Agar siz avtomobil yoki boshqa qimmatbaho mulk sotib olishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, ammo to‘liq summani biryo‘la to‘lashni istamasangiz, ikkita asosiy moliyaviy vosita mavjud: lizing yoki kredit. Ikkalasi ham kerakli mulkni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkonini beradi, biroq ularning ishlash mexanizmi har xil.
Ushbu maqolada lizing va kreditning farqlarini, ularning afzalliklari va kamchiliklarini ko‘rib chiqamiz hamda qaysi variant aynan siz uchun mos ekanligini aniqlaymiz.
Lizing va kreditning asosiy farqi nimada?
Asosiy farq — mulk huquqida. Kredit olganda, bank sizga kerakli mablag‘ni qarzga beradi, siz esa ushbu mablag‘ga avtomobil sotib olib, darhol uning egasiga aylanasiz. Qarzni har oy to‘lab borasiz, avtomobil esa sizda qoladi.
Lizingda esa avtomobilni lizing kompaniyasi sotib oladi va uni sizga foydalanish uchun beradi. Siz har oy ma’lum miqdorda to‘lov qilasiz, lekin mulk kompaniya nomida qoladi. Lizing muddati tugagach, avtomobilni sotib olishingiz yoki kompaniyaga qaytarishingiz mumkin.
Agar uy-joy bozori bilan taqqoslasak, kredit — bu ipoteka orqali kvartira sotib olish, lizing esa — uzoq muddatli ijara va keyinchalik sotib olish imkoniyati bilan ta’minlanishdir.
Lizing yoki kredit: qaysi biri foydaliroq?
Bu sizning maqsadlaringiz, moliyaviy imkoniyatlaringiz va mulkni qancha muddat ishlatmoqchi ekanligingizga bog‘liq. Asosiy jihatlarni ko‘rib chiqamiz:
- Dastlabki to‘lov
Kredit olish uchun odatda 10–30% miqdorida dastlabki to‘lov talab qilinadi, lizingda esa u ko‘pincha yo‘q yoki juda kam bo‘ladi. Agar katta miqdorda boshlang‘ich to‘lov qilishni istamasangiz, lizing qulayroq bo‘lishi mumkin. - Oylik to‘lovlar
Kredit bo‘yicha oylik to‘lovlar odatda lizingnikidan yuqori bo‘ladi, chunki siz mulkning to‘liq qiymatini qoplayapsiz. - Mulk huquqi
Kreditda avtomobil darhol sizning nomingizga rasmiylashtiriladi, lekin kredit to‘liq yopilmaguncha bank garovi ostida qoladi. Lizingda esa avtomobil lizing kompaniyasiga tegishli bo‘lib qoladi va faqat barcha to‘lovlar amalga oshirilgandan keyin uni sotib olish imkoniyati paydo bo‘ladi. - Soliq imtiyozlari
Kredit odatda soliq imtiyozlarini bermaydi, lizing esa tadbirkorlar va yuridik shaxslar soliq yukini kamaytirishi mumkin. - Qo‘shimcha xizmatlar
Kredit rasmiylashtirilganda odatda qo‘shimcha xizmatlar taqdim etilmaydi. Lizing esa ko‘pincha texnik xizmat, sug‘urta va boshqa xizmatlarni ham o‘z ichiga oladi.

Kredit yoki lizing — shaxsiy tanlov
Lekin AVO platinum kredit kartasini 10/10 stomatolog tavsiya etadi
Xulosa: lizing yoki kredit — qaysi biri yaxshiroq?
Agar siz dastlabki to‘lov qilishni xohlamasangiz, oylik xarajatlaringizni kamaytirishni istasangiz va avtomobilni tez-tez almashtirish rejangiz bo‘lsa — lizing siz uchun qulayroq bo‘lishi mumkin.
Agar darhol avtomobil egasi bo‘lishni istasangiz, uni uzoq muddat ishlatmoqchi bo‘lsangiz va yuqori oylik to‘lovlarga tayyor bo‘lsangiz — kredit yaxshiroq variant hisoblanadi.
Muhim tavsiya: Tanlov qilishdan avval barcha xarajatlarni hisoblab chiqing: faqat oylik to‘lovlarni emas, balki sug‘urta, foiz stavkalari, qo‘shimcha to‘lovlar va shartlarni ham solishtiring. Shuningdek, turli bank va lizing kompaniyalari takliflarini taqqoslab, o‘zingiz uchun eng qulay variantni tanlang. Bu orqali siz moliyaviy imkoniyatlaringizga eng mos keladigan qarorni qabul qilishingiz mumkin.