Logistika sohasi allaqachon biznesni qo‘llab-quvvatlash doirasidan chiqib, kundalik hayotning bir qismiga aylangan. 2024-yilda yuk tashish hajmi 1,5 mlrd tonnadan oshdi va bu dinamika logistika sohasi mamlakat taraqqiyoti uchun strategik resursga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Ekspertlar bilan bugungi kunda logistika kompaniyalari qanday muammolarga duch kelayotgani va kelgusi yillarda sohada nimalar kutilayotgani haqida suhbatlashdik.
Ta’lim — rivojlanish sari yo‘l
O‘zbekiston logistika assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Akram Muhidov Markaziy Osiyo mamlakatlarida 2000-yillar boshida sohaning paydo bo‘lganini eslaydi:
Logistika va uning mamlakat iqtisodiyotiga ta’siri haqida chuqur bilimlar deyarli yo‘q edi — ta’lim muassasalarida bunday narsalarni o‘rgatishmasdi. Bu, asosan, o‘sha paytda Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti yetarli darajada rivojlanmagani, logistika xizmatlariga katta ehtiyoj yo‘qligi bilan bog‘liq edi. Hamkasblarim bilan respublikaning transport-logistika tarmog‘ini rivojlantirish uchun zamonaviy infratuzilma va shart-sharoitlar yaratish, milliy kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish kerak, degan xulosaga keldik.
Shunday qilib, logistika kompaniyalari uyushmasini yaratishga qaror qildik. 2009-yil O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari orasidagi birinchi Logistika assotsiatsiyasi paydo bo‘ldi.
Bugun esa bu soha haqida deyarli hamma eshitgan. Hatto marketpleyslardan o‘yinchoqlarni yetkazib berishga buyurtma bergan bolalar ham logistika bilan to‘qnashadi.

2023-yilda O‘zbekiston jahon logistika reytingida 88-o‘rinni egalladi. Markaziy Osiyo davlatlari orasida u faqat Qozog‘istonga yutqazdi. 2025-yil oxirigacha O‘zbekiston xalqaro yuk tashish hajmini ikki baravar oshirish va transport xizmatlari eksportini 3 mlrd dollarga yetkazishni rejalashtirgan. Iqtisodiyot vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatning eksport daromadlari 9–11 foizga oshadi.
Muhidovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda iqtisodiyot katta tezlik bilan rivojlanib, tovar va xizmatlar ishlab chiqarish hajmi ortib boryapti. Shuning uchun mamlakatda samarali va xavfsiz ta’minot zanjirini yaratish juda muhim.
Respublika hukumati tadbirkorlar tomonida turibdi. Har yili biznes yuritish, shu jumladan logistika sohasi vakillari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qarorlar qabul qilinadi. Masalan, 2025-yil yanvar oyida qabul qilingan qaror bilan Transport-logistika tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlashdi. O‘zbekiston logistika assotsiatsiyasining Transport vazirligi va Hukumatga yuborgan ko‘plab takliflari inobatga olinib, qarorga kiritildi.
Shunga qaramay, mamlakat biznes hamjamiyatiga kadrlar yetishmayapti. Uyushma raisining aytishicha, universitet va texnikumlarda logistika masalalariga juda kam o‘quv soatlari ajratilgan bo‘lib, ularda talabalar bilan asosan sohaning umumiy masalalari haqida gaplashishadi. Shu bilan birga, sohada ishlash uchun nafaqat bazani bilish, balki amaliy ko‘nikmalarga ham ega bo‘lish kerak.

Ushbu soha mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga yo‘naltirilgan xususiy ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash va yangilarini tashkil etish muhim. Shuningdek, logistika sohasidagi milliy va xorijiy qonunchilikni biladigan o‘qituvchi va murabbiylarni tayyorlash kerak. Xalqaro tashishlarni tashkil etish, omborxona majmualari faoliyati, shuningdek, logistika zanjiriga raqamli va yashil iqtisodiyot standartlarini joriy etishning zamonaviy yechimlarini bilish kerak.
Logistika — biznes yuragi
2022-yilda Farid Vohidov ATI.SU’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori lavozimini egalladi. Bu MDH mamlakatlaridagi eng yirik raqamli yuk tashish birjasi va transport logistikasi xizmatlari ekotizimidir.
Bu yerda yuk jo‘natuvchilar va tashuvchilar bir-birlarini topadilar, tashish haqida kelishib oladilar va ishning barcha bosqichlarini, shu jumladan hujjat aylanishi va GPS monitoringini avtomatlashtiradilar. Har kuni platformada 60 dan ortiq mamlakatdan foydalanuvchilarning yuz minglab takliflari joylashtiriladi.

