Yil oxiriga kelib odatdagi «Hammasiga ulgurish» marafoni boshlanadi — ishdagi yopilmagan vazifalarni oxirlab qo‘yish, uyni yig‘ishtirib, bezash, sovg‘a-salomlar olish, yana yil qanday o‘tganligi haqida o‘ylash ham kerak bo‘ladi. Natijada bayram kayfiyati o‘rniga charchoq hissi paydo bo‘lib, hamma narsani tashlab qo‘ygingiz keladi.
Haqiqatan dam olishning eng zo‘r yo‘li — joyni almashtirib, dekabrning oxirgi haftalarini palmalar ostida yoki anchadan beri borishni xohlagan shaharda o‘tkazish. Siz uchun Toshkentdan Yangi yil arafasida qayerga uchib ketish mumkinligi haqida kichik qo‘llanma tayyorladik.
Birlashgan Arab Amirliklari
Abu-Dabi dekabr oyida plyaj ta’tili va shoping qilish uchun juda mos. Kunduzi havo harorati odatda 30 darajadan oshmaydi, kechga borib esa Fors ko‘rfazidan yoqimli salqin shabada esadi. Yangi yilni esa BAAda katta dabdaba bilan nishonlashadi, rang-barang feyverklar yoqishadi, ochiq havoda konsertlar va kechalar uyushtirishadi.
Dekabr boshida Abu-Dabida Formula-1 mavsumining kutilgan final bosqichi — uch kunlik marafon bo‘lib o‘tadi. Juma kuni — erkin mashg‘ulotlar va kechki Post Malone konserti, shanba kuni — saralash poygalari va Metallica shousi, yakshanba kuni esa — mavsumning so‘nggi poygasi va Katy Perry chiqishi rejalashtirilgan. Poyga 5–7-dekabr kunlari Yas orolida o‘tkaziladi. Chiptalarni Formula’ning rasmiy saytida sotib olish mumkin, narxlar taxminan 5 mln so‘mdan boshlanadi.
31-dekabrda esa Fors ko‘rfazi manzarasiga ega ochiq terassada John Legend konserti bo‘lib o‘tadi. Kecha mehmonxonaning Mishlen yulduziga ega restoranlaridan birida bayramona kechki ovqat bilan boshlanadi, keyin esa salyutlar va didjeylar ishtirokidagi kecha bilan davom etadi. Yangi yil kechasi uchun chiptalarni John Legend’ning jahon gastroli saytida sotib olish mumkin. Narxlar taxminan 8 mln so‘mdan boshlanadi.

Abu-Dabida yana qayerlarga borish mumkin:
Agar zerikib qolsangiz, mashinaga o‘tirib, taxminan bir yarim soatda Dubayga ham borishingiz mumkin. U yerda narxlar biroz arzonroq va tungi hamda plyaj klublarida kechalar ko‘proq.
O‘zbekiston fuqarolari BAA hududida vizasiz 30 kungacha bo‘lishlari mumkin.
Osiyo
Yorqin quyosh, ko‘cha ovqati va palmalar ostida raqsga tushgingiz kelyaptimi?
Tailand va Hindiston hozir bir nechta katta musiqa festivallariga tayyorlanyapti. Ustiga-ustak, bu yerda plyaj mavsumi endigina boshlanyapti.
Tailand
13–14-dekabr kunlari Bangkokda Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng katta elektron musiqa festivallaridan biri — Creamfields Asia 2025 festivali bo‘lib o‘tadi. Sahnadagi bosh yulduzlar — Calvin Harris, Skrillex va Steve Angello. Ultrasifatli ovoz, bir dunyo neon chiroqlari va tonggacha davom etadigan kecha. Chiptalar juda tez sotilyapti, bir kunlik chiptani festival saytida taxminan 1,6 mln so‘mga sotib olish mumkin.
18-dekabr kuni esa Tailandda birinchi marta Doja Cat shousi o‘tkaziladi. Chiptalar 1 mln so‘mdan boshlanadi. Doja nafaqat xit qo‘shiqlarini, balki so‘nggi albomidagi treklarni ham ijro etadi.

