Dunyo bo‘ylab ko‘pchilik insonlar bir xil o‘ylaydi: iPhone’ning texnik xususiyatlari uning yuqori narxiga mos emas, ammo odamlar baribir uni sotib olishda davom etmoqda. iPhone foydalanish uchun qulay va yaxshi kameraga ega. Kuchli protsessor va yaxshi batareya quvvati bilan taniqli.
Android flagmanlari bilan taqqoslaganda, iPhone kameralarida megapiksellar soni kamroq va yaqinlashtirish imkoniyati kuchsizroq, zaryadlanishi sekinroq, tezkor xotirasi ikki baravar kam, displey yorqinligi pastroq, shuningdek, qutisida zaryadlovchi qurilma yo‘q. Xo‘sh, unda nima uchun odamlar Apple logotipi tushirilgan smartfonlar uchun ortiqcha pul to‘lashga tayyor va ularni millionlab sotib olishda davom etmoqda?
Bu masalaga oydinlik kiritish, odamlarning fikrini so‘rash va o‘z xulosalarim bilan o‘rtoqlashishga qaror qildim.
Dunyodagi eng xaridorgir smartfon
Yil yakuniga ko‘ra, smartfonlar savdosi bo‘yicha turli hisobot va natijalarda Apple smartfonlari odatda barcha yuqori o‘rinlarni egallaydi, top-10 likni Samsung va ba’zida Xiaomi telefonlari bilan bo‘lishadi.
Masalan, 2023-yil avgust oyida Omdia tadqiqot kompaniyasi hisobot e’lon qildi. Unga ko‘ra, birinchi yarim yillik davomida sotilgan qurilmalar soni bo‘yicha reytingning dastlabki to‘rtta o‘rnini iPhone’lar egallagan. Apple kompaniyasining o‘sha paytdagi eng qimmat smartfoni hisoblangan iPhone 14 Pro Max 26,5 million dona miqdorida sotilgan.

Keyinchalik, Canalys tadqiqot kompaniyasi ham infografikani e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2023-yil davomida jahon miqyosidagi savdo natijalariga asosan, iPhone 14 Pro Max O‘zbekiston aholisi soniga teng ko‘rsatkich bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shu bilan birga, yilning ikkinchi yarmida taqdim etilgan Apple’ning eng qimmat smartfoni reyting yetakchisini deyarli ortda qoldirdi. E’tiborli jihati shundaki, Canalys tahlilchilari ma’lumotlariga ko‘ra, yilning eng ko‘p sotilgan smartfonlari top-5 taligiga faqat iPhone’lar kirgan.
«Men Android’dan iPhone’ga birinchi navbatda ovoz sifati tufayli o‘tdim, chunki yugurish paytida, uyda quloqchinlarda yoki telefonni kolonkalarga ulab musiqa tinglashni yaxshi ko‘raman. Apple buni qanday qilishini bilmayman, lekin iPhone va MacBook boshqa qurilmalarga qaraganda ovozni yaxshiroq yetkazib beradi. Ikkinchi sabab — ekotizim. Men ancha vaqtdan beri Apple noutbuklaridan foydalanaman va telefonimdan MacBook’ka fayllarni tezda uzatish men uchun qulay. Umumiy bufer xotira — bu haqiqiy kashfiyot: noutbukda karta raqamini nusxalash va uni darhol iPhone ilovasiga joylashtirish mumkin. Yana menga sodda va zamonaviy interfeys yoqadi. Men uchun telefondan foydalanish yoqimli bo‘lishi muhim — estetika katta ahamiyatga ega. Apple operatsion tizimi chiroyli va bu bilan bahslashish qiyin. iPhone’dagi Instagram, Android’dagidan farqli o‘laroq, yaxshiroq ishlaydi. Telegram bilan ham xuddi shunday — Android’dagi interfeys menga umuman yoqmaydi. Bundan tashqari, Apple smartfonlarini qo‘lda ushlab turish yoqimli. Dizayn va taktil his-tuyg‘ular ustida puxta ishlanganligi seziladi va bu xaridingizdan mamnunlik hissini uyg‘otadi. Men iPhone 13 mini’dan foydalanaman va uni dunyodagi eng yaxshi telefon deb hisoblayman. Afsuski, Apple mini seriyasini olib tashlab, uni Plus bilan almashtirdi. Mini o‘lchami kundalik hayot uchun juda qulay — telefon cho‘ntakka osongina sig‘adi, bir qo‘l bilan boshqarish oson va ekrani iPhone 8 Plus’nikidan kattaroq. Video ko‘rish uchun menda MacBook yoki televizor bor. Umuman olganda, iPhone 13 mini juda qulay va men uni boshqa hech narsaga almashtirishni xohlamayman».

