Yangi yil — bu shunchaki keyingi sahifani ochish emas, vaqtni esda qolarli oʻtkazish uchun ham ajoyib imkoniyat. Oʻzbekistonda buning uchun takliflar talaygina: qadimiy shaharlar muhitini his etish, tariximiz bilan chambarchas bog'liq joylarni ziyorat qilish, shahar shovqinidan chalg'ib, tabiat qoʻynida hordiq chiqarish va boshqalar. Tanlovingizni yengilroq qilish uchun Yangi yilni o'zgacha kunga aylantiradigan manzillar bilan bo'lishaman.

Manba: https://search.app
Zomin: sokinlik va tabiat bilan uyg'unlik
Agar siz shovqindan uzoqlashib, bayramni togʻ qo'ynida oʻtkazishni istasangiz, Zomin — eng to'g'ri tanlov. Uni koʻpincha «Oʻzbekistondagi Shveytsariya» deb atashadi: bu yerda koʻzni quvontiradigan manzaralar, ignabargli oʻrmonlar va toza togʻ havo serob. Zomin qoʻriqxonasida ulug' yoshli daraxtlar va orom bag'ishlaydigan manzaralar ichra sayr uyushtirishingiz mumkin.

Manba: https://telegra.ph/
Koʻplab turoperatorlar Zominga yangi yil sayohatlarini taklif qiladilar. Ulardan birini sizga tavsiya qilishim mumkin. Ajoyib jamoa sizni dam olish maskanigacha olib boradi, mazali taomlar bilan mehmon qiladi, eng goʻzal joylarga ekskursiyalar uyushtiradi va zamonaviy mehmonxonada yangi yil kechasini tashkillashtiradi. Masalan, bu yil Wyndham mehmonxonasida haqiqiy bayram kayfiyati vaʼda qilinmoqda.

Manba: https://search.app
Muhimi, Zomin — bu tinchlik va xotirjamlikni sevuvchilar uchun joyligini unutmang. Agar siz shaharning yarqiroq chiroqlariga oʻrganib qolgan boʻlsangiz, bu joy o'ta sokin boʻlib tuyulishi mumkin. Ammo, tabiat bilan uygʻunlikda dam olishni istasangiz, bu joy sizga yoqishi aniq. O'zingiz bilan issiq kiyim olishni yoddan chiqarmang: qishda hatto mehmonxonalarda ham salqin boʻlishi mumkin.
Batafsil maʼlumotni bu yerdan oʻqishingiz mumkin. Bir kishiga sayohat narxi — 116 USD.
Samarqand: bayramda ko'zni qamashtiradigan qadimiy shahar
Samarqand doim oʻzining tarixiy muhiti bilan hammani hayratga soladi. Ammo Yangi yilda shahar yana chiroy ochib, sayohatga kelganlarni qaynoq mehri bilan eritib yuboradi. Chiroqlar bilan bezatilgan Registon maydoni, qadim zamonlarda ipak yoʻli karvonlari qatnagan tor koʻchalarni ko'z oldingizga keltiring-a?! Eng muhimi, Go'ri-Amir maqbarasi, Shohi-Zinda majmuasi, Bibixonim masjidi kabi diqqatga sazovor joylarga ekskursiyalar. Bularning bari tarixiy hodisalarni ko'z o'ngingizda qayta jonlantiradi.

Manba: https://search.app
Diqqat qaratish zarur bo'lgan narsalardan yana biri — bu oshxona. Siz bu yerda mashhur samarqand palovini tatib koʻrasiz. Bu yerda palov qavat-qavat qilib taxlanadi va umuman aralashtirilmaydi. Shuningdek, shou-dastur va restoranda yangi yil dasturxoni ham dasturga kiritilgan.
Shaxsan o'zim, agar Yangi yilni faqat oʻyin-kulgi bilan emas, balki madaniy hordiq bilan o'tkazmoqchi bo'lsangiz, Samarqandga yo'l olishni tavsiya qilgan boʻlardim. Faqat, bayramlarda shahar juda gavjum boʻlishi mumkinligini, shuning uchun sayohatni oldindan bron qilish kerakligini esdan chiqarmang.
Batafsil maʼlumotni bu yerdan oʻqishingiz mumkin. Narx bir kishiga 770 USD dan boshlanadi.

Bayram dasturxoni, archa va sayohat
AVO platinum kredit kartasi bilan hammasiga pulingiz yetadi
Samarqand va Buxoro: ikki shahar, ikki olam
Agar bitta shahar kamlik qiladi deb o'ylasangiz, Samarqandning ulugʻvorligi va Buxoroning shinamligini uyg'unlashtiruvchi sayohatga otlaning. Sayohatingiz Samarqanddan boshlanadi. Bu yerda siz Registon maydoni, Amir Temur maqbarasini ziyorat qilasiz, soʻngra taniqli palovni tatib koʻrasiz. Keyingi kuni esa butunlay boshqa muhitni hozirlab qo'ygan Buxoroga yoʻl olasiz. Tor koʻchalar, minoralar, yopiq bozorlar — bu yerda oʻzingizni haqiqiy sharq ertaklari qahramonidek his qilasiz.

Manba: https://search.app
Buxoroda menga eng koʻp yoqadigan narsalardan biri — kichik oilaviy restoranlar. Bu yerda mahalliy palov va mantilarni tatib koʻrishingiz mumkin. Taomlar uyda tayyorlangandek mehrga to'laligidan, o'zingizni uzoq qarindoshingizning uyiga kelgandek his qilasiz. Buxoro boʻylab ekskursiyalar Ark qalʼasidan Labi-Hovuz maydonigacha boʻlgan barcha asosiy diqqatga sazovor joylarni qamrab oladi.

Manba: https://images.app
Lekin bu dasturda har bir daqiqa hisobdaligini unutmang. Agar siz yengil va kam harakatli sayohatga chiqishga oʻrgangan boʻlsangiz, bunday faol sayohat sizni biroz charchatishi mumkin. Lekin bir-biriga o'xshamaydigan ikki shaharni koʻrish va ulug'vor joylarning muhitini his qilishga ishtiyoq paydo bo'lgan bo'lsa, bu yoʻnalish ajoyib tanlovdir.
Sayohatga bu yerda buyurtma berishingiz mumkin. Bir kishiga narx — 730 USD dan boshlanadi.

Manba: https://images.app
Temirni qizig'ida bosing! Oʻzingizga mos yoʻnalishni tanlang va Yangi yilni esda qolarli oʻtkazing! Bayram sizga quvonch, iliqlik va yangi sarguzashtlar olib kelsin. Kirib kelayotgan Yangi yil bilan, doʻstlar 🎉✨
*Maqoladagi ma'lumotlar nashr etilgan vaqt uchungina amal qiladi. AVO bank ushbu ma'lumotlar kelajakda ham xuddi shunday va dolzarb bo'lib qolishiga kafolat bermaydi. Qaror qabul qilishdan oldin eng so'nggi ma'lumotlarni tekshirishingizni maslahat beramiz.
*Maqolada tashqi resurslarga havolalar keltirilgan. AVO bank tashqi resurslardagi ma'lumotlar uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Maqoladagi fikr — muharrirning shaxsiy fikri bo'lib, u AVO bank pozitsiyasini ko'rsatmaydi. Bank ma'lumotlar to'g'riligi va undan foydalanish oqibatlari uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Narxlar taxminiy va faqat nashr etilgan vaqtdagina amal qiladi.