Postsovet respublikalari aholisining ko‘pchiligi har bir kishining shaxsiy kvartirasi yoki uchastkasi bo‘lishi kerak, degan fikrni qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq hamma ham uy-joy sotib olish, ijaraga olishga nisbatan qanchalik xavfli bo‘lishi mumkinligini o‘ylab ko‘rmaydi. O‘z navbatida, kvartira ijarasi ham ma’lum kamchiliklarga ega.
O‘g‘lim tug‘ilgandan so‘ng, o‘z uy-joyimga ega bo‘lish yo‘llarini faol rejalashtira boshladim. Ammo meni shubhalar qiynardi: barcha pulimni kvartiragа sarflash o‘rniga, ijara uyda yashashni davom ettirib, o‘g‘limning kelajagi uchun pul jamg‘arsam-chi? O‘zbekistonda uy-joy bozori pufakdek ishib ketayotgani va yaqin orada yorilib ketishi mumkinligi haqidagi xabarlar vaziyatni yanada murakkablashtirdi.
Shu sababli, bu masalani o‘zim uchun uzil-kesil hal qilish, O‘zbekistondagi uy-joy bozori holatini o‘rganish va natijasi bilan o‘rtoqlashish maqsadida atrofimdagi soha mutaxassislari bilan maslahatlashishga qaror qildim.
Markaziy bank nima deydi?
Milliy Markaziy bankning yaqinda e’lon qilingan hisobotida ta’kidlanishicha, uy-joy bozoridagi vaziyat O‘zbekiston moliya tizimi uchun asosiy xavflar ro‘yxatiga kiritilgan. Ya’ni, mamlakatning bosh moliyaviy nazoratchi organi mutaxassislari fikricha, kelajakda hozirda kreditlar bo‘yicha garov vazifasini bajarayotgan kvartiralar narxi keskin tushib ketishi va butun uy-joy bozorini pastga tortib ketishi ehtimoli mavjud.

Sodda qilib aytganda, Markaziy bank narxlarning oddiy pasayishini emas, balki ularning keskin qulashini bashorat qilmoqda. Demak, hozir kvartirani kelajakka investitsiya sifatida olib, bir necha yildan so‘ng uni yuqoriroq narxda sotishni mo‘ljallagan xaridor tavakkalchilikka yo‘l qo‘yadi.
Biz yangi qurilgan uydagi kvartirani 2 yil oldin quti holatida ipotekaga olganmiz, 3 oy ichida yaxshilab ta’mirladik va hozirda uni dastlabki qiymatidan 2 baravar qimmatga sotishimiz mumkin. Bu mablag‘larimizning eng samarali sarmoyasi bo‘ldi, deb hisoblayman
Nimaga uylar buncha qimmat?
Qisqacha aytganda, hozirgi kunda kvartiralar narxi yuqori bo‘lgani uchun yanada qimmatlashmoqda. Bu so‘z o‘yini bozor taqozosi bilan bog‘liq: ko‘plab odamlar jamg‘argan mablag‘larini oltin quymalari, omonatlar va qimmatli qog‘ozlarga emas, balki kvartira va uylarga sarf etishga intilmoqda. Shu bois, O‘zbekiston iqtisodiyotining ushbu sohasi berk aylanmaga tushib qolgan: odamlar ko‘chmas mulkni tez orada qimmatlashadi degan umidda sotib olishmoqda, bu esa o‘z navbatida uy-joy narxlarining yanada tezroq o‘sishiga olib kelmoqda.
Bu nima oqibatlarga olib keladi?
Natijada, hozirning o‘zidayoq uy-joylarning bozor va asosiy qiymati o‘rtasidagi farq sezilarli darajada oshib, 30% ga yaqinlashdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda uy-joylarning bozor narxi 36% ga oshgan. Bu aholi daromadlari va qurilish kompaniyalari uchun qurilish xarajatlari deyarli o‘zgarmagan holda sodir bo‘ldi.

