Cho‘ntak puli — shunchaki muzqaymoq uchun mayda pul emas, balki bolaning iqtisodiyot dunyosi bilan ilk jiddiy aloqasi. Aynan bolalikda moliyaviy xulq-atvor shakllanadi: kimdir barcha pulini darhol sarflaydi, kimdir qora kunlar uchun tiyin-tiyinlab yig‘adi, kimdir esa bolalar maydonchasida ham savdolashishni o‘rganadi.
Lekin farzandingiz bunday aloqaga qanchalik tayyor ekanini qanday bilish mumkin? U pul sarflayotganda nimani his qiladi? Yig‘ayotgan pulining qadriga yetadimi? Shunchaki kuzatib ko‘ring. Ushbu 5 oddiy, lekin ibratli psixologik tajribalar yordamida bolangizning moliyaviy ichki dunyosi bilan tanishishingiz mumkin.
1-tajriba. Ayirboshlov — chiroyli yoki foydali narsa?
(4–7 yosh)
Bola oldiga 2 narsa qo‘ying: biri – katta, yorqin, e’tiborni tortadigan – masalan, yoritgichli o‘yinchoq qilich; ikkinchisi – oddiyroq, lekin foydali – ijodiy to‘plam yoki stol o‘yini. Unga o‘zining sevimli o‘yinchog‘i, jeton yoki «uy valyutasi» evaziga ulardan birini tanlash imkoniyatini bering.
Bolaning tanlovda nimaga asoslanishini kuzating. Buyumning haqiqiy qiymatiga e’tibor beradimi yoki chiroyliroq ko‘ringanini tanlaydimi? Keyinchalik fikrini o‘zgartirmoqchi bo‘ladimi? Buni adolatli ayirboshlash deb hisoblaydimi?
Bunday tajriba bolaning qiymatni tushunishi qaysi bosqichda ekanligi va u o‘z resurslarini oladigan qiymat bilan bog‘lay olishini ko‘rsatadi. Agar hissiyotlarga berilib tanlasa – bu tabiiy hol. Biroq, qaysi biri foydaliroq ekanligini so‘ray boshlasa — bu shakllanayotgan moliyaviy tafakkurning ilk belgisi.

2-tajriba. Uy do‘koni
(6–9 yosh)
Xonada qo‘lbola do‘kon yarating: tokchaga o‘yinchoqlar, kanselyariya mollari, mevalar va shirinliklar qo‘ying. Har bir narsaga narx belgilang (masalan, 5, 10, 20 tanga). Bolaga cheklangan miqdordagi tanga yoki qog‘oz pul berib, xarid qilishni taklif eting.
Uning xatti-harakatlarini kuzating. Byudjetga sig‘ish uchun hisob-kitob qiladimi? Qaytim haqida so‘raydimi? Birdaniga hamma narsani oladimi yoki kerakliligiga qarab tanlaydimi? Balki, bir qismini keyinga qoldirаr?
Bunday tajriba bolaning cheklangan resurslar sharoitida tanlov qila olish qobiliyatini ko‘rsatadi. Ota-onalarga esa «hamma narsani bir vaqtning o‘zida olish» nima uchun doim ham eng yaxshi yo‘l emasligini nasihat qilmasdan tushuntirish imkonini beradi.

3-tajriba. Haftalik byudjet
(9–13 yosh)
Bolaga haftalik moliyaviy erkinlik bering: 5–7 kunga yetadigan miqdorda pul bering — masalan, tushlik, yo‘l kira yoki mayda xaridlar uchun. Bu davrda boshqa pul berilmasligini va pulni qanday sarflashni o‘zi hal qilishini tushuntiring.
Ehtimol, birinchi kuni u hayajonlanib, hamma narsani birdan sotib olar. Yoki aksincha, xavotirlanib, umuman hech narsa xarid qilmas. Ikkala holat ham muhokama uchun asos bo‘ladi. Eng muhimi, agar puli ikkinchi kundayoq tugab qolsa, aralashmang va yordam bermang. Qilgan qarorlarining hosilini o‘zi yig‘sin.
Bu tajriba 9 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mos keladi. U rejalashtirish, qaror qabul qilish, mas’uliyatni his etish va eng muhimi, xarajatlar bilan vaqt o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rishni o‘rgatadi. Hafta oxirida nimalar yaxshi bo‘lgani, nimalar bo‘lmagani va kelajak uchun qanday xulosalar chiqarish mumkinligini birgalikda tahlil qilishingiz mumkin.

