Tasavvur qiling: kir yuvish mashinangiz tasodifan ishdan chiqdi. Yoki davolanish uchun hoziroq pul kerak, lekin maoshgacha hali 1 hafta bor. Yoki shunchaki muhim bir masalani hal qilish uchun 2 mln soʻm yetmayapti. Bunday vaziyatlarda koʻpchilik imkon qadar tezroq va ortiqcha ovoragarchiliksiz pul topish yoʻlini izlaydi.
Shunday holatda eng qulay yechimlardan biri — qarz olish. U kreditdan koʻra tezroq va osonroq rasmiylashtiriladi, va ortiqcha hujjatlar talab qilmaydi. Ammo, keling, birinchi qarz aslida nima ekanligini, qanday ishlashini va qanday xavflardan ehtiyot boʻlish kerakligini bosqichma-bosqich tushunamiz.
Qarz: bu oʻzi nima?
Qisqacha aytganda, qarz — bu biror shaxs yoki tashkilot sizga ma’lum muddatga pul (yoki baʼzan tovar) berishi. Siz uni belgilangan vaqtda toʻliq qaytarishingiz shart. Ba’zida foiz bilan, ba’zida foizsiz — bu shartnomaga bogʻliq.
Masalan, doʻstingizdan oy oxirigacha 1 mln soʻm qarz oldingiz. Ogʻzaki kelishuv boʻlsa-da, bu ham qarz hisoblanadi. Agar pulni bank yoki mikromoliya tashkilotidan olsangiz, rasmiy shartnoma tuziladi — unda foiz stavkasi, toʻlov muddati va boshqa majburiyatlar aniq koʻrsatiladi.
Pul beruvchi tomon — kreditor (yaʼni qarz beruvchi) deb hisoblanadi. Bu bank, MMT, tanish yoki qarindosh boʻlishi mumkin. Olayotgan tomon esa — qarzdor (yaʼni qarz oluvchi) deb ataladi. Tamoyil oddiy: biri — mablagʻ bilan, ikkinchisi — ehtiyoj va qaytarish majburiyati bilan.
Qarzdor shartnoma shartlariga koʻra asosiy summani va foizlarni belgilangan muddatda qaytarishi shart. Kreditor esa, oʻz navbatida, qarz berish shartlarini aniq va tushunarli tarzda bayon qilishi kerak. «Oʻzing tushunib olarsan» — bunday boʻlmaydi. Hammasi yozma ravishda va shaffof boʻlishi kerak.

Qarz bilan kredit oʻrtasida nima farq bor?
Bir qarashda ular oʻxshash: ikkala holatda ham sizga pul beriladi va siz uni qaytarasiz. Ammo ular orasida muhim farqlar mavjud.
Kredit doimo rasmiy boʻladi. Uni olish uchun ariza topshirish, hujjat taqdim etish, daromad manbaingizni isbotlash va tekshiruvlardan oʻtishingiz kerak. Qarz esa koʻpincha yengilroq shartlar asosida taqdim etiladi, ayniqsa pul miqdori kichik boʻlsa yoki siz MMT dan olayotgan boʻlsangiz.
Koʻpincha hollarda garov va qoʻshimcha hujjatlar talab etilmaydi. Bundan tashqari, kredit asosan bank orqali rasmiylashtiriladi, qarzni esa istalgan joydan olish mumkin — hatto pastki qavatdagi qoʻshningizdan ham.
Qarz oluvchi nimalarni bilishi kerak?
Qarz olayotganda oʻzingizning huquq va majburiyatlaringizni aniq bilishingiz kerak.
Eng avvalo, siz pulni belgilangan vaqtda, toʻliq hajmda qaytarishingiz shart — bu asosiy majburiyat. Shu bilan birga, siz quyidagilarni bilishga haqlisiz: qancha ortiqcha toʻlov boʻladi, foizlar qanday hisoblanadi, muddat buzilganda qanday jarimalar qoʻllaniladi.
Shuningdek, telefon raqamingiz yoki yashash manzilingiz oʻzgarsa, bu haqda qarz beruvchini zudlik bilan xabardor qilish zarur. Bu — aloqa uzilmasligi va tushunmovchiliklar yuzaga kelmasligi uchun muhim.

2025-yilda qanday qilib qarz olish mumkin?
Avvallari bu uchun bankga borib, navbat kutib, pasport va ish joyidan maʼlumotnoma olib, ma’qullanishni kutish kerak edi. Bugun esa hammasi sezilarli darajada soddalashgan.
Endi sizda smartfon, internet va ozgina sabr boʻlsa, qarzni atigi 10 daqiqada, atigi bir necha bosish bilan rasmiylashtirish mumkin. Bank yoki MMT siz haqingizdagi maʼlumotlarni onlayn tekshiradi, so‘ngra pulni kartangizga oʻtkazadi. Juda qulay, toʻgʻrimi?
Ammo qulaylikdan quvonib, shartnomani oʻqib chiqishni unutmang. Ayniqsa, kichik harflar bilan yozilgan bandlarga eʼtibor bering. Shartlarning barchasini tushunganingizga amin boʻling — faqat shundan keyin tasdiqlashga oʻting.

Orzular uchun, zarurat uchun, shunchaki ehtiyot uchun
AVO platinum kartasi bilan istalgan xaridlar uchun 50 million so‘mgacha kredit limitini oling
Umuman olganda, qarz olishga arziydimi?
Qarz — bu vosita. Xuddi bolgʻa kabi: uni mix qoqish uchun ishlatish mumkin, lekin notoʻgʻri ishlatsangiz, shkafni ham sindirish mumkin. Hammasi qanday foydalanishingizga bogʻliq.
Shuning uchun, qarz olishdan oldin biroz to‘xtang, chuqur nafas oling va o‘ylab ko‘ring: bu sizga nima uchun kerak? Qancha qaytara olasiz va qachon? Hammasi aniq boʻlsa — olishingiz mumkin. Ammo ichingizda eng kichik shubha boʻlsa — kutganingiz ma’qul.