Tasavvur qiling: pul yig‘ishni boshlamoqchisiz, lekin pulingizdan foydalanish imkoniyatini yo‘qotmasdan va foizlardan ozgina bo‘lsa ham foyda ko‘rgan holda buni qanday amalga oshirishni bilmayapsiz. Aynan shu paytda jamg‘arma hisobi yordamga keladi. Bu — pulni ma’lum muddatga ishlatib bo‘lmaydigan omonat ham, hech qanday foiz hisoblanmaydigan oddiy joriy hisob ham emas.
Jamg‘arma hisobining mohiyati shundaki, siz pulni bankda saqlaysiz, hisobni muntazam ravishda to‘ldirib borasiz va buning evaziga bank sizga foiz hisoblaydi. Pulni yechib olish, to‘ldirish, ehtiyot uchun saqlash yoki aniq bir maqsad — dam olish, ta’mirlash, o‘zingizga sovg‘a uchun yig‘ish mumkin.
2025-yilda jamg‘arma hisoblari O‘zbekistonda katta mashhurlikka erishdi. Birinchidan, banklar ularni juda qulay qildi: hisobni to‘g‘ridan to‘g‘ri telefoningiz orqali boshqarish mumkin bo‘ldi. Ikkinchidan, moliyaviy savodxonlik darajasi oshib bormoqda — odamlar tobora ko‘proq moliyaviy xavfsizlik haqida o‘ylayapti va pullarining shunchaki bekor yotishini istamayapti.
Jamg‘arma hisobining oddiy hisobdan qanday farqi bor va u nima uchun kerak?
Aytaylik, yig‘ayotgan pulingizni kundalik xarajatlaringiz uchun ishlatiladigan kartangizda saqlayapsiz. Qulay, shunday emasmi? Ha. Lekin bu pullar befoyda yotibdi, hech qanday daromad keltirmayapti. Endi tasavvur qiling, siz ularni jamg‘arma hisobida saqlab, aytaylik, yiliga 12% foyda olasiz. Qat’iy shartlarsiz — pulni xohlagan paytingizda yechib olishingiz mumkin. Yanada yoqimliroq eshitilyapti, to‘g‘rimi?
Agar:
- pul yig‘ishni boshlashni istasangiz-u, hozircha uni uzoq muddatga muzlatishga tayyor bo‘lmasangiz;
- muntazam ravishda kichik miqdorlarda pul yig‘ishni rejalashtirgan bo‘lsangiz;
- pulingiz ham qo‘l ostingizda bo‘lishini, ham daromad keltirishini xohlasangiz — bunday hisob sizga to‘g‘ri keladi.
Bu o‘ziga xos «moslashuvchan seyf» bo‘lib, pulingizdan ham istagan vaqtda foydalanib, ham undan daromad olishingiz mumkin.
Pul nima uchun kerakligiga qarab tanlov qiling. Ta’tilga pul yig‘moqchi bo‘lsangiz — pulni oson kiritish va yechib olish imkoniyati mavjud bo‘lgan hisobdan foydalaning. Uy ta’miri uchun pul yig‘ayotgan bo‘lsangiz — muntazam to‘ldirish evaziga qo‘shimcha foiz taklif qiladigan variant mos keladi.
Quyidagilarga e’tibor bering:
- mobil ilovaning qulayligi (hech kim balansni bilish uchun bankka qo‘ng‘iroq qilishni istamaydi);
- avtomatik pul o‘tkazmalarining mavjudligi (masalan, har oy ish haqining 10% i jamg‘armaga o‘tkazilishi);
- bankning obro‘si (pulni xotirjam uxlay oladigan joyda saqlagan ma’qul).

🤑 Qanday milloner bo‘lish mumkin?
Onlayn AVO omonatini oching va yillik 25% gacha daromad oling
O‘zbekistondagi ba’zi banklar belgilangan sanagacha qancha pul yig‘ishingizni hisoblab beradigan foydali xizmatlarni joriy qilgan. Bu — maqsadni aniq ko‘rishga va ishni yarim yo‘lda tashlab ketmaslikka yordam beradi.
Xulosa
Hozir «jamg‘arish vaqti emas» deb o‘ylashingiz mumkin. Kurslar sakrayapti, narxlar ko‘tarilib ketyapti. Lekin aynan shunday paytlarda ozgina bo‘lsa-da barqarorlikni istaysiz. Jamg‘arma hisobi esa ana shunday «moliyaviy yostiqcha» bo‘lib xizmat qiladi.
Buning ustiga, banklar mijozlarni jalb qilish uchun raqobatlasha boshladi: shartlarni yaxshilayapti, qo‘shimcha imtiyozlar taklif qilishyapti, xizmat ko‘rsatishni soddalashtiryapti. Shuning uchun, agar uzoq vaqtdan beri boshlashni xohlab, lekin kechiktirib kelgan bo‘lsangiz — hozir ayni payt. Bankni tanlang, hisob oching va kichik qadamlardan boshlang. Oyiga 50 000 so‘mning o‘zi ham bir qadam. Bunga foizlar qo‘shiladi. Yana — pulingizni nazorat qilish hissi paydo bo‘ladi.