Hammamiz hayotdan ortda qolmaslikka harakat qilamiz: o‘qiymiz, karyera quramiz, faqat yaxshigina maoshli emas, qiziqarli ish izlaymiz. Atrofda esa hamma muvaffaqiyat, pul oqimi haqida shovqin soladi. Biz oldimizdagi imkoniyatlardan foydalanishga harakat qilamiz, firibgarlar esa bizning o‘sish va rivojlanish istagimizdan foydalanishadi.
Bu materialda ish tuzog‘iga tushib qolgan uchta odam hikoyasi bilan tanishasiz. Qahramonlarning ismlari ularning iltimosiga ko‘ra o‘zgartirilgan.
«Ko‘p narsalarni eplay olishingni ko‘ryapman!»
Shahzod, 24 yosh, marketolog, Toshkent
Shahzod universitetni endigina bitirgan, kreativ sohada ishlashni orzu qilardi. Bir kuni marketing agentligida «tajribasiz bo‘lsangiz ham ishga olamiz» degan e’lonni ko‘rib qoldi. Agentlik karyerada o‘sish, o‘zini erkin ifoda qilish va eng zo‘r mutaxassislarga shogird tushishni va’da qilgan edi. Rahbari ham Shahzodga yoqib tushdi. Muvaffaqiyatli ko‘rinar, o‘ziga ishongan, doim kulib turardi, brend kiyimlar va qimmat mashinada yurardi. Suhbatda rahbar unga shunday dedi: «Senga qarasam, o‘zimning yoshligimni ko‘ryapman. Ko‘p narsalarni eplay olishing shunday ko‘rinib turibdi! Bir oy stajirovkada bo‘lasan. Bizda hamma bu bosqichdan o‘tishi kerak. Qanaqa ishlashingni ko‘ramiz. O‘zingni yaxshi ko‘rsatsang, shtatga ishga olamiz, rasmiy oylik beramiz».
Birinchi kunlar hammasi Shahzod orzu qilganidek edi: startap kayfiyati, qahva, jamoaviy fikr almashuvlar, g‘oyaga to‘lib-toshgan rahbar, bir dunyo ish. Lekin oradan ko‘p o‘tmay, o‘sha ilhomning o‘rnini bezovtalik egallay boshladi. Shahzodning ustiga vazifalar yomg‘irdek yog‘ildi — rahbarning har bir g‘oyasini shu zahotiyoq maketga aylantirish kerak edi. Yana hammasini bir o‘zi qilishi kerak edi. Savol bersa, hamkasblari: «Google’dan, sun’iy intellektdan so‘ra, vaqtimiz yo‘q, o‘zimizning ishimiz boshimizdan ortib yotibdi,» deb qo‘l siltashardi. Shahzod kechgacha ofisda qolardi, uyiga faqat uxlash uchun borardi. Stajirovka oxirida rahbar uni kabinetiga chaqirib, bir oy ichida qilgan ishlarini mayda-chuydasigacha tanqid qila boshladi: «Sendan ko‘nglim qoldi. Umidlarimni oqlamading».
Bu stajirovka emas-ku, hamma ishni yolg‘iz o‘zim qildim, — deb aytgim keldi. Lekin bizda kattalarga gap qaytarish odobdan emas. Shuning uchun jimgina bosh irg‘ab o‘tirdim.
Oxiri rahbar unga ikkinchi imkoniyat berishini, sinov muddati bilan yarim shtatga olishga tayyorligini aytdi. Shahzod rozi bo‘ldi. Keyin esa tartibsiz bo‘lgan ish jadvaliga jarimalar ham qo‘shildi. Har kechikish uchun — 100 000 so‘m, mukammal bo‘lmagan har bir maket uchun — 200 000 so‘m jarima belgilanardi. Kechqurun ish chatida yozilgan xabarga javob bermasa — «salbiy dinamika» va loyihadan foiz olib tashlashardi.

