Har qanday raqamli mahsulotning muvaffaqiyati QA test o‘tkazuvchi kasbiga bog‘liq. Foydalanuvchi barqaror va qulay xizmatdan foydalanishi uchun test o‘tkazuvchi har bir funksiyani sinchiklab tekshiradi. Bu shunchaki xatolarni topish emas, balki sifatni ta’minlash bo‘yicha tizimli ish. Biz ekranda ko‘radigan barcha narsalar: mobil ilovalar, bank xizmatlari, davlat xizmatlari, onlayn bozorlar — barchasi QA mutaxassislari nazoratidan o‘tadi.
O‘zbekistonda IT sohasi rivojlanishi bilan QA test o‘tkazuvchilarga bo‘lgan talab tobora ortib boryapti. Davlat raqamlashtirishga investitsiya kirityapti, startaplar paydo bo‘lyapti, xalqaro o‘yinchilar kirib kelishyapti. Kompaniya va loyihalar soni ko‘payyapti, lekin malakali mutaxassislar kam.
Ushbu maqola qahramoni tajribasiz yangi xodimdan xalqaro kompaniyalardan takliflar olgan Middle+ darajadagi mutaxassisigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. U bu kasbni qanday va qancha vaqtda o‘rganish mumkinligi, yangi kelgan odam qanday qiyinchiliklarga duch kelishi va yuqori maosh bilan masofadan ishlash imkoniyatini qanday qo‘lga kiritish haqida gapirib berdi.
Men haqimda
Hozir darajam Middle+. 4 yildan beri ishlayotgan bo‘lsam ham, o‘zimni Senior deya olmayman. Qanchalik iqtidorli va texnik jihatdan ko‘p narsalarni bilsangiz ham, seniorlik darajasiga erishish uchun tijorat dasturlashida yetarlicha tajriba yig‘ish, turli loyihalarda o‘zingizni sinab ko‘rish va jarayonlarni ichkaridan o‘rganishingiz kerak. Mening taxminimcha, bu 5–6 yilni talab qiladi. Mahalliy kompaniyalarda Middle mutaxassislarining maoshi odatda $1 500 dan $2 500 gacha bo‘ladi.
O‘zbekistonda / masofadan ishlaydigan QA test o‘tkazuvchi qancha maosh oladi?
2021-yilda maoshim taxminan $230 atrofida, balki undan ham kamroq edi. 2025-yilga kelib esa junior mutaxassislarga $400–600 to‘lashyapti. Bir yil ichida $700–750 gacha, ba’zi hollarda esa hatto $900–1 000 gacha o‘sish mumkin. Hammasi kompaniya darajasi va ishchining o‘ziga bog‘liq. Mahalliy kompaniyalar kamroq, xorijiylar esa ko‘proq haq to‘laydi. Mana bir misol: hamkasbim 2023-yilda $400 bilan ishlashni boshladi, 1,5 yildan keyin maoshi $750 ga ko‘tarildi, keyin ish joyini o‘zgartirib, yanada ko‘proq olishni boshladi.
Men ham xuddi shu yo‘l bilan $230 dan $900 gacha ko‘tarildim. Bugungi kunda bu oddiy holat: ko‘proq pul topishni istasangiz – ish joyingizni o‘zgartiring.

Yaxshigina maoshli masofaviy ish topish mumkinmi?
Qiyin, lekin iloji bor. Hammasi ingliz tili, ko‘nikmalar va biroz omadga borib taqaladi. Bozorda masofaviy ish, ba’zan esa Kipr, Gruziya yoki Serbiyaga ko‘chishni taklif qiladigan MDHning rus tilida gaplashuvchi kompaniyalari ham ko‘p. Boshida bu xom xayoldek tuyuladi, lekin xorijiy kompaniyalar ancha erta ish taklif qilishni boshlashadi. Men endi ish boshlagan paytimda Rossiya, Belorussiya, Ukraina, Gruziyadan takliflar kelardi. Bir safar xitoylik kompaniya Dubayga taklif qildi: ko‘chish va turar joy uchun $10 ming, maosh esa yiliga $70-90 ming berishardi. Bu 2021-yilda edi, lekin sinovdan o‘tolmadim — bilimim yetmadi.
Kompaniyalar LinkedIn, Habr, HeadHunter orqali aloqaga chiqadi. Ba’zilari masofaviy ishga taklif qilsa, boshqalari ko‘chishni taklif qiladi. Amerikaliklar HR orqali yozishib, mobil QA mutaxassisini izlashdi. O‘shanda tajribam yo‘q edi, hozir esa bu mening kasbimga aylandi.