Farid logistika sohasidagi birinchi tajribasini 2012-yilda, GM Uzbekistan kompaniyasida ishlay boshlaganida orttirgan. O‘shanda u logistlarning ishi nafaqat alohida kompaniyalarning samaradorligiga, balki butun mamlakat bo‘ylab transportning rivojlanishiga ham ta’sir qilishini tushundi.
O‘sha paytda Toshkent va Farg‘ona vodiysi o‘rtasidagi yuk tashish juda qiyin edi. Yo‘l uzoq vaqt va katta xarajatlarni talab qilardi. Oldimizda avtomobil transportidan foydalanishni davom ettirish yoki temir yo‘l aloqasini rivojlantirish foydaliroq ekanligini hisoblab chiqish vazifasi turardi. Biz yo‘nalishlar, muddatlar va xarajatlarni batafsil hisoblab chiqdik. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, uzoq muddatli istiqbolda temir yo‘l transport xarajatlarini kamaytiradi, yetkazib berish barqarorligini ta’minlaydi va biznesning raqobatbardoshligini oshiradi. Ushbu hisob-kitoblar Farg‘ona vodiysiga temir yo‘l liniyasini qurish to‘g‘risidagi qarorga yana bir turtki bo‘ldi.
Temir yo‘l va havo transporti shoshilinch yuklar yuborishda katta rol o‘ynasa-da, ular hozircha avtomobillarning o‘rnini bosa olmaydi. O‘zbekiston dengizga chiqish imkoniyatiga ega emas va poyezdlarda tashish ko‘pincha ko‘proq vaqt talab qiladi, shuning uchun avtotransport mamlakat ichida ham, tashqarisida ham yetkazib berishning eng moslashuvchan usulidir.
Oxirgi 7 yilda yuk tashuvchi transportlar soni 7 barobar oshgani buning isboti bo‘ladi. O‘zbekiston tashuvchilarining mamlakat ichidagi xalqaro yuk tashuvlaridagi ulushi 35 foizdan 60 foizga oshdi.
Farid logistikani ko‘rinmas tarmoq deb ataydi, usiz mamlakat iqtisodiyotini ham, kundalik hayotni ham tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu tarmoq vaqt, xarajatlarni optimallashtirib, odamlar va biznesga qulaylik yaratadi.

Bugun vaziyat ancha yaxshilandi desak ham bo‘ladi. O‘zbekistonda yo‘l infratuzilmasi rivojlanyapti, yangi logistika markazlari qurilyapti, sohada raqamli yechimlardan foydalanishyapti. Shu bilan birga, xalqaro tashuvlarning yuqori narxi, ayrim yo‘nalishlarning ortiqcha yuklanganligi va bojxona tartib-taomillarini tezlashtirish zarurati kabi muammolar saqlanib qolyapti.
Bojxonadan o‘tishdagi byurokratik qiyinchiliklar — logistika rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan va O‘zbekistonda yetkazib berish muddatini uzaytirayotgan asosiy omillardan biri. Bundan tashqari, mamlakatda zamonaviy omborxonalar yetishmaydi, tashish shartlari va tariflar yetarlicha shaffof emas. Shunga qaramay, O‘zbekiston Xitoy, Yevropa va qo‘shni davlatlar bilan xalqaro transport yo‘laklarini faol kengaytiryapti.
Farid mamlakatda sohani yanada rivojlantirish uchun raqamlashtirishdan ko‘proq foydalanish kerak deb hisoblaydi. Bundan tashqari zamonaviy saqlash texnologiyalariga ega omborlarni ham ko‘paytirish hamda xususiy logistika xizmatlarini qo‘llab-quvvatlash va malakali mutaxassislarni tayyorlash kerak degan fikrda.
Turli tashkilot va loyihalarda logistika masalalari bilan to‘qnash kelganman. Asta-sekin logistika biznesning yuragi ekanligiga tobora ko‘proq ishonch hosil qildim. Biznesning samaradorligi, foyda olib kelishi va odamlarning ishonchi logistika bilan bevosita bog‘liq.
O‘zbekistonda logistika faol o‘sish va o‘zgarishlar bosqichini boshdan kechiryapti – yuk tashish uchun yangi yo‘nalishlar paydo bo‘lyapti, zamonaviy logistika markazlari qurilyapti, malakali mutaxassislarga ehtiyoj ortyapti. Bu ko‘rinmas tarmoq biznes, odamlar va mamlakatlarni bog‘lab, iqtisodiyot va hayot sifatiga tobora sezilarli ta’sir ko‘rsatyapti.
*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

AVO ilovasini yuklab oling
Barcha bank xizmatlari va operatsiyalari 24/7 sizning smartfoningizda







