Moliya sohasida ishlash uchun oliy ma’lumot bo‘lishi shartmi? O‘qishga qancha pul ketadi va kelajakda qanday imkoniyatlar bor? AVO gap blogida ko‘rib chiqamiz.
Tashqaridan qaraganda bu nufuzli soha, katta maosh beriladigan, faqat aloqasi borlar yoki kuchli diplom egalari kira oladigan joydek ko‘rinadi. Iqtisod va moliya yo‘nalishidagi universitetlar har doim obro‘li hisoblangani, kontrakt narxlari baland, budjetga kirish esa yanada qiyin bo‘lgani bu tasavvurni yanada kuchaytiradi. Lekin aslida vaziyat qanday?
Moliya dunyosida rivojlanishni istagan odamni qanday yo‘l kutayotganini yaxshiroq tushunish uchun men bir nechta mutaxassislar va shu yo‘nalishda o‘qiyotgan talabalar bilan gaplashdim.
Kim bo‘lib ishlashingiz va qancha pul topishingiz mumkin?
Moliya — keng yo‘nalishli soha. Bu yerda moliyachi, buxgalter, auditor, moliyaviy menejer, tahlilchi yoki direktor bo‘lib ishlash mumkin. Fintex kompaniyalari, banklar, IT sohasidagi firmalar, tijorat tashkilotlari, marketing agentliklari ish bilan ta’minlaydi. Moliya mutaxassisligi yoki buxgalterlik juda universal kasb hisoblanadi. Agar o‘z ishingizning ustasi bo‘lsangiz, qaysi sohada ishlashingizdan qat’i nazar, shu biznesning o‘ziga xos tomonlariga tezda moslasha olasiz.
Karyera qilishni istaganlar yuqori lavozimda strategik rejalashtirishda qatnashib, tashkilotning o‘sishiga bevosita ta’sir qila oladi.
Reklama agentligida ishlar ekanman, moliyaviy modellar xodim olishdan tortib, investitsiya qadamlari bo‘yicha qarorlar qabul qilishgacha — kompaniya o‘sishini boshqarishda yordam berishini ko‘ryapman. Bu kasb qiziqarli va o‘rganadigan narsalar juda ko‘p. Jarayon hech qachon tugamaydi, har doim yangi sinovlar chiqadi — bu esa sizni o‘sishga undaydi.
Bunday kasbning yana bir yoqimli tomoni — yaxshi daromad topish imkoniyati. Lekin endi ishga kirgan bo‘lsangiz, darrov katta pul kutmang. Birinchi kundanoq moliyaviy direktor qilib qo‘yishmaydi. Odatda rahbarlik lavozimigacha yetib borish uchun bir necha yil davomida stajyorlikdan yoki oddiy xodimlikdan boshlash kerak bo‘ladi.
Aniq raqam aytish qiyin, chunki hammasi soha, kompaniya, tajriba va vazifalarga bog‘liq.
Masalan, buxgalter ishi boshida 5–10 mln so‘m olishi, moliyachi esa 7 mln so‘mdan boshlashi mumkin. Buxgalterlar ko‘pincha bir nechta loyihani olib borishadi va shu yo‘l bilan daromadini oshirishadi. Marketing sohasida rahbarlik lavozimida oylik 15–25 mln so‘m atrofida bo‘lsa, yirik tijorat kompaniyalarida 25 mln so‘mdan yuqori bo‘lishi mumkin. Fintex yoki farmasevtika sohasida oylik 35 mln so‘mgacha, IT’da esa 35 mln so‘mdan yuqori bo‘ladi.
