Yaqin insonimizni yo‘qotganimizda, buni qabul qilish, odatiy hayotga qaytish va kundalik yumushlar bilan shug‘ullanish qiyin bo‘ladi. Lekin aynan shu paytda meros bilan bog‘liq rasmiyatchilikni hal qilishga to‘g‘ri keladi.
Nimani meros qilib olish mumkin? Qanday hujjatlar kerak bo‘ladi? Muhim muddatlarni qanday o‘tkazib yubormaslik kerak? Ushbu jarayonni xotirjam va xatosiz o‘tkazish uchun advokat Laylo Ahmedxo‘jayevadan eng muhim narsalarni tushuntirib berishini iltimos qildik.

Nimalarni meros qilib olish mumkin?
Avvalambor, notariusga borishdan oldin nimalar meros bo‘lib o‘tishi va nimalar o‘tmasligini aniqlab oling. Meros — bu insonning vafotidan keyin qoldirgan barcha narsalari, bunga qarzlar ham kiradi. Misol uchun, agar bobongiz hayotligida 300 mln so‘mga ipotekaga uy sotib olib, 100 mln ni to‘lashga ulgurmagan bo‘lsa, nevaralariga faqat shu 100 mln ni to‘lash majburiyati qoladi.
Siz quyidagilarni meros qilib olishingiz mumkin:
- Ko‘chmas mulk — kvartiralar, uylar, yer uchastkalari, dala hovlilar;
- Ko‘char mulk — avtomobillar, mebellar, maishiy texnika, qimmatbaho buyumlar, san’at asarlari;
- Pul — naqd pul, bank omonatlari, depozitlar;
- Biznesda ishtirok etish — aksiyalar, MChJ ulushlari;
- Fermer xo‘jaligi;
- Asarlarga mualliflik huquqlari — musiqa, rasmlar, fotosuratlar.
Nima meros bo‘lib o‘tmaydi?
Ba’zi narsalarni meros qilib qoldirish imkonsiz, chunki ular faqat o‘sha inson bilan bog‘liq. Masalan, buvingiz nafaqa olgan bo‘lsa, u vafot etgandan keyin bu nafaqa sizga yoki farzandlaringizga o‘tmaydi — u faqat ma’lum bir shaxsga tayinlanadi. Yordam puli, aliment yoki boshqa ijtimoiy to‘lovlar ham xuddi shu tartibda bo‘ladi.
Shuningdek, tashkilotlarga a’zolik va shaxsiy huquqlar ham meros bo‘lib o‘tmaydi. Bu shuni anglatadiki, kitob yoki ixtiro muallifligi doimo muallifning o‘zida qoladi, uning farzandlari yoki nabiralariga o‘tmaydi.
Meros — bu uy-joy, avtomobil, pul va boshqa moddiy boyliklar. Insonning hayoti va shaxsiyati bilan bog‘liq bo‘lgan barcha narsalar esa uning vafotidan keyin meros sifatida qoldirilmaydi.

Kim meros olish huquqiga ega?
Ko‘pincha stress holatida oilalar kim merosxo‘r bo‘lishi mumkinligini tushunmaydilar. Qo‘lda vasiyatnoma bo‘lmasa yoki u to‘liq yozilmagan bo‘lsa, ahvol yanada qiyinlashadi.
Meros olish tartibini misol orqali tushunish osonroq. Faraz qilaylik: Zahiriddindan turmush o‘rtog‘i Sevara va ikki farzandi — Fotima va Zuhra qoldi. Ular — birinchi navbatdagi merosxo‘rlar. Bu yerda muhim jihat shuki, er-xotin va farzandlar faqat nikoh rasman qayd etilgan bo‘lsagina meros olish huquqiga ega bo‘ladilar.
Birinchi navbatdagi barcha merosxo‘rlar teng ulush oladilar. Ya’ni Sevara, Fotima va Zuhra merosning uchdan bir qismini oladilar. Aytaylik, turmush o‘rtog‘i va farzandlari merosdan voz kechishdi. Bunday holda huquq eng yaqin kishilarga — Zahiriddinning aka-ukalari, opa-singillari, buvi-bobolariga o‘tadi. Bu — ikkinchi navbat. Agar ular ham mol-mulkdan voz kechishsa, uchinchi navbat marhumning amaki va xolalariga keladi.
Agar Zahiriddinning yaqin qarindoshlari bo‘lmasa, meros to‘rtinchi va beshinchi navbatdagilarga o‘tadi. Bular oltinchi darajagacha bo‘lgan uzoq qarindoshlar va Zahiriddin ta’minlab kelgan odamlar.

