Salom, mening ismim Aleksandra. Men reklama agentligining kreativ bo‘lim rahbari va to‘qqiz yoshli qizning onasiman. Sizlarga qizim bilan Toshkent shahri va uning atrofida dam olish hamda ko‘ngil ochish uchun sevimli joylarimiz haqida so‘zlab bermoqchiman.
Dam olish joyini tanlashda eng muhim mezon — bu bolaning istagi. Menga biror joy yoqishi mumkin, ammo qizimning ko‘zlarida qiziqish ko‘rmasam, u yerga bormaymiz. Men uchun eng ahamiyatlisi — bu bolaning his-tuyg‘ulari.

Men katta bo‘layotganimda, bolaning vaqtini qanday o‘tkazishiga qat’iy yondashish odat tusiga kirgan edi. Masalan, musiqa maktabiga borishi shart / albatta, muzeyga tashrif buyurishi kerak / dam olish kunlari bog‘da sayr qilishi lozim va hokazo. Bugungi kunda, menimcha, biz ko‘proq bolaning istaklariga quloq tutamiz, o‘z xohishlarimiz va «qimmatli» fikrlarimizni chetga surib, unga ko‘proq tanlov erkinligini beramiz.
Biz dam olish uchun tabiat qo‘ynidagi faoliyatlarni ko‘proq tanlashga intilamiz. Qizim xususiy maktabda tahsil oladi — u yerda kechgacha bo‘ladi, shu sababli u yerda mashg‘ulotlar va ijodiy to‘garaklar yetarlicha. Bola kunning ko‘p qismini binoda o‘tkazgani uchun, men har qanday imkoniyatdan foydalanib, tabiat qo‘ynida sayr qilishga, shahar tashqarisiga chiqishga va ko‘proq harakat qilishga harakat qilaman.

AVO bilan xotirjam sayr qiling!
AVO platinum kredit kartasini oching va pul haqida o‘ylamang
Bog‘lar 🌳
Biz uchun eng yaxshi ikkita bog‘ — Botanika bog‘i va Yangi O‘zbekiston bog‘i. Qizim rolikda uchishni juda yaxshi ko‘radi va bu joylar buning uchun juda qulay.
Botanika bog‘ida yam-yashil tabiat, go‘zallik, musaffo havo va keng maydon bor. O‘zim ham dam olish kunlari u yerda yugurishni yoqtiraman. U yerda velosiped yoki samokatni ijaraga olish, hech kimga urilib ketishdan cho‘chimasdan rolikda bemalol sayr qilish mumkin. Hudud kattaligi tufayli odamlar orasida siqilish yo‘q — erkinlikni his etasan.
Botanika bog‘iga oddiy kirish chiptasi kattalar uchun — 15 ming so‘m, maktab o‘quvchilari uchun — 10 ming so‘m va 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun — 3 ming so‘m turadi. Oranjereyaga kirish uchun alohida 7 ming so‘m to‘lash lozim. Bog‘ hududida velosipedni soatiga 30 ming so‘mdan ijaraga olish mumkin; agar o‘z velosipedingiz yoki samokatingiz bilan kirsangiz, 40 ming so‘m to‘lashingiz kerak bo‘ladi.

Ekopark ham hudud jihatidan yaxshi, men har kuni ertalab u yerda yuguraman, lekin dam olish kunlari u yerda odamlar ko‘pligi sababli qizim bilan boshqa manzilni tanlaymiz.
Men Yangi O‘zbekiston bog‘ini kengligi uchun juda yaxshi ko‘raman: katta maydon, tekis yo‘laklar, hatto odamlar ko‘p bo‘lsa ham, hech qanday tirband bo‘lmaydi.
Menimcha, bu yer — sayr qilish, shunchaki piyoda yurish va rolikda uchish uchun ajoyib joy. Bog‘ hududida bir nechta ko‘llar, qahvaxonalar bor. Bolalar maydonchalarining narxi ham ancha arzon — taxminan 15–20 ming so‘m atrofida.

Shahardan tashqarida dam olish ⛺️
Biz bir necha marta «Ko‘sa farm»ga bordik, qizim esa bir kuni sinfdoshlari bilan u yerda tug‘ilgan kunini nishonladi. Hududda, kafe bilan birga, kontakt hayvonot bog‘iga o‘xshash joy ham bor — hayvonlarni silab, oziqlantirishingiz mumkin. Birinchi tashrifimizda u yerda faqat quyonlar va tovuqlarni ko‘rgan edim, hozir esa tuyalar, bug‘ular, ponilar, tuyaqushlar, echkilar ham bor.