Men 2,5 yil oldin to‘liq moliyachi sifatida tajribam bo‘lmagani uchun juda kam maoshdan boshlaganman. Boshida faqat xarajatlarni hisoblardim. Keyin esa tahlil qilishni, rahbariyat uchun qaror qabul qilishda yordam beradigan hisobotlar tuzishni boshladim. O‘qishga bo‘lgan ishtiyoqim, mas’uliyat olish qobiliyatim va kerak bo‘lganda o‘z fikrimni himoya qilishim tajribamni va xodim sifatidagi qiymatimni oshirdi. Hozir rahbar bo‘lib ishlayapman va daromadim ancha yuqori. Lekin, shunga e’tibor berish kerakki, buxgalteriya, soliq, yuridik hujjatlar va HR bilan ishlab, bir o‘zim bir nechta vazifani bajaraman.
Oliy ma’lumot: qayerda o‘qish mumkin va unga qancha pul ketadi?
Bugungi kunda iqtisod va moliya fakultetlari bor davlat, xususiy va xalqaro universitetlarning tanlovi anchagina katta. So‘nggi 5–7 yil ichida ko‘plab mahalliy xususiy universitetlar ochildi. Ular iqtisod, biznes, moliya va buxgalteriya yo‘nalishida mutaxassislarni tayyorlashyapti. Bu esa oliy ta’limdagi o‘zgarishlar va mamlakat iqtisodiy rivojlanish strategiyasi bilan bog‘liq.

💰 100 000 000
Ilovada olish mumkin — AVO platinum’ni bepul oching
10–15 yil oldin iqtisod va moliya bo‘yicha o‘qish imkoniyatlari hozirgidek ko‘p emas edi. Men 2008–2012-yillarda Moliya institutida o‘qiganman. Bundan tashqari o‘sha paytda Iqtisod instituti va Sharqshunoslik institutining bir filialida shu yo‘nalish bor edi. Avvaliga MDUning matematika fakultetiga hujjat topshirgan edim, lekin kontrakt narxi juda qimmat bo‘lgani uchun o‘qishni davom ettirish qiyin bo‘ldi. Davlat Moliya institutida esa Kelajak ovozi jamg‘armasi orqali grant olish imkoniyati bor edi. Ariza topshirish qiyin o‘tgan bo‘lsa, yutganimni eslayman. Grantni yo‘qotmaslik uchun jamg‘arma loyihalarida qatnashib, yoshlar uchun turli xil g‘oyalar taklif qilib, doim faol bo‘lish kerak edi. O‘sha paytlar men qimmatli tajriba orttirdim: treninglarda qatnashdim, biznes-rejalar yozishni o‘rgandim. Universitetni tugatganimdan keyinqanchadir vaqt Fund Forumda marketing va ijtimoiy tarmoqlar yo‘nalishida ishladim.
Bolaligimdan tadbirkorlikka qiziqaman, shuning uchun iqtisodiyotni chuqurroq o‘rganishga qaror qildim. Har doim chet elda o‘qishni xohlardim, lekin katta pul to‘lashga tayyor emasdim, ota-onamdan olishni esa to‘g‘ri deb bilmasdim. Plehanov universitetiga kontrakt asosida o‘qishga kirdim, lekin kontrakt summasi juda qimmat edi. Undan tashqari TDIUga ham topshirgandim, budjetga o‘qishga qabul qilindim va oxirida shu variantni tanladim. Ta’lim sifatini 10 balldan 4 ga baholayman. Juda yaxshi, ishini chin dildan qiladigan o‘qituvchilar bor, lekin ularning soni kam. Umumiy ma’ruzalarda doim shovqin bo‘lardi. Amaliyot esa talabaning o‘ziga tashlab qo‘yilgan endi — tajriba orttirmoqchi va rivojlanmoqchi bo‘lsangiz, o‘zingiz izlab, o‘zingiz yaxshi joy topasiz. Shunga qaramay, universitet hayotida qatnashgan faol talabalar uchun stajirovka imkoniyatlari bor edi. Mening fikrimcha, har qanday universitet faqatgina asosiy bazani beradi. Kuchli va kuchsiz universitetlarning o‘rtasidagi farq — bilimni qanday nazorat qilishida va darsni qanday o‘rgatishida. Qolgan hamma narsa talabaning o‘ziga bog‘liq. Shaxsan men 4 yillik o‘qishdan keyin moliya yoki iqtisod sohasida ishlash fikrimdan butunlay qaytdim.