Meros qabul qilishning muddatlari qanday? / Merosni rasmiylashtirishga qancha vaqt beriladi?
Meros huquqi shaxs vafot etgan zahoti paydo bo‘ladi, lekin notarius bu huquq to‘g‘risidagi guvohnomani faqat 6 oydan keyin beradi. Bu yarim yillik muddat boshqa merosxo‘rlar meros haqida xabardor bo‘lishlari uchun kerak. Agar boshqa merosxo‘rlar bo‘lmasa, hujjat ertaroq ham berilishi mumkin. Merosning o‘zini esa istagan vaqtda — yarim yildan keyin yoki hatto 10 yil o‘tgandan keyin ham olish mumkin.
Merosni olish uchun qanday hujjatlar kerak?
Notariusga borishdan oldin quyidagi hujjatlarni tayyorlash kerak:
- Pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
- Meros qoldiruvchining vafot etganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, vafot etganlik qayd daftaridan ko‘chirma yoki sudning meros qoldiruvchini vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qarori;
- Marhumning nikoh tuzganligi, nikohni bekor qilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma yoki nikohda bo‘lmaganligi haqidagi ma’lumotnoma;
- Meros qoldiruvchi va merosxo‘rlar o‘rtasidagi barcha qarindoshlik aloqalarini tasdiqlovchi tug‘ilganlik guvohnomalari;
- Mol-mulkka oid hujjatlar;
- Meros qoldiruvchining oxirgi yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.
Bundan tashqari, oldi-sotdi shartnomalari, avtomobilning texnik pasporti — marhumning mol-mulkiga oid barcha hujjatlar, imkon qadar asl nusxada bo‘lishi kerak. Agar merosxo‘rlardan biri o‘z ulushidan voz kechmoqchi bo‘lsa, u notariusda merosdan voz kechish to‘g‘risidagi arizani tasdiqlattirishi kerak.
Notariusda rasmiylashtirish ishlari qanday o‘tadi?
Barcha hujjatlar tayyor bo‘lganidan keyin, qaysi notariusga borish kerak, degan savol tug‘iladi.
Javob oddiy — marhumning ro‘yxatdan o‘tgan yoki yashagan joyidagi notariusga borasiz. Agar notarial idoraga borishning iloji bo‘lmasa, notarius uyga kelishi mumkin, lekin bu qimmatroqqa tushadi. Yagona davlat xizmatlari portali yoki E-notarius.uz sayti orqali tezroq va osonroq ariza topshirsangiz bo‘ladi.
Notarius xizmatidan istagan paytda voz kechib, to‘lagan pulingizni qaytarib olishingiz mumkin.

Notariusda rasmiylashtirish qanchaga tushadi? / Notarius xizmati necha pul?
Summa turli omillarga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Merosxo‘rlar soni qanchalik ko‘p bo‘lsa, rasmiylashtirish xarajatlari shunchalik yuqori bo‘ladi. Agar meros qilib uy yoki biznes qoldirishgan bo‘lsa, bu ham umumiy summani oshiradi. Asosiy xarajatlarga davlat boji, rasmiy blanka uchun to‘lov, maslahat olish va zarur hujjatlarni tayyorlash kiradi.
Misol orqali ko‘rib chiqaylik: notarial idorada 2 kishi uy va avtomobildan iborat merosni rasmiylashtiryapti. Bunday holda davlat boji 329 600 so‘mni, pullik xizmatlar esa 370 800 so‘mni tashkil qiladi. Jami 700 400 so‘m bo‘ladi.
Endi merosni to‘g‘ri va nizolarsiz rasmiylashtirish uchun kerak bo‘lgan asosiy jihatlarni bilib oldingiz.
Haqiqiy meros mol-mulk miqdori bilan emas, balki uni taqsimlashda oiladagi ahillik bilan o‘lchanadi, degan xalq so‘zini yoddan chiqarmaylik
*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.