«Ko‘sa farm»da siz kafeda ovqatlanish uchun to‘lov qilasiz yoki ma’lum tadbirlar, festivallar, timbilding va hokazo uchun chipta sotib olasiz. Batafsil ma’lumot olish va stol band qilish uchun «Ko‘sa farm» kanali adminlariga murojaat qilishingiz mumkin.
Shunga o‘xshash joylardan yana «Deer hills» bug‘u fermasida bo‘ldik. U yerga hayvonlarni ovqatlantirish paytida ma’lum vaqtlarda borish kerak. Bolalarga faqat panjara orqali ovqatlantirishga ruxsat berishadi, kattalar esa volyerga kirishlari mumkin. To‘g‘risi, bir safar shunday ovqatlantirayotganimda ancha qo‘rqib ketdim. Sabzi bilan turganimda, har tomondan bug‘ular yaqinlashib keldi. Bu biroz vahimali ekan. Ammo sizga oldindan bug‘ularni qanday to‘g‘ri ovqatlantirish haqida ko‘rsatma berishadi. Chunki ular sizni shoxlari bilan urib yuborishi mumkin.

Fermaga kirish narxi yoshga qarab farqlanadi: kattalar uchun — 50 ming so‘m, 5–15 yoshli bolalar uchun — 30 ming so‘m, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun — bepul.
Dam olish uchun ajoyib joylardan biri — Amirsoydagi Arqonli shaharcha. Bu joyda yoshi va jismoniy tayyorgarligiga qarab turli murakkablik va balandlikdagi yo‘nalishlar ko‘p. Sizga jihozlar va himoya vositalarini kiydirishadi, keyin balandlikda turli to‘siqlardan o‘tasiz. Bu esa juda ham qiziqarli mashg‘ulot.
Bizga, shuningdek, Chinorkent majmuasi ham juda yoqadi. U yerda kanat yo'li, uzoqni ko'rish hududi, shishali ko'prik, piknik va sayr uchun maydonlar bor.

Bu yerning yaxshi tomoni — bolalar uchun qiziqarli mashg‘ulotlarning juda ko‘pligi. To‘rt yoshgacha bo‘lgan kichkintoylar uchun arg‘imchoqlar va karusellar bilan jihozlangan bepul ochiq bolalar maydonchasi bor. Kattaroq yoshdagi bolalar uchun esa kontakt hayvonot bog‘i, arqonli yo‘l va tyubing (6 yoshdan kattalar uchun) mavjud — bu shishirilgan doira shaklidagi rezina qoplarda sirpanib tushish.

Shahar ichida hordiq chiqarish 🎡
Shahardagi sevimli dam olish joylarimiz haqida aytadigan bo‘lsak, biz interaktiv zonalar, o‘yinlar va umuman olganda g‘ayrioddiy joylarni topishga intilamiz.
Bizga «Dream park»dagi (Chilonzordagi G‘afur G‘ulom bog‘i) «Hello park» interaktiv zonasi juda ham yoqdi. Bu joy hali ham mashhur bo‘lmaganiga hayron qoldim, chunki Toshkentda bunday multimediali ko‘ngilochar maydonchalarni ilgari uchratmagan edim.

Kirish joyida sizga bilaguzuk beriladi va siz turli hududlarda boshqaradigan raqamli avataringizni yaratasiz. Jami 15 ga yaqin turli xil o‘yinlar mavjud.
Qizimga «Olovli sakrovchi» o‘yini juda yoqdi — bolalar batutda sakrashadi, ekrandagi avatarlari esa to‘siqlarni yengib o‘tib, ochko to‘playdi. Qizim bu yerda to‘yganicha sakrab oldi. Men esa «Interfaol qumdon»dan zavqlandim. Bu qanday ishlaydi? Qum uyumini yasaysiz — uning ustida ko‘katlar, hayvonlar, o‘simliklar aksi paydo bo‘ladi; chuqurcha qazisangiz — u suvga to‘ladi, unda timsohlar va boshqa amfibiyalar paydo bo‘ladi va hokazo. Bu juda go‘zal manzara. Hududda shunday zonalar ko‘p, sensorlar harakatlaringizga javob beradi va ularni ekranga ko‘chiradi.
«Hello park»da nafaqat dam olish kunlari sayr qilish, balki bolalarning tug‘ilgan kunlarini nishonlash ham mumkin — buning uchun stollar va qo‘shimcha o‘yinlar bilan jihozlangan xonachalar mavjud. Attraksionlarni taxminan 2 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar yoshiga moslab tanlash mumkin.

