘lmaganda bir qismini olish foydaliroq.

AVO platinum bilan moliyaviy imkoniyatlaringizni kengaytiring
Ilova orqali kredit kartasini rasmiylashtiring va 50 mln so‘mgacha mablag‘ga ega bo‘ling
Qanday qilib keyinchalik bu holatga qaytib tushmaslik kerak?
Shaxsiy moliyaviy rejangizni tuzing. Oddiy telefondagi jadval ham bo‘ladi. Daromadlaringiz va xarajatlaringizni yozib boring va har oy kamida 10% ni jamg‘arishga harakat qiling. Bu oddiy maslahatdek tuyuladi, lekin aynan shu sizga pul qayerga ketayotganini ko‘rsatadi va kichik «moliyaviy yostiqcha» yig‘ishga yordam beradi.
Agar imkoningiz bo‘lsa, qo‘shimcha daromad toping. Ikkinchi ish, frilans, kichik biznes — bular byudjetga bosimni kamaytirishning real usullari. Va eng muhimi: moliyaviy maslahatchilarga murojaat qilishdan uyalmang. Ba’zida bitta maslahat sizni oylar davomida qarzlar bilan kurashishdan qutqarishi mumkin.
Xulosa
Bitta oddiy narsani yodda tuting: qarzlar o‘z-o‘zidan yo‘qolmaydi. Qanchalik erta harakat boshlasangiz, muammoni shunchalik tez hal qilasiz.
Hammasini bosqichma-bosqich bajaring. Qarzlardan qutuldingizmi? Ajoyib. Jamg‘arishni boshladingizmi? Juda yaxshi. Qo‘shimcha daromad topdingizmi? Umuman zo‘r. Bu jarayon bir necha oy vaqt olishi mumkin.
Lekin keyinchalik siz xotirjam uxlay olasiz, chunki moliyaviy holatingiz o‘z qo‘lingizda bo‘ladi.