Hozir ham budjetga kirsa bo‘ladi, lekin oson emas. Bu yo‘lning minus tomoni shundaki, o‘qishni tugatgandan keyin kamida 3 yil rasmiy ishda ishlab berish kerak bo‘ladi.
Kontrakt asosida o‘qish haqida gapiradigan bo‘lsak, har yili narxlar oshib boryapti. Ayniqsa, xalqaro va xususiy universitetlarda o‘qish qimmat. Davlat oliygohlarida bir yillik kontrakt 10–35 mln so‘m atrofida, xorijiy filiallarda 14–50 mln, mahalliy xususiy universitetlarda esa 11–80 mln so‘m oralig‘ida. Narx universitet turi, ta’lim shakli, darajasi va fakultetiga qarab belgilanadi. Chet ellik talabalar uchun esa kontrakt bir necha baravar yuqori bo‘ladi.
Iqtisod va moliya yo‘nalishidagi universitetlar
Nomi | Kontrakt narxi (bakalavr, magistratura) |
Davlat oliygohlari | |
Toshkent moliya instituti | 13,3–15,3 mln |
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti (Iqtisodiyot, Moliya yo‘nalishlari) | 10,5–11,3 mln |
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti (Iqtisodiyot yo‘nalishi) | 12–14 mln |
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (Iqtisodiyot yo‘nalishi) | 15 mln |
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti | 10,5–12 mln |
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (Iqtisodiyot yo‘nalishi) | 27,3–34,5 mln |
Xususiy va mahalliy oliygohlar | |
Markaziy Osiyo universiteti (CAU) (Iqtisodiyot, Buxgalteriya hisobi va Moliya yo‘nalishlari) | 81 mln |
Toshkent xalqaro moliyaviy menejment va texnologiyalar universiteti (Iqtisodiyot, Moliya va moliyaviy texnologiyalar, Buxgalteriya hisobi, Bank ishi yo‘nalishlari) | 12–22,5 mln |
Yangi O‘zbekiston universiteti (Iqtisodiyot va Data-analitika yo‘nalishlari) | 42 mln |
Biznes va fan universiteti (Iqtisodiyot, Moliya va Moliyaviy texnologiyalar, Buxgalteriya hisobi va moliya, Buxgalteriya hisobi, Bank ishi | 16,5–22,5 mln |
Toshkent xalqaro ta’lim universiteti (Buxgalteriya hisobi va biznes, Buxgalteriya hisobi va moliya yo‘nalishlari) | 11,2–30 mln |
Aniq va ijtimoiy fanlar universiteti (Iqtisodiyot, Moliya va moliyaviy texnologiyalar, Buxgalteriya hisobi, Bank ishi yo‘nalishlari) | 12–18 mln |
Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti (Buxgalteriya hisobi va moliya tayyorlov dasturi | 34,5 mln |
Toshkent iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti (Iqtisodiyot, Moliyaviy boshqaruv va axborot texnologiyalari, Buxgalteriya hisobi yo‘nalishlari) | 15–21 mln |
OXUS universiteti (Iqtisodiyot va biznes yo‘nalishi) | 18 mln |
Xorijiy oliygohlar | |
Webster universiteti (Toshkent kampusi) (Iqtisodiyot yo‘nalishi) | 50,3 mln |
Toshkentdagi Singapur Menejmentni rivojlantirish instituti (MBA, Moliya, Bank ishi va moliya yo‘nalishlari) | 35,4 mln |
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Polotsk davlat universiteti qo‘shma fakulteti (Moliya, Buxgalteriya hisobi yo‘nalishlari) | 41 mln atrofida |
Inha universiteti, Biznes va logistika maktabi | 42,3 mln |
Toshkent xalqaro kimyo universiteti (Iqtisodiyot, Moliya, Buxgalteriya, Bank ishi yo‘nalishlari) | 14–22 mln |
G.V. Plehanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filiali (Iqtisodiyot yo‘nalishi) | 32,8–38,7 mln |
*Jadvalda O‘zbekistondagi ayrim universitetlar ko‘rsatilgan, narxlar 2024–2025 o‘quv yili uchun so‘mda berilgan.
