Ilgari dafn va xotira marosimlari butun mahalla bo‘ynida bo‘lardi: kattalar diniy qismini o‘z zimmalariga olsa, yoshlarga kuch talab qiladigan va texnik ishlari tushardi. Zamonaviy hayot sur’ati bizni bir-birimizdan uzoqlashtirdi — og‘ir paytlarda hamma oila ham kerakli tayanch va maslahatni ololmaydi.
Shuning uchun O‘zbekistonda musulmoncha dafn marosimi qaysi bosqichlardan iboratligi va har birida qanday xarajatlar chiqishi mumkinligi haqida qisqa qo‘llanma tayyorladik.
4 ta asosiy diniy bosqich bor:
- Mayitni yuvish;
- Kafanga o‘rash;
- Janoza namozini o‘qish;
- Marhumni qiblaga qaratib dafn etish.
Janozadan keyin marhum xotirasi odatda quyidagicha yod etiladi:
- Vafotdan keyin 3 kun davomida uyda ta’ziya bildiruvchilarni kutib olish;
- 3-, 7- va 21-kunlarda xotira marosimlarini o‘tkazish;
- Ramazon va Qurbon hayitida duo va ehsonlar;
- 9-oyda xudoyi va sadaqa qilish;
- Vafot etgan sanada yillik xotira marosimi.
Janozaga tayyorgarlik
Mayitni odatda bu ishni biladigan, maxsus tayyorlangan odamlar yuvishadi. Bu xizmat odatda pullik bo‘lib, dafn agentliklari yoki morglarda bor. Odatda yuvish, sanitariya ishlovi va kafanga o‘rashni o‘z ichiga olgan paket agentlikda arzonroq tushadi: taxminan 500 000–1 500 000 so‘m. Ba’zan summa ichiga mayitni saqlash, transport va sarflanadigan buyumlar ham kiradi.
Musulmonlar ahil bo‘lgan mahallalarda oqsoqollardan maslahat so‘rashadi. Ular og‘ir paytda yordamini ayamaydilar, tajriba va bilimi bilan bo‘lishadilar. Masjid yoki mahalla yuvish va kafanga o‘rash ishlarini ozgina haq evaziga tashkillashtirishga yordamlashishi mumkin. Bu xarajatlarni 200 000–400 000 so‘mgacha kamaytiradi.

Kafan va dafn marosimlari uchun jihozlar to‘plami
Islomda marhumni kafanga o‘rash uchun bir necha metr oq paxta mato, qaychi va tikuv anjomlari kerak bo‘ladi. Bu anjomlar ishlatilgandan keyin odatda tashlab yuboriladi yoki qabriston xodimlariga qoldiriladi. Tayyor to‘plamlarni kiyim-kechak bozorlarida, musulmon do‘konlarida va MATTO tekstil brendida topish mumkin. Narxi odatda 150 000–600 000 so‘m atrofida.
Janoza namozini o‘qish
Odatda janoza marhumning uyida o‘tkaziladi. Marosimga qarindosh-urug‘ va yaqinlar yig‘iladi. An’anaga ko‘ra, janoza namozini oiladagi eng katta musulmon erkak o‘qiydi. Agar bunday kishi bo‘lmasa, masjiddan imom, domla yoki otin-oyini taklif qilish mumkin. Oqsoqollarni qanday rozi qilish haqida o‘zlaridan yoki masjidda so‘rab olsa bo‘ladi. Bunday xizmatlar uchun rasmiy narx bo‘lmaydi, har bir oila o‘z sharoitidan kelib chiqib beradi. Ba’zi masjidlarda aniq summani aytishlari mumkin.
Odatda imom, domla va otin-oyi uchun konvertga 200 000–500 000 so‘m qo‘yishadi. Agar pul olmaymiz deyishsa, oziq-ovqat va shirinliklar solingan kichik sovg‘a-to‘plamlar tayyorlash, yoki imom/domlaga chopon yoki do‘ppi, otin-oyiga issiq ro‘mol kabi hadyalar berish mumkin.