Buning ustiga, O‘zbekistonda odamlarning uy-joy sotib olish imkoniyati pasaymoqda. Kvartira va uylar narxi aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulotga qaraganda tezroq o‘smoqda. Ya’ni, narxlar o‘sishini sekinlashtiradigan obyektiv omillarga qaramay, ko‘chmas mulk qiymati oshib bormoqda, deyish mumkin.
Bu ko‘chmas mulkni kelajakka sarmoya sifatida xarid qilayotganlar uchun xavotir tug‘dirishi mumkin — ma’lum bir paytda «pufak» yorilib, narxlar keskin tushib ketishi ehtimoli bor. «Bu qachon sodir bo‘ladi?» degan savolga hozircha aniq javob yo‘q, ammo yaqin kelajakda O‘zbekistonda aholi sonining tez sur’atlarda o‘sishini hisobga olgan holda, narxlarning keskin pasayishini kutish o‘rinli emas.
Albatta, ba’zi investorlar mamlakatdagi uy-joy bozorida narxlarning qulashi yaqinlashayotganidan xavotirlanmoqda, ammo hozircha bu haqda tashvishlanishga asos yo‘q. Yaqin bir necha yil ichida mamlakatda hozir kuzatilayotgan iqtisodiy vaziyatda falokatni kutish to‘g‘ri emas
Demak, xatarlar oshganiga qaramay, uy-joy sotib olishni hamon yaxshi g‘oya deb hisoblash mumkin.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining ijara to‘g‘risidagi hisoboti
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisobotiga ko‘ra, 2024-yil sentyabr oyida Toshkentda uy-joy ijarasining o‘rtacha narxi o‘tgan oyga nisbatan 1% ga oshgan. Biroq yillik o‘sish salbiy: 2023-yil sentyabr oyiga nisbatan poytaxtda uy-joy ijarasi 8,4% ga arzonlashgan.
Bu raqamlar nimani anglatadi? Sodda qilib aytganda, faqat barqarorlikni. Chunki inflyatsiya, jahondagi inqirozlar, aholi sonining o‘sishi va boshqa omillarga qaramay, 2024-yilda kvartirani 1 yil avvalgidek yoki hatto arzonroq narxda ijaraga olish mumkin. Ammo bunday barqarorlik qancha davom etishi noma’lum.
Hozirgi kunda ko‘chmas mulk bozorida biz o‘z rieltorlik agentligimizda qiziq holatni kuzatmoqdamiz. Ko‘chmas mulk narxlari oshmoqda, uy-joy ijarasi narxi esa ba’zan pasaymoqda. Ya’ni, bir yil oldin 60 000 dollarga baholangan kvartirani hozir 65 000 dollarga sotib olish yaxshi natija hisoblanadi. Toshkent metrosi yaqinidagi 2 xonali kvartirani esa 1–2 yil avvalgidek 250 dollardan ijaraga olish mumkin. Shu bois, ba’zi rieltorlar ko‘proq daromad olish maqsadida mijozlardan ijaraga kvartira topish xizmati uchun 1 oylik ijara narxining 50% i emas, balki 100% ini talab qila boshlashdi
Hozirda yaxshi sharoitlar va shaffof shartnomalar asosida ijarada yashash har qachongidan ham foydali — atrofdagi narxlar oshayotgan bir paytda, ijara narxi 1 yil avvalgidek qolmoqda.

Xulosa
Ko‘chmas mulk xarid qilish narxlarining pasayishi bo‘yicha mavjud xavflarni o‘rganib chiqib va uy-joy ijarasining barqaror narxini kuzatib, shunday xulosaga keldim: hozirgi kunda uzoq kelajakni ko‘zlab oilasi uchun kvartira yoki uy sotib olish iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas. Ko‘chmas mulk xarid qilish uchun mavjud mablag‘ni omonatga qo‘yib, foizlari hisobiga kvartira ijaraga olish, bozorda narxlar tushishini kutish afzalroq. Eng qulay payt kelganda esa, pulni olib, xotirjamlik bilan kvadrat metrlarni sotib olish kerak.
Bu eng oqilona yechim bo‘lib ko‘rinadi. Biroq qalbimizda bunga qarshilik qiluvchi tuyg‘u bor.
Shaxsiy fikrim
Kvartira sotib olish men uchun hali ham tugallanmagan ish, chunki ichimda sovet avlodi g‘oyalari singib ketgan konservator mustahkam o‘rnashib olgan. Xotinim o‘g‘il tug‘ib berdi, daraxtlar ham ekdim. Endi faqat kvartira sotib olish qoldi. Toshkentning turli kvartiralarida 5 yil davomida ijarada yashashning barcha qulayliklari va noqulayliklarini boshdan kechirdim, saboq oldim, tajriba orttirdim. Endi mening yagona istagim bor: imkon qadar tezroq o‘z shaxsiy kvartiramni sotib olib, umrimning oxirigacha boshqa hech qachon ijarada yashamaslik.
Maqoladagi ma'lumotlar nashr etilgan vaqt uchungina amal qiladi. AVO bank ushbu ma'lumotlar kelajakda ham xuddi shunday va dolzarb bo'lib qolishiga kafolat bermaydi. Qaror qabul qilishdan oldin eng so'nggi ma'lumotlarni tekshirishingizni maslahat beramiz.
*Maqoladagi fikr — muharrirning shaxsiy fikri bo'lib, u AVO bank pozitsiyasini ko'rsatmaydi. Bank ma'lumotlar to'g'riligi va undan foydalanish oqibatlari uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Maqolada tashqi resurslarga havolalar keltirilgan. AVO bank tashqi resurslardagi ma'lumotlar uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.