Bugun ham, avvalgidek, ko‘p talabalar kontraktini to‘lash uchun ishlashadi. Agar mutaxassislik bo‘yicha ish topib, uni o‘qish bilan birga olib bora olsangiz, bu professional hayotingizga qo‘yilgan katta qadam bo‘ladi. Ba’zi universitetlarda sirtqi yoki masofaviy shaklda o‘qish imkoniyati bor. Shuningdek, ayrim hollarda ish beruvchi qaytarib berish sharti bilan kontraktni to‘lab beradi.
Men hozir Toshkent moliya institutida 5-kurs sirtqi bo‘limda o‘qiyman, bo‘sh vaqtim ishlayman. Asosan kontraktni o‘zim to‘layman. Oldin Turkiyada o‘qir edim, keyin eng kuchli oliygohlardan biri hisoblangani uchun moliya institutiga ko‘chdim. Lekin chet eldagi tajribadan keyin o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqim tushib ketdi. Davlat universitetlarida ko‘proq davomat va intizomga e’tibor berishadi, bilim sifati esa ko‘pincha quruq ma’ruzalar, konspektlar va taqdimotlar bilan cheklanadi, bu esa bor qiziqishni ham yo‘qotadi. Shunga qaramasdan, bizning institut talabalarni yaxshi kompaniya va banklarda amaliyotga yuboradi. Istasangiz, bu imkoniyatlardan foydalanib, haqiqiy tajriba orttirishingiz mumkin. Bundan tashqari, ko‘plab bitiruvchilar aynan universitet tavsiyasi orqali ishga joylashadi. Madina (ismi o‘zgartirilgan), 25 yosh, Moliya institutining Menejment yo‘nalishi talabasi, xususiy kompaniyada buxgalter bo‘lib ishlaydi
Davlat universitetlari va ayrim xalqaro oliygohlarida kontraktni to‘lash uchun grantlar, budjet o‘rinlariga imtiyozlar, turli stipendiyalar bor. Masalan, olimpiada g‘oliblari, iqtidorli yoshlar, nogironligi bo‘lganlar yoki moddiy jihatdan qiynalgan talabalar uchun alohida imkoniyatlar yaratilgan. Shu sababli o‘zingizni qiziqtirgan universitet saytlarini va qonunchilikdagi yangiliklarni diqqat bilan o‘rganishni tavsiya qilamiz.
O‘zbekistonda kunduzgi bo‘lim talabalariga kontraktni to‘lash uchun Ta’lim krediti olish mumkin. U oddiy mikrokreditlardan shunisi bilan farq qiladiki, qaytarish muddati ancha uzun (15 yilgacha), foiz stavkasi esa pastroq (yillik 14% dan boshlanadi). Ba’zi toifalarda umuman foiz yo‘q. Lekin ayrim shartlar bor: 2-kurs va undan yuqori bosqich talabalariga kredit o‘rtacha reyting ko‘rsatkichi kamida «3» bo‘lishi sharti bilan kontrakt summasining 80% gacha ajratiladi.
Shuningdek, turli imtiyozlar ham bor. Masalan, 2025–2026 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonlik abituriyentlar dunyoning TOP-300 universiteti ro‘yxatiga kirgan oliygohlarga o‘qishga qabul qilinsa, ularga ham imtiyozli ta’lim krediti beriladi.