Dafn marosimi uchun maxsus mashina
Shoshilinch tashish kerak bo‘lsa, tun-u kun ishlaydigan dafn agentligiga murojaat qilish mumkin. Ish vaqtida xususiy tashuvchini chaqirsangiz, odatda 200 000–300 000 so‘m tejaysiz. Oldindan haydovchi bilan vaqt, to‘lov usuli va yuklash-tushirishga yordamni kelishib oling.
O‘rtacha tashish narxi — 400 000–1 500 000 so‘m.
Musulmon qabristonida joy narxi qancha?
Qonun bo‘yicha qabristonda joy bepul ajratiladi, uni oldindan band qilib bo‘lmaydi.
Qabrni tayyorlash va go‘rkovlarning mehnati odatda 700 000–1 500 000 so‘m turadi.
Agar oila eng yomon holatga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lsa, qabriston xodimlari bilan kelishishga urinib ko‘rishadi. Joyni band qilishning rasmiy narxi yo‘q, norasmiy kelishuvlar esa odatda 2 000 000 so‘mdan boshlanadi.
Shahar ichidagi ko‘plab qabristonlar to‘lib ketgan: ko‘pincha faqat qarindoshlardan birining eski qabri ustiga yoki yoniga qayta dafn qilishga ruxsat berishadi. Odatda 10 yillik qabrlarga dafn etishga ruxsat berishadi, ba’zan muddat 3 yilgacha qisqartiriladi. Ma’lum bir qabristonda dafn qilishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, u yerda qarindoshingiz ko‘milgani va qayta dafn imkoni borligini aniqlab oling.
Qabr toshini faqat dafn etilgandan bir yil o‘tib o‘rnatish mumkin. Yer cho‘kib qolsa, qayta o‘rnatishga yana 700 000–1 000 000 so‘m qo‘shimcha xarajat bo‘ladi.
Janozadan keyingi dastlabki 3 kun
An’anaga ko‘ra odamlar marhumning uyiga kelib, ta’ziya bildiradi va oila bilan birga duo qilishadi. Odatda choy, non va shirinliklar qo‘yilgan kamtarona dasturxon yetarli. Mahsulotlar uchun odatda 600 000–1 000 000 so‘m yetadi.
Agar mehmon ko‘p bo‘lsa, dasturxon, idish-tovoq, stul-skameykani ijaraga olish yoki yetkazib berish 300 000–1 000 000 so‘mga tushishi mumkin. E’lonlarni OLX.uz va BirBir ilovasida topasiz. 2–3 taklifni solishtirib ko‘ring — narxlar farq qiladi. Buyurtma berayotganda yetkazib berishni umumiy summaga qo‘shib yuborishni so‘rashingiz yoki o‘zingiz olib ketsangiz, chegirma qilishlarini kelishib olishingiz mumkin.
3-, 7- va 21-kunlar
Yaqin qarindoshlar yig‘ilib, marhum xotirasiga duo o‘qiydilar. An’anaviy dasturxon yoziladi: erkaklar osh pishiradi, ayollar shirinlik tayyorlaydi. Mahsulotlarga odatda 500 000–700 000 so‘m ketadi.
Ramazon va Qurbon hayiti
Yirik musulmon bayramlarida marhumlarni yod etish odat hisoblanadi. Oila qabristonga borishi mumkin, erkaklar duo o‘qiydi. Marhumning uyida dasturxon yozib, qarindoshlar yig‘iladi. Ramazon hayitida dasturxonga odatda 700 000–1 000 000 so‘m ketadi. Qurbon hayitida esa qo‘y so‘yishib, uning go‘shtidan osh pishirib, mahallaga tarqatishadi. Tirik halol qo‘y sotib olish va qassoblik xizmatlari shaharga qarab 3 000 000–4 000 000 so‘m atrofida bo‘ladi. OLXda tayyor xizmat taklif qiladigan e’lonlarni topsangiz, ancha tejab qolasiz.