Boshqa bir grafik ham qiziqarli bo‘lib, unga ko‘ra, barcha davrlarning eng ko‘p sotilgan smartfoni iPhone 6/6 Plus hisoblanadi. Insoniyat tarixidagi eng ko‘p sotilgan 15 ta telefon reytingida ushbu iPhone’lar 174 million dona sotilgan qurilma bilan uchinchi o‘rinni egallaydi.
«Men iPhone 14 Pro sotib oldim, chunki Redmi 6A’dan juda ham bezor bo‘lgan edim. Unda tez-tez keshni tozalashga, viruslar va sekinlashishlardan qutulishga to‘g‘ri kelardi. Samsung Galaxy S24 Ultra kabi qimmat modellarda bunday muammolar yo‘qligini bilsam-da, Android interfeysi ham menga yoqmasdi. Men Apple’ning boshqa gadjetlaridan foydalanganim uchun smartfon tanlashda ham iPhone’da to‘xtaldim. Ekotizim, barqaror ishlash va a’lo darajadagi kameralari tufayli iPhone uchun pul to‘lashga tayyor edim. Ayfonda interfeysni sozlash va begona dasturlarni yuklash shart emasligi menga yoqadi, bu esa viruslar xavfini kamaytiradi. Yangi yangilanish bilan interfeysni o‘zgartirish imkoniyati paydo bo‘ldi, rosti, bu menga unchalik yoqmadi».

Tahlilchilarning bu kabi hisobotlari nimani ko‘rsatmoqda? Garchi «Android smartfoni — o‘z narxiga ko‘ra eng yaxshisi» degan fikr ommalashgan bo‘lsa-da, aksariyat odamlar hamon eng qimmat, eng zo‘r smartfonlarga pul sarflashni davom ettirmoqda. Hatto ushbu reytinglardagi raqamlar turli sabablar tufayli haqiqatdan biroz farq qilsa ham, bozor tendensiyasi aniq-ravshan ko‘rinib turibdi.
Qiziqarli ma’lumot: Apple kompaniyasining quloqchinlar, aqlli soatlar va boshqa gadjetlarni sotadigan «Mobil qurilmalar, aksessuarlar va uy-ro‘zg‘or» toifasi 2023-moliyaviy yilda 41,2 milliard dollar daromad keltirdi. Tahlilchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu foydaning 20 milliard dollarini AirPods quloqchinlari orqali kelgan. Taqqoslash uchun, Samsung kompaniyasi ayni shu 2023-yilda smartfonlar savdosidan 18,8 milliard dollar daromad olgan.
«Men texnik xususiyatlarni uncha yaxshi tushunmayman. Hozir iPhone 15 ishlatayapman, lekin har yili smartfonimni almashtiravermayman. Bundan oldin bir necha yil iPhone 12 dan foydalandim, undan ham oldinroq iPhone X dan, tugmali telefonlardan keyingi ilk smartfonim esa iPhone 4 edi. iPhone’larning ishlashi meni to‘liq qoniqtiradi va boshqa brendlarga o‘tishga ehtiyoj sezmayapman. Vaqt o‘tishi bilan boshqa Apple qurilmalarini ham xarid qilib, ularning ekotizimidan faol foydalanuvchiga aylandim — bu qulay va ishonchli. Android’da ajoyib funksiyalar bo‘lishi mumkin, lekin u menga murakkab tuyuladi, iPhone esa ishonchli. Bundan tashqari, Apple’ning barcha mahsulotlari menga vizual jihatdan yoqadi, hatto iPhone’lardagi eng bahs-munozarali o‘zgarishlarni ham salbiy qabul qilmayman».