Agar kredit olishning imkoni bo‘lmasa yoki sizga bu yo‘l to‘g‘ri kelmasa, AVO platinum kredit kartasidan foydalanishingiz mumkin. Bu yerda sizning baholaringiz yoki nechanchi kursda o‘qishingiz muhim emas. Karta olish uchun na garov, na kafil kerak, butun jarayon onlayn amalga oshiriladi. Kredit limiti — 100 mln so‘m. Agar olgan pulni 45 kunlik imtiyozli muddat ichida qaytarsangiz, umuman foiz to‘lamaysiz. Kredit kartasi bilan kunning istalgan vaqtida kontrakt yoki boshqa xarajatlaringizni to‘lashingiz mumkin.
Qo‘shimcha ta’lim va mustaqil o‘qish
Moliyachi bo‘lish uchun albatta iqtisod yoki moliya bo‘yicha diplom shart emas. Agar matematikani yaxshi bilsangiz yoki ma’lumotlar bilan ishlashni o‘rgansangiz, qo‘shimcha ko‘nikmalarni kurslarda, bepul resurslarda yoki stajirovkada bemalol olishingiz mumkin.
Biz prognozlar tuzish, katta ma’lumotlarni tahlil qilish, qonuniyatlarni topish va gipotezalarni tekshirish kabi iqtisodiy va moliyaviy masalalar bilan ishlardik. Ya’ni abstrakt tenglamalar emas, balki moliyaviy tahlilda bevosita qo‘llanadigan amaliy masalalarni hal qilardik. O‘qish jarayonida turli sohalardagi real vazifalarni yechishda matematik usullarni ishlata oladigan mutaxassislar tayyorlanardi. Men ham bir nechta malaka oshirish dasturlari va kurslarni tugatganman. O‘qish pullik edi, lekin xarajatlarni to‘liq men ishlayotgan kompaniya qoplagan. Har kuni internetda maqolalar, materiallar izlab, bilmagan narsalarimni o‘rganishga harakat qilaman. Agar bu ham yetmasa, boshqalardan maslahat olaman. Kitoblardan kam foydalanaman, chunki men uchun ularga qaraganda jonli suhbatlar va amaliy misollar samaraliroq. Ekaterina Shabanova, 28 yosh, ALPHA kompaniyasida moliyaviy menejer, 4 yildan beri shu sohada ishlaydi. MDU filiali Amaliy matematika va informatika yo‘nalishi bitiruvchisi.
Men Vestminster universitetida IT yo‘nalishida o‘qiganman, lekin asta-sekin ko‘proq katta ma’lumotlar va moliya bilan ishlashni yoqtirishimni tushundim. Kasbni o‘zim mustaqil o‘rgandim. Kurslar menga umuman to‘g‘ri kelmadi — bir necha marta boshladim, lekin va’da qilishgan amaliy mashg‘ulotlar va haqiqiy keyslar bo‘lmagani uchun tashlab qo‘ydim. Men uchun eng yaxshi o‘qish usuli — ish jarayonida. Qancha ko‘p qiyin masalalarni hal qilsam, shuncha qimmatli tajriba olaman. Kompaniyalarda mendan iqtisod diplomini talab qilishmagan — tajriba va natijalarim yetarli edi. Men har doim tizim qanday ishlashini mantiqan tushunardim, qolgani — faqat aniq bir biznesning ichki xususiyatlarini o‘rganish edi, bu esa qiyin emas. Kasbga kerakli hamma narsani asosan Youtube’dagi maxsus kanallar orqali o‘zim o‘rgandim. Ingliz tilini bilishim juda katta yordam berdi, chunki bu sohada murakkab keyslarni tahlil qiladigan kontent ruscha yoki o‘zbekchaga qaraganda ingliz tilida ancha ko‘p. Nikita Sevostyanov, 32 yosh, Octobank va Octo’da moliyaviy tahlilchi, sohada 2 yildan beri ishlaydi.
Nikitaning aytishicha, eng ko‘p amaliyotni bank sektorida turli produktlar bilan ishlash orqali olish mumkin. Moliyaviy tahlil sohasida esa pul qayerdan kelishi va qanday yo‘l bosishini tushunish katta yordam beradi.