O‘zbekistonda o‘z ofislariga ega yirik kompaniyalar ham bor, masalan, EPAM. Tajriba, ingliz tili va yaxshi tayyorlangan rezyume bilan har qanday ishni qo‘lga kiritish mumkin.
IT bo‘yicha bilimsiz QA sohasiga kirish mumkinmi?
Ha, mumkin. Men o‘zim gumanitar soha vakili edim: marketingda ishlaganman, matnlarni tahrirlab, PR materiallarini yozganman. Texnologiyalarni tushunmasdim, faqat oddiy HTML bilardim va o‘yin o‘ynashni yaxshi ko‘rardim. Doimo xatolarni topish, hamma narsani mukammal darajagacha sayqallash yoqardi. Keyinchalik QA ham xuddi shunday ekanligini tushundim, faqat so‘zlar o‘rniga mahsulot bilan ishlash kerak.
Texnologiyalarga qiziqishingiz bo‘lmasa, bu sohaga kirib o‘tirmang. Mijoz-server, API ilovalar uchun internet nimaga kerak degan oddiy narsalarni tushunish yetarli.
Gumanitar ta’lim bilan ham o‘rganish mumkin, lekin bu yo‘l oson bo‘lmaydi. Qiziqish bo‘lsa, ish ancha osonlashadi.
0 dan birinchi ishni olguncha kasbni egallashga qancha vaqt ketadi?
Mendan yarim yil talab qildi. Boshida ofis ishi bilan birga olib borishga urinib ko‘rdim, lekin keyinchalik to‘liq o‘qish uchun ishdan bo‘shadim. Fevraldan boshlab yig‘ib qo‘ygan pulimga yashay boshladim va Skillfactory kursiga yozildim. Kursning yarmiga ham yetmay, suhbatlarga qatnashishni boshladim. Kurs $800 turardi — havoga to‘ladim desam ham bo‘ladi. Mentorlik va karyera yo‘nalishini va’da qilishdi, lekin amalda hech narsa berishmadi. Haqiqiy mentorni maxsus platformalarda yoki hamjamiyatlarda topish osonroq ekan.
Iyulga kelib pulim tugab, stajyorlikni izlay boshladim. Minimal maosh, faqat ovqat evaziga ham ishlashga rozi edim — muhimi, amaliyot bo‘lsa bo‘ldi. Natijada, mendan oldin QA muttaxasisi bo‘lmagan kichik kompaniyaga ishga kirdim. Hamma narsani noldan boshladim, o‘zimga unchalik ishonmasdim, lekin prodakshn tajriba oldim. Bir-ikki oydan keyin takliflar kela boshladi, ulardan biri — yirik xorijiy kompaniyadan edi. Jarayonni avtomatik testlar bilan qoplashni talab qilishardi. Men buni bilmasdim, lekin tez o‘rganib, yechim topdim va bu ish berdi. Ish haqi kasbimni o‘zgartirishimdan oldingi maoshimdan yuqori bo‘lib chiqdi.
Noldan ish topishgacha yarim yil, yaxshi daromadgacha esa bir yildan kamroq vaqt ketdi. Ha, filtrlardan o‘tish uchun rezyumeda bir necha oylik tajribam bor deb biroz bo‘rttirgandim, lekin vijdonan ishladim. Xayrlashayotganda menga: «Sen eng yaxshi QA eding. Seni marketingdan olib, tavakkal qilgan edik va bunga pushaymon emasmiz», deyishdi.

Nazariya, kurslar, frilans — nimadan boshlashni maslahat berasiz?
Men nazariya va kurslardan boshladim. Ishga kirganimda, xuddi shunday yo‘l bilan boshlagan odamlarga nisbatan biroz shubha bilan qarashlarini sezdim. Keyinchalik, past sifati va yolg‘on reklamasi bilan tanilgan kurslarga shunaqa qarashlarini bildim.
O‘qishni tugatgandan keyin nazariya bo‘yicha xalqaro ISTQB sertifikatini olish mumkin. Bu majburiy emas, lekin foydali qo‘shimcha bo‘ladi. Frilanserlik eng yaxshi boshlang‘ich yo‘l emas. Hatto bepul bo‘lsa ham, stajyorlik ko‘proq foyda keltiradi.
