Kompyuter o‘yinlari, ayniqsa do‘stlar davrasida, dam olishga yordam beradi — lekin CS 2 da bir necha o‘yin o‘tkazish yoki FC24 bo‘yicha turnirda qatnashish uchun ular bilan qayerda to‘planish mumkin? Bu haqda maqolada aytib o‘tamiz.
Men avvalgi maqolalarimda Counter Strike 2 ga qattiq bog‘lanib qolganimni ta’kidlagan edim — bu jamoaviy o‘yin (unda yakka tartibdagi rejim umuman yo‘q) va ayniqsa do‘stlar bilan yonma-yon o‘tirib o‘ynash juda qiziqarli. Buni faqat o‘yin klublarida amalga oshirish mumkin. Lekin buning salbiy tomoni ham bor: qaysi klub yaxshi, qayerda esa o‘yin dahshatli periferiya uskunalari va sekin internet bilan kurashga aylanishini bilish qiyin.
Bugun Toshkentdagi shaxsiy top joylarim haqida so‘zlab beraman — ularni narx, uskunalarning sifati, muhit, hamda oziq-ovqat va ichimliklarning mavjudligi kabi mezonlarga qarab baholayman.
MVP Food Mall
Ro‘yxatdagi birinchi klub Shahrisabz ko‘chasidagi yangi ovqatlanish markazining qoq o‘rtasida joylashgan ekan — uni do‘stlarim bilan mahalliy shaurma yegani kirganimizda tasodifan topib qoldim.
Bu klubning joylashuvini hisobga olsak, ovqat va ichimliklar masalasi o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi: kompyuterlardan 2 qadam narida eng xilma-xil taomlarga duch kelish mumkin — Tailand taomlaridan tortib oddiy lavashgacha. MVP ichida o‘zining kichkina mini-bari ham bor: gazaklar, ichimliklar va yengil tamaddilar bilan.
Klubning ichki qismi ham yoqimli taassurot qoldiradi: hatto hamma aralash o‘tirgan ommaviy zallarda ham o‘yindan zavqlanishga hech narsa xalal bermaydi. Men doim yaxshi odamlarga duch kelganman — hech kim baqirmaydi, so‘kinmaydi, quloqchinlar ham deyarli hech qanday shovqinni o‘tkazmaydi. Bunday joylarning an’anasiga ko‘ra, zal xiraroq, neon ranglar bilan bezatilgan.

Periferiya va kreslolar ham a’lo darajada, ehtimol klub nisbatan yangi bo‘lgani uchundir. Monitorlar va kreslolar balandlik bo‘yicha sozlanadi, bo‘yin, orqa va bel qulayligi uchun barcha qo‘shimcha yostiqchalar o‘z joyida. Eng muhimi — kompyuterdagi klaviatura va sichqoncha o‘yinni o‘ynashga xalaqit bermaydi. CS 2 kabi o‘yinlarda bu juda muhim hisoblanadi. O‘yinlar tez ishga tushadi, hech narsa qotib qolmaydi va o‘chib ketmaydi — jihozlar kuchli va «charchamaganligi» sezilib turadi.

Men odatda butun vaqtimni o‘tkazadigan asosiy zaldan tashqari, maksimal shovqin izolyatsiyasiga ega VIP-zal, kabinali turnir maydonlari, 15 kishigacha do‘stlar davrasiga mo‘ljallangan maxsus yopiq maydon va juft o‘yinlar uchun DUO zonasi ham mavjud.
Narxlar unchalik yuqori emas: asosiy zonada 1 soat o‘ynash sizga 15 000 so‘mni tashkil etadi. Xohishingizga ko‘ra, narxni 30% gacha tejashga yordam beradigan turli paketlarni xarid qilishingiz mumkin — lekin bu faqat o‘yin maskanida 5 soatdan ortiq vaqt o‘tkazishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, to‘g‘ri keladi.
Bezone
Navbatdagi manzil — Markaz-1 dagi Bezone Gaming klubida. Men ham bu yerda tez-tez bo‘laman va ushbu muassasaning super kuchi — ichkaridagi ulkan kinoteatr. U yerda siz PlayStationni haqiqatan ham katta ekranda o‘ynashingiz mumkin.
Lekin oldinga chopib o‘tmayman. Umumiy baholashdan boshlaymiz: muassasaning muhiti kibersportga moslashadi — ufqqa qarab ketuvchi keng zal, bu yerda bo‘sh kompyuterni topmaslik deyarli mumkin emasligiga ishora qiladi.