Mutaxassislar tavsiya qiladigan moliya kurslari:
Nomi | Yo‘nalishi | Narxi |
---|---|---|
Moliyaviy yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro sertifikat — ACCA Qualification dasturlari asosida o‘qish | 5–8 mln so‘m atrofida | |
Iqtisodchi-moliyachilar, buxgalterlar, moliyaviy menejerlar, tahlilchilar va direktorlar uchun 1 oydan 8 oygacha davom etadigan kurslar, asosiy ma’lumotlar beriladi. | Oyiga 900 mingdan 2,5 mln so‘mgacha | |
Moliya kurslari, praktikum va kitoblarga obuna | 150 mingdan 15,5 mln so‘mgacha |
Yo‘l boshidagilar uchun maslahatlar: nimani o‘rganish va pulni tejash yo‘llari
Moliyaviy kasblar odamni yaxshi imkoniyatlar va yaxshi maosh bilan o‘ziga tortadi. Lekin bu mavzuga sho‘ng‘ib ketishdan oldin u sizga to‘g‘ri kelishi haqida o‘ylab ko‘ring. Sabrli odamsizmi, qonunchilikni o‘rganishga tayyormisiz, soliq kodeksini o‘qib chiqishga, byurokratik matnlarni varaqlashga, raqam va jadvallar bilan ishlashga, yangi dasturlarni o‘rganishga tayyormisiz? Agar bu kabi katta hajmdagi ma’lumotlar sizni qo‘rqitmasa, balki aksincha qiziqtirsa, unda mana nimalarni o‘rganish kerak bo‘ladi:
- Buxgalteriya hisobi
- Soliq qonunchiligi va hujjatlar aylanishi
- Ish dasturlari: Excel, Power BI, Power Query
- Boshqaruv dasturlari: P&L (foyda va zararlar hisobotі), Cash Flow (pul oqimlari hisobotі), KPI (samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichi)
- BI — hisobot va tahlillarni grafik yoki boshqaruv panellari orqali avtomatlashtirish, vizuallashtirish, tizimlashtirishga yordam beradigan vositalar majmuasi
- Ma’lumotlar bazasini boshqarish tizimlari (СУБД) — ma’lumotlar bazasi tillarini bilish nazorat, tahlil va jarayonlarni avtomatlashtirishda yordam beradi.
Davlat tashkilotlari yoki xalqaro kompaniyalarda ishlash uchun oliy ma’lumot kerak bo‘ladi. Xususiy sektorda, hatto banklarda ham ko‘proq tajriba va rezyume qadrlanadi. Universitet esa sizga kasbdan ko‘ra ko‘proq sabr-toqat, o‘rganish qobiliyati, ma’lumot tuzish, fikringizni bildirish, odamlar bilan gaplashish kabi foydali tajriba beradi.
Kurs yoki mentor tanlayotganda o‘qituvchilarning tajribasiga qarang, dasturlar kerakli vositalar va amaliy ishlarni o‘z ichiga olganiga ishonch hosil qiling. Agar xalqaro kontekstda ishlashni xohlasangiz, IFRS (International Financial Reporting Standards) asoslari va ingliz tilini o‘rgatadigan dasturlarni qidiring. «3 oyda moliyaviy direktor bo‘ling», «O‘qishni tugatishingiz bilan $5 000 maosh oling», «Moliyani 1 oyda o‘rganing» kabi chiroyli reklamalarga uchmang.
Eng muhimi — karyerani imkon qadar erta boshlang. Agar tajribangiz bo‘lmasa, banklar yoki fintex kompaniyalarida hatto to‘lanmaydigan yoki kam maoshli stajirovkalarni ham qidiring. Tashabbuskor bo‘ling va qadam-baqadam harakat qiling. Darrov katta pul kutmang, lekin o‘z rivojingizni to‘g‘ri baholashni o‘rganing va asta-sekin o‘sing. Xohish bo‘lsa, albatta hammasi bo‘ladi.
*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.