Kredit majburiyatlari — bu kredit olganingizda bajarishingiz kerak bo‘lgan bank shartlari. Bu nafaqat qarz summasini qaytarishni, balki uni o‘z vaqtida to‘lash, foizlarni to‘lash, zarur bo‘lsa sug‘urta qildirish, hayotingizdagi o‘zgarishlar haqida bankka xabar berish, masalan, ish joyingiz yoki yashash manzilingiz o‘zgarganini va hokazolarni o‘z ichiga oladi.
Bularning barchasi kredit shartnomasida batafsil ko‘rsatiladi. Imzo qo‘ygan zahoti, barcha shartlarga rioya qilishga rozilik bildirgan bo‘lasiz. Hatto ba’zi bandlarni e’tibordan chetda qoldirgan bo‘lsangiz ham, qonunga ko‘ra ularni bajarishga majbursiz.
Kredit majburiyatlariga nima kiradi?
Aniq majburiyatlar kredit turiga bog‘liq — iste’mol krediti, ipoteka, avtokredit va hokazo. Lekin ko‘pincha quyidagi bandlar uchraydi:
- Qarzni o‘z vaqtida to‘lash. Bu jadval bo‘yicha to‘lov qilish kerakligini anglatadi — masalan, har oyning 10-sanasigacha. Kechikish jarimalarga olib kelishi mumkin.
- Foizlarni to‘lash. Bu sizga pul bergani uchun bankka to‘lanadigan haq. Foiz stavkasi shartnomada ko‘rsatiladi — u o‘zgarmas yoki vaqt o‘tishi bilan o‘zgaruvchan bo‘lishi mumkin.
- Sug‘urtalash. Ko‘pincha banklar sug‘urta qilishni talab etadi. Masalan, ipoteka bo‘yicha uy-joy va hayotni sug‘urtalash kerak bo‘ladi. Bu ham sizning majburiyatlaringizga kiradi.
- Ma’lumot taqdim etish. Agar bank daromadlar to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, mehnat daftarchasi nusxasi yoki propiska o‘zgartirilganligi haqidagi xabarnomani so‘rasa, ularni taqdim etishga majbursiz.
Har bir shartnomada o‘ziga xos xususiyatlar bo‘lishi mumkin. Shuning uchun hamma narsani diqqat bilan o‘qing, ayniqsa, mayda harflar bilan yozilgan qismlarini.
Nima uchun kredit majburiyatlariga rioya qilish muhim?
Chunki har qanday qoidabuzarlik yoqimsiz oqibatlarga olib kelishi mumkin. Asosiy xavflarni sanab o‘tamiz:
- Kredit tarixingiz buziladi. Bu banklar oldidagi obro‘yingizga o‘xshaydi. Agar muntazam ravishda shartlarni buzsangiz, kelajakda sizga yangi kredit bermasliklari yoki yuqori foizda taklif qilishlari mumkin.
- Sud va mol-mulkni xatlash. Eng yomon holatda bank sizni sudga berishi mumkin, shunda bank hisoblaringiz yoki mol-mulkingiz xatlab qo‘yilishi ehtimoli bor.
Shuning uchun kreditni bank sovg‘asi emas, balki mas’uliyat ekanligini tushunishingiz va bunga tayyor bo‘lishingiz muhim
Kredit majburiyatlarini qanday nazorat qilish mumkin
- Byudjet tuzing. Unga faqat ijara va oziq-ovqat xarajatlarinigina emas, balki barcha majburiy kredit to‘lovlarini ham kiriting. Bu ortiqcha sarf qilmaslikka va qarzga botib qolmaslikka yordam beradi.
- Avtomatik to‘lovni yoqib qo‘ying. To‘lovni unutmaslik va kechiktirmaslik uchun hisobingizdan pulni avtomatik yechiladigan qiling.
- Shaxsiy kabinetingizni muntazam kuzatib boring. U yerda foiz stavkasi oshgani yoki yangi komissiya paydo bo‘lgani kabi kabi o‘zgarishlarni sezish juda oson.
- Bank xabarnomalarini e’tiborsiz qoldirmang. Hatto shunchaki reklama bo‘lib tuyulsa ham, ba’zan bunday xabarlarda to‘lov sanasi, shartnomadagi o‘zgarishlar, aksiyalar va boshqalar haqida muhim ma’lumotlar bo‘ladi.
- Agar biror muammo yuzaga kelsa, bank bilan gaplashing. Agar vaqtida to‘lay olmasangiz, indamay o‘tirmang. Yaxshisi, oldindan murojaat qilib, qayta moliyalashtirish yoki kechiktirish haqida gaplashing. Bank yo‘qolib qolganingizdan ko‘ra gaplashsangiz, yordam berishga tayyor bo‘ladi.

Kredit tarixingizni yaxshilang
AVO bilan qilingan har bir xarid obro‘yingizga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi
Majburiyatlar moliyaviy mustaqilligingizga qanday ta’sir qiladi?
Kredit o‘zi yomon narsa emas. Uning yordamida uyni ta’mirlash, uy-joy sotib olish, o‘qish uchun to‘lov qilish yoki biznes boshlash mumkin. Eng muhimi, bunga oqilona yondashish kerak.
Lekin kreditlar ko‘payib, barcha to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshira olmay qolsangiz, bu holat yaxshigina asabingizni buzishi mumkin. Bor pul faqat qarzlarni to‘lashga ketib, kundalik xarajatlar oqsab qoladi.
Shuning uchun quyidagi oltin qoidaga rioya qiling: bemalol qaytara oladigan miqdordan ortiq qarz olmang. Yana, albatta, oldindan rejalashtiring — ayniqsa, daromadingiz doimiy bo‘lmasa.
Ongli yondashuv — qarz botqoqligidan eng yaxshi himoya
Ko‘pchilik odamlar kredit shartnomasining shartlarini sinchiklab o‘qimasdan imzolaydilar. Keyin esa komissiyalar qayerdan paydo bo‘lgani, nima uchun foiz stavkasi o‘zgargani va umuman bankka qancha qarz ekanliklarini tushunmay hayron bo‘lishadi
Ongli yondashuv — bu:
- sizga nima uchun va qancha pul kerakligini;
- qanday shartlar asosida kredit olayotganingizni;
- qanday va qachon qaytarishingizni aniq bilish.
Kredit majburiyatlari — bu shartnomadagi mavhum bandlar emas, balki siz keyinchalik o‘z cho‘ntagingizdan to‘laydigan haqiqiy pul. Shuning uchun ularga jiddiy munosabatda bo‘ling. Bu sizga kreditlardan tuzoq sifatida emas, balki foydali vosita sifatida foydalanish imkonini beradi.