AVO platinum kredit kartasi
Har qanday xarajatlar uchun 50 mln so'mgacha pul ajratamiz — 45 kungacha 0%
Insonlar nima uchun Apple’ni yaxshi ko‘radi?
iPhone — Apple kompaniyasining eng ko‘p sotiladigan qurilmasi bo‘lib, Kupertino shahrida joylashgan kompaniyaga trillion dollarlik bozor qiymatiga erishishda yordam berdi. Biroq, u kompaniyaning umumiy falsafasiga ham tegishli bo‘lib, bu falsafa tufayli Apple qurilmalari millionlab nusxada sotiladi va odamlarning hayotiga hamda qalbiga chuqur kirib boradi.
«Menga interfeys yoqadi. Android’dan keyin unga ko‘nikishim ancha vaqt oldi, lekin iPhone juda qulay va ko‘rinishi o‘ziga xos. Instagram’ni yaxshi ko‘raman, «olma» texnikasi bilan storislar yuklash yanada chiroyli va yoqimli bo‘ladi. Kamerasi, uning ko‘p funksiyali imkoniyatlari juda ma’qul. Ko‘pincha ish uchun iPhone’da suratga olishdan foydalanaman. Mening Apple bilan tanishuvim binafsha rangi meni o‘ziga jalb qilgan iPhone 14 Pro Max bilan boshlangan. Agar bir marta sarmoya kiritib, uni sotib olsam, keyinchalik modelni yangilash va almashtirish osonroq bo‘ladi, degan qarorga keldim. Shunday qilib, texnologiyadan ortda qolmasdan va yangiliklar ortidan shoshib-pishib quvmasdan harakat qilaman. Har yili telefonimni almashtiraman: eskisini sotib, ozgina pul qo‘shib, yangisini olaman. Bu narx jihatidan katta yo‘qotishlardan saqlanish imkonini beradi. Hozir menda 15 Pro Max bor va Yangi yilgacha 16 Pro Max hamda boshqa Apple texnikalarini sotib olishni rejalashtirmoqdaman».
Apple mahsulotlari dizaynidagi quyidagi tamoyillar tufayli ular juda yaxshi sotiladi va mijozlarda hissiy bog‘liqlikni uyg‘otadi:
- hayratlanarli darajada ixcham o‘lchamlar — odatda katta hajmda ko‘rishga o‘rgangan miyamiz uchun qurilmalarning nozikligi va yengilligi;
- sifatli materiallardan beradigan taktil his-tuyg‘ular — ular g‘ichirlashlar yo‘qligi tufayli yoqimli foydalanuvchi tajribasini yaratadi va qurilmaning sifatliligiga ishonch uyg‘otadi;
- sodda dizayn — Apple qurilmalarining tashqi ko‘rinishi bejirim va foydalanishda tushunarli, shu sababli bu brend texnikasidan yo‘riqnomasiz ham foydalanish mumkin.
«Men iPhone’mdan kundalik ishlarimda foydalanmayman. Bu men uchun ko‘proq blogimga retseptlarni suratga olish uchun kamera vazifasini bajaradi. Uni kameralarining sifati tufayli tanlaganman, chunki unga olingan suratlar va videolar ajoyib chiqadi — telefon tanlayotganimda bu men uchun eng muhim omil hisoblanadi. Hozirda iPhone 14 Pro'dan foydalanayapman va yaqin kelajakda uni o‘n beshinchi modelga almashtirmoqchiman, chunki unda kameralar yanada yaxshiroq degan gaplarni eshitdim».
