«Karmon AI — mahalliy g‘oya global yechimga aylanishining yaqqol misoli».
Bahodir Hamidov bilan bir necha yildan beri tanishmiz — ilk bor u men ishlaydigan Inha universitetida 1-kursda o‘qiyotganida uchrashganmiz. O‘shandan beri uning professional yo‘lini kuzatib boraman, u men uchun g‘oyani samarali loyihaga aylantira oladigan yangi avlod IT muttaxasisi.

Bugun Bahodir va uning jamoasi Karmon AI ustida ishlayapti. Karmon AI — shaxsiy moliyani boshqarishga yordam beradigan, xarajatlarni avtomatik hisoblaydigan, hatto zakot hisobini ham inobatga oladigan fintex-startap.
Bahodir bilan Karmon AI g‘oyasi qanday tug‘ilgani, yo‘l boshida qanday xatolarga yo‘l qo‘yishgani, hozirgacha qaysi investitsiyalarni jalb qilishgani va yosh o‘zbek startapi qanday qilib global bozorga chiqishni rejalashtirayotgani haqida gaplashdik.

Yaqinda Sevan Startup Summit 2025’da g‘olib bo‘ldingiz. 25 dan ortiq davlatdan kelgan startaplar orasida Karmon AI nimasi bilan ajralib turdi?
Bizning raqiblarimizdan asosiy ustunligimiz — uchta omil uyg‘unligi.
Birinchidan, biz foydalanuvchilarning haqiqiy muammolarini hal qilamiz. Ko‘p startaplar chiroyli, lekin amaliy bo‘lmagan g‘oyalarni berishadi. Biz esa O‘zbekiston va MENA mintaqasidagi odamlarga kerak bo‘lgan narsa — moliyani qulay boshqarishga e’tibor qaratdik.
Ikkinchidan, bu — mahalliy to‘lov tizimlari bilan noyob integratsiya. UZCARD yoki HUMO kartasini ulab qo‘ysangiz, xarajat va daromadlar toifalar bo‘yicha avtomatik yuritiladi — xalqaro ilovalarda odatda bunday imkoniyat yo‘q.

💸 45 kungacha 0%— yangi g‘oyalaringizga
Bugunoq AVO platinum kartasini oching
Mehnatimiz nihoyat o‘z natijasini berdi. 2024-yil sentyabrda BRB FinTech Hackcelerator’da $15K grant yutganimizdan keyin qariyb 9 oy o‘z kuchimiz bilan rivojlandik. 2025-yil iyunda AloqaVentures va Imkon Ventures’dan $50K investitsiya oldik, iyulda esa Sevan Startup Summit’da qo‘shimcha $20K grantni yutib oldik. Umuman olganda, shu davrda $85K sarmoya oldik. 2025-yil mayda ilovani ishga tushirdik va faol reklama qilmasdan 10 mamlakatdan 1 mingdan ortiq foydalanuvchini jalb qildik.
Bu haqiqatan ham mahsulotga talab yuqori ekanligi va uni kengaytirish kerakligini tasdiqladi.
Sammitda qanday qiyinchiliklarga uchradingiz va ularni qanday bartaraf qildingiz?
Bir nechta qiyinchiliklar bor edi. Raqobat — turli mamlakatlardan kelgan tajribali asoschilarga ega o‘nlab kuchli jamoalar bilan bellashdik. Madaniy farqlar ham bor edi — Yevropa va AQShlik hakamlar loyihalarni o‘zlarining odatiy qarashlariga asoslanib baholadilar. Qat’iy vaqt chegarasi ham qo‘yilgandi — muammo, yechim va biznes modeli haqida gapirishga atigi 3 daqiqa berildi.
Biz aniq ma’lumotlar va real yutuqlarga e’tibor qaratishga qaror qildik, va bu yondashuv o‘zini to‘la oqladi.
Karmon AI g‘oyasi qanday tug‘ildi?
Jamoamizning ko‘pchiligi hali talaba bo‘lgani uchun u bizning talabalik hayotimizdan kelib chiqqan. Oy oxiriga borib pul tugab qolardi, qahvaxonaga borganda esa birimiz hammaga to‘lardi-yu, lekin qarzni eslatish noqulay edi. Bunday kundalik vaziyatlar bizni xarajatlar, qarzlar va majburiyatlar hisobini yuritishga yordam beradigan platforma yaratishga undadi.