Shahzod hamkasblaridan: «Hamma bu shartlarga rozimi?» deb so‘radi. Unga: «Asosiysi — bahslashma, shefni asabiga tegma, bo‘lmasa umuman oylik bermay qo‘yadi», — deb javob berishdi. Oylik kuni kelganda, rahbar Shahzodning stoliga konvertni otdi. Ichida va’da qilingan 4 mln o‘rniga 1 mln so‘m bor edi: «Jarimalarni ayirib tashlagan holda shuncha ishlading», — dedi. Shahzod undan to‘liq shtatga o‘tishi haqida so‘radi. Rahbar esa kulumsirab: «Bunaqa ishing bilan bu haqida so‘rashga uyalmadingmi? — dedi.
Shundan keyin Shahzod agentlikka qaytmadi. Ko‘p o‘tmay, yaxshigina haq to‘laydigan tarmoqli kompaniyaga ishga kirdi. Yarim yil o‘tgach, qahvaxonada sobiq hamkasbini uchratib qoldi. Aytishicha, rahbar butun jamoani yarim yil davomida berilmagan oyliklar va ofis ijarasining katta qarzi bilan tashlab, boshqa davlatga qochib ketibdi.
«Shunchaki rivojlanishni istamayapsan»
Malika, 25 yosh, koll-markaz operatori, Samarqand
Malikani koll-markazga ishga kursdoshi chaqirdi. «Bu joy oddiy kompaniyalardan ancha qiziqroq, — dedi. — Bizdan zo‘r sotuvchilar tayyorlashadi, o‘zimizga ishonchni ham yaxshilashga yordam berishadi». Suhbatga borganda Malikani qirqlarga kirib qolgan, e’tibor tortadigan, poshna kiyib, yorqin bezanib olgan menejer kutib oldi. U eshikdan kirishi bilanoq Malikaga ruchka uzatib: — Bu ruchkani menga sot. Nega qotib qolding? Ko‘p kutamanmi? — dedi. Malika dovdirab qoldi, past ovozda ruchkaning sifati haqida gapira boshladi. Menejer esa uni darrov bo‘lib, — Hammasi tushunarli. Umuman tajribang yo‘q ekan. Mayli, o‘zimiz o‘qitib olamiz. Biz bu yerda shunchaki mijozlarga qo‘ng‘iroq qilmaymiz. Fikrlashni rivojlantiramiz, komfort zonadan chiqishni, rad javobidan qo‘rqmaslikni o‘rgatamiz, — dedi.
Birinchi kunlar qiziq o‘tdi: jamoa, psixologik testlar, treninglar. Rahbar har doim bu shunchaki ish emas, shaxsiy o‘sish yo‘li ekanligini qaytarardi. Lekin uchinchi kunda Malika va boshqa qizlarga kuniga 200 ta qo‘ng‘iroq va oyiga 30 ta sotuv rejasini berishdi. Malika qo‘lidan kelgancha harakat qildi. Ba’zan yarim kechasigacha o‘tirib, jahl bilan so‘kadigan, gohida trubkani shartta qo‘yib qo‘yadigan odamlarga qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilar edi. Bir kuni Malika o‘zini tuta olmay, yig‘lab yubordi. Rahbar buni ko‘rib, yoniga kelib: — Sen juda yumshoqsan. Pul topmoqchi bo‘lsang, qurbon bo‘lishni bas qil, — dedi.

Malika telefonda o‘z taklifini odamlarga majburlab tiqishtirishdan charchayotganini aytganda, boshqa qizlar uni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga treningda o‘rgangan gaplarini takrorlay boshlashdi: «Bu — qurbon psixologiyasi. Agar muvaffaqiyatli bo‘lishni istasang, rad javobidan qo‘rqmasliging kerak».
Oradan bir hafta o‘tib, menejer agar kimdir o‘z normasi bo‘yicha yetarli qo‘ng‘iroq qilmasa, o‘sha smenada ishlaganlarning hammasini jazolashini aytdi. Jamoaviy bosim kuchayib bordi. Har ish kunidan keyin Malika o‘zini aybdor his qilardi — go‘yoki faqat rahbariyatga emas, hamkasblariga ham pand berayotgandek tuyulardi. Bir kuni u javob so‘radi. Shunda menejer boshqa qizlarga qarab:
— Malika javob so‘rayapti. Uning qo‘ng‘iroqlar normasi sizlarga o‘tadi. Hamma rozimi? — deb so‘radi. Albatta, Malika butun jamoaga qarshi chiqishga jur’at eta olmadi.
Bir kuni yarim kechasi oshxonada yig‘lab o‘tirganimni oyim ko‘rib qoldi va ishdan bo‘shashim kerakligini aytdi.
Shunday qilib, ishlagan kunlari uchun maoshini ham berishmadi. Bir oydan keyin Malikaning dugonasi ham ishdan bo‘shadi. Oylik berish o‘rniga qizlar orasida yig‘ilish o‘tkazishgan, tushib ketgan sotuvlar ko‘rsatilgan qandaydir grafikni ko‘rsatishib, kompaniya zararga ishlaganini aytishibdi.
Sharlar, musiqa, rasprodaja va aldov
Svetlana, 20 yosh, yangi aktrisa, Toshkent
Svetlana yaqinda teatrda aktyorlik kurslarini tugatdi, rollarni kutib turgan paytda esa qo‘shimcha ish topmoqchi bo‘ldi. Mahalliy kanalda «Talabalarni ishga taklif qilamiz! Zerikarli bo‘lmagan ish, moslashuvchan grafik, ahil jamoa, omma oldida chiqishni o‘rgatamiz,» degan e’longa ko‘zi tushdi. Ham pul, ham o‘sish uchun mukammal variantdek tuyuldi.
Rasprodaja do‘koniga chaqiruvchi xodimlarni izlashyapti ekan. Bir haftaga joy ijaraga olishadi, sharlar osishadi, baland musiqa qo‘yishadi, eksklyuziv turk kiyimlariga katta chegirmalar e’lon qilishadi. Aslida esa kiyimlar oddiy, bozordan olingan, narxlari esa uch baravar oshirilgan.
Instruktor ertalabki yig‘ilishda Svetlana va yana 4 nafar yigit-qizga: «Vazifangiz — har qanday uyalishlarni olib tashlash! Ko‘chadagi odamlarni o‘z do‘stlaringizdek tasavvur qiling. Hazil-huzul qiling, biroz flirt qiling, kulib gaplashing. Ularni do‘konga kiritmaguningizcha ortidan boring! Odamlardan “Ha” javobini olishni o‘rganishingiz kerak» deb dars berdi.