Birinchi rezyumemda tajribam yo‘q edi. Lekin qanday testlar o‘tkazganim va qaysi vositalarni bilishimni boricha ko‘rsatdim. Hozircha amaliyotingiz kam bo‘lsa ham, haqiqiy ko‘nikmalaringiz haqida yozganingiz ma’qul.
QA — miya va yodlash haqidami yoki amaliyot?
Ko‘p o‘qish kerak, lekin yodlash emas, balki tushunish muhim. Shunchaki tekshiruv ro‘yxatini to‘ldirganingizda emas, balki mahsulotning qanday ishlashini tushunganingizda qadringiz ortadi. Backend (foydalanuvchidan yashirin bo‘lgan ichki mantiq va jarayonlar) qanday tuzilganligi, mikroservislar (har biri alohida vazifani bajaradigan mustaqil servislar) qanday o‘zaro aloqada ekanligi va mas’uliyat doirangiz qayerdaligini bilishingiz kerak. Nazariya va amaliyot yonma-yon borsa, yanada yaxshi bo‘ladi. Biri ikkinchisisiz ishlamaydi.
Qanday kurslar rostdan ham kerakli bilim beradi?
Mashhur kurslarning ko‘pchiligi qimmat, lekin natijasi kam. Materialni «modullar»ga bo‘lib, vaqtni cho‘zishadi — bu ta’lim emas, balki marketing.
Yaxshisi, bepul yoki Udemy platformasida arzon pullik kurslarni qidiring. Kamchiligi shundaki, yangi o‘rganuvchi ma’lumotlar hajmida adashib qolishi mumkin. Akademik yondashuv kerak bo‘lsa, Coursera to‘g‘ri keladi. Ustoz bo‘lsa yaxshi, lekin shart emas. Ishtiyoq ancha muhimroq.
GitHub va Stack Overflow kabi tayyor yechimlar va amaliy misollar manbalarini ham unutmang. Hattoki sun’iy intellekt ham, undan oqilona foydalanilsa, vazifalarni tushunishga yordam beradi. Xullas, mustaqil o‘rganish imkoni bor va bu imkoniyatdan foydalanish shart.
Ta’limga o‘rtacha qancha sarflashadi?
Pullik kurslardan foydalanish shartmi? Men taxminan $800 sarfladim, bu juda katta pul. $10 dan $100 gacha bo‘lgan arzon kurslar va YouTubeda bepul videolar bor. Kurator va chiroyli taqdimot uchun pul to‘lash shart emas. Yaxshisi, qanday qadamlar kerak va qaysi kurslar mos kelishi haqida ChatGPT’dan so‘ragan ma’qul — sun’iy intellekt sizga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi. Nomi mashhur firibgarlardan esa uzoqroq yurgan yaxshi.

AVO ta’limga pul beradi
100 mln so‘mgacha onlayn pul oling — tez, xavfsiz va 45 kungacha foizsiz
Neyron tarmoqlardan foydalanasizmi?
Agar o‘zingiz yaxshi mutaxassis bo‘lsangiz, ChatGPT ajoyib yordamchi bo‘ladi. Men ham undan ba’zida oddiy Google sifatida, ba’zida esa koddagi xatoni aniqlash uchun foydalanaman. Avtomatlashtiruvchilar va dasturchilar ham sun’iy intellektdan foydalanishsa ham, qo‘lda test o‘tkazish boshqa masala. Bu yerda neyron tarmoqlar siz uchun ilovani ishlatib ko‘rmaydi, jarayonni bajarib bermaydi, ko‘zga tashlanadigan xatolarni topib bermaydi.
QA — IT sohasiga kirish uchun eng oson kasbmi yoki ko‘ringanidek yengil emasmi?
Dasturlashga nisbatan kirish osonroq, chunki kod yozishni talab qilmaydi. Agar dasturchi bo‘lishni istasangiz, QA’dan boshlamang va kurslardagi «IT sohasiga kirishning oson yo‘li» degan gaplarga ishonmang. Shunday qilib, o‘zingizga yoqmaydigan sohada qolib ketishingiz yoki IT meniki emas deb, noto‘g‘ri xulosa chiqarib, orzungizdagi kasbni o‘zlashtira olmasligingiz mumkin. Yaxshisi, bu sohada qanday vazifalar borligi va sizni nima qiziqtirishini tushunib oling. Osonrog‘ini emas, ko‘proq yoqqanini tanlang.