Lekin, loyihani keyinroq, BRB FinTech Hackcelerator’da ishlab chiqdik. U yerda ilk bor g‘oyalarimizni ishlaydigan prototipga aylantirdik va dastlabki foydalanuvchilarda sinovdan o‘tkazdik. G‘alaba va $15 000 lik grant burilish nuqtasi bo‘ldi: bu pul g‘oyadan to‘laqonli loyihaga o‘tishimizga imkon berdi.
Biz faqat grant bilan cheklanib qolmadik. Jamoamizning har bir a’zosi o‘z resurslarini: vaqtini, bilimini, hatto shaxsiy pulini ham sarfladi. Kechalari ishlardik, dam olish kunlari sinovlar uchun yig‘ilardik va darsdan keyin algoritmlarni yaxshilardik. Shunday qilib, Karmon AI asta-sekin talabalar g‘oyasidan haqiqiy mahsulotga aylandi.
Pulsiz davr biz uchun haqiqiy tadbirkorlik maktabiga aylandi: byudjetni rejalashtirishni, vazifalarni taqsimlashni va hech qanday kafolatlarsiz ham butun kuch-g‘ayratimiz bilan ishlashni o‘rgandik.
Karmon AI’ning afzalligi nimada?
Eng muhimi — mahalliy integratsiya. UZCARD va HUMO foydalanuvchilari shunchaki tranzaksiyalarni kuzatib qolmasdan, balki moliyaviy oqimlarning batafsil tahlilini ham olishadi.
Bundan tashqari, ilova quyidagi imkoniyatlarga ega:
- Karmon Split — hisoblarni avtomatik tarzda taqsimlash va qarz miqdori hamda kimga to‘lanishi kerakligi haqida xabarnomalar yuborish;
- Cheklar uchun OCR (Optical Character Recognition) — rasmlardagi matnni o‘qiydigan texnologiya. Bu eng dolzarb funksiyalardan biri, chunki odamlar qo‘lda kiritmasdan avtomatik aniqlangan xarajatlarni ko‘rishni istashadi.
Foydalanuvchi chek yoki kvitansiyani suratga olishi bilan, tizim:
- matnni (summa, sana, valyuta) aniqlaydi;
- xaridni xarajat toifasi (oziq-ovqat, transport, ko‘ngilochar va boshqalar) bo‘yicha avtomatik ravishda tasniflaydi;
- tranzaksiyani ilovaga qo‘shib, foydalanuvchini qo‘lda kiritish vazifasidan qutqaradi.
- Karmon Intelligence — naqd pul va ko‘p valyutali xarajatlarni hisobga olish uchun Telegram-bot;
- Zakotim.uz bilan hamkorlikda yaratilgan zakot kalkulyatori.
Karmon AI’dan kimlar foydalanishyapti?
Asosan xarajatlarini nazorat qilish uchun oddiy vosita kerak bo‘lgan talabalar va yosh mutaxassislar foydalanishyapti. Faol foydalanuvchilar orasida ko‘p valyutali hisob va tahlil kerak bo‘lgan tadbirkorlar va moliyachilar ham bor.
Eng ko‘p yuklab olishlar O‘zbekistonda qayd etilgan, undan keyin Qatar va AQSh keladi.


Loyiha ortida kimlar turibdi?
Jamoamiz 8 kishidan iborat:
- Xabibulloh Halloqov — Founder & Owner (strategiya, mahsulot, biznesni rivojlantirish);
- Jonibek Yarashev — CTO & Backend (arxitektura, integratsiyalar, AI / fintex-texnologiyalar);
- Bahodir Hamidov — PM (ishlab chiqishni rejalashtirish, mijoz tajribasi);
- Murodjon Mirfayzullayev — UI/UX (dizayn, interfeys qulayligi);
- Muhammadjon Polvanov — Frontend Head (landing page, dashboard);
- Amirbek Ne’matilloyev — Partner (biznes-maslahatchi, o‘sishni qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish);
- Otabek Murod — Mobile Dev (mobil ilova ishlab chiqish);
- Ne’matulloh O‘ktamov — Intern (tadqiqotlar, jamoani qo‘llab-quvvatlash);
Mentorlar va hamkorlarimiz ham faol qo‘llab-quvvatlashyapti. Bundan tashqari, biz IT Park va Startup Garage rezidentimiz, shu tufayli qo‘shimcha resurslardan foydalanish imkoniga egamiz. Bizga ishongan va tezroq rivojlanishimizga yordam bergan mentorlar, akseleratorlar va investorlar ham loyihamizda katta rol o‘ynadi.