Aslida iPhone’ning tannarxi qancha?
Har bir sarflangan dollarga nisbatan ko‘proq texnik xususiyatlar va imkoniyatlar olish nuqtai nazaridan, iPhone eng yaxshi xarid hisoblanmaydi. Apple smartfonlarining haqiqiy qiymati haqidagi ma’lumotlardan shunday xulosaga kelish mumkin.
Masalan, TD Cowen bozorni tadqiq qilish agentligi mutaxassislari yaqinda yangi iPhone 16 Pro Max qismlarining narxi, yig‘ish va qadoqlashni o‘z ichiga olgan holda, 485 dollarni tashkil qilishini ma’lum qilishdi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda ushbu telefonni hozirda 1500 dollardan arzonroqqa sotib olish imkonsiz. Xo‘sh, unda biz bir yarim ming «ko‘kat»ni aynan nima uchun to‘laymiz? Orqa qismidagi tishlangan olma logotipi uchunmi?
Aslida, bunday hisobotlarda brendning gadjetlar uchun tadqiq xarajatlari va ishlab chiqish xarajatlari, logistika xarajatlari, aksiyadorlar uchun foyda va boshqa omillar hisobga olinmaydi. Ya’ni, mahsulotning ustiga pul to‘laysiz, ammo u dastlab ko‘ringanidek jiddiy emas. Apple o‘z mahsulotlarini yaratish va sinovdan o‘tkazishga katta mablag‘ sarflaydi, chunki u dunyodagi eng ko‘p sotiladigan smartfonlarni ishlab chiqaruvchi kompaniya nufuzini xavf ostiga qo‘ya olmaydi. Aynan shu sababdan, shuningdek, olib-sotuvchilarning ko‘proq daromad olish istagi tufayli, iPhone’lar Android’dagi eng yaxshi xususiyatlarga ega smartfonlardan qimmatroq turadi. Apple shunchaki foydalanuvchilarga ishonchli mahsulot taqdim etadi.
Aytgancha, TD Cowen tadqiqotchilari asosiy iPhone 16 tarkibiy qismlarining narxini 416 dollarga baholadilar.
Xulosa
«iPhone nima uchun qimmat va uni nima uchun tanlashadi?» degan savolga oddiy javob topilsa, u shunday bo‘ladi: iPhone = barqarorlik. Ko‘pchilik odamlar shunchaki yaxshi, ishonchli va tushunarli narsa uchun katta pul to‘lashga tayyor. Android foydalanuvchilariga esa «o‘z pulingizga arzigulik eng zo‘rlar»dagi megapiksellar va gigagertslar bilan bosh qotirishni qoldirsak ham bo‘ladi.
Agar anchadan beri yangi iPhone olishni o‘ylayotgan bo‘lsangiz-u, hozircha mablag‘ingiz yetmasa, ajoyib yechim bor — AVO platinum kredit kartasi. Xohlagan narsangizni darhol sotib olishingiz, keyin esa 45 kungacha foizsiz davr ichida pulingizni bemalol qaytarishingiz mumkin. Kutishni istamay, aynan hozir yangilanmoqchi bo‘lganlar uchun juda qulay taklif!
*Maqoladagi ma'lumotlar nashr etilgan vaqt uchungina amal qiladi. AVO bank ushbu ma'lumotlar kelajakda ham xuddi shunday va dolzarb bo'lib qolishiga kafolat bermaydi. Qaror qabul qilishdan oldin eng so'nggi ma'lumotlarni tekshirishingizni maslahat beramiz.
*Maqoladagi fikr — muharrirning shaxsiy fikri bo'lib, u AVO bank pozitsiyasini ko'rsatmaydi. Bank ma'lumotlar to'g'riligi va undan foydalanish oqibatlari uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Maqolada tashqi resurslarga havolalar keltirilgan. AVO bank tashqi resurslardagi ma'lumotlar uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Narxlar taxminiy va faqat nashr etilgan vaqtdagina amal qiladi.