Texnik ko‘nikmalardan tashqari yana nima talab qiladi?
Soft ko‘nikmalar juda muhim. Ba’zida inson ajoyib texnik mutaxassis-u, lekin muloqot qobiliyati yetishmagani sababli ishga qabul qilinmaydi. E’tiborlilik, tushunish qobiliyati va savollar berish mahorati — eng zarur xususiyatlar. Test o‘tkazuvchi turli xil odamlar bilan gaplashgani sababli, moslashuvchan bo‘lishni bilishi kerak. Sabr-toqat ham muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, mahsulotga biznes, foydalanuvchi va ishlab chiqaruvchi nuqtayi nazaridan qarash qobiliyati ham ortiqchalik qilmaydi.
QA test o‘tkazuvchi qanday lavozimlarga ko‘tarilishi mumkin?
Avtomatlashtirish va test freymvorklarini ishlab chiqishni chuqur o‘rganishi mumkin. Menejment yo‘nalishiga o‘tishi mumkin: jamoa rahbari, texnik yetakchi lavozimlariga ko‘tarilish, jarayonlarni yo‘lga qo‘yishi mumkin.

Birdaniga avtomatlashtirishga o‘tib ketsa bo‘ladimi, yoki avval qo‘lda test o‘tkazishni o‘rganish kerakmi?
Birdaniga avtomatlashtirishga o‘tib ketish yaxshi fikr emas. Test o‘tkazish asoslarini tushunmasdan turib, mazmunli avtotestlar yozish qiyin. Sintaksisni o‘rganish va hatto biror bir kod yozish mumkin, lekin qo‘lda test o‘tkazishni bilmasangiz, bu shunchaki mexanik va befoyda harakat bo‘ladi. Avval qo‘lda test o‘tkazishni o‘rganish, keyin esa oldinga siljish maqsadga muvofiq. Ideal holda, test o‘tkazishning ikkala turini ham bilish kerak, chunki loyihalarda ko‘pincha fullstack mutaxassislari talab qilinadi. Barcha loyihalarning o‘rtacha nisbati: 70% avtomatlashtirilgan va 30% qo‘lda test o‘tkazishdan iborat.
Avtomatlashtirishni nimani va nima uchun tekshirish kerakligini tushunadiganlar o‘rganadi. QA sohasiga, masalan, SDET (Software Development Engineer in Test) lavozimiga o‘tayotgan dasturchilar bundan mustasno. Ular shundoq ham kod bo‘yicha kuchli tajribaga ega bo‘ladilar.
Kasbni egallashning eng qisqa yo‘li
Mening yo‘lim: kurslar, kam maosh va ovqat evaziga stajyorlik, tajriba orttirish, o‘sish. Bundan ham tezroq natija kamdan-kam uchraydi.
Xulosa
QA kasbi — IT sohasiga kirish yo‘li emas, balki aniq qiymat va yuqori samaradorlikka ega to‘laqonli mutaxassislik. O‘zbekistonda endigina ish boshlagan test o‘tkazuvchilar dastlabki paytlardanoq oyiga $400-600 atrofida maosh olishadi. Yaxshi rivojlansa va birinchi marta ish joyini o‘zgartirsa, bu summa bir yil ichida $700-750 gacha, ba’zan esa $1 000 dan ham oshadi.
O‘qish oqilona sarmoya talab qiladi. Udemy’dagi kurslar narxi $10–200 atrofida. Hatto ko‘proq xarajat qilsangiz ham, bu pul birinchi maoshlaringizdanoq qoplanadi. Agar boshlang‘ich bosqichda kurslarga pul yetmasa, AVO platinum kredit kartasi bilan kerakli summani onlayn olish mumkin. 45 kungacha foizsiz davr bor. Pulni o‘z vaqtida qaytarsangiz, foiz to‘lamaysiz.
Test o‘tkazuvchilar safiga gumanitar ma’lumotli, dasturlash va akademik bilimlarga ega bo‘lmagan insonlar ham qo‘shilishi mumkin. Faqat mahsulotga qiziqish va tanqidiy fikrlash talab qilinadi — ilova qanday ishlaydi, qayerda ishdan chiqadi va nima sababdan buziladi, degan savollarga javob topish kerak.
QA — bu arxitektura, jarayonlar, millionlab pul yo‘qotilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan xatolar va ularning oldini olishni biladigan mutaxassislar haqida.
*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.