Karmon AI’ning yaqin kelajakdagi rejalari qanday va u 3–5 yil ichida qaysi yo‘nalishda rivojlanadi?
Birgalikdagi byudjetlar, tranzaksiyalar kalendari va investitsiya moduli kabi yangi imkoniyatlar ustida ishlayapmiz. Strategik jihatdan MENA bozoriga e’tibor qaratgan holda, VISA va MasterCard bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganmiz.
Bir necha yil ichida Karmon AI sun’iy intellekt tahlili, banklar bilan integratsiyasi va islomiy moliyaviy vositalarni qo‘llab-quvvatlashi orqali to‘laqonli moliyaviy ekotizimga aylanishi kutilmoqda.
Suhbatimiz so‘ngida startap haqida orzu qilayotgan talabalarga qanday maslahat berardingiz?
Mukammal paytni kutib o‘tirmang. Kichik qadamlardan boshlang, gipotezalarni sinab ko‘ring va odamlarning fikridan dars oling. Xatolar muqarrar, lekin aynan ular eng kerakli tajribani beradi.
Agar vaqtni orqaga qaytarishning imkoni bo‘lganida, ustuvor bozorlarni ertaroq aniqlab, strategik hamkorlarni izlashni boshlagan bo‘lardik — bu oylab vaqtni tejab, yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Faoliyatimizni boshlaganimizda fintex sohasida deyarli tajribamiz yo‘q edi. Tizimli yondashuvdan ko‘ra ko‘proq g‘ayrat va shaxsiy taxminlarimizga suyanardik.
Misol uchun, mijozlarni o‘rganishni juda kech boshladik. Dastlabki versiyalar foydalanuvchilar ehtiyojlaridan ko‘ra ko‘proq bizning tasavvurlarimizni aks ettirardi. Raqobatchilar tahlilini ham yetarlicha baholamadik. Faqat vaqt o‘tgach, bozorning kuchli va zaif tomonlarini tushunmasdan turib, barqaror strategiya ishlab chiqib bo‘lmasligini tushunib yetdik. Bu xatolar bir necha oylik mehnatimizni oldi, lekin aynan shunday xatolar yordamida o‘sdik.
Bank va moliya sohasidagi ekspertizasiz oldinga siljish mumkin emasligini tushundik va moliyachilar hamda bankirlar bilan faol hamkorlik qila boshladik. Ularning tajribasi mahsulot tuzilishini qayta ko‘rib chiqishimizga va mustahkam poydevor qurishimizga yordam berdi.
Bugungi kunda Karmon AI ko‘r-ko‘rona emas, balki bizning g‘oyalarimiz va mutaxassislar tajribasi uyg‘unligida rivojlanyapti. Bu tajriba bizga vaqtning qadriga yetishni, mijozlar fikriga quloq solishni va har bir qarorni amalda sinab ko‘rishni o‘rgatdi.
Xulosa
Karmon AI hikoyasi — kundalik maishiy muammolarning innovatsiyalarga aylanishining yorqin namunasi hisoblanadi. Bozorda bunday yechimlar qanchalik ko‘paysa, O‘zbekistonda moliyaviy madaniyat shunchalik tez rivojlanib boradi.
Bu jarayonda AVO raqamli banki ham o‘z hissasini qo‘shyapti. U kredit kartasi, to‘lov stikeri va tushunarli mobil ilova kabi zamonaviy va qulay vositalarni yaratish orqali ilg‘or yechimlarni taqdim etyapti. AVO innovatsiyalar kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanadigan ekotizimni shakllantirishga yordam beryapti.
*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.