Bangkokda yana qayerlarga borish mumkin:
Plyajda yotib dam olgingiz va dengizda suzgingiz kelib qolsa, qo‘shni shahar — Pattayaga borishingiz o‘tish mumkin. Shahar markazi deyarli hech qachon uxlamaydi, janubiy hududlarida esa toza va chiroyli plyajlar ko‘p.
O‘zbekiston fuqarolari Tailand hududida 60 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin, faqat kelishdan kamida 3 kun oldin Thailand Digital Arrival Card elektron kirish kartasini olish kerak.
Hindiston
Mumbay — Hindistonning yuragi, energiyaga boy, dunyodagi eng serharakat megapolislardan biri. 19–21-dekabr kunlari bu yerda 2007-yildan beri o‘tkazib kelinayotgan Sunburn elektron raqs musiqasi festivali bo‘lib o‘tadi. Chiptalar hali sotuvga chiqmadi, lekin tez orada festival saytida xarid qilish mumkin bo‘ladi.

Mumbayda yana qayerlarga borish mumkin:
Hindistonga borish uchun O‘zbekiston fuqarolariga viza kerak bo‘ladi. Uni eVisa rasmiy saytida onlayn rasmiylashtirish mumkin, odatda bir necha kunda tasdiqlashadi.
Yevropa
Slovakiya
Yevropada dekabr — Rojdestvo yarmarkalari va yangi yil filmlari muhiti vaqti. Sayohatni Bratislavadan boshlasangiz bo‘ladi. 21-dekabr kuni Slovakiya poytaxtida Ricky Martin konserti bo‘lib o‘tadi. Chiptalar unchalik ko‘p emas, narxlar taxminan 900 ming so‘mdan boshlanadi.

Dekabr boshidan eski shaharda bayram bozorchalari ochiladi, yangi yil kechasini esa bratislavaliklar an’anaviy tarzda markaziy maydonda kutib olishadi. Bu yerda albatta an’anaviy slovak asal ichimligi — medovina va turli xil nachinkalar bilan beriladigan yupqa kartoshkali nonchalar — lokshedan tatib ko‘rish kerak.
Chexiya
Bratislavadan poyezdda atigi 4 soatda Pragaga yetib borish mumkin. Rojdestvo arafasida Chexiya poytaxti go‘yo jonlangan qishki tabriknomaga aylanib qoladi. Bu yerda Yevropadagi eng katta Rojdestvo yarmarkalaridan ba’zilariga — Vatslav maydoni va Praga qal’asidagi bozorlarga borish kerak. Shuningdek, ochiq havodagi shahar muz maydonchalarida muz ustida uchish va Trdelnik — olov ustida aylantirib pishiriladigan shirin xamirni ham tatib ko‘rish kerak.

Niderland
Eski yil bilan Amsterdamda ajoyib kayfiyatda va chiroyli tarzda xayrlashsa bo‘ladi. 30-dekabrdan 2-yanvargacha bu yerda afsonaviy texno-festival — Awakenings New Years bo‘lib o‘tadi. Bu — dunyoning eng kuchli didjeylari ishtirokidagi bir necha soatlab davom etadigan katta reyv. Bu yil festival sobiq shakar zavodi binosida o‘tkaziladi. Bir kunlik chipta narxlari taxminan 1 mln so‘mdan boshlanadi, lekin hali chegirma bilan uch kunlik abonementlarni ham olib qolish imkoniyati bor.
Yevropa Ittifoqiga borish uchun O‘zbekiston fuqarolariga shengen vizasi kerak bo‘ladi. Ariza birinchi borib kiradigan mamlakat konsulligi yoki vizalar markazi orqali topshiriladi.

Yangi yil oldidan hamma narsani oldindan rejalashtirish qiyin bo‘lib qoladi: chipta, mehmonxona va boshqa xarajatlarni AVO platinum kredit kartasi bilan to‘lash qulay, unda 45 kungacha foizsiz davr bo‘ladi. Kartani bir daqiqada ilovada ochish mumkin. Agar sarflagan summani imtiyozli muddat tugashidan oldin qaytarsangiz, foiz to‘lamaysiz.
*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

AVO ilovasini yuklab oling
Barcha bank xizmatlari va operatsiyalari 24/7 sizning smartfoningizda