Qurbon hayiti oldi tirik qo‘yga talab oshadi — narxlar ko‘tariladi. Agar sharoit ko‘tarmasa, tayyor go‘sht sotib olish mumkin. Bozorda 1 kg halol qo‘y go‘shti odatda 140 000–160 000 so‘m turadi. Katta tarmoqli supermarketlarda bayram oldidan go‘sht va boshqa mahsulotlarga chegirmalar bo‘ladi. Masalan, Korzinka musulmon bayramlarida oziq-ovqat to‘plamlari va ayrim mahsulotlarni arzonroq taklif qiladi. 4–6 kg go‘sht va boshqa mahsulotlar olsangiz, 150 000–250 000 so‘m tejab qolishingiz mumkin.

Xudoyi va sadaqa
Xudoyi — marhum xotirasiga yaqinlar, qo‘ni-qo‘shnilar va muhtojlarga qilinadigan ehson. Odatda vafotdan 9-oy o‘tganda o‘tkaziladi. Odatga ko‘ra nahor oshi pishiriladi, imkon bo‘lsa qo‘y so‘yiladi, domla va otin-oyini duoga taklif qilishadi.
Hovlida yoki mahalla to‘yxonasida 20–30 mehmon uchun, tirik qo‘y xaridi bilan birga 5 000 000–6 000 000 so‘m ketadi. Kamxarj o‘tkazish uchun 2 500 000–3 500 000 so‘mga 4–5 kg halol go‘shtdan osh pishirish mumkin.
Xudoyidan keyin uyni yig‘ishtirish xizmatiga 400 000–600 000 so‘m ketadi. Yig‘ishtirishga tayyor odamlarni mahallaning o‘zidan topsangiz, 150 000–250 000 so‘m tejashingiz mumkin.
Ko‘p mehmon kutayotgan bo‘lsangiz, mehmonlarni choyxonada kutib olganingiz yaxshi, bunda odam boshiga 150 000–200 000 so‘m ketadi. 40–50 kishilik nahor oshi 6 000 000–8 000 000 so‘mga tushadi.
Xudoyi bilan birga sadaqa ham qilinadi — kam ta’minlangan yoki yolg‘iz odamlarga shirinliklar va marhumning narsalari tarqatiladi. Bitta sadaqa to‘plami odatda 30 000–150 000 so‘m bo‘ladi.
Mahalladan nima va qanday so‘rash mumkin
Yuk va xarajatni kamaytirishning eng oddiy yo‘li — mahalla qo‘mitasidan yordam so‘rash. Mahalla pul bilan yordam berishga majbur emas, lekin stul-stol, naves, idish-tovoq, ba’zan ta’ziya uchun to‘yxona ajratib berishi mumkin. Ba’zi hollarda qo‘mita transport bilan yoki ovqat tayyorlash va tozalashga ko‘ngillilar topib yordam beradi. Ijtimoiy yordam uchun rais va yoshlar yetakchisi javob beradi.
O‘z mahallangiz raqamlarini Online Mahalla portalidan topishingiz mumkin.
Yillik xotira marosimi
Yillik uchun ham xuddi 3-, 7-, 21-kunlardagidek pul ketadi — 500 000–700 000 so‘mga yaqinlar uchun kamtarona dasturxon yozishingiz mumkin.
Shu davrda oilada qabr toshini o‘rnatish kabi yana bir katta xarajat paydo bo‘ladi.

Musulmon qabr toshi
Diniy kanallarda ko‘pincha qabr toshi boshqalarnikidan ortiqcha dabdabali bo‘lishi yoki uni o‘rnatish oila uchun qarzga botishini tanqid qilishadi. Qabristonda masjid yoki maqbara yaratish, nimalardir qurish, daraxt va gullar ekishni ham ma’qul ko‘rishmaydi.