Avvaliga u yerga qizim bilan bordim va bizga shunchalik yoqdiki, keyinchalik jiyanlarim bilan ham bir necha marta bordik. Umuman olganda, hammaga u yerga borishni maslahat beraman. U qiziqarli, zamonaviy texnologiyalarga boy va nisbatan arzon.
Yarim soat uchun — 40 ming so‘m yoki bir soat uchun — 60 ming so‘m to‘lash mumkin, lekin albatta bolaning qancha vaqt o‘ynaganiga qarab to‘lov qilasiz. Birinchi marta taxminan 2 soat qoldik, keyingi safarlarda esa bir soatga ham yetmadi. Chipta faqat bola uchun sotib olinadi, kattalar esa hamroh sifatida kiradi.
Yana g‘ayrioddiy joylardan biri — tug‘ilgan kunimizni nishonlagan Koa studiyasi. Men uni hissiyotlarni ifodalash xonasi deb atagan bo‘lardim. U yerga oldindan yozilib qo‘yish kerak. Dastur bo‘yicha, avval sizga ko‘rsatmalar va himoya kostyumlari beriladi, garchi baribir ifloslanishidan qo‘rqmaydigan kiyimlarni kiyishingiz kerakligi haqida ogohlantirishadi. Dastlab, o‘ziga xos san’at terapiyasi o‘tkaziladi — o‘zingizning mavhum rasmingizni yaratishingiz uchun sizga matolar va bo‘yoqlar beriladi. Keyin bolalarga bo‘yoqqa belanish, devorlarga rasm chizish, o‘z izlarini qoldirish imkoniyati beriladi.

Keyin bolalar bo‘yoqli to‘pponchalar bilan o‘q otish o‘yinini va bo‘yoqqa to‘ldirilgan sharlarni yorib darts o‘ynashadi. Sharlar yorilib, har tomonga sachragan bo‘yoqdan bolalar zavqlanishadi!
Umuman olganda, bu juda g‘ayrioddiy va qiziqarli format ekan. Biz mart oyida bordik — o‘shanda sanab o‘tilgan bir nechta faoliyat uchun chipta har bir bolaga 350 ming so‘mdan turardi. Batafsil narxlarni bu yerda ko‘rishingiz mumkin.
Shuningdek, yaqinda ochilgan Tashkent City Mall'dagi Skyparkni ham ta’kidlab o‘tish joiz. Bu turli yoshdagi bolalar uchun ulkan maydoncha: kichkintoylar uchun ekoqumdon, VR-arena va kattaroq bolalar uchun ziplining, tyubing, sirpanchiqlar, arg‘imchoqlar kabi ekstremal zonalar mavjud. Arg‘imchoqlarga qizim bilan men chiqishga qo‘rqdik, chunki juda katta tezlikda uchar ekan, lekin jiyanim maza qilib uchdi.

Aslida, oilamizdagi bolalar Skypark'dan zavqlanishadi, menimcha, aynan ekstremal o‘yin-kulgilarning xilma-xilligi tufayli bu yer ularga yoqadi. Hali bormagan va bularni yoqtiradiganlarga borishni maslahat beraman.
250 ming so‘mga kun davomida turli attraksionlarga tashrif buyurishingiz mumkin bo‘lgan bilaguzuk sotib olasiz. 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun chipta 200 ming, kuzatuvchi esa 10 ming so‘m to‘lashi kerak. Arg‘imchoqlarga qayta chiqish va planetariyga tashrif buyurish uchun 20 ming so‘m to‘lash kerak.
Yana bir maslahat: agar sizning kichkintoyingiz ham menikiga o‘xshab hamma narsani birdan sinab ko‘rishni yaxshi ko‘rsa-yu, naqd pul doim ham yetmasa, AVO platinum kredit kartasini yoningizda olib yuring. U chindan ham yordam beradi! Cheklovlarsiz sarflashingiz va 45 kun ichida pulingizni bemalol foizsiz qaytarishingiz mumkin. Kartaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri AVO ilovasida buyurtma berishingiz va uni eng yaqin kartomat yoki pochtomatdan olishingiz mumkin. Bu qurilmalarning ishlash vaqtini ilovaning o‘zidan topish mumkin. Hammaga hordiq chiqarishni tilayman 🤗
*Maqoladagi ma'lumotlar nashr etilgan vaqt uchungina amal qiladi. AVO bank ushbu ma'lumotlar kelajakda ham xuddi shunday va dolzarb bo'lib qolishiga kafolat bermaydi. Qaror qabul qilishdan oldin eng so'nggi ma'lumotlarni tekshirishingizni maslahat beramiz.
*Maqoladagi fikr — muharrirning shaxsiy fikri bo'lib, u AVO bank pozitsiyasini ko'rsatmaydi. Bank ma'lumotlar to'g'riligi va undan foydalanish oqibatlari uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Maqolada tashqi resurslarga havolalar keltirilgan. AVO bank tashqi resurslardagi ma'lumotlar uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Narxlar taxminiy va faqat nashr etilgan vaqtdagina amal qiladi.