4-tajriba. Orzu uchun pul yig‘amiz
(7–11 yosh)
Boladan nima uchun pul yig‘ishni istashini so‘rang. U aniq maqsadni tanlashi kerak: shunchaki «ko‘p pul» emas, balki masalan, 150 ming so‘mlik masofadan boshqariladigan o‘yinchoq mashina. Keyin amaliy ishlar uchun shartli ballar yoki «ish haqi» olishni taklif eting — misol uchun, uy ishlariga yordam bergani, tartibli bo‘lgani yoki kitob o‘qigani uchun.
Yig‘ilgan pulni shaffof idishga solish yoki ko‘rgazmali jadval to‘ldirish mumkin. Eng muhimi, maqsadga sekin bo‘lsa ham yaqinlashayotganini ko‘rsating. Pul yig‘ishni zerikarli majburiyatga yoki itoatsizlik uchun jazoga aylantirmang. Bu jarayon quvonch va ishtiyoq uyg‘otishi kerak.
Bu tajriba bolada sabr-toqat, uzoq muddatli fikrlash va natijaga erishish uchun vaqt hamda kuch kerakligini tushunishni rivojlantiradi. Agar bola qiziqishini yo‘qotsa — bu ham signal: ehtimol, maqsad juda uzoq va uni bir necha bosqichlarga bo‘lish kerak.

5-tajriba. Sen — bank, men — mijoz
(10–14 yosh)
Bu deyarli teatr o‘yiniga o‘xshaydi. Bolaga «bank» o‘ynashni taklif eting: u xodim, siz esa mijoz bo‘ling. Qarz so‘rang, hisob oching, foydali shartlarni taklif qiling. Uning moliyaviy tizimi qanday ishlashini o‘zi hal qilsin: pul beradimi, foiz oladimi, belgilangan muddatda qaytarishni talab qiladimi.
Teskarisi ham bo‘lishi mumkin: bola mijoz, siz esa bank bo‘ling. Uning qarz so‘rashini, qanday dalillar keltirishini, oqibatlarini hisobga olishini va o‘z vaqtida qaytarishga va’da berishini kuzating. Unga oldindan qolip bermang, o‘zi tasavvur qilsin.
Bunday tajriba murakkabroq tushunchalar — qarz, ishonch, foiz, mas’uliyatni tushunish darajasini baholashga yordam beradi. Shuningdek, u muzokara olib borish ko‘nikmalarini rivojlantiradi va nafaqat hissiy, balki mantiqiy qarorlar qabul qilishni ham o‘rgatadi.
Bunday tajribalar nima uchun kerak?
Bu tajribalarda eng muhimi — baholash emas, balki kuzatish. Boladan kattalar kabi xatti-harakat qilishini yoki mukammal rejalashtirish qobiliyatini kutmang. Bu kichik ssenariylar bolaning qanday fikrlashi, uning uchun nima muhimligi va pul haqida gap ketganda nimalarni his qilishini tushunish uchun kerak.
Aynan mana shu lahzalarda pand-nasihat va o‘rgatishlarsiz haqiqiy odatlar shakllanadi. Bu jarayon tanlov, xatolar va muhokama orqali sodir bo‘ladi. Hammasi kattalarnikiga o‘xshaydi — faqat o‘yin shaklida.