Odatda tabiiy granit yoki marmar toshdan yasalgan plita buyurtma qilishadi. Bunday toshning narxi 3 000 000 so‘mdan boshlanadi. Panjara va plita to‘plami esa — 10 000 000 so‘m va undan yuqori.
Eng arzon variant — taxminan 500 000–2 000 000 so‘mlik granit tosh parcha (30×40–60×40 sm).
Qabr toshiga marhumning portreti qo‘yilmaydi — islomda odam suratini qo‘yish taqiqlanadi.
Odatda ism-familiya, tug‘ilgan va vafot sanalari, qisqa xotira iborasi yoziladi. Qur’on oyatlari bo‘yicha imom bilan maslahatlashing — ayrim ulamolar muqaddas so‘zlar oyoq ostida bo‘lmasligi kerak deyishadi.
Lazer bilan chizish, qo‘l bilan o‘yish yoki qum purkash 300 000–700 000 so‘m bo‘ladi.
Qabriston ma’muriyati va mahallaning qabr toshining balandligi, materiali va shakli bo‘yicha o‘z qoidalari bo‘lishi mumkin. Shuning uchun loyihani oldindan kelishib oling.
Xarajatlar smetasi
Bosqich | Xarajat nomi | So‘mdagi summa | Izoh |
---|---|---|---|
Dafn etishga tayyorlanish | Mayitni yuvish | 500 000–1 500 000 | Agentlik yoki morgda. Masjid yoki mahallada 200 000–400 000 ga arzon bo‘ladi |
Kafan | 150 000–600 000 | Bozor, musulmon yoki tekstil do‘konlarda tayyor to‘plam | |
Imom, domla va otin-oyiga sovg‘a | 200 000–500 000 | Yoki ramziy sovg‘a | |
Tashish mashinasi | 400 000–1 500 000 | Xususiy tashuvchilar 200 000–300 000 ga arzonga tushadi | |
Ko‘mish ishlari | Joyni rasmiy band qilish, qabr kovlash, qabriston xizmatlari | 700 000–1 500 000 | Joy bepul |
Joyni norasmiy band qilish | 2 000 000 dan | Qabristonga qarab farq qiladi | |
Qabr toshi | Granit tosh | 500 000–2 000 000 | 30x40–60x40 sm |
Granit yoki marmar plita | 3 000 000 dan | Materialga qarab farq qiladi | |
Panjara va plita to‘plami | 10 000 000 dan | Islomda tavsiya qilinmaydi | |
Gravirovka | 300 000–700 000 | Texnikaga qarab farq qiladi | |
Janozadan keyin ilk 3 kun, 3-,7-, va 21-kunlar, yillik | Dasturxon | 500 000–1 000 000 | Choy, non, shirinlik |
Stol-stul va idish-tovoq ijarasi | 300 000–1 000 000 | OLX.uz, BirBir | |
Ramazon hayiti, Qurbon hayiti, xudoyi va sadaqa | Halol qo‘y go‘shti | 3 000 000–4 000 000 | Qo‘y va qassoblik xizmati |
Uyda mehmon kutish | 5 000 000–6 000 000 | 20–30 mehmonga oziq-ovqat, ijara | |
Choyxonada mehmon kutish | 6 000 000–8 000 000 | 40–50 odam boshiga 150 000–200 000 | |
Sadaqa | To‘plami 30 000–150 000 | Oziq-ovqat, marhumning kiyimlari | |
Xudoyidan keyin uy yig‘ishtirish xizmati | 400 000–600 000 | Mahalla chatida 150 000–250 000 ga arzonroq |
Ushbu materialni tayyorlashda yordam bergan marosim xizmatlari menejeri Aram Alikulov, Bogdan va bag‘rikeng ayol — ko‘plab yaqinlarini musulmon an’analariga muvofiq so‘nggi yo‘lga kuzatgan Go‘zal Kamolovnaga rahmat aytamiz.
*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

AVO ilovasini yuklab oling
100 mlngacha limit, onlayn omonat va bonuslar sizni kutmoqda