O’zbekistonda parfyumeriya bozori rivojlanib bormoqda. Bunga statistika.com bashorati ham misol bo’lishi mumkin: tahlilchilar fikriga ko’ra, 2024-yildan 2029-yilgacha bo’lgan muddat ichida atir sotuvchilari oladigan sof foyda 10 dan 16 mln AQSH dollarigacha oshishi kutilmoqda. Tabiiyki, bunday sharoitda mamlakatda yangi parfyumeriya brendlari hamda butiklari paydo bo’ladi. Hozirning o’zida «iforlar» olamida yangilar uchun do’konda o’ziga nima kerakgilini tushunish juda qiyin, rastalarda parfyumlar soni yanada oshsa, vaziyat bundan qiyin holga kelishi mumkin.
Atirlar orasida o’zingizni yo’qotib qo’ymasligingiz uchun yordam berishga harakat qilaman va, mening fikrimga ko’ra, universal bo’lgan va o’zining narxiga javob beradigan uchta brend haqida aytib beraman.
O'zim haqimda:
Men 28 yoshdaman, kasbim — soliq sohasidagi yurist, lekin parfyumeriya allaqachon sevimli xobbimga aylanib ulgurgan. Men «Версачечная» Telegram-kanalini yuritaman va unda atirlarga obzor qilish bilan birga turli mavzularda yozib turaman.
Parfyum tanlashda adashmang
Gapni uzoqdan boshlayman. Kuzatuvlarimga ko’ra O’zbekistonda yaxshi parfyumning bitta flakoni 800 000–1 000 000 so’m atrofida turadi. Balki kimgadir narxi osmonga uchib ketganday ko’rinishi mumkin, albatta. Atir olishda adashmaslik va arzimas tovarga ko’p pul sarflab yubormaslik uchun bir nechta maslahat bilan bo’lishaman:
Teringizda sinab ko’ring. Do’konga kelib, shunchaki atir qopqog’iga sepib hidlash yoki do’konlarda parfyum bilan tanishish uchun ko’pincha qo’lingizga tuqazishadigan qog’oz-tasmadan foydalanishning o’zi yetarli emas (qog’oz tasmalarning asl nomi «blotter»). Atirning ifori aynan teringizda boshqacha yoyilishi mumkin.
Shuning uchun, agar sizga qaysidir ifor yoqib qolsa, qo’lingizning ochiq joyiga bir-ikki marta seping va bir necha soat davomida shu ifor bilan yuring. Agar shundan so’ng fikringiz o’zgarmasa, unda parfyumni qo’rqmasdan sotib olavering. O’zingizda sinab ko’rish orqali siz ko’r-ko’rona xarid qilishdan o’zingizni qutqarib qolasiz, axir avvaliga sizga atir idealdek tuyulishi, uyga borib qutini ochganingizda esa ifor umuman boshqacha hissiyot taqdim etishi mumkin.
Parfyumeriya to’plamlariga e’tibor qarating. Ba’zi brendlar bittagina shisha emas, bir brend ostidagi har biri 2–3 ml.lik 6–7 xil iforli to’plamlarni sotib olishni taklif qiladilar. E’tibor bersangiz, bitta katta shishaga qaraganda to’plamlarni xarid qilish 40% gacha tejab qolish imkonini beradi. Sohaga endi-endi qadam bosayotganlarga doim shunday to’plamlarni izlashni tavsiya qilaman: ham pulingizni tejaysiz, ham bir nechta ifor bilan bittada tanishib olasiz.
Chegirmalar haqida ham unutmang. Ifor ulashuvchi do’konlarda yiliga bir necha marta sotib tugatish chegirmalari e’lon qilinib, sifatli atirlar narxi 30–50%ga pasayadi. Bunday tadbirlar turli bayramlarda o’tkazilib turadi, ayniqsa — Yangi yil va 8-mart arafasida. Agar odatdagi narxlar sizni cho’chitib yuborsa, bayramlar mavsumida esa sizni yoqimli hayratda qoldirishi mumkin.
Endi esa, va’da qilganimdek, uchta qiziqarli brendlar haqida aytib beraman.
Essential Parfums: tanishuv uchun eng yaxshi
Qayerda sotiladi: ORRIS, Elisium
Kim uchun: uniseks
Nimasi bilan mashhur: Bois Impérial yurakni pora-pora qiluvchi parfyumi bilan
O’rtacha narxi*: 100 ml.lik shisha uchun 1,4 mln so’m
Iforlarning tajribali ustalarini to’plab, to’liq erkinlik bersangiz-u, reklama, qadoq va boshqa mayda-chuydalar uchun sarf-xarajatlarni minimal darajagacha qisqartirsangiz nima bo’ladi? Essential Parfums brendi dunyoga keladi — bu brendni hali tajriba orttirmaganlar uchun ideal tanlov deb hisoblayman.