Svetlanaga bir dasta havo sharlarini berishib, do‘kon oldiga chiqarib qo‘yishdi. U odamlar bilan kulib gaplashishga harakat qildi. Ko‘pchilik undan qochardi, ba’zi yigitlar uni telefonga ola boshlashdi. Svetlana o‘zini noqulay his qildi, do‘konga kirib yashirinmoqchi bo‘ldi, lekin instruktor yo‘lini to‘sib:
«Qayoqqa? Axir sen aktrisasan-ku, bor, aktyorlik mahoratingni mashq qil. Yana ham chiroyliroq kul,» — dedi.
Tanaffuslar umuman yo‘q edi. Butun kun ko‘chadagi odamlarning ortidan yugurishardi, tushlikka esa yon-atrofdagi do‘kondan o‘z hisobidan somsa olib yeyishardi. Svetlana «Bu vaqtincha, lekin foydali tajriba bo‘ladi», deb o‘zini ovutardi. Bir kuni do‘konga bir onaxonni boshlab kelib, unga 1 500 000 so‘mlik kurtka sotdi. Ertasi kuni esa ayol o‘g‘li bilan qaytib kelib, xitoy tovarini tiqishtirishgani uchun janjal ko‘tardi va pulini qaytarib oldi. Ular ketganidan keyin instruktor Svetlanaga savdo zanjirini buzganini, tovar qaytgani uchun pulni uning oyligidan ushlab qolishlarini aytdi. Svetlana: «Men kuniga 150 000 so‘m olaman, shunda 10 kun tekin ishlab berishim kerakmi?» deb norozilik bildirdi.
Instruktor: «Mas’uliyatni boshqasiga yuklama. Yangi savdolar bilan yopasan. Bu senga motivatsiya bo‘lsin,» dedi.
Bir hafta davomida Svetlana yana bir nechta kiyim sotdi. Instruktor uni maqtab, boshqalarga namuna qilib ko‘rsatardi. Maoshini esa oy oxirida beraman, deb va’da qildi. 10-kuni Svetlana ishga kelib qarasa, do‘kon izsiz g‘oyib bo‘lgandi. Telefon qilsa, instruktor qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Ish tuzog‘i belgilari
- Sizni rasmiy ishga olishmagan. Ish beruvchi turli bahonalar bilan rasmiy mehnat shartnomasini tuzishni cho‘zyapti.
- Aniq belgilangan oyligingiz yo‘q. Qancha pul olishingizni aniq bilmaysiz: oyligingizning bir qismi ballar bilan, bir qismi savdo natijalariga qarab beriladi, yana boshqa qismi rahbariyatning qaroriga bog‘liq.
- Ish kuningiz aniq belgilanmagan. Qolib ishlashlar jamoa uchun qo‘shimcha hissa sifatida ko‘rsatiladi.
- Sizni kutilmaganda jarimaga tortishadi, jazolashadi. Ish beruvchining zarari yoki hamkasblarning xatolarini sizning yelkangizga yuklashadi.
- Sizni hech narsani bilmaydigan o‘quvchi pozitsiyasiga qo‘yishadi. Hali suhbatdayoq bu ish siz uchun haddan tashqari qiyin, deb ishontirishadi.
- Sizni pul bilan emas, chiroyli gaplar bilan ishlashga undashadi. Potensialingizni ochishni, muvaffaqiyatli fikrlash va pul qozonishni o‘rgatishni va’da berishadi.
- Sizni aybdorlik hissi orqali boshqarishadi. Charchaganingiz, dam olish kuni ishga chiqishni rad etganingiz yoki o‘z chegaralaringizni himoya qilganingiz uchun o‘zingizni aybdordek his qilasiz.

Ish tuzog‘iga tushib qolmaslikning 5 qadami
- Rasmiy ishga olishmasa yoki faqat sinov muddatidan keyin oylik beramiz deyishsa, rozi bo‘lmang.
- Siz bilan tuzilgan mehnat shartnomasi rasman rasmiylashtirilganiga va my.mehnat.uz tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilganiga ishonch hosil qiling.
- Shartnomada sinov muddati shartlari, qaysi hollarda jarima qo‘llanishi va jarimalarning miqdori aniq yozilganini tekshiring.
- Qolib ishlagan vaqtlaringiz uchun qo‘shimcha haq talab qiling. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga ko‘ra, ish haftasi me’yori 40 soatdan oshmasligi kerak.
Omad yor bo‘lsin! Unutmang: yaxshi karyera — o‘zingizni yo‘qotib qo‘ymagan holda o‘sishingiz.

AVO ilovasini yuklab oling
Barcha bank xizmatlari va operatsiyalari 24/7 sizning smartfoningizda