Zallar chindan ham juda katta
Boshqa tomondan, bunday kenglik ba’zan xalaqit beradi: gohida kompyuteringizga borish uchun bir necha daqiqa yurasan, keyin esa quloqchinlarning yo‘qligini payqaysan (kimdir uni o‘z kompyuteriga olib ketgan bo‘ladi) va ma’muriyatdan boshqa periferiya so‘rash uchun orqaga yugurishingga to‘g‘ri keladi.
Ma’muriyat, aytgancha, juda xushmuomala bo‘lsa-da, ancha sust — o‘zing murojaat qilmasang, ahvolingni so‘rab-surishtiradigan odam topilmaydi. Bezone'dagi odamlar har xil: yoningda maktab partasidan to‘g‘ri kelib, Dota o‘ynayotgan ishqiboz ham, biror yakkama-yakka o‘yinni tinchgina o‘ynashga qaror qilgan kamgap odam ham o‘tirishi mumkin.
Bu yerda ham mini-bar mavjud: fudmoldagidek to‘yimli ovqatni topmasang-da, chips va gazli ichimliklarni xarid qilish mumkin.
Kompyuterlar va umuman jihozlarga kelsak, muammolar uchrashi mumkin — kreslolar uncha yaxshi emas, ba’zilari ochiqchasiga ezilgan, g‘ichirlaydi va yaxshi sozlanmaydi. Klaviatura va sichqoncha qoniqarli, hech bo‘lmaganda onlayn otishma o‘yinlarini o‘ynash uchun ko‘nikish kerak bo‘ladi. Eng katta kamchilik shundaki, periferiyaning muhim qismlari kompyuterda bo‘lmasligi mumkin: yuqorida aytganimdek, quloqchinlarni shunchaki uzib, zalning narigi chekkasiga olib ketish holatlari tez-tez uchrab turadi.

Hozirda Bezone'dagi narxlar quyidagicha
Narxlar og‘ritmaydi: umumiy zalda 1 soat o‘ynash uchun o‘sha-o‘sha 15 000 so‘m. Umumiy zaldan tashqari, kabinalar, VIP-zonalar va katta ekranda konsol o‘yinlarini o‘ynash mumkin bo‘lgan kinoteatr ham mavjud. Administratorlarning aytishicha, u yerda do‘stlar davrasida kino yoki YouTube tomosha qilish ham mumkin ekan — ekran internetga ulangan.
Colizeum
Ro‘yxatning oxirgi o‘rnini Darxonda joylashgan Colizeum klubi egalladi. Bu klub xalqaro brend va franshiza hisoblanib, xodimlardan o‘z obro‘sini saqlab qolishni hamda asoschilarning franchayzing qoidalarini buzmaslikni talab etadi.

Ichki muhit ham raqobatchilarnikidan deyarli farq qilmaydi: xuddi shunday yarim qorong‘i makon, qora-sariq brend ranglarida. Kichkina, ammo yoqimli jihat — protsessorlar monitor ustida qulay joylashgan va o‘yinga mutlaqo xalaqit bermaydi.
Ovqatlanish uchun alohida joy mavjud, biroq kafelardagi taomlarni men hech qachon ko‘rmaganman — ehtimol, bu joylar ovqat yetkazib berishga buyurtma berganlar uchundir. Ichimliklar bilan esa hech qanday muammo yo‘q: administrator peshtaxtasi yonidagi ulkan muzlatkichlar har xil ta’mga mos ichimliklar bilan to‘la.
Tan olish kerak: bu yerdagi jihozlar chindan ham sifatli. «Temir» raqiblarnikidan kuchliroq, demak, o‘yinlardagi FPS sizni albatta qoniqtiradi. Xohlasangiz, kompyuter o‘yinlari olamidagi eng so‘nggi yangiliklarda bemalol o‘ynashingiz mumkin.
PlayStation zonasi ham bor, lekin u yer juda noqulay: ekranlar yonma-yon joylashgan, shuning uchun o‘z o‘yiningizga to‘liq diqqat qaratish va xotirjam bo‘lish imkonsiz — doim ko‘z qiri bilan boshqa o‘yinchilarni ilg‘aysiz, ularning suhbatlarini (ba’zida baqiriqlarini) eshitasiz va bu e’tiboringizni jiddiy ravishda chalg‘itadi.

Aytgancha, bu yerdagi narxlar raqobatchilarga nisbatan balandroq: umumiy zalda 1 soat o‘yin uchun 22 000 so‘m to‘lashga to‘g‘ri keladi. Umuman olganda, Colizeum'dagi narxlash tizimi juda murakkab: ertalabki, kunduzgi va kechki tariflar, shuningdek, maxsus tungi paketlar mavjud. Bundan tashqari, ish kunlari va dam olish kunlaridagi narxlar ham bir-biridan farq qiladi.
*Maqoladagi ma'lumotlar nashr etilgan vaqt uchungina amal qiladi. AVO bank ushbu ma'lumotlar kelajakda ham xuddi shunday va dolzarb bo'lib qolishiga kafolat bermaydi. Qaror qabul qilishdan oldin eng so'nggi ma'lumotlarni tekshirishingizni maslahat beramiz.
*Maqoladagi fikr — muharrirning shaxsiy fikri bo'lib, u AVO bank pozitsiyasini ko'rsatmaydi. Bank ma'lumotlar to'g'riligi va undan foydalanish oqibatlari uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Narxlar taxminiy va faqat nashr etilgan vaqtdagina amal qiladi.