Deyarli har bir parfyum (hozircha ularning soni 10 ta) bir-ikkita asosiy iforga ega. Qanday — buni nomidan osongina bilib olishingiz mumkin: masalan, Nice Bergamote’da bu bergamot, Fig Infusion’da esa — yashil anjir. Brend ishlarini o’zingiz uchun o’rnak deb olsangiz, undan iforlarni his qilishni o’rganib olishingiz ham mumkin, bu esa Essential Parfums iforlar ensiklopediyasiga aylantiradi.
Atirlar orasidan brendning flagman mahsuloti — Bois Impérial o’zining ifori bilan ajralib turadi: tuzga botirilgan charm qo’lqoplar va g’orda unutib qoldirilgan yog’ochlar aralashmasini eslatadi. Ushbu ifor juda ko’pchilikning ko’nglidan o’rin olgan, lekin men Essential Parfums’ning boshqa iforlarini ham e’tibor qoldirmasligingizni maslahat bergan bo’lardim. Yana, O’zbekiston jazirama iqlimida Bois Impérial ifor egasi va atrofdagilarni «bo’g’ib», undan boshingiz og’rib qolishi mumkin.
Hozir brend ikki turdagi — 100 va 10 ml.lik shishalarni taqdim etadi. Iikkinchisi arzonroq turadi, lekin uni topish uchun ancha-muncha ter to’kishga to’g’ri keladi.
Montale: G'arbning Sharqqa nigohi
Qayerda sotiladi: Begim Parfum Gallery, Elisium
Kim uchun: uniseks
Nimasi bilan mashhur: yog’ochli kompozitsiyalar bilan
O’rtacha narxi*: 100 ml.lik shisha uchun 1,3 mln so’m
Montale — Sharq estetikasidasidan ilhomlangan fransuz brendi. Kolleksiyaning yuragidan ud ifori yoki ud daraxti o’rin olgan — u nam yog’och hidini eslatadi, lekin siz mog’or bosgan podvaldan metallgacha, yondirib eritilgan karameldan jonivor terisigacha yana boshqa notalarni hamsezishingiz mumkin.
Quloqqa yoqimli eshitilmasa-da, Montale ijrosida ifor o’z muxlislarini topishi aniq. Umuman olganda, brend 150 dan ortiq parfyumga ega, shunday ekan izlayotgan iforlaringizni aniq belgilab olmasangiz, tanlovlar ko’pligidan boshingiz aylanib qolishi mumkin. Boshlanishiga aynan ud iforlarini sinab ko’rishingizni tavsiya qilaman. Ularni Montale’da topish oson — nomida «Aoud» yoki «Oud» yozuvi bo’ladi, ikkisi ham bir. Aytgancha, aytishlaricha, 2000-yillar boshida Sharq osha aynan Montale «ud trendi» yoyilishiga sabab bo’ldi.
Keng sotuv maydonlarida nafaqat 100, balki 50 ml.lik shishalar ham uchrab turadi.
Molinard: fransuz klassikasi
Qayerda sotiladi: Elisium, MAKEUP
Kim uchun: uniseks
Nimasi bilan mashhur: Les Éléments kolleksiyasi va taniqli Habanita parfyumi bilan
O’rtacha narxi: 75 ml.lik shisha uchun 850 000 so’m
Molinard — XIX asr o’rtalarida asos solingan va dunyo atirlarining poytaxti bo’lmish Fransiyaning Grasse shahrida joylashgan hurmatga sazovor atirlar uyi. Brendning ko’p yillik tarixi taniqli ismlar bilan bog’liq. Misol uchun, qator shishalar dizayni poyezd, cherkov va boshqalarning interyerini bezatganligi bilan mashhur dekorator, zargar va rassom Rene Lalik tomonidan yaratilgan. Molinard egallagan binolarning bir qismini esa ismi Parijdagi o’sha mashhur minoraga berilgan Gustav Eyfel tomonidan loyihalashtirilgan.
Molinard bir nechta atirlar kolleksiyasini taklif qiladi, lekin men sizga «Elementlar» («Les Éléments») liniyasini tavsiya etaman: unda har bir ifor aniq nimanidir eslatadi — charm, binafsha, nargis, osmantus va h.k. Ularning bir qarashda oddiy ifori aslida aldamchi, axir «Element» ning har bir ifori bir necha notalardan jamlangan — ba’zida ta’bimga 100% mos keladi.
Albatta Habanita iforini sinab ko’ring: uni tarixdagi eng buyuk parfyumlardan biri deb bejizga aytishmaydi. Bugun u bir necha tuslanishlarga ega, ular ichidan eng taniqli va hamyonbopi — Habanita Eau de Parfum, ayollar upasi va atirgul, yasmin, kananga va boshqa o’simliklarning o’tkir aralashmasini eslatadi.
Ko’pincha brend 75 ml.lik shishalarni taklif qiladi.
Shu bilan iforlar olamiga ekskursiyamizni yakunlayman. «O’zingizning iforingiz» ni topishda omad tilayman. Muhimi unutmang, iforlaringiz uchun eng katta tanqidchi